Asosiy kontentga o'tish
Ochiq dars

Dars natijasini nega va qanday belgilash kerak?

Dars natijasini aniqlashtirish oʻqituvchilar ishini osonlashtiradi. Ular shu yoʻl bilan oʻquvchilarning oʻzlashtirishi va koʻproq nimaga eʼtibor qaratish haqida tiniq tasavvurga ega boʻladi.

Koʻpchilik ustozlarimiz oʻquv dasturi yoki darsliklarni ishlab chiqish jarayonida bevosita qatnashmaydi. Shu bois darslikdagi berilgan topshiriq hamda oʻquv dasturida belgilangan koʻnikma orasidagi bogʻliqlikni koʻra olmaydi. Odatda bu boʻshliqni oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar toʻldirishi lozim. Ammo bizda metodik qoʻllanmalar bu vazifani bajarmaydi. Aksar fanlarda bunday qoʻllanmaning oʻzi yoʻq. Oʻqituvchi darsga tayyorlanar ekan, topshiriqlar orqali qaysi koʻnikmalarni rivojlantirishini oldindan anglashi, dars tugagandan soʻng oʻquvchilarda qanday bilim yoki koʻnikma hosil boʻlishini belgilab olishi zarur. Koʻp oʻqituvchilar mashgʻulotlardan kutilayotgan natijalarni aniqlab olmasligi sabab dars yakunida nimaga erishilgani, nimalar qolib ketgani haqida aniq xulosa qilishi qiyin kechadi. Ushbu maqolamizda darsning natijasini qanday ishlab chiqish haqida soʻz yuritamiz.

Dars natijasining ahamiyati

Dars natijasi dars davomida erishilishi kutilayotgan aniq bilim, tushuncha, koʻnikmalar hisoblanadi. Soddaroq qilib, darsdan kutilmalar deyish mumkin. Dars natijasining mavjudligi:

  • oʻquvchilarning diqqatini toʻgʻri yoʻnaltirishga yordam beradi;

  • oʻqituvchiga aniq yoʻnalishlar beradi va darsni tartibli oʻtkazishga undaydi;

  • darsdan soʻng qaysi natijalarga erishilganini baholash imkonini yaratadi.

Dars natijasini ishlab chiqish

Dars natijasini ishlab chiqishda quyidagilarga diqqat qilish lozim:

Oʻquv dasturiga moslik. Maʼlum bir dars orqali oʻquvchilarning nimalarni bilishi, tushunishi, oʻzlashtirishi haqida oʻylab chiqish. Ularning oʻquv dasturiga mos ekanini aniqlash. Masalan, fizika fani uchun natijalarni belgilashda oʻquvchilarning ogʻzaki nutqini ravonlashtirish haqida band kiritish toʻgʻri boʻlmaydi.

Aniqlik va oʻlchash imkoniyati. Natijalar oʻta umumiy emas, balki darsda erishilishi lozim boʻlgan maʼlum bir marrani koʻrsatishi lozim. Masalan, oʻquvchilar Ikkinchi jahon urushi haqida maʼlumotga ega boʻladi degan kutilmani qoʻyish notoʻgʻri. Chunki bunda qaysi maʼlumotlar haqida gap ketayotgani nomaʼlum hamda natijani oʻlchash imkoni yoʻq. Kutilmani quyidagicha qoʻyish toʻgʻri boʻladi: oʻquvchilar dars oxirida Ikkinchi jahon urushi boshlanishiga sabab boʻlgan 3 ta omilni tushuntirib beradi. Ushbu natija nimani bilish kerakligini aniq koʻrsatyapti, yaʼni maqsad oʻta umumiy emas. Oʻlchash imkoniyati ham aniqlik kabi muhim. Oʻquvchilaringiz soʻz boyligini oshirishni maqsad qilgan boʻlsangiz, buni oʻlchab koʻrish mumkin boʻlgan variantga keltirish kerak.  Masalan, oʻquvchilar 10 ta yangi soʻzni gap ichida qoʻllay oladi. Oʻquvchi 10 ta soʻzni bilmay qolsa yoki gap ichida qoʻllay olmasa, unda muammoni aniqlashingiz osonlashadi. Yoki yana bir misol, oʻquvchilar oʻrta asrlar haqida keng bilimga ega boʻladi. Bu natija aniq emasligidan tashqari unga baho berish ham qiyin, oʻquvchi erishdimi, yoʻqmi, bila olmaymiz. Uning oʻrniga oʻquvchilar oʻrta asrlardagi asosiy voqealarni toʻgʻri xronologik tartibda joylashtira oladil, desak, buni oʻlchash mumkin. Oʻquvchi nimani tushunmaganini aniqlash ham osonlashadi.

Oʻquvchilarning darajasiga va imkoniyatlariga moslik. Kutilmalar haddan tashqari qiyin yoki oson boʻlmasligi lozim. Masalan, oʻquvchilar Ikkinchi jahon urushining boshlanish sanasini oʻrganib oladi degan maqsad juda ham oson. Bu darsning samarali boʻlganini koʻrsatuvchi omil emas. Bundan tashqari, natijaga erishish imkoni bor-yoʻqligini ham hisobga olish zarur. Masalan, maktabingizda mikroskop boʻlmasa, siz oʻquvchilar mikroskop yordamida oʻsimlik hujayrasini kuzatadi, ularni oʻrganadi va funksiyalarini tahlil qiladi deb kutilma belgilab olishingiz xato. Siz bu natijaga hech qachon erisha olmaysiz.

Turli qismlar uchun alohida natijalar ishlab chiqish. Dars bir necha qismlardan iborat boʻlishi mumkin. Har bir qism uchun alohida natijalarni belgilab chiqish foydali boʻladi. Masalan, darsning yangi mavzu bayoni bosqichini kirish, asosiy va yakunlovchi kabi uch qismga ajratish mumkin. Ana shunda quyidagicha kutilmalarni belgilash imkoni boʻladi (matematika fani misolida):

Kirish: oʻquvchilar kvadrat ildiz tushunchasini tushuntirib bera oladi.

Asosiy qism: oʻquvchilar kvadrat ildizdan foydalanib tenglamalarni yecha oladi.

Yakunlovchi qism: oʻquvchilar hayotiy vaziyatlarda kvadrat ildizni qoʻllay oladi.

Natijalarni bunday tarzda belgilash oʻquvchilarning oʻzlashtirishini yaxshiroq nazorat qilib borish va keyingi bosqichga qachon oʻtishni aniqlashda yordam beradi.

Kutilmalarning yuqori kognitiv darajada boʻlishi. Natijalar oʻquvchilarning biror narsani bilishi, eslab qolishi kabi quyi kognitiv darajada boʻlmasligi maqsadga muvofiq. Buning oʻrniga natijalarni qoʻllash, tanqidiy fikrlash, tahlil qilish, baholash yoki ijodiy yondashish kabi darajalarda belgilash darsning samarasini yanada oshiradi. Masalan, oʻquvchilar Nyutonning ikkinchi qonuni biladi/tushunadi degan natijadan koʻra biz aytayotgan usul yaxshiroq foyda beradi. Yaʼni oʻquvchilar Nyutonning ikkinchi qonunini hayotiy vaziyatlarda qoʻllay oladi va ularning natijasini tahlil qiladi degan natija oʻquvchilarning rivojlanishiga koʻproq hissa qoʻshadi.

Oʻquvchilar qiziqishi va motivatsiyasi. Natijalar orasida oʻquvchilarni qiziqtiradigan, mavzuni oʻrganishga motivatsiya uygʻotadigan kutilmalar ham boʻlgani maʼqul. Masalan, oʻquvchilar oʻzlari yoqtirgan sport turi boʻyicha statistik natijalarni yigʻadi va grafik tarzda ifodalaydi deya maqsad qoʻyish mumkin. Bu matematikaning statistik maʼlumotlar mavzusini oʻquvchilar uchun qiziqarli va jozibador qiladi. Yoki oʻquvchilar o‘zlari yoqtirgan mashhur shaxs haqida qisqacha nutq tayyorlaydi va nutqi davomida oʻtgan zamon feʼllarini to‘g‘ri ishlata oladi. Bolalarga oʻzlari yoqtirgan mashhurlar haqida gapirish qiziq boʻlishi mumkin.

Demak, darsingiz uchun natijalarni yozib chiqqandan soʻng oʻzingizga beradigan savollaringiz roʻyxati quyidagicha:

  1. Ushbu kutilma aniq va tushunarlimi?

  2. Natijani oʻlchash yoki xulosa chiqarish imkoni bormi?

  3. Natija fanning oʻquv maqsadlari hamda dasturiga mos keladimi?

  4. Kutilmaga erishib boʻladimi?

  5. Natijaga erishish vaqti aniqmi? (Masalan, darsning kirish qismida yoki oxirida kabi)

Kutilmalarni oʻquvchilarga aytish kerakmi?

Darsdan kutilayotgan natijalarni dars boshidayoq oʻquvchilarga aytish foydali. Bu orqali oʻquvchilar yaqin daqiqalarda ulardan nima kutilishini bilib oladi, nimalarga diqqat qilish kerakligini fahmlaydi. Dars natijalarini oʻquvchilarga aytishning quyidagi afzalliklari bor:

  1. Aniq yoʻnalish berish. Oʻquvchilar dars davomida nimani o‘rganishini va nima uchun o‘rganayotganini bilsa, diqqatini maqsadga yo‘naltirishi oson bo‘ladi. Bu esa darsning yanada samarali bo‘lishiga yordam beradi.

  2. Motivatsiyani oshirish. O‘quvchilar dars oxirida erishiladigan natijalarni bilgani uchun ularda aniq maqsad va motivatsiya paydo boʻladi. Natijada ular dars jarayonida faol ishtirok etadi.

Oʻz-oʻzini baholash imkoniyati. Kutilayotgan natijalar haqida bilgan o‘quvchi dars davomida o‘zining qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lganini baholay oladi. Bu ularning o‘rganish jarayoniga nisbatan masʼuliyatini oshiradi.

Qiyoslash uchun

Darslaringizni rejalashtirayotganda yuqoridagilarni hisobga olish orqali ularni qiziqarli, natijaga yoʻnalgan hamda aniq baholash imkoni bor holga keltirishingiz mumkin.

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Shokir Tursun | Ochiq dars

Shokir Tursun | Ochiq dars

O'xshash maqolalar