Ochiq dars

6 muhim yondashuv

Yangi oʻquv yilini boshlar ekansiz, keling, sizga tavsiyalar berib oʻtamiz. Bunda siz oʻquvchilarning oʻrganish koʻnikmalarini shakllantirishga doir maʼlumot va amaliy usullarni koʻrib chiqasiz.

Bir yillik dars rejalarini tuzish oʻqituvchiga oʻzidan qoniqish, mamnuniyat hissini beradi. Xayolidagi tarqoq gʻoyalarni tartibga solib, aniq ketma-ketlikdagi harakatlar rejasiga aylantirish va oʻqitishni samarali tarzda tashkil etish imkoniyatini yaratadi.

Ammo yaxshi tartibga solingan maʼlumot darsda zarur boʻlgan oʻzaro aloqaning faqat yarmini tashkil etadi xolos. Agar talabalar qandaydir sababga koʻra: intizom yetishmasligi, yordam soʻrashni xohlamaslik yoki shunchaki akademik ishonchsizlik tufayli oʻz vazifalarini bajarmasa, tuzgan puxta rejalaringizga qaramasdan taʼlim jarayoni toʻxtab qoladi.

Muvaffaqiyatli oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish – oʻquv dasturingizni mukammal holatga keltirish va yil boshida oʻquvchilarda toʻgʻri kutilmalar va munosabatni shakllantirish demakdir. Quyida oʻquv yilining birinchi kunidan to yozgi taʼtil boshlangunga qadar foydalanishingiz mumkin boʻlgan oʻquvchiga yondashuvning 6 xil usuli keltirilgan. Ular oʻqituvchilar va maktablardan olingan mashgʻulot hamda amaliyotlarga asoslangan.

1. Tegishlilik tuygʻusi ikki tomonlama jarayon ekanini tushunish. Sinfxonaga tegishlilik tuygʻusiga odatda oʻqituvchilar masʼul boʻladi. Ulardan oʻquvchini yaxshiroq bilish, sinfxonaga ularning qiziqishlarini aks ettiruvchi plakatlar osish, oʻquv materiallarini kiritish va stressli vaziyat yuzaga kelganda xotirjamlikni saqlash kutiladi. Ammo tegishlilik hissi aslida ikki tomonlama jarayondir. Oʻquvchilar ham sinfning bir qismi sifatida masʼuliyatni zimmasiga olishi va bu jarayonga faol kirishishi kerak.

Sinf ishlarining bir qismini oʻquvchilarga topshiring. Masalan, sinf qoidalarini oʻzingiz yozmasdan oʻquvchilar bilan birgalikda yarating va hujjatlashtiring. Keyin esa kelishuvga muvofiq ravishda sinfdagi xatti-harakatlarni muntazam tekshirib turing. Oʻquvchilarni mustaqil ravishda javob topishga undash uchun “mendan avval uch kishidan soʻrang” usulini qoʻllang. Barcha javoblarni sizdan kutayotgan oʻquvchilarni esa chuqurroq fikrlashni talab qiladigan ochiq savollar bilan muloyimlik ila toʻgʻri yoʻnaltirib boring.

Oʻzingizni koʻrsatishdan saqlaning. “Mehribon talabchan” boʻling – yuqori akademik va xulq-atvor standartlarini mehribonlik bilan uygʻunlashtirish zarur. Tez-tez “biz” iborasini ishlatib turing. Bu sinfni jamoa sifatida tasvirlash hamda umumiy qadriyat va maqsadlar muhimligini taʼkidlashga yordam beradi.

2. Savol berishga tayyorlik. Tengdoshlar bosimi sinfda erta paydo boʻladi. 2021-yilda oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, 7 yoshgacha boʻlgan bolalar yordam soʻrashni boshqalar oldida layoqatsiz koʻrinish bilan bogʻlaydi. Ahmoq boʻlib koʻrinishdan qoʻrqish yordam soʻrashga kuchli toʻsiq boʻlsa-da, bu tortinchoq oʻquvchining yarim muammosi xolos. Koʻpincha bolalarning oʻzi qiyinchilikka duch kelganini umuman anglamaydi. Taʼlim mutaxassisi Jenifer Sallivan shunday deb yozadi: “Oʻquvchilar avvalo qiyinchilikka duch kelayotganini tan olishi lozim. Bu esa rostgoʻylik va oʻz-oʻzini anglashni talab etadi”.

Imkoniyatlarni oʻzgartirish uchun baʼzi oddiy narsalarni amalga oshirishingiz mumkin. Masalan, “Savollar bormi?” deyishning oʻrniga “Menga 3 ta savol bering” deb aytishga harakat qiling. Yuzlab oʻqituvchilar bu usulni savollar oqimini yaxshilaydigan oddiy, ammo “oʻyinni oʻzgartiruvchi” til almashinuvi deb ataydi. Bolalarga ovoz chiqarib oʻylashni oʻrgatish uchun sinfda muntazam ravishda BBB (bilardim, bilishni xohlayman, bilib oldim) mashgʻulotlarini qoʻllang. Oʻquvchilarga oʻz-oʻzini nazorat qilishni oʻrgating. Buning uchun ular oʻzini test qilishi va “Menga yordam kerakmi?”, “Bu darsda nimani tushunmay qoldim?” kabi savollarni oʻziga berishi kerak.

Hatto eng tortinchoq oʻquvchilardan ham savol olish uchun vaqti-vaqti bilan unchalik ommaviy boʻlmagan forumlar tashkillang. Masalan, o‘quvchilarga anonim bo‘lish imkonini beruvchi texnologik vositalar yoki umumiy Google hujjatlaridan foydalaning. Nihoyat, yangi materialni taqdim etayotganda, o‘qituvchi Emma Chiapettaning aytishicha, o‘zingiz faol ravishda savollar bering. Ikkilanuvchi o‘quvchilar hamda ingliz tili o‘rganuvchilarga “Men qattiq harakat qilyapman, lekin hali ham tushunmayapman. Menga yordam bera olasizmi?” va “Menga nima kerakligini aniq bilmayapman. Iltimos, men bilan suhbatlasha olasizmi?” kabi savol boshlash usullarini taqdim eting.

3. Tavakkalchilik va muvaffaqiyatsizlikka bardoshlilik: bolalarni muvaffaqiyatsizlikdan himoya qilish istagi – hammaga tanish impuls. Gʻamxoʻr oʻqituvchilar ixtiyorsiz ravishda oʻquvchilardan oddiy savollar soʻrashi yoki qiynalayotgan bolalarni vaziyatdan qutqarish uchun notoʻgʻri javoblarni yumshoqlik bilan qayta talqin qilishi mumkin. Biroq har qanday yoshdagi oʻquvchilar muntazam ravishda qiyinchilik va muvaffaqiyatsizlikni boshdan kechirib turishi kerak. Taʼlim sohasidagi olim Manu Kapurning taʼkidlashicha: “Bu narsa hozirgi vaziyatda ancha koʻproq kerak. Chunki har qanday taʼlim olish faoliyati va murakkab masalalar maʼlum darajadagi qiyinchilikni talab qiladi”.

Akademik maqom ham talabaning tavakkalchilikdan qochishida muhim ahamiyatga ega. Oʻquvchilar yuqori darajadagi GPA (oʻrtacha ball)ni saqlab qolishga intilishi natijasida oʻzlariga tanish boʻlgan oʻquv topshiriqlarini tanlab, koʻp oʻrganmasdan ham muvaffaqiyatga erishmoqda.

Oʻqituvchilar nima qila oladi? Muammoning ildiziga eʼtibor qarating – baholarni eʼtiborsiz qoldira boshlang. Kurs materiallarini koʻrib chiqishda eng past baholarni chiqarib yuborishni, topshiriqlarni kamroq baholashni oʻylab koʻring. Yoki kichik ball beriladigan, umuman ball qoʻyilmaydigan viktorinalardan foydalansangiz ham boʻladi. Amerikadagi King oʻrta maktabida oʻqituvchilar muhim topshiriqlarning qoralama variantlariga yakuniy baho qoʻymaydi. Buning oʻrniga ularning yozma va ogʻzaki fikr-mulohazalariga eʼtibor qaratadi. 2021-yilda oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, baholarni bu tarzda ushlab turish oʻquvchilarning kelajakdagi topshiriqlarni bajarishdagi natijalarini harfli baholash (A, B, C va boshq.) darajasining uchdan ikki qismigacha yaxshilashi mumkin.

Oʻquvchilar xato qilganida buni sharmandali holatga aylantirib qoʻymang. Sinfda xatolarga tayyorlanish, ularni namoyish etish va hatto nishonlashni oʻrganing. Darslaringizga ataylab xatolar kiritib, uni topgan oʻquvchilarni ragʻbatlantiring. Topilgan xatolaringizni tan oling va yengil tabassum qiling. “Sevimli xatoyim” deb nomlangan mashgʻulotni qoʻllang. Bu jarayonda oʻquvchilarning odatiy xatolari anonimlashtiriladi, doʻstlariga ulashiladi va muvaffaqiyatsizlik belgisi deb emas, balki haqiqiy idrokning uchqunlari sifatida muhokama qilinadi.

4. Stressga nisbatan sogʻlom munosabat. Maktab bolalarni notanish va koʻpincha noqulay vaziyatga soladigan majburiy muhitdir. Yangi va murakkab oʻquv materiallari, savol-javoblar, kutilmagan test va uy vazifalari tez, birin-ketin keladi. Yana qoʻshimchasiga doʻstlar orttirish, turli toʻgarak va sport jamoalariga aʼzo boʻlish hamda maktab tadbirlarida qatnashish kabi darsdan tashqari faoliyatlar ham bor.

Muayyan darajadagi stress ham yaxshi, ham zarur: bolalar oʻquv standarti va muddatining bosimini his qilishi kerak. Shuningdek, xulq-atvor va ijtimoiy kutilmalarning ogʻirligini ham boshdan kechirishi lozim. Ammo kundalik stressni normal holat sifatida qabul qilish va bolalarga buni boshqarish uchun oddiy vositalarni oʻrgatish ham kerak.

Agar maktab maʼmuriyati qoʻllab-quvvatlasa, kun davomida tinchlantiruvchi mashqlarni qoʻllasangiz boʻladi. Masalan, miya uchun tanaffuslar, chuqur nafas olish mashqlari, meditatsiya va hokazo. Oʻquvchilarning tashvishini toʻgʻri baholashda yordam berish uchun ular bilan ishlashni koʻrib chiqing. AQShdagi Lister boshlangʻich maktabida bolalar “muammoning hajmini oʻlchash” va mutanosib reaksiya bildirishni oʻrganadi. Katta yoshdagi bolalar esa zararni nazorat qilishda yordam beradigan oddiy usullardan foydalanishi mumkin. Ular oʻzlariga “Xafagarchiligimning sababi nima?”, “Yordam yoki maslahat olishim kerakmi?”, “Nimalarni nazorat qila olaman-u, nimalarni yoʻq?” kabi savollarni berib, vaziyatni tahlil qilishi mumkin.

Maktabni oʻzgartirish, imtihonlar kabi muhim davrlarga alohida eʼtibor qarating. Chunki bu holatlar boshqalariga qaraganda qiyinroq kechishi mumkin. Oʻrta maktab oʻquvchilari yangi maktabga oʻtgani haqida atigi 30 daqiqa mulohaza yuritib, yozib chiqqanida ajoyib holat boʻlgan. Ular doʻst orttirish yoki yangi oʻquv dasturini oʻzlashtirish kabi umumiy muammolarni yengish usullariga eʼtibor qaratib, davomati, xulq-atvori va oʻzlashtirish darajasini sezilarli yaxshilagan. Boshqa tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ridan to‘g‘ri yondashuvlar ham samarali: bolalarga test paytidagi stressni vaqtinchalik “ruhlantiruvchi kuch” sifatida qarashga o‘rgatilsa, kursni muvaffaqiyatsiz tugatish darajasi keskin pasayadi.

5. Har kim oʻrgana olish qobiliyatiga ega ekani haqidagi tushuncha. Iqtidor va aql-zakovat toʻgʻrisida koʻplab afsonalar mavjud. Ammo eng zararli mif bu – qobiliyat tug‘ma bo‘lib, uni hech qanday harakat o‘zgartira olmasligi haqidagi qarashdir. Bunday fikrning ta’siri erta namoyon bo‘lib, uzoq davom etadi: yosh qizlar o‘zlarini olim bo‘la olmasligiga ishonib, orzu-umidlarini shunga moslab qo‘yadi. Katta yoshdagi o‘quvchilar esa o‘zini “matematiklar” va “tilshunos”larga ajratib, shunga mos kasb yo‘nalishlarini tanlaydi.

Narsalarni qanday ifodalashimiz muhim:

  • sinfda oʻquv ishlarini vaqti-vaqti bilan “amaliy mashq” deb atang. Masalan, “Xoʻsh, qani amaliy mashq qilish vaqti keldi!” yoki “xomaki fikrlash” kabi;

  • doimiy aqliy qobiliyatiga ishora qiladigan fikrlardan qochishga harakat qiling (“Sen juda aqllisan” yoki “Senda tugʻma isteʼdod bor” kabi);

  • muntazam ravishda aʼlo koʻrsatkichlar bilan birga urinishlar va ijobiy oʻzgarishlarni ham maqtab turing. Ularda qanday oʻsish boʻlganini  iloji boricha aniq misollar bilan ayting;

  • roman, qo‘shiqlar, filmlar yoki hatto ilmiy kashfiyotlar haqida ham “daholar” ishi sifatida gapirmaslikka harakat qiling (u holda bunday ishlar oʻquvchilarga erishib boʻlmasdek tuyilib, harakat qilishini cheklab qoʻyadi).

Soʻngra, oʻquvchilarni oʻzlari ishongan afsonalarni yoʻq qilishga undang. Yil boshida siz oʻtadigan mavzu boʻyicha nimalar bilishlarini yozdiring. Bir necha oy oʻtgach, xuddi shularni qayta qogʻozga tushirishsin (bu ulardan maʼlumot olishning ayyorona usuli). Ulardan “Agar basketbol yoki yengil atletikada yaxshi oʻyinchi boʻlsangiz, nega matematikada bilimdon boʻla olmaysiz?” kabi savollarni muhokama qilishni soʻrang. Yoki muvaffaqiyatga erishgunga qadar kurashgan olimlar va rassomlar boʻyicha guruh tadqiqotlari olib borishni topshiriq qilib bering.

6. Sinfdoshlari va oʻqituvchilarga nisbatan hamdardlik hissi. Taʼlim samimiy, ijtimoiy muhitda tezlashadi. Taʼlim ham individual, ham jamoaviy faoliyatdir. Tadqiqotchi Patritsiya Kulning taʼkidlashicha, bolalar boshqa tengdoshlarining tana holati, munosabati va qiziqishlaridan “beixtiyor oʻrganadi”. Qabul qilish, tinglay olish va oʻzini jamoaga mansub deb hisoblash madaniyati guruh boʻlib ishlash hamda muammolarni birgalikda hal qilish koʻnikmalarini shakllantiradi.

Oʻquvchilarga tengdoshlarining hayoti, qadriyatlari va intilishlariga nisbatan ochiqlikni shakllantirish uchun dars rejangizga “tanishuv” mashgʻulotlarini kiritishga harakat qiling. Yilni sevimli musiqachilar yoki sportchilar haqidagi guruh muhokamalari bilan boshlang. Yil davomida noakademik suhbatlar hamda fikr almashishlarni osonlashtirish uchun ertalabki yigʻilishlar yoki doʻstona jumlalardan foydalaning. Shana Uaytning sinfidagi katta yoshli oʻquvchilar oʻzining shaxsiy portretini yaratib, ularni sinf devorlariga osib qoʻyadi. Bu ularga “oʻzlarini qanday boʻlsa, shunday qabul qilishga va boshqalarning oʻziga xos xususiyatlarini tan olishga, hurmat qilishga” yordam beradi. Oʻqituvchi Genri Seton esa oʻrta maktab oʻquvchilaridan 30 soniyalik “kundalik bagʻishlov” mashqini bajarishni soʻraydi. Bu vaqt davomida oʻquvchilar oʻsha kunni kimga bagʻishlamoqchi boʻlsa, ana shu insonni aniqlaydi. Bu oʻquvchilarni insoniylashtiruvchi, oʻzaro ishonchni shakllantiruvchi va sinfdagi birdamlikni mustahkamlovchi ajoyib mashqdir.



Manba


Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/66d8259b3b14da1d77f583c7/702b5fe9-21ba-495f-a793-8f33dd4eb234.original.png

Edutopia

O'xshash maqolalar

Junior dasturchilarning tipik xatolari. Siz ulardan biri boʻlishingiz mumkin
junior
maslahat

3-may, 2024

Junior dasturchilarning tipik xatolari. Siz ulardan biri boʻlishingiz mumkin

Middle va senior dasturchilardan juniorlar koʻpincha qanday xatolarga yoʻl qoʻyishi haqida, shuningdek, bu xatolarni qanday chetlab oʻtish mumkinligini aytishini soʻradik.

Maqolani o'qish
Qanday qilib mobil ilova yaratish mumkin? Spoyler: buning uchun kod yozish shart emas
mobil dasturlash

1-may, 2024

Qanday qilib mobil ilova yaratish mumkin? Spoyler: buning uchun kod yozish shart emas

Biz dasturlash bosqichlari nimadan iboratligi, ilovalar yaratish uchun kerak boʻladigan uskuna, dastur va ilovalar bilan tanishtiramiz.

Maqolani o'qish
Neyrotarmoqlar uchun promptlar: ChatGPT va boshqa neyron tarmoqlarga soʻrovlarni qanday yozish kerak?
Sunʼiy intellekt

4-may, 2024

Neyrotarmoqlar uchun promptlar: ChatGPT va boshqa neyron tarmoqlarga soʻrovlarni qanday yozish kerak?

Neyrotarmoqlarni biz uchun va bizning oʻrnimizga ishlashga majbur qilamiz.

Maqolani o'qish
Telegram’dagi akkauntlarni o‘g‘irlashning yangi sxemasi

24-aprel, 2024

Telegram’dagi akkauntlarni o‘g‘irlashning yangi sxemasi

Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi F.A.C.C.T. kompaniyasi firibgarlar Telegramʼda akkauntlarni oʻgʻirlash uchun yangi sxemadan foydalanishni boshlagani haqida xabar qildi.

Maqolani o'qish
Scalaʼni bilish — yaxshi, Sparkʼni bilish esa majburiy. Yangi boshlayotgan va tajribali data injenerlar nimalarni bilishi kerak? Yandeks Praktikum tadqiqoti
Yumsoq ko'nikmalar
portfolio

3-may, 2024

Scalaʼni bilish — yaxshi, Sparkʼni bilish esa majburiy. Yangi boshlayotgan va tajribali data injenerlar nimalarni bilishi kerak? Yandeks Praktikum tadqiqoti

Yandeks Praktikum junior, middle va senior data injenerlar uchun eng talab yuqori boʻlgan koʻnikmalarni oʻrganib chiqdi. Kasbga kirib, unda oʻsish uchun qayerda va qanday rivojlanish kerakligini koʻrib chiqamiz.

Maqolani o'qish