Ochiq dars
3-chorakni boshlab olish uchun samarali metodlar
Qishki taʼtildan qaytgan oʻquvchilar yana oʻqishga moslashishi uchun taxminan 3-5 kun ketadi. Bu muddatni qanday oʻtkazish kerak?
Ikkinchi va uchinchi chorak orasidagi taʼtil boshqalariga nisbatan kattaroq (chorak orasidagilarni nazarda tutganda). Bundan tashqari, eng keng nishonlanadigan Yangi yil bayrami ham shu taʼtil davomida boʻladi. Nisbatan uzoq taʼtildan soʻng birinchi oʻqish kunlari oʻqituvchilarda ham, oʻquvchilarda ham biroz qiyin kechadi. Ayrim oʻqituvchilar yanvar taʼtilidan soʻng dars boshlashni xuddi sentyabrdagi oʻqish boshlanishiga oʻxshatadi. Oʻquvchilar oʻzini oʻquv yili endi boshlangandek tutishini taʼkidlashadi. Baʼzi oʻquvchilar maktabga qaytganidan xursand boʻlsa, boshqalari unchalik ham mamnun boʻlmaydi. Aksar oʻquvchilar darslarga kirishib ketishga qiynalib oʻtiradi. Tadqiqotlarga koʻra, 6 haftalik taʼtildan soʻng oʻqish jarayoniga moslashib olish uchun 7 kun kerak boʻlar ekan. Qishki taʼtil muddati kamroq ekanini hisobga olsak, bu raqam 3–5 kun boʻlishi mumkin. Chorak boshida kamida 3 kun oʻquvchilarga moslashib olishi uchun vaqt va yordam kerak. Xoʻsh, 3-chorakni qanday boshlagan maʼqul? Oʻquvchilarning darsga tezroq moslashib olishiga yordam beruvchi qanday metodlar bor? Bu galgi maqolamizda aynan shu narsalar haqida maʼlumot beramiz.
Iliq muhit yaratish
Darsni boshlashdan oldin doskaga yoki xonaning koʻrinarli biror joyiga ilhomlantiruvchi jumlalar yozib qoʻyishingiz mumkin. Masalan, “Yangi chorak – yangi marralar!” yoki “Yangi chorak – yangi bilimlar!” kabi.
Oʻquvchilar taʼtildan qaytganidan soʻng birinchi darsdanoq ularni yangi mavzular va topshiriqlar bilan kutib olmagan maʼqul. Yuqorida aytganimizdek, qishki taʼtildan soʻng dars jarayonlariga moslashib olish uchun bolalarga 3 kun kerak. Buning uchun mavzu oʻtishning oʻrniga birinchi darsni yangi yil maqsadlariga bagʻishlasa boʻladi. Masalan, har bitta oʻquvchiga qogʻoz berasiz, bolalar esa unga yangi yil uchun oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarini yozadi. Siz esa qogʻozlarni yigʻib olasiz. Maktab tugayotgan vaqti yoki yil yakunida qogʻozlarni qaytarib berib, sarhisob qilishga imkon berishingizni aytasiz. Buni ogʻzaki tarzda bajarish ham mumkin. Ammo hamma ham oʻz maqsadlarini boshqalar oldida ochiq aytgisi kelmaydi. Maqsadlarni roʻyxat shaklida yozishdan tashqari oʻquvchilarga 25-maydagi oʻziga xat yozishini aytsangiz ham boʻladi. Bunda har kim oʻsha kungi oʻziga maktub yozishi kerak. Siz u maktublarni saqlab, oʻquv yili oxirida bolalarga qaytarib berasiz. Xat yozish jarayoni yanada haqqoniy chiqishi uchun hammaga konvert berish ham yodingizdan chiqmasin.
Oʻquvchilarning dastlabki haftadagi faolligini oshirish maqsadida turli ragʻbatlar, kartochkalar yoki bonus ballar joriy qilishingiz mumkin. Masalan, “Eng yaxshi boshlanish”, “Mustahkam xotira egasi” (oʻtilgan mavzu yuzasidan takrorlashlarda eng yaxshi natija koʻrsatganlar uchun), “Eng yaxshi taʼtil” (taʼtil davomida ham oʻz ustida ishlaganlar, yangi kitoblar oʻqiganlar uchun).
Reflektiv mashgʻulotlar
Reflektiv mashgʻulotlar – avvalroq oʻrganilgan bilimlar, oʻzlashtirilgan koʻnikmalarni takrorlash, oʻz-oʻzini baholash davri. Har qanday taʼtildan soʻng bunday mashgʻulotlarni oʻtkazish lozim. Chunki bu orqali oʻquvchining avvalgi bilimlari qayta yodga olinadi. Bilimida qanday boʻshliqlar borligi aniqlanadi, oʻquvchiga oʻzini baholash va taftish qilish uchun imkon beriladi. Oxirida oʻqituvchi yangi chorakni qanday davom ettirish borasida xulosalar chiqaradi.
Reflektiv davr oʻquvchilarning dars jarayonlariga moslashib olishi uchun ham yordam beradi. Taʼtildan keyingi birinchi hafta reflektiv mashgʻulotlarga bagʻishlansa, oʻquvchining moslashish jarayoni ham samarali kechadi.
Reflektiv mashgʻulotlar ikki xil boʻlgani maʼqul. Birinchisi, oʻtgan chorakni tahlil qilish. Bunda oʻquvchiga turli savollar bilan yuzlanib, oʻtgan chorakda nimalarni his qilgani, nimalarni yaxshilash kerak deb hisoblashini aniqlab olasiz:
Qaysi mavzularni yaxshi tushundingiz? Sababi nima deb oʻylaysiz?
Qaysi mavzularni tushunishga qiynaldingiz? Sababi nima deb oʻylaysiz?
Sizningcha, oʻtgan chorakda oʻtilgan qaysi mavzularni yana takrorlashimiz kerak?
Ikkinchisi, oʻzlashtirilgan bilimni, malakani yoki koʻnikmani tekshirishga qaratilgan mashgʻulotlar. Bular test, savol-javob, loyiha ishi tarzida boʻlishi mumkin. Bunday mashgʻulotlarni ham oʻyin shaklida tashkil etishni tavsiya qilamiz.
Reflektiv mashgʻulotlar uchun qiziqarli usullar
1. “Savol ham, javob ham oʻquvchidan”
Bunda oʻquvchilar bir varaqqa oʻtilgan mavzulardan esida qolganlari asosida 4 ta oson, 4 ta qiyin savol tuzishi kerak boʻladi. Varaqqa tuzuvchi ismi yoziladi. Keyin varaqlarni olib, almashtirib tarqatasiz. Oʻquvchilar sinfdoshi tuzgan savollarga javob berishi kerak boʻladi (bu usulni qoʻllashda tuzilgan savollarga oʻz sinfdoshlari javob berishini aytish savol tuzuvchining diqqatini oshirgani kuzatilgan). Topshiriqni guruh-guruh boʻlib bajarish ham mumkin. Javoblarni yozma yoki ogʻzaki tarzda qabul qilsa ham boʻladi.
Tarqatmani yuklab oling: rangli chiqarish uchun; rangsiz chiqarish uchun.
2. “Mendan qoida, sizdan tushuntirish”
Oʻtgan davr mobaynida oʻrganilgan qoidalarni kichik qogʻozlarga yozasiz. Ikki kishilik guruhlar tashkil qilasiz. Guruhdan bir kishidan kelib, qogʻozlar orasidan birini tanlab, olib ketadi. Har bir guruh oʻziga tushgan qoidani sinfdoshlariga tushuntirib berishi kerak boʻladi. Bu usulni qoʻllashda qoidalarning qisqa boʻlishiga diqqat qilmoq lozim. Bundan tashqari, bir-birini taqozo qiladigan qoidalar ham mavjudki, varaqlarni oldindan raqamlab qoʻyganingiz yaxshi. Guruhlar tushuntirishni varagʻidagi tartib raqam boʻyicha olib borishi mumkin boʻladi.
3. “Texnologiyalarni jalb qilish”
Har doim takrorlab keladigan Kahoot, Baamboozle, Blooket, Quizlet kabi platformalardan foydalanib, musobaqa tashkil qilish mumkin. Kahoot va Blooket yakka oʻynash uchun qulay. Bundan tashqari, gadjetlar (telefon, planshet, noutbuk) boʻlmasa, foydalanish imkonsiz. Baamboozle jamoaviy oʻyin tashkil etish uchun qulay, koʻp qurilma ham talab qilmaydi – oʻqituvchining komyuteri va proyektor boʻlishi yetarli.
4. “Kim koʻp eslab qolgan”
Sinfni bir necha guruhga boʻling. Har bir guruh oʻtgan davr mobaynidagi mavzulardan eslab qolgan tushunchalari, qoidalarni yozishi kerak boʻladi. Eng koʻp va toʻgʻri maʼlumotlarni yozgan guruh gʻolib boʻladi. Masalan, geometriya darsida doira mavzusi oʻtilgan boʻlsa, oʻquvchilar S=πr2 formulasini yozishi mumkin. Tarix darsida esa qaysidir shaxsning hukmdorlik yillari, urushlar natijasi yoki ularning boshlanish, yakunlanish yillari kabi maʼlumotlarni yozsa boʻladi. Adabiyot darslarida asarning qahramonlari, ularning xarakteriga xos xususiyatlarni yozish mumkin. Agar oʻquvchilar nima yozishni bilmay, qiynalib tursa, oʻzingiz birinchi boʻlib nimanidir qayd etishingiz kerak.
Tarqatmani yuklab oling: rangli chiqarish uchun; rangsiz chiqarish uchun.
5. “Sen eslading, men tushunmadim”
Bu “Kim koʻp eslab qolgan” mashgʻulotining davomi hisoblanadi. Guruhlar eslaganlarini aytib chiqqandan soʻng oʻtkaziladi. Kimdir sinfdoshlari eslagan, ammo oʻziga tushunarsiz boʻlgan qoidalarni aytadi. Oʻquvchilar esa bir-biriga eslashga va tushunib olishga koʻmaklashadi. Masalan, “Kim koʻp eslab qolgan” mashgʻulotida kimdir aylananing yuzini hisoblash formulasini yozgan (S=πr2 ), boshqa bir oʻquvchi esa uni tushunmagan. Tushunmagan bola ayni shu mashgʻulotda buni soʻrashi va bilimlarini mustahkamlab olishi mumkin. Unga shu formulani yozgan guruh aʼzosi tushuntirish beradi. Yaʼni bu mashgʻulot uchun avval “Kim koʻp eslab qolgan” mashgʻuloti oʻtkazilishi kerak. “Doskada yozilganlarni oʻchirib yubormasdan oldin shu yozilganlarni hamma eslay oldimi? Nimanidir tushunmaganlar yoki eslay olmaganlar bormi?”, deya savol qoʻyasiz. Agar hech kim tushunmaganini tan olmasa (bu boʻlib turadi, kimdir tushunmagan boʻladi, ammo aytmaydi), oʻzingiz br necha oʻquvchidan istalgan maʼlumotni tushuntirib berishini soʻraysiz (asosan, oʻzlashtirishi pastroq yoki qiziqishi kamroqlaridan). Diqqat! Bundan bosim oʻtkazish maqsadida foydalanmang. Tushuntirib bera olmasa, shu maʼlumotni yozgan guruh aʼzosidan javob berishini soʻraysiz. Koʻnglingiz toʻlmagan paytda boshqa oʻquvchini yordamga chaqirishingiz yoki oʻzingiz koʻmaklashib yuborishingiz mumkin.
6. “Takrorlash qutichasi”
Kichik qutichaga (konteyner yoki oddiy usti ochiq idish ham boʻlaveradi) savollar, misol, masala yozilgan qogʻozlarni solib qoʻyasiz. Oʻquvchilar navbati bilan chiqadi, qogʻozlardan birini oladi va doskada savolga javob beradi yoki misol-masalani ishlaydi. Xatosi boʻlsa, avval oʻquvchilarga yuzlanib toʻgʻrilashini soʻraysiz. Keyin oʻzingiz toʻgʻri javobni eʼlon qilasiz.
Yuqoridagi mashgʻulotlarda oʻqituvchi deyarli ishtirok etmaydi, ammo tahlilchi rolida boʻladi. Oʻquvchilarning javoblariga izoh berishdan tashqari, oʻquvchilar nimani tushunib, nimani yaxshi oʻzlashtira olmaganini oʻzi uchun qayd etib boradi. Bu amalga oshirilmasa, yuqoridagi mashgʻulotlar oʻz qiymatini yoʻqotadi.
Kichik yoshli sinflarda dars bersangiz
Bunday holda siz uchun oʻqish davri bir-ikki kun oldin boshlanadi. Taʼtil tugashidan ikki-uch kun oldin oʻquvchilaringizning ota-onasi bilan bogʻlaning. Ularga farzandini maktab rejimiga qaytarish borasida tavsiyalar bering. Masalan, ertalabki uygʻonish vaqti, kitob oʻqish, dars tayyorlash, mavzularni takrorlab borish kabi. Kichik yoshdagi bolalar taʼtil vaqtidagi uyqusiga oʻrganib qoladi. Oqibatda maktab boshlanganda yangi tartibga moslashishga qiynaladi. Kunini oʻyin, jismoniy harakat yoki gadjetlar bilan oʻtkazgani bois dars rejimiga tushib olishda ham mashaqqatlarga uchrashi mumkin. Bir necha kun oldindan maktab kun tartibini joriy qilish oʻquvchini chorak boshidagi qiyinchiliklardan oson oʻtishiga yordam beradi.
Eng asosiysi, chorak boshida oʻquvchilarni yangi mavzularga koʻmib qoʻymaslik, taʼtil kayfiyatidan yengilroq chiqib ketishiga koʻmaklashishdir. Bunda yuqoridagi tavsiyalarimiz sizga qoʻl kelishiga ishonamiz.
Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.