Claudeʼdagi sizib chiqishlar
Claudeʼning tarqalib ketgan fayllari haqida
2026-yil mart oyi oxirida xavfsizlikka eng koʻp eʼtibor qaratadigan SI laboratoriyalaridan biri boʻlgan Anthropic ketma-ket xavfsizlik muammolariga duch keldi. Bu texnologiya va kiberxavfsizlik sohasida katta shov-shuv boʻldi. Avvaliga himoyalanmagan kontentni boshqarish tizimi (CMS) orqali 3 000 ga yaqin ichki fayllar, jumladan, hali chiqarilmagan Claude Mythos modeli haqidagi maʼlumotlar sizib chiqdi. Bir necha kundan keyin esa Anthropic’ning asosiy CLI vositasi boʻlgan Claude Code’ning toʻliq manba kodi tasodifan npm’da hamma yuklab olishi uchun eʼlon qilindi.
Bular murakkab hujumlar emas, balki oddiy notoʻgʻri konfiguratsiyalar edi. Aynan shu sababdan ham ularni oʻrganish endi muhim.
Qanday qilib CMS ichki fayllarni chiqarib yubordi?
Birinchi holat uyaltiradigan darajada oddiy. Anthropic blog qoralamalari, media aktivlari va ichki hujjatlarni boshqarish uchun tayyor CMS’dan foydalangan. Muammo shundaki, bu tizim yuklangan har bir faylga avtomatik tarzda ommaviy URL beradi. Agar aktivlarni maxsus ravishda “maxfiy” (private) qilib sozlamasangiz, ularni qayerdan qidirishni biladigan har bir kishi kirishi mumkin.
Anthropic jamoasi mana shu standart sozlamalarni oʻzgartirmagan. Natijada 3 000 ga yaqin eʼlon qilinmagan aktivlar: blog postlari qoralamalari, xususiy PDF fayllar, ichki audioyozuvlar va rahbariyatning yopiq uchrashuv logistikasi ochiq qoldi. Hech qanday parol, autentifikatsiya yoki kirish tokenlari talab qilinmadi.
LayerX Security mutaxassisi Roy Paz va Kembrij universiteti tadqiqotchisi Aleksandr Pauels ochiq “ombor”ni aniqlagan. Fortune nashri 2026-yil 26-martda bu haqda Anthropic’ni ogohlantirgach, kompaniya kirishni chekladi va texnik ekspertizani boshladi.
Claude Mythos nimalarni oshkor qildi?
Sizib chiqqan fayllar orasidagi eng katta yangilik — Capybara kodli nomi ostidagi, savdoga Claude Mythos nomi bilan chiqarilishi rejalashtirilgan model hujjatlari boʻldi. Anthropic’ning ichki qoralamalarida u kompaniya yaratgan eng kuchli va hisoblash resurslarini koʻp talab qiladigan model sifatida taʼriflangan.
Mythos’ni ajratib turadigan jihat nafaqat unumdorligi, balki aynan kiberxavfsizlik uchun moʻljallangan qobiliyatlari edi: zaifliklarni avtomatik aniqlash, red-teaming, hodisalarni saralash va keng koʻlamli tahdidlarni qidirish. Eng diqqatga sazovor xususiyati — “rekursiv oʻzini-oʻzi tuzatish” boʻlib, bunda model oʻz kodini tahlil qilishi, xatolarni topishi, tuzatishlar yaratishi va ularni inson aralashuvisiz amalda qoʻllashi mumkin.
Anthropic’ning oʻz qoralamalarida bu texnologiyaning ikki yoqlama foydalanish xatarlari tan olingan. Ular modelni ommaga chiqarishdan oldin faqat ishonchli xavfsizlik jamoalariga kirish huquqini berishni rejalashtirishgan edi.
Bozordagi reaksiya
Sizib chiqish haqidagi xabar tarqalganining ertasi kuni kiberxavfsizlik aksiyalari keskin tushib ketdi. CrowdStrike, Palo Alto Networks va Zscaler 5% dan koʻproqqa, Cloudflare esa 3,2% ga arzonlashdi. Global X Cybersecurity ETF 6,1% yoʻqotib, bir sessiyada bozor kapitallashuvidan qariyb 14,5 milliard dollarni oʻchirib yubordi.
Investorlar SI modeli zero-day zaifliklarini mashina tezligida avtonom tarzda topishi va ulardan foydalanishi mumkinligi haqidagi fikrdan vahimaga tushdi. Bu esa anʼanaviy endpoint detection, firewallʼlar va Zero Trust arxitekturalarini bir kechada eskirgan texnologiyaga aylantirib qoʻyishi mumkin edi. Ayrim tahlilchilar buni mubolagʻa va aksiyalarni sotib olish uchun qulay imkoniyat deb atadi. Boshqalari esa bu xavotirlar yetarli darajada asosga ega ekanini taʼkidladi.
Bu voqeadan chiqariladigan asosiy xulosa nima? Mythos oʻziga berilgan taʼriflarni oqlaydimi yoki yoʻqmi, baribir bozor avtonom SI orqali amalga oshiriladigan hujumlarni anʼanaviy xavfsizlik yondashuvlari uchun ekzistensial xavf sifatida koʻrayotgani aniq boʻldi.
Claude Codeʼning manba kodi qanday sizib chiqdi?
Ikkinchi xavfsizlik muammosi 2026-yil 31-martda yuz berdi. Bu safar masala texnik xarakterga ega edi. Anthropic kompaniyasining agentik CLI orkestratsiya vositasi — Claude Code’ning siqilmagan (unminified) toʻliq TypeScript manba kodi tasodifan ommaviy npm paketida yuborilgan.
Manba xaritasi xatosi
Vaziyat quyidagicha sodir boʻlgan: Anthropic Claude Code’ni xususiy va kodlari yashirilgan (obfuscated) npm paketi sifatida tarqatadi. @anthropic-ai/claude-code vositasining 2.1.88 versiyasini yigʻish (build) jarayonida Bun yigʻuvchisi (bundler) 57 megabaytli source map faylini (cli.js.map) yaratgan va uni ishlab chiqarish (production)ga qoʻshib yuborgan.
Manba xaritasi (source map) bu — siqilgan production kodini uning asl, oʻqilishi oson boʻlgan manba kodiga bogʻlaydigan nosozliklarni tuzatish (debugging) vositasidir. Ular faqat ichki ishlab chiqish jarayonlari uchun moʻljallangan. Bu maxsus source map fayli shunchaki strukturaviy havolalarni oʻz ichiga olib qolmay, balki toʻgʻridan toʻgʻri Anthropic boshqaruvidagi R2 bulutli saqlash omboriga yoʻnaltirgan. U yerdan esa toʻliq, shifrlanmagan manba kodini zip arxiv koʻrinishida yuklab olish mumkin boʻlgan.
Fuzzland tadqiqotchisi Chaofan Shou zaiflikni aniqladi va ommaga eʼlon qildi. Anthropic npm paketini oʻchirib tashlashga va saqlash omborini yopishga harakat qilganiga qaramay kod deyarli bir zumda boshqa joylarga nusxalandi (mirrored). Bir necha soat ichida ajratib olingan manba kodini joylashtirgan GitHub omborlari qariyb 30 000 ta “yulduzcha” va 40 200 dan ortiq “fork” yigʻdi. Kod butunlay ommaga tarqalib boʻlgan edi.
Manba kodi nimalarni o‘z ichiga olgan?
Sizib chiqqan ombor qariyb 1 900 ta fayl va 512 000 satr TypeScript kodidan iborat boʻlib, u React va Ink terminal UI freymvorkida qurilgan. Unda nimalar borligi haqida qisqacha maʼlumot:
Asosiy soʻrov mexanizmi — API javoblari oqimi, qayta urinish logikasi (retry logic), tokenlarni sanash va avtonom agent ijrosi uchun rekursiv vosita-chaqiruv sikllarini boshqaradigan ulkan, 46 000 satrli QueryEngine.ts fayli.
Vositalar taʼrifi va ruxsatlar — 40 dan ortiq agent vositalari uchun ruxsat sxemalarini belgilaydigan 29 000 satrli Tool.ts fayli. Bunga BashTool (asosiy kompyuterda buyruqlarni toʻgʻridan toʻgʻri bajarish), FileReadTool, FileEditTool va parallel vazifalar uchun sub-agentlarni ishga tushiradigan AgentTool kiradi.
Buyruqlarni roʻyxatga olish — Git integratsiyasi, kod tahlili, xotirani boshqarish va agent orkestratsiyasi boʻyicha qariyb 85 ta slash (/) buyruqlarini boshqaruvchi taxminan 25 000 satrli commands.ts fayli.
Kontent filtrlari — salbiy kayfiyatni, tizimni buzish (jailbreak) urinishlarini va dushmanona promtlarni aniqlash uchun qatʼiy yozilgan (hardcoded) regex filtrlari. Bunga zararli soʻrovlar neyron tarmoqqa yetib bormasidan oldin ularni toʻsib qolish uchun moʻljallangan keng koʻlamli haqoratli soʻzlar lugʻati ham kiradi.
Shuni alohida taʼkidlash kerak: sizib chiqmagan narsalar ham bor. SI model vaznlari, neyron tarmoq arxitekturalari, oʻqitish maʼlumotlari, mijozlar maʼlumoti yoki API kalitlari oshkor boʻlmagan. Claude intellekti Anthropic serverlarida joylashgan. Bu hodisa modelning oʻzini emas, orkestratsiya mijoz dasturini ochdi.
Kod nimalari oshkor qildi?
Bu holat jamoatchilikka koddan tashqari yetakchi SI laboratoriyasi dasturiy taʼminotni qanday loyihalashini koʻrish uchun misli koʻrilmagan imkoniyat berdi. Bir nechta topilmalar diqqatga sazovordir.
Tezlik aniqlikdan ustun
Butun kod bazasi boʻylab ruxsat berish va holatni tekshirishda getFeatureValue_CACHED_MAY_BE_STALE() deb nomlangan funksiya ishlatiladi. Nomidan ham koʻrinib turibdiki, tizim asosiy ijro siklini toʻxtatib qoʻymaslik uchun biroz eskirgan maʼlumotlarni ham qabul qiladi.
SI agentlarini qurayotgan har bir kishi uchun bu juda muhim maʼlumot. Asosiy muhandislik cheklovi mantiq yoki aniqlik emas, balki kechikish vaqtidir (latency). Claude Code’dagi har bir arxitekturaviy qaror interaktiv siklni tez saqlashga qaratilgan, hatto bu eskirgan fitcha-flegʼlar bilan ishlashni anglatsa ham. Biroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan bu sinxronizatsiya vaqtidagi uzilishlar davomida tajribali hujumchi foydalanishi mumkin boʻlgan “poyga holatlari”ni (race conditions) keltirib chiqaradi.
YOLO klassifikatori
Kod ichida YOLO klassifikatori deb nomlangan avtomatlashtirilgan ruxsat berish tizimi fosh boʻldi. Anthropic anʼanaviy rollarga asoslangan kirish nazorati (RBAC) oʻrniga kontekstni baholash va ish jarayonida fayllarga yoki ijroga dinamik ravishda ruxsat berish uchun ehtimollikka asoslangan ML modelidan foydalanadi.
Bu qatʼiy xavfsizlik siyosatlaridan butunlay voz kechish demakdir. Tizim insonni ruxsat berish jarayonidan butunlay chiqarib tashlaydi va xavfsiz operatsiyalarni zararli operatsiyalardan ajratib olishda modelning kontekstni tushunish qobiliyatiga tayanadi. Bu innovatsiyami yoki ehtiyotsizlikmi — bu sizning dunyoqarashingizga bogʻliq, lekin xavfsizlik jamoalari buni diqqat bilan kuzatishi kerakligi aniq.
Chiqarilmagan modellar va funksiyalar
Ichki migratsiya fayllari va sarlavhalardagi havolalar hozirda mavjud boʻlganidan ancha ilgʻor model versiyalari kutilayotganini tasdiqladi. Shuningdek, kod bazasida Kairos, BRIDGE_MODE va personajlar yaratish uchun moʻljallangan Buddy kabi hali chiqarilmagan fitcha-flegʼlar aniqlandi. API beta sarlavhalari hali ommaga ochiq boʻlmagan imkoniyatlarga ishora qilmoqda. Bu esa Claude Code Anthropic uchun yangi funksiyalarni sinaydigan asosiy poligon ekanini anglatadi.
“Yashirin rejim” mojarosi
Ehtimol, eng koʻp munozaraga sabab boʻlgan kashfiyot — Undercover Mode deb nomlangan mexanizm boʻldi. Bu rejim faol boʻlganda u SIga ochiq manbali omborlarga (open-source) kod qoʻshishni va bunda ishni mashina bajarganini bildirmaslikni buyuradi. Hech qanday Co-Authored-By teglari yoki pull request’larda uning inson emasligi haqida maʼlumot berilmaydi.
Agar maqsadli ombor Anthropic’ning ichki ruxsat berilgan roʻyxatiga (allowlist) mos kelmasa, tizim sukut boʻyicha shu rejimda ishlaydi va uni majburan oʻchirib qoʻyish imkoniyati yoʻq. Bu ochiq manba hamjamiyatining yaxlitligi borasida jiddiy savollarni tugʻdiradi. SI tomonidan yaratilgan kodni uning kelib chiqishini bilmasdan turib koʻrib chiqayotgan va loyihaga qoʻshayotgan masʼullar (maintainers) kod sifatini toʻgʻri baholay olmaydi. Shuningdek, bu kelajakdagi SI modellari uchun oʻquv maʼlumotlarini sunʼiy kod bilan toʻldirib yuboradi va “rekursiv qayta aloqa” muammosini keltirib chiqaradi.
SIni qurolga aylantirish: GTG-1002 josuslik kampaniyasi
Bu sizib chiqishlar nima uchun intellektual mulk oʻgʻirlanishidan ham muhimroq ekanini tushunish uchun atigi olti oy oldin sodir boʻlgan voqeani eslaylik. 2025-yil sentyabr oyida Xitoy davlati tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan GTG-1002 deb nomlangan guruh 30 ga yaqin global tashkilotlarga — texnologik kompaniyalar, moliyaviy institutlar va davlat agentliklariga qarshi kiberjosuslik kampaniyasini boshladi.
GTG-1002 ning avvalgi kampaniyalardan farqi shundaki, u deyarli butunlay SI yordamida amalga oshirildi. Hujumchilar xavfsizlik toʻsiqlarini chetlab oʻtish uchun promt inyeksiyalaridan foydalanib, SIni goʻyoki ruxsat berilgan himoya sinovlarini oʻtkazyapman deb ishontirishdi. Toʻsiqlar yengib oʻtilgach, SI taktik bosqichlarni — razvedka, zaiflikdan foydalanish, tizim ichida harakatlanish va maʼlumotlarni oʻgʻirlashni avtonom tarzda bajardi.
Operatsion vazifalarning taxminan 80–90 foizi inson aralashuvisiz SI tomonidan bajarilgan. Insonlar faqat strategik yoʻnalish berishgan va muhim qarorlarni tasdiqlashgan. Odatda haftalab vaqt oladigan harakatlar bir necha daqiqaga qisqarib, oʻnlab hujumlar parallel ravishda olib borildi.
Bu kampaniya kiberhujum va himoya oʻrtasidagi xarajatlar nomutanosibligini fosh qildi. Anʼanaviy himoya chiziqli ravishda kengayadi — koʻproq maydon koʻproq ishchi kuchi va byudjetni talab qiladi. SI orqali amalga oshiriladigan hujum esa minimal xarajat bilan eksponensial ravishda oʻsadi. GTG-1002 inson resursiga ketadigan xarajatning juda oz qismi bilan davlat miqyosidagi operatsiyani amalga oshira oldi.
Bu korxona xavfsizligi uchun nimani anglatadi?
Bu voqealar: ochiq qolgan manba kodi, avtonomik hujum imkoniyatlari va hujjatlashtirilgan davlat homiyligidagi SI qurollantirish — birgalikda tashkilotlarning xavfsizlikka yondashuvini tubdan qayta koʻrib chiqishni talab qiladi.
“Qora quti” davri tugadi
Claude Code manba kodi ommaga chiqqan ekan, endi yetakchi agentli SI vositasining ichki arxitekturasi, ruxsat berish mantigʻi va xavfsizlik mexanizmlari ham himoyachilar, ham hujumchilar uchun toʻliq shaffof. Anʼanaviy “yashirinlik orqali xavfsizlik” tamoyili endi ishlamaydi. Tashkilotlar SI yetkazib beruvchisining ichki himoya choralarini raqiblarga nomaʼlum deb faraz qila olmaydi.
MLSecOps ortiq ixtiyoriy emas
Oddiy DevSecOps SI uchun xos boʻlgan hujum maydonlarini qoplamaydi. MLSecOps xavfsizlik amaliyotlarini MLʼning to‘liq hayotiy davrini qamrab olish uchun kengaytiradi (ma’lumotlarning yaxlitligini o‘rgatish, model xatti-harakatlarini tasdiqlash, tartibga solish mantigʻi va API konfiguratsiyalari).
Tashkilotlar quyidagilarni bajarishi kerak:
Dinamik kirish nazoratini joriy etish. Anʼanaviy RBAC bilan birga ABAC (atributlarga asoslangan kirish nazorati)dan foydalanib, ham insonlar, ham SI sub-agentlarining kirish huquqlarini cheklash lozim.
SI orkestratsiya trafigini kuzatish. Agentlar va katta til modeli provayderlari oʻrtasidagi uzluksiz, yuqori chastotali ulanishlar oddiy tarmoq faoliyatidan farqli, aniqlanadigan patternʼlar hosil qiladi.
Uzluksiz avtomatlashtirilgan red-teaming oʻtkazish. Tashqi SI hujumchilari topmasidan avval infratuzilmadagi zaifliklarni doimiy ravishda tekshirish uchun mahalliy modellardan foydalanish zarur.
Ochiq manba taʼminot zanjirini tekshirishi zarur. Atributlanmagan SI kod hissalari haqidagi axborotlar mavjud bo‘lsa, tashqi bog‘liqliklarda tekshirilmagan mashina tomonidan yaratilgan kod bo‘lishi mumkin deb taxmin qilish kerak.
Tezlik tezlikka mos boʻlishi shart
Chiziqli tezlikda ishlaydigan analitiklar (insonlar) mashina tezligidagi hujumlarga qarshi tura olmaydi. Xavfsizlik operatsiyalari markazlariga oʻzlarining SI agentlari kerak. Bu agentlar uzluksiz xatti-harakat bazasini belgilash, anomaliyalarni aniqlash, ogohlantirishlarni oʻzaro bogʻlash va avtomatlashtirilgan saralash uchun zarur. Insonlar strategik qaror qabul qiluvchilarga aylanadi, SI esa taktik bajarilishni oʻz zimmasiga oladi. Hujumchilar allaqachon bu modelni qoʻllayapti.
Asosiy xulosalar
Anthropicʼdagi ikkita alohida sozlash xatosi bir hafta ichida hali chiqarilmagan model (Claude Mythos) haqidagi ichki hujjatlar va Claude Codeʼning toʻliq manba kodini oshkor qildi.
Ikkala hodisada ham murakkab hujumlar yuz bermagan — CMS standart sozlamalari va build pipelineʼdagi oddiy konfiguratsiya xatoliklari edi.
Manba kodi tezlikni ustuvor qoʻygan optimallashtirishlar, ehtimoliy ruxsat berish tizimlari, hali chiqarilmagan model versiyalari va yashirin rejim kabi munozarali amaliyotlarni oshkor qildi.
Davlat homiyligidagi guruhlar GTG-1002 kampaniyasi koʻrsatganidek, keng koʻlamli avtonomik kiberoperatsiyalar uchun SI vositalarini allaqachon qurollantirgan.
Tashkilotlar MLSecOps amaliyotlarini joriy etishi, SI asosidagi himoyalarni joylashi va SI taʼminot zanjiri yaxlitligini birinchi darajali xavfsizlik masalasi sifatida qabul qilishi shart.
Keyingi qadamlar
Bu hodisalar hatto xavfsizlikka eng koʻp eʼtibor qaratadigan SI kompaniyalari ham asosiy infratuzilma xavfsizligida xatoliklarga yoʻl qoʻyishi mumkinligini eslatadi. Agar siz katta til modellari bilan loyiha qurayotgan boʻlsangiz, asosiy narsalardan boshlang — yetkazib berish tizimlari, kirish nazorati va kontentni boshqarish tizimlaringiz xavfsizligini taʼminlang.
Manba: "Claude Code Source Leak and Anthropic CMS Exposure Explained"

