Bu nima?
API oddiy soʻzlar bilan
API bu – dastur yoki tizimlar o‘rtasida o‘zaro maʼlumot almashish va funksiyalarni chaqirish uchun mo‘ljallangan vosita. Maqolada API nima ekanini batafsil va oddiy soʻzlar bilan izohladik.
API, ya’ni dasturiy ilova interfeysi zamonaviy ilovalarning bir-biri bilan ma’lumot almashishida asosiy rol o‘ynaydi. Tasavvur qiling, xaritadan o‘zingizga eng yaqin restoranni qidiryapsiz. Joyni tanlaganingizdan soʻng uning reytingi, suratlari va mijozlar fikrlarini ko‘rib chiqishingiz mumkin. Keyin esa osonlik bilan oʻz yoʻnalishingizni tanlaysiz. Bularning barchasi API tufayli amalga oshadi.
API atamasining maʼnosi
API — Application Programming Interface so‘zlarining qisqartmasi. O‘zbek tiliga “ilovaning dasturiy interfeysi” deb tarjima qilinadi. Kundalik hayotda interfeyslarga tez-tez duch kelamiz. Masalan, mikroto‘lqinli pech interfeysi bu — tugmachalar va ekran. Ularning yordamida qurilma bilan o‘zaro munosabatda bo‘lasiz. Ilovaning dasturiy interfeysi — bir dasturning boshqasi bilan “muloqot” qilishiga imkon yaratadigan qoida va vositalar to‘plami.
API orqali o‘zaro aloqa tamoyillari
API ikki dastur yoki tizimlar o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydi. Ularga ma’lumotlarni almashish va hamkorlikda vazifalarni bajarish imkonini beradi. Bu o‘zaro aloqa odatda mijoz va server oʻrtasida amalga oshiriladi. Masalan, sizning smartfoningiz va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyaning serveri o‘rtasida. Siz ilovadan yuborgan soʻrov API orqali serverga uzatiladi. Server esa soʻrovni qayta ishlab, javob qaytaradi. Shu tariqa API mijoz va server o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvi jarayonini soddalashtirib, vositachi vazifasini bajaradi.
Masalan, “Ob-havo” ilovasida ma’lumot izlaganingizda ilovangiz API orqali ob-havo to‘g‘risidagi eng so‘nggi informatsiyalarni saqlaydigan serverga so‘rov yuboradi. Server so‘rovni qayta ishlab, ma’lumotlarni API orqali qaytaradi. Ilova esa maʼlumotlarni qulay shaklda sizga ko‘rsatadi.
API turlari
Har biri turli vazifa va qo‘llash ssenariylari uchun mo‘ljallangan bir nechta API turi mavjud.
Ochiq (public) APIʼlardan barcha dasturchilar foydalanishi mumkin. U Google Maps yoki Twitter kabi mashhur xizmatlar bilan integratsiya qilinadigan ilovalarni ishlab chiqishda keng qo‘llanadi. Bunday APIʼlar bepul taqdim etilgan. Bu esa ko‘plab dasturchilarga funksional ilovalar yaratishda ulardan foydalanish imkonini beradi.
Yopiq (private) API faqat tashkilot ichida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Uning ichki tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqani ta’minlaydi. Bunday APIʼlar dasturchilar uchun yopiq bo‘lib, xavfsizlik va ichki jarayonlar ustidan nazoratni kafolatlaydi. Masalan, xususiy APIʼlar ko‘pincha banklarda turli ichki tizimlar o‘rtasidagi integratsiyani taʼminlash uchun ishlatiladi.
Hamkorlik APIʼlari kompaniyaning muayyan hamkorlari uchun ishlab chiqiladi va cheklangan foydalanish huquqi bilan taqdim etiladi. Odatda ulardan foydalanish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi. Bunga misol qilib, aviakompaniyalar sayyohlik agentliklariga chipta bron qilish uchun taqdim etadigan APIʼni keltirish mumkin.
APIʼdan foydalanishning asosiy afzalliklari
API murakkab vazifalarni bajarish uchun tayyor yechimlarni taqdim etish orqali dasturiy ta’minotni ishlab chiqishni sezilarli darajada soddalashtiradi. Dasturchilar o‘z ilovalariga turli funksiya va xizmatlarni noldan yaratmasdan integratsiya qilishi mumkin. Bu vaqt va resurslarni tejaydi, shuningdek, ilovaning unikal jihatlarini yaratishga e’tibor qaratish imkonini beradi.
Yana bir muhim jihati – boshqa xizmatlar bilan integratsiya qilish imkoniyati. Masalan, tegishli APIʼdan foydalangan holda to‘lov tizimlari, kontentni boshqarish yoki tashqi ma’lumotlar bazalarini o‘z ilovangizga integratsiya qilishingiz mumkin.
API qay tarzda foydalanuvchi ishini yaxshilaydi?
APIʼlar foydalanuvchi ishini yaxshilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ular ilovalarning yanada ko‘proq funksiyalarga ega va foydalanish uchun qulay bo‘lishini ta’minlaydi. Masalan, API orqali Google yoki Facebookʼdagi akkauntingizdan foydalanib, yangi ilovada tezda avtorizatsiyadan oʻtishingiz mumkin. Bu foydalanuvchi vaqtini tejab, jarayonni yanada qulaylashtiradi.
API xavfsizligi va maxfiyligi
API ham har qanday boshqa texnologiyalar kabi xavfsizlik bilan bog‘liq xavflarga ega. Agar API yetarlicha himoyalanmagan bo‘lsa, xakerlar maxfiy ma’lumotlarga ulanishi yoki hatto xizmat faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin. Shu bois API taqdim etadigan kompaniyalar ko‘pincha o‘z xizmatlarini himoya qilish maqsadida shifrlash va autentifikatsiyalashdan foydalanadi.
API cheklovlari
Har bir API o‘zining cheklovlariga ega. Masalan, so‘rovlar soniga qo‘yilgan limitlar kabi. Bu cheklovlar serverga ortiqcha yuklanishning oldini olish va xizmatlarning barqaror ishlashini ta’minlash uchun zarur. Agar ilova ushbu limitlardan oshib ketsa, uning APIʼdan foydalanishi cheklanishi mumkin. Bu uning ishlashiga salbiy ta’sir qiladi.
Xulosa
API ilovalarga o‘zaro munosabatda bo‘lish imkonini beradi. Shuningdek, kundalik raqamli aloqalarimizni yanada qulay va funksional boʻlishiga yordamlashadi.