2026-yil uchun texno kutilmalar
2026-yil texnologiyalar dunyosi qanday rivojlanadi?
2025-yilda sunʼiy intellekt asrning eng qizgʻin poygasiga aylandi. Yanvar oyida bu jarayon qisqa, juda tez oʻtib ketadiganday tuyulgandi. Bugun esa u shiddatli, raqobatli tus olgan va sekinlashadiganga oʻxshamaydi. Maqolada kelgusida nimalar bo‘lishi mumkinligi haqida beshta prognoz keltirilgan.
1. Tezlik raqobatdagi yangi ustunlikga aylanadi
Kompaniyalar tezroq ishlay olish qobiliyati orqali ustunlikka erishadi. Bu jarayonda sun’iy intellektning xulosa qila olish (inference) imkoniyatlari asosiy rol o‘ynaydi. Ilgari mijozlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish soatlab vaqt olgan bo‘lsa, endi bunday vazifalar soniyalar ichida bajariladi. Avvallari inson ishtirokini talab qilgan ko‘plab ish jarayonlari avtomatik tarzda ishlay boshlaydi. Katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish esa doimiy ravishda real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
Infratuzilmani hozir deyarli hamma ishga tushira oladi. Platforma ham ko‘pchilik uchun muammo emas. Lekin birinchi bo‘lib bunga erishgan kompaniyalar yutadi. 2026-yilda tezlik strategik ustunlikni belgilaydi, mukofot esa raqobatda ustunlik bo‘ladi.
2. Yirik kompaniyalar infratuzilmani qayta ko‘rib chiqadi
Ko‘plab yirik kompaniyalar bulut strategiyalarini generativ SI paydo bo‘lishidan oldin, taxminan besh-yetti yil avval ishlab chiqqan. O‘sha strategiyalar quyidagi taxminlarga asoslangan edi:
oldindan bashorat qilinadigan ish yuklamalari;
strukturalangan maʼlumotlar;
bashorat qilinadigan xavfsizlik protokollari;
sun’iy intellekt agentlaridagi aqlni himoya qilishni talab etmaydigan infratuzilma.
Bu davr oʻtdi.
Sun’iy intellekt ma’lumotdan shunchaki foydalanmaydi, ularni ko‘paytiradi, yangilarini yaratadi. Juda ko‘p miqdorda va ularning aksariyati strukturalanmagan. Dunyo bo‘yicha yaratilayotgan barcha yangi ma’lumotlarning 80% i strukturalanmagan bo‘lib, bu ko‘rsatkich yiliga 55% ga oʻsib boryapti.
Agentdan agentga bo‘lgan ish yuklamalari bu o‘sishni yanada tezlashtirmoqda. An’anaviy ilovalardan farqli ravishda SI agentlar o‘ziga xos ko‘nikmalar va yopiq (proprietar) bilimlarni o‘zida olib yuradi – aynan shu jihatlar raqobatda farq yaratadi. Agar bu agentlar to‘liq bulutda ishlasa, siz eng qimmatli aktivlaringiz ustidan nazoratni boshqa birovning infratuzilmasiga topshirgan bo‘lasiz.
Shu sababdan yirik kompaniyalar 2026-yilda infratuzilmalarini qayta ko‘rib chiqadi va gibrid strategiyani tanlaydi.
Muhim ma’lumotlar va yuqori qiymatga ega agentlar xavfsizlik hamda xarajatlarni nazorat qilish mumkin boʻlgan on-prem muhitda qoladi. Unchalik muhim boʻlmagan ish yuklamalari uchun esa bulut masshtablash va moslashuvchanlikni taʼminlaydi. AI PC’lar ham bu tizimning bir qismiga aylanadi: xulosa chiqarish va qaror qabul qilish jarayonlari chetki qurilmalarga ko‘chadi, kechikish kamayadi va unchalik muhim boʻlmagan ma’lumotlar lokal holatda saqlanadi.
Qulay bo‘lgani uchun faqat bulutga tayanadigan tashkilotlar o‘zlarini ajratib turadigan ustunliklar ustidan nazoratni yo‘qotadi va SI kengaygani sari xarajatlarning keskin oshishini ko‘radi. Ma’lumot qayerda joylashgani, agentlar qayerda ishlashi va nimalar yopiq qolishi kerakligi atrofida infratuzilmani loyihalaganlar esa tezroq harakat qiladi hamda iqtisodiy jihatdan yaxshiroq sharoitda raqobatlasha oladi.
Asosiysi turli imkoniyatlarga ega bo‘lishdir – samaradorlik, xarajatlar va nazorat talablariga asoslangan ish yuklamalari uchun turli xil infratuzilmalardan foydalana olish.
3. Tokenlar hajmi keskin oshgani sari butun texnologik qatlam o‘zgaradi
Tokenlar sarfi juda tez oshib boryapti va bu butun texnologik stekni qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. Token bu – SI modellari ma’lumotni tushunish va javob yaratish uchun qayta ishlaydigan birlikdir. U har bir sunʼiy intellektning ishlash jarayoni asosi, yoqilgʻisi hisoblanadi.
GPU’lar asos bo‘lib qoladi. Biroq ularni yuqori o‘tkazuvchanlikka ega tarmoqlar, yuqori samarali xotira va orkestratsiya bilan birlashtira olgan tashkilotlargina SI agentlaridan real natija ola boshlaydi.
SI agent biror vazifani bajarayotganda faqat LLM’ga so‘rov yuborish bilan cheklanmaydi. U ma’lumotlar bazalariga murojaat qiladi, API’larni chaqiradi, boshqa agentlar bilan aloqa qiladi, bilim grafiklaridan ma’lumot oladi va muvofiqlik (compliance) uchun tranzaksiyalarni qayd etadi. Qayta ishlangan har bir token stek ichida ham, tashqarisida ham o‘nlab operatsiyalarni ishga tushiradi. Tokenlar hajmi oshgani sayin bu ikkilamchi jarayonlar xulosa qila olish (inference) qatlamining o‘zidan ham tezroq ko‘payadi.
Bugun butun stek bo‘yicha yechim topayotgan tashkilotlar sun’iy intellekt innovatsiyasining keyingi to‘lqiniga yetakchilik qiladi.
4. Mikro LLM’lar sunʼiy intellektni chekka nuqtalarga olib chiqadi
tarjimondan izoh: chekka nuqta (edge) bu — SI bulut va markaziy serverda emas, undan tashqarida: foydalanuvchi tomonida yoki qurilmaning oʻzida ishlaydigan joy.
Markazlashgan sun’iy intellekt tobora keng qamrovli tizimga aylanib bormoqda. Katta modellar va mikro LLMʼlar intellektni har tarafga yoyish maqsadida hamkorlikda ish yurityapti.
Mikro LLMʼlar ixcham, ma’lum vazifaga moslashtirilgan modellar bo‘lib, ma’lumotlar yaratilayotgan joyda ishlashi mumkin. Ba’zi ish jarayonlari uchun bu butunlay yangi imkoniyatlar ochadi.
Tezlik: AI PC, ulangan qurilma yoki chekka tizimda mahalliy ravishda ishlayotganda kechikish butunlay yo‘qoladi.
Maxfiylik: ma’lumotlar qurilmaning o‘zida saqlanadi, bu esa muvofiqlik va xavfsizlik bilan bog‘liq xatarlarni butunlay bartaraf etadi.
Chidamlilik: tizimlar aloqa uzilganda ham ishlashda davom etadi.
Bu jarayon allaqachon boshlanib bo‘lgan. LLaMA 1B, Mistral 3B va Gemma 3 1B kabi ochiq kodli modellar hozirgi kunda korxonalar uchun moslashtirilgan kichik hajmli LLMʼlarni qulay variantga aylantirib ulgurdi.
5. Sunʼiy intellekt jismonan ham mavjud boʻladi, lekin siz oʻylagandaymas
Bugungi robotlar aniq vazifalar uchun kuchli dasturlangan bo‘lib, ko‘pincha bir-biridan ajratilgan holda ishlaydi. Ammo sun’iy intellekt bu holatni butunlay o‘zgartiradi.
Robotni aniq vazifani bajarishga dasturlash o‘rniga maqsad beriladi va u sinov va xatolar orqali o‘rganadi. Ular muammoni hal qilish uchun qanday shakl kerak bo‘lsa, shunday yaratiladi. Sun’iy intellekt orqali esa robotlarga real vaqt rejimida muloqot qilish, hamkorlikda ishlash va moslashish imkoniyati beriladi.
Tasavvur qiling: kichik dronlar guruhi butun dalalarni bir vaqtning o‘zida skanerlab, topilgan ma’lumotlarni real vaqt rejimida almashadi. Yoki elektr uzatish liniyalari bo‘ylab harakatlanadigan, muammolarni aniqlab, ta’mirlash ishlarini mustaqil tarzda muvofiqlashtiradigan maxsus oʻrmaloqchi qurilmalar bor.
Jismoniy SI tomon o‘tish allaqachon boshlangan. SI bilan ishlaydigan robotlar endi faqat zavodlar bilan cheklanmay, logistika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalariga kirib bormoqda. Ular odamlar xohlamaydigan yoki bajarishi shart bo‘lmagan takroriy, xavfli va jismoniy jihatdan og‘ir ishlarni o‘z zimmasiga olyapti. Maqsadli yaratilgan sunʼiy intellektli robototexnikani joriy qilgan tashkilotlar esa bugungi avtomatlashtirish imkoniyatlaridan ancha tez va katta miqyosda ishlay oladi.
Xulosa
Poyga sekinlashmayapti. Yetakchilar har bir bosqichda oradagi tafovutni yanada kengaytirmoqda. Tezlik, infratuzilma, chekka nuqtadagi intellekt va jismoniy avtomatlashtirish — bular alohida-alohida o‘zgarishlar emas. Aynan shu omillar SI poygasida kim yutishini belgilaydigan yoqilg‘i, dvigatel va trassadir.
2026-yil faqat oldinga, toʻxtash yoʻq. Yagona savol shuki, siz yetakchi mashinadamisiz yoki uning oʻzib ketishini kuzatib turibsizmi?
Shunchaki kuzatib turishni istamaganlar uchun "Data sayns va sunʼiy intellekt" kursini tavsiya qilamiz.

