2025-yilda SI qanday maqsadlarda ishlatilyapti?
SIdan so‘raladigan 100 ta mavzu bo‘yicha hisobot tahlili
2025-yilgi “Top generativ SI qoʻllanish holatlari” hisobotida SIdan hozirgi kunda eng ommalashgan 100 ta foydalanish holati keltirilgan. Ular foydaliligi va taʼsir darajasiga koʻra mutaxassislar tomonidan sifatli tahlil asosida baholangan. Har bir holat boʻyicha bir nechta iqtiboslar ham berilgan. Doimgidek eng qimmatli va foydali maʼlumotlar aynan shu yerda jamlangan (ammo shuni unutmangki, bu boʻlim xom, tahrirlanmagan koʻrinishda taqdim etilgan, yaʼni bu hamma uchun emas). Bu safar esa yanada aniq va foydali boʻlgan iqtiboslarni tanlashga alohida eʼtibor qaratdim.
Natijalar va tendensiyalar
Eng ko‘p qo‘llanadigan 100 ta variant ro‘yxatiga 38 ta yangi holat kiritildi. Bu esa, oʻz navbatida, o‘zgarishlar hamon juda jadal sur’atda davom etayotganini tasdiqlaydi. Quyida eng koʻp qoʻllanadigan 10 ta yetakchi variant keltirilgan:

Terapiya (bu haqda keyinroq batafsil to‘xtalamiz) foydalanishning yangi asosiy yo‘nalishiga aylandi. Yetakchi holatlar beshligiga “Hayotni tartibga solish” va “Maqsadni aniqlash” kabi yana ikkita yo‘nalish kiritildi. Foydalanishning bu uch varianti o‘zini anglashga intilishni aks ettiradi. Bu esa so‘nggi bir yil ichida texnik qo‘llanishlardan ko‘ra hissiy yordam uchun foydalanish koʻpayganini koʻrsatadi.
Foydalanish holatlarini oltita keng qamrovli mavzuga taqsimladim va 2024-yilga nisbatan quyidagi o‘zgarishlarni aniqladim:

“Shaxsiy va kasbiy qo‘llab-quvvatlash” hozirda eng yirik mavzu. U o‘zining yangi o‘rnini “Texnik yordam va muammolarni bartaraf etish” mavzusidan “tortib” oldi.
Foydalanuvchilar hozirda SI bilan nimalar qilyapti?
Quyida bu yilgi eng yaxshi 100 talik ro‘yxatdan olingan ayrim foydalanish holatlari va ular uchun keltirilgan iqtiboslar (to‘liq ro‘yxat bu yerda) berilgan. Odamlarning SIdan foydalanishi haqidagi aniq tasavvur beruvchi misollarni taqdim etyapman.
Terapiya/hamrohlik (#1). “(Men tugʻilgan) Janubiy Afrikada ruhiy salomatlik xizmatlari deyarli yo‘q: har 100 ming kishiga atigi bitta psixolog, har 300 mingtaga bitta psixiatr to‘g‘ri keladi. Katta til modellari esa barchaga ochiq, yordam berishga tayyor. Afsuski, sog‘lig‘ingiz yomonlashib borgan va har tonggi maqsadingiz yashab qolishga aylanib qolgan sharoitda ma’lumotlar xavfsizligi haqida qayg‘urish ahamiyatsiz boʻlib qolarkan”.
Hayotni tartibga solish (#2). “Mehmonlar kelishidan oldin uyimni tozalash va saranjom-sarishta qilish uchun o‘zimga vaqt jadvali tuzib berishini so‘radim xolos”.
Kengaytirilgan ta’lim (#4). “Men mustaqil ravishda ma’lumotlarni tahlil qilishni o‘rganish uchun onlayn kursda o‘qiyapman. Bu jarayonda ChatGPT’dan o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanaman. Kursda yuzaki o‘tilgan ba’zi mavzularni chuqurroq tushuntirishini so‘rayman va olingan ma’lumotlarni qaydlarimga kiritaman. Bu olayotgan bilimlarimni mustahkamlashga yordam beryapti va men uchun foydali boʻlyapti”.
Sog‘lom hayot tarzi (#10). “Yangi ovqatlanish rejimiga o‘tdim, lekin internetdagi ovqat rejalashtiruvchi jadvallar orqali makro nutriyentlarni hisoblash miyamni charchatib qo‘ydi. Endi esa har bir ovqat uchun kerakli makro qiymatlarga mos retseptlarni so‘rayman, ro‘yxatni olib do‘konga boraman. Keyin esa yog‘siz qovuruvchi moslama (air fryer) bilan guruch pishirgichni ishlataman — juda oson va qulay”.
Sayohat rejasini tuzish (#24). “Men ChatGPT’dan har tomonlama puxta o‘ylangan ta’til rejasini so‘radim. Unda qishloqcha turar joylar va taomlanadigan, albatta, ko‘rish lozim bo‘lgan asosiy manzillar hamda kam odam biladigan go‘shalarga oid ma’lumotlar bo‘lishini aytdim. Ayni paytda haydash vaqti iloji boricha qisqa bo‘lishini talab qilgan edim. Natija kutganimdan ham a’lo darajada chiqdi”.
Jarimaga e’tiroz xati yozish (#83). “Avtobus yo‘lagiga kirganim uchun jarima to‘lash haqida xabarnoma oldim. Shahar kengashi mendan 20 soniyali, balki, undan ham qisqaroq to‘xtash uchun 80 funt sterling jarima talab qilayotgandi. ChatGPT’dan shikoyat xati yozib berishini so‘radim va bugun ertalab jarima bekor qilingani haqidagi xabarni oldim. Sun’iy intellektga rahmat, chunki agar uzun va zerikarli shikoyat xatini o‘zim yozishim kerak bo‘lganda, ehtimol, shunchaki pulni to‘lab qo‘ya qolgan bo‘lardim”.
Maqsad va ma’no
Tobora ko‘proq odamlar maqsad topish va o‘zini takomillashtirish uchun katta til modellaridan foydalanyapti.
Endi terapiya va hamrohlik eng asosiy №1 qo‘llanish sohasi bo‘lib qoldi. Bu foydalanish holati ikki alohida, ammo o‘zaro bog‘liq vaziyatga taalluqli. Terapiya psixologik qiyinchiliklarni yengish uchun tizimli yordam va yo‘l-yo‘riq berish jarayonidir. Hamrohlik esa doimiy ijtimoiy va hissiy aloqani, ba’zida romantik munosabatlarni ham o‘z ichiga oladi. Men bu ikki tushunchani o‘tgan yili ham, bu yil ham birga tahlil qildim. Chunki ular insonning hissiy aloqa va qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan asosiy ehtiyojini qondiradi.
Ko‘plab foydalanuvchilar sun’iy intellekt modeli bilan o‘tkazilgan terapiya seanslari ularga qayg‘u yoki ruhiy jarohatlarni yengishda qanday yordam berganini ta’kidladi. Sun’iy intellektga asoslangan terapiyaning uchta asosiy afzalligi yaqqol ko‘zga tashlandi. U kunning 24 soati davomida mavjud, nisbatan arzon (hatto ba’zi hollarda bepul foydalanish mumkin) va boshqa insonlar hukmisiz amalga oshadi. Sun’iy intellektning terapiya sifatidagi fenomeni Xitoyda ham kuzatilgan. Kompyuterlashtirilgan terapiyaning to‘liq imkoniyatlari haqidagi bahslar davom etayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi tadqiqotlar taskin beruvchi xulosani taqdim etyapti. Sun’iy intellekt yordamida amalga oshirilayotgan terapevtik muolajalar shunchalik takomillashdiki, ular inson tomonidan berilgan terapevtik javoblardan ajratib bo‘lmaydigan darajaga yetdi.
Endilikda ko‘plab professional xizmatlar, masalan, terapiya, tibbiy maslahat, yuridik yordam, soliq bo‘yicha yo‘l-yo‘riq va dastur yaratish ishlari qisman generativ sun’iy intellekt orqali bajarilyapti. EY kompaniyasida bu jarayon allaqachon boshlangan. Kompaniyaning ta’lim va rivojlanish bo‘yicha global rahbari Saymon Braunning aytishicha, ular turli sohalarga mos modellar bilan ishlay olishi uchun xodimlarga generativ SI bilan ishlash o‘rgatilyapti. Hozirda bu tizimlar EY’ning 400 mingga yaqin xodimiga yordam beryapti. Jumladan, soliq ishlari uchun maxsus ishlab chiqilgan 150 ta sun’iy intellekt yordamchisi ham mavjud.
Foydalanish holatlari orasida eng yuqori yangilik “Hayotni tashkil etish” bo‘lib, 2-o‘rinni egalladi. Bu asosan odamlarning o‘z maqsadlarini (kundalik odatlar, yangi yil qarorlari va o‘zini anglash kabi) yaxshiroq tushunishi va ularni amalga oshirishning kichik, qulay usullarini topish uchun SI modellaridan foydalanishini oʻz ichiga oladi. Odamlar buni uyda shaxsiy sun’iy intellekt xizmatlaridan (ChatGPT, Claude va Perplexity kabi) foydalanib, ish joylarida (asosan Microsoft Copilot yordamida) amalga oshiryapti. Microsoft kompaniyasining zamonaviy ish va biznes ilovalari bo‘yicha korporativ vitse-prezidenti Jared Spataro shunday deydi: “Sun’iy intellektning eng jozibador qo‘llanmalaridan biri ishxonada shaxsiy yordamchi vazifasini bajarishidir. Barcha ish ma’lumotlaringiz: elektron xatlar, suhbatlar, fayllar va meetingʼlar bilan bog‘langanida sun’iy intellekt sizni zerikarli ishlardan ozod qilib, muhim fikrdosh vazifasini bajaradi. Bu xodimlarga vaqtni tejash, yanada samaraliroq va kreativroq bo‘lish imkoniyatini beryapti”.
Uchinchi o‘rindagi yana bir muhim yangi yoʻnalish “Maqsadni topish” boʻldi. Bugungi kunda bu tushuncha ostida shaxsiy qadriyatlarni aniqlash va belgilash, to‘siqlarni yengib o‘tish, o‘z-o‘zini rivojlantirish yo‘lida qadam qo‘yish kabi masalalar tez-tez ko‘tarilmoqda. Bu qatorga keyingi harakatlar bo‘yicha maslahat berish, muammoga yangicha yondashish va e’tiborni jamlashga yordamlashish ham kiradi.
Ro‘yxatning pastki qismida esa sun’iy intellektning inson hayotining nozik va emotsional tomonlariga yordam berishini ko‘rishimiz mumkin. Sun’iy intellektdan o‘z ishonchimizni oshirishda (#18), chuqur va mazmunli suhbatlar o‘rnatishda (#29), hatto vafot etganlar bilan muloqot qilishga urinishda (#33) foydalanyapmiz.
Ko‘pchilik mutaxassislar sun’iy intellektning dastlab texnik sohalarda o‘zini namoyon etishini kutgandi. U bu yo‘nalishlarda ancha-muncha yutuqlarga erishayotgan bo‘lsa-da, mazkur tadqiqot shuni ko‘rsatmoqdaki, SI bizga insoniy xohish-istaklar va ehtiyojlarimizni qondirishda ham shunchalik, balki undan-da ko‘proq yordam berishi mumkin.
O‘zimiz oʻylab koʻrsak
LLMʼlar bizning fikrlash qobiliyatimizga foyda yoki zarar keltirishi haqida ko‘plab bahs-munozara va kelishmovchiliklar yuzaga kelgani ham sir emas. Foydalanuvchilardan biri sun’iy intellektga “haddan tashqari bog‘lanib qolganini” ochiqchasiga tan oldi. Boshqa biri shunday dedi: “Men unga, shubhasiz, tobora ko‘proq tayanib qolyapman... Murakkab vazifani bajarish uchun miyamni ishlatishning o‘rniga shunchaki GPTʼga ishonaman-qoʻyaman”. Boshqa tomondan, texnologiyaning shaxsning o‘rganish va fikrlash qobiliyatini oshirishdagi ahamiyati ham tan olindi, eʼtirof etildi: “Agar bundan o‘rganish vositasi sifatida foydalanmasangiz, kasbiy rivojlanishingiz to‘xtab qoladi. Bilimlaringiz cheklanib, bir joyda qotib qolasiz”.
Bu qo‘rquv, ayniqsa, yoshlar borasida yanada aniqroq namoyon bo‘ldi. Ko‘pchilik odamlar oliy ta’limning kelajagidan xavotirga tushyapti. Chunki SI bilan insholarni aniq, yuqori sifatli va istagan paytda yozish mumkin (#23). Ota-onalar esa kichik yoshdagi bolalarining ta’lim rivojlanishidan tashvishda (#41). Chunki til modellari K-12 (bogʻchadan 12-sinfgacha boʻlgan) darajasidagi ko‘plab topshiriqlarni bir zumda bajaradi.
Biroq generativ sun’iy intellekt bu yerda ham yordam berayotgan bo‘lishi mumkin. U bizga chuqurroq, aniqroq va qoʻrquvsiz fikrlash imkonini beradi. “Fortune 500” kompaniyalarining SI bo‘yicha maslahatchisi Allie Miller bu texnologiyaning qo‘llanish holatlari haqida shunday fikr bildirdi:
Eng yaxshi ishimizni oʻzimizni ruhan xavfsiz his qilganimizda yaratamiz. SI bilan birga ishlaganda mana shunday vaziyat yuzaga keladi. U sizga buyruq bermaydi, SIda cheklovlarsiz oʻrganish imkoniyati bor. Istagan savolingizni berishingiz mumkin, u sizning ustingizdan kulmaydi. Shu sababdan ham SI katta orzularimizni yoki noaniq maqsadlarimizni amalga oshirish uchun ideal maydonchaga aylandi. Bu ham bir gipoteza: oʻzimiz uchun xomxayol boʻlib turgan baʼzi maqsadlarimiz (yangicha veb-sayt yoki shaxsiy hayotdagi oʻzgarish) SI yordamida kelajakda reallikka aylanishi mumkin.
Murakkabroq foydalanuvchilar
2025-yilda generativ SI foydalanuvchilari bu texnologiyani, uning yaratuvchilarini va u joylashgan ekotizimni chuqurroq tushuna boshladi hamda unga nisbatan shubha bilan qaray boshladi.
Eng ko‘p muhokama qilingan kinoyali fikrlardan biri — til modellarining haddan tashqari “siyosiy to‘g‘ri” bo‘lishi haqida. Bu, ayniqsa, 2024-yilgi AQSh saylovlari paytida yaqqolroq sezildi. Natijada SI kamida bitta foydalanuvchisini yo‘qotdi: “Men obunani shu sababli bekor qildim. Dunyoni qo‘rqoq va haddan tashqari ehtiyotkor qilishga urinishni qo‘llab-quvvatlamoqchi emasman”.
Ma’lumotlar maxfiyligi masalasi ham bir necha bor ko‘tarildi.Generativ SIga bo‘lgan qiziqish ko‘pincha ogohlantirishlar bilan qarshi olindi. Ya’ni u yirik texnologik kompaniyalar yig‘ayotgan ma’lumotlar bilan nima qilishini hech kim aniq bilmaydi. Bu esa noroziliklarga sabab bo‘ldi. Holat Redditʼga xos bo‘lgan quyidagi keskin tanqid bilan ifodalandi:
Juda kech bo‘ldi: bankimda, kredit kartalarimda, Google’da, Bingʼda, T-Mobile’da, shifokorimda allaqachon bor... Chuqur nafas oling: matnlar, elektron pochta xabarlari, ovozli xabarlar, ilovalar, suratlar, videolar, joylashuv tarixi, brauzer tarixi, saqlangan parollar, kontaktlar, taqvimlar, ijtimoiy tarmoq hisoblari, eslatmalar, xarid ro‘yxatlari, to‘lov usullari, sodiqlik kartalari, qadamlar soni, uyqu ma’lumotlari, ekranda o‘tkazilgan vaqt statistikasi, striming afzalliklari, hatto taom buyurtmalarim ham –– barchasi shaxsiy ma’lumotlarimni o‘zida saqlaydi.
Qizigʻi shundaki, yana bir keng tarqalgan shikoyat – til modellari oʻz foydalanuvchilari haqida yetarlicha maʼlumot eslab qololmasligi edi. Yaʼni uning xotirasi cheklanganligi. Buni bir foydalanuvchi shunday ifodalagan: “Xotirani saqlashga bunday qat’iy cheklovlar qo‘yilishini ahmoqlik deb hisoblayman”.
Kutilganidek, bu yil foydalanuvchilar katta til modellarining qanday ishlashini yaxshiroq tushunib yetgan. Ko‘pchilik SI foydali bo‘lishi uchun o‘z maqsadlarimizni aniq ifodalashimiz kerakligi haqidagi asosiy g‘oyani anglab yetganday ko‘rinadi: “Albatta, bu faqat men nima qilmoqchi ekanimni aniq bilganimdagina foydali bo‘ladi”. Shuningdek, keltirilgan so‘rovlar ancha yaxshilangan (ko‘pincha ularni tuzishda LLM’larning o‘zi yordam bergan). Buni to‘liq hisobotda keltirilgan ko‘plab misollarda ko‘rishingiz mumkin.
Shu bilan birga, onlayn forumlar ko‘pincha soddalashtirilgan va qarama-qarshi fikrlar bilan to‘la bo‘ladi. Generativ SI ba’zilar tomonidan “Eng AJOYIB ixtiro, buni ishlatmaydigan odamlar borligiga ishonolmayman”, deb maqtaladi. Boshqalar esa uni mutlaqo foydasiz deb hisoblaydi: “Bu texnologiya biron-bir foydali narsa keltira olishini tasavvur qila olmayapman”. Yoki undan ham keskinroq: “Hatto zararli bo‘lmagan bitta ham qo‘llanish holatini o‘ylab topolmayapman”.
Keyin-chi?
Onlayn forumlar doimo behuda taxminlar uchun unumdor maydon bo‘lib kelgan.
Ko‘pchilik prognozlar juda yomon yoki juda yaxshi yakuniy natijaga qaratilgandi. Keng tarqalgan va nozikroq prognozlardan biri til modellarining maslahat va ma’lumot berishdan amalda ish bajara oladigan darajaga o‘tishini istash edi, ya’ni mustaqil harakat qiladigan “agent”ga aylanishi. Masalan, bir foydalanuvchi “hisobidan pul yechilishi boshlanmasdan oldin shu obunani bekor qila oladigan model istagan ekan”.
O‘tgan yili sun’iy intellekt va uning qo‘llanish sohalari rivojlanishda davom etishi haqida to‘g‘ri, biroq juda oddiy va xavfsiz prognozlar qilgan edim. Hozir ham xuddi shunday qilyapman. 2026-yilda ko‘rishguncha.

