BSoD – moviy ajal ekrani haqida batafsil
Millionlab Windows foydalanuvchilarini xavotirga soladigan xatolik haqida batafsil gaplashamiz.
Agar siz ham Windows ishlatsangiz, bir marta boʻlsa-da, BSoD – “moviy ajal ekrani”ga duch kelganingiz aniq. Bu narsa xavotirli koʻrinadi, sizni sarosimaga soladi va koʻpincha eng noqulay vaziyatda paydo boʻladi. Masalan, diplom ishingizni saqlashni unutib qoʻyganingizda yoki dedlaynga ulgurishga urinayotganingizda. Ammo nomlanishiga qaramay, moviy ajal ekranida hech qanday xavotirli narsa yoʻq. Bu shunchaki xatolik haqidagi ogohlantirish xolos. Keling, bu nima ekani, nega paydo boʻlishi va undan qanday chiqish mumkinligi haqida bilib olamiz.
Moviy ajal ekrani nima?
Moviy ajal ekrani yoki BSoD (blue screen of death) bu – Windowsʼda tizim jiddiy nosozlikka duch kelganda paydo boʻladigan xabar. Bunday nosozliklarni avtomatik ravishda tuzatishning iloji yoʻq. Shuning uchun tizim qaytadan ishga tushishga majbur boʻladi. Bu hol yuz berganda ekranda xatolik kodi koʻrsatilgan moviy fon yuzaga chiqadi. Shuning uchun unga mana shunday nom qoʻyilgan.
Moviy ajal ekrani koʻpchilikni xavotirga soladi, ammo tashvishlanishga hojat yoʻq. Operatsion tizim aslida kelgusi nosozliklarning oldini olish maqsadida keskin ravishda toʻxtaydi. Masalan, maʼlumotlarga zarar yetishining oldini olish yoki qurilmalardagi muammolarni bartaraf etish maqsadida boʻlishi mumkin. Muhimi ogohlantirishni eʼtiborsiz qoldirmaslik kerak. Balki xatolik sababini aniqlash va uni tuzatish lozim. Bunda sizga tizim moviy ekranda aks ettiradigan xatolik kodlari yordam beradi. Quyida bu kodlarni tushunish va ular nimani anglatishi mumkinligini aytib oʻtamiz.
Windows 8ʼda ko‘k o‘lim ekrani. Xatolik kodi asosiy ogohlantirish ostida ko‘rsatilgan
Baʼzan BSoD bitta foydalanuvchida emas, bir vaqtning oʻzida minglab kompyuterlarda paydo boʻladi. Masalan, 2024-yilning yozida CrowdStrike kompaniyasi o‘zining Falcon Sensor antivirus dasturi uchun yangilanish ishlab chiqdi va uni barcha mijozlarining kompyuterlariga yubordi. Shundan so‘ng darhol qurilmalarda moviy ajal ekrani aks etishni boshladi. Bankomatlar, axborot ekranlari, aeroportlardagi ro‘yxatdan o‘tish joylari, tibbiy apparatlar — Windows tizimida ishlaydigan va himoya uchun Falcon Sensor’dan foydalanadigan barcha qurilmalar ishdan chiqdi.
Falcon Sensor xotirasini skanerlash funksiyasi protsessor yadrolaridan birini 100% ga band qilgan. Bu yo kompyuterni juda sekinlashtirib qo‘ygan, yo BSoD xatosiga olib kelgan. Shu bilan birga, antivirus dasturi ishlab chiquvchilari bu nosozlik tizimlarning xavfsizligiga ta’sir qilmagani, faqatgina Windows ishdan chiqishiga sabab bo‘lganini ta’kidlab o‘tgan :)
Nyu Yorkdagi La-Guardiya aeroportining bagaj topshirish zonasidagi ko‘k o‘lim ekranlari
Microsoft ma’lumotlariga ko‘ra, xatolik butun dunyo bo‘ylab 8,5 million qurilmaga ta’sir qilgan. Bitta muvaffaqiyatsiz yangilanish (update) tarixdagi eng yirik ommaviy BSoD hodisasiga sabab bo‘ldi: o‘ta muhim tizimlar to‘satdan ishdan chiqdi.
BSoD yuzaga kelishining sabablari
Ta’kidlaganimizdek, moviy ekran Windows tizimidagi xatolik haqida xabar beradi. BSoD xatoligi yuzaga kelishining bir nechta sabablari mavjud:
Apparat nosozliklari. Agar operativ xotira, qattiq disk yoki videokarta ishdan chiqsa, Windows bunga moviy ekran xatoligi bilan javob berishi mumkin.
Drayverlardagi xatolar yoki ular o‘rtasidagi to‘qnashuvlar. Drayverlarning eskirishi, noto‘g‘ri sozlanishi va o‘zaro to‘qnashuvlari — BSoD paydo bo‘lishining eng keng tarqalgan sabablaridan biri. Ayniqsa, ko‘pincha yangi qurilma o‘rnatilgandan soʻng yoki Windows yangilangandan keyin moviy ekran paydo bo‘ladi.
Komponentlar qizib ketishi. Kompyuterning har bir elementi ma’lum harorat chegarasida ishlaydi. Agar bu chegaradan oshib ketsa, tizim qurilmani jismoniy shikastlanishdan himoya qilish uchun ishni to‘satdan to‘xtatadi.
Dasturiy to‘qnashuvlar. Ikkita dastur operativ xotirani bo‘lisha olmasligi, antivirus ofis ilovasini yangilashga “e’tiroz bildirishi” mumkin.
Viruslar va zararli dasturiy taʼminotlar (DT). Baʼzi viruslar yashirin harakat qiladi. Boshqalari esa tizim komponentlari ishiga aralashadi: tizim fayllarini o‘zgartiradi, drayverlarni almashtiradi va Windows yadrosini o‘zgartirib yuboradi. Bularning barchasi moviy ekran chiqib kelishiga sabab bo‘ladi.
Ta’minot bilan bog‘liq muammolar. Kuchlanishning keskin o‘zgarishlari, ta’minot blokidagi nosozlik yoki elektr energiyasi to‘satdan uzilishi — bularning barchasi tizim ishini izdan chiqarishi mumkin.
Vashington shahridagi Dalles xalqaro aeroporti axborot monitoridagi BSoD ekran
BSoD xatolik kodlari: moviy ekrandagi yozuvlar nimani anglatadi
Moviy ekran faqatgina xavfli xatolik haqida xabar bermaydi. Balki muammo nimada ekanini ham tushuntiradi. Ekranda xatolik kodi yoki qisqacha tavsifni koʻrish mumkin. Quyida eng keng tarqalgan xatoliklardan baʼzilari keltirilgan:
MEMORY_MANAGEMENT — operativ xotira bilan bog‘liq muammo. Bu komponentning jismoniy shikastlanishi kabi dasturiy ta’minotning buzilishi ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, haddan tashqari qizib ketish ham operativ xotirani ishdan chiqaradi.
CRITICAL_PROCESS_DIED — Windowsʼdagi muhim jarayonlardan biri kutilmaganda o‘chib qoldi. Xatolik tizim fayllari shikastlangani yoki Windows yangilanishi muvaffaqiyatsiz bo‘lgani natijasida yuzaga kelishi mumkin.
IRQL_NOT_LESS_OR_EQUAL — drayver yoki dastur ular kirishi mumkin bo‘lmagan xotiraga kirishga uringan. Bunday holat ko‘pincha drayverlardagi xatoliklar bilan bog‘liq boʻladi.
VIDEO_TDR_FAILURE — videokarta drayverida xatolik.
PAGE_FAULT_IN_NONPAGED_AREA — tizim kerakli ma’lumotlarni xotiradan topa olmadi. Buning sababi — shikastlangan drayverlar, nosoz operativ xotira yoki diskdagi nosozliklar.
Maslahat: Windows 10 va 11 ko‘k ekranida ko‘pincha QR kod mavjud bo‘ladi. Smartfoningizning kamerasini unga yo‘naltiring. Shunda xatolik haqidagi batafsil ma’lumot berilgan Microsoft qo‘llab-quvvatlash sahifasiga o‘tasiz.
Windows 10 BSoD ekranida qo‘llab-quvvatlash sahifasiga yo‘naltiradigan QR kod mavjud
Windows moviy ajal ekranini qanday tuzatish mumkin?
Moviy ajal ekrani deyarli har doim kutilmaganda yuz beradi. U kamdan kam hollarda yangiliklarni bemalol o‘qib o‘tirganingizda paydo bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha eng noqulay paytda: o‘yin o‘ynayotganingizda, video render qilish jarayonida yoki saqlanmagan hujjat ustida ishlayotganingizda chiqib keladi.
Birinchi harakat — shunchaki kompyuterni qayta ishga tushirish va muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘lishiga umid qilish. Aytgancha, ba’zan bu usul natija beradi. Ammo moviy ekran qayta-qayta takrorlanaversa, muammoni chuqurroq o‘rganishga to‘g‘ri keladi.
Quyidagilarni sinab ko‘rish mumkin.
1-qadam. Tizimni xavfsiz rejimda ishga tushiring. Buning uchun kompyuterni yoqish paytida F8 yoki Shift + F8 tugmalarini bir necha marotaba bosing. Ochilgan menyuda Safe Mode with Networkingʼni tanlang.
2-qadam. Xavfsiz rejimdaligingizda muammoli drayverlar mavjudligini tekshiring. Win + X tugmalarini bosing va “Диспетчер устройств” bandini tanlang. Undov belgisi bor belgilarga e’tibor bering — ular muammoli drayverlarni ko‘rsatishi mumkin. O‘ng tugmani bosib, “Обновить драйвер”ni tanlang.
3-qadam. Tizim fayllarini tekshiring va shikastlangan ma’lumotlarni qayta tiklang. Buning uchun terminalni oching va quyidagi komandalarni ketma-ketlikda bajaring:
chkdsk C: /f /r — tizim diskini xatoliklarga tekshiradi.
sfc /scannow — tizim fayllarini tekshiradi va shikastlangan fayllarni qayta tiklaydi.
4-qadam. Operativ xotirani testdan o‘tkazing. Win + R tugmalarini bosing, mdsched.exe yozuvini kiriting va tekshiruv bilan qayta ishga tushirishni tanlang. Windows xotirani xatoliklar mavjudligiga tekshiradi.
5-qadam. Tizimni antivirus tekshiruvidan o‘tkazing. Ba’zida yadro ishiga aralashadigan zararli dastur sababchi bo‘lishi mumkin.
6-qadam. Agar biroz oldin yangi qurilma — printer, videokarta yoki boshqa uskuna ulagan bo‘lsangiz, uni uzib, tizimni qayta ishga tushirishga urinib ko‘ring.
7-qadam. Agar hech qaysi usul natija bermasa, qayta tiklash bandiga qayting yoki tizim sozlamalarini asl holatiga qaytaring (“Параметры” → “Система” → “Восстановление” orqali). Eng so‘nggi chora — Windowsʼni qayta o‘rnatish.
Moviy ekran paydo bo‘lishining oldini olish
Aslida moviy ekran paydo bo‘lishining oldini olish mumkin. Qurilmangizga ozgina e’tiborliroq bo‘lsangiz, bas. Quyida xavflarni kamaytirishga yordam beradigan bir nechta maslahat berilgan:
Windows va drayverlarni muntazam ravishda yangilab turing. Biroq yangilanishlar chiqarilgan kuni buni qilishdan o‘zingizni tiyishga harakat qiling. Ko‘pincha ishlab chiqaruvchilar dasturiy ta’minotni xatolar bilan chiqaradi. Shuning uchun bir necha hafta kutib turish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Qurilmangiz holatini kuzatib boring. Operativ xotirani sinash uchun MemTest86ʼdan foydalaning. Saqlash qurilmalarini tekshirishni CrystalDiskInfoʼga topshiring. Tizimning to‘liq yuklanishini sinash uchun esa OCCTʼdan foydalaning.
Komponentlarning haroratini nazorat qiling. HWMonitor yoki Core Temp kabi dasturlar qizib ketishni aniqlashga yordam beradi. Agar oddiy holatda yoki yengil yuklamada harorat 80–90°C dan yuqori bo‘lsa, tizim blokini changdan tozalash vaqti kelgan bo‘ladi. Buni kamida har olti oyda bir marta amalga oshirish tavsiya etiladi.
Moviy ekran qora rangga oʻzgarmoqda
2025-yil bahor faslida Windows 11 beta versiyasi testdan o‘tkazuvchilari tizimda moviy ekran yo‘qligini payqashdi. Uning o‘rnini minimalistik va kamroq ma’lumot aks ettiruvchi qora ekran egalladi.
O‘zgartirishlar faqat rangda bo‘lmadi. Microsoft dasturchilari xafa smaylik va QR kodni ham olib tashladi. Buning o‘rniga ekranda bundan buyon “Qurilmada muammo yuz berdi va uni qayta ishga tushirish zarur” degan xabar aks ettirilyapti. Bunda xatolik kodi saqlanib qolingan — undan avvalgidek diagnostika uchun foydalanish mumkin.
Windows 11 test versiyasidagi qora o‘lim ekrani
Microsoft mutaxassislarining fikricha, bu dizayn yangi foydalanuvchilarni kamroq cho‘chitadi. Tizim administratorlari esa, aksincha, qo‘llab-quvvatlash havolalari va QR kodlarsiz foydalanuvchilarga xatoliklarni tuzatishda yordam berish qiyin bo‘lishidan xavotirda.
Xulosa
Moviy ajal ekrani yoki BSoD bu — Windows himoya mexanizmidir. U tizimga jiddiy xavf tug‘ilganda ishga tushadi va yanada qiyinroq oqibatlarning oldini olish uchun uning ishlashini to‘xtatadi.
Xatolik nomi va kod — muammoni yechishga ko‘maklashadi. Ular moviy ekran paydo bo‘lish sabablarini aniqlashga yordam beradi: drayver nosozligi, qizib ketish, shikastlangan fayllar yoki nosoz qurilma.
Sabablar ham dasturiy, ham apparatli bo‘lishi mumkin. Hatto tizim blokidagi chang va komponentlarning haddan tashqari qizib ketishi ham BSoDʼga olib kelishi mumkin.
Agar tizim bloki o‘z vaqtida tozalansa, sarflanadigan resurslar almashtirilsa, drayverlar yangilansa va viruslar o‘chirilsa, moviy ajal ekrani paydo bo‘lishining oldini olish mumkin bo‘ladi.
Manba: Синий экран смерти: почему он появляется и как его победить

