Bu nima?

Dasturlash tillari rivojlanishi tarixi

Birinchi dasturlash tilidan tortib hozirgi aktual tillargacha – barchasini izohladik. Dasturlash tillari rivojlanishi, qanday paydo boʻlgani va nimaga xizmat qilishini bilib oling.

Kodlash va dasturlash tillari bugungi zamonaviy raqamli dunyoning asosiy tarkibiy elementlaridir. Sohadagi yutuqlar yaqin oʻtmishda yuz bergan boʻlsa-da, kodlash tarixi va dasturlash tillarining rivojlanish jarayoni biz oʻylaganimizdan ancha uzoqqa borib taqaladi.

Dasturlashga avtomobil yoki telefon singari oddiy texnologiyalar ixtiro qilinishidan ancha oldin asos solingan. U hattoki bugun hamma uchun oddiy holga aylangan insulin va antibiotiklar kabi zamonaviy tibbiy davolash vositalaridan avvalroq paydo boʻlgan. Bu hodisa 1840-yillarga borib taqaladi.

Keling, kodlash tarixi va dasturlash tillari rivojlanish bosqichlarini chuqurroq oʻrganib chiqamiz.

Kelib chiqishi

Ada Lovleys

Ingliz aristokrati Ada Lovleys oʻz davri ayollari uchun noodatiy boʻlsa-da, matematika va fan boʻyicha taʼlim olgan edi. Biroq uning kodlash va kompyuter tillariga qo‘shgan hissasi qandaydir qurilmani ixtiro qilish bilan bogʻliq emas. Chunki 1820-yillarda Charlz Bebbij “Farq mashinasi” kashfiyoti bilan bu borada muhim yutuqqa erishgan. Lovleys 1843-yilda dunyodagi birinchi mashina algoritmini yaratgan.

Ada Lovleys Bebbij yaratgan mashinasi hisoblashdan tashqari boshqa murakkabroq vazifalarni ham bajarishi mumkinligini bilgandi. Uni umumiy maqsadli mashina sifatida ishlatish mumkin boʻlgan. Shunday qilib, Lovleys raqamlar boshqa narsalarni ham ifodalashi mumkinligini isbotladi. Shu tariqa dasturlash tillari gʻoyasiga asos solindi. Lovleysning bu inqilobiy ishi kompyuterlarga buyruq bera oladigan tilni yaratish yoʻlidagi ilk qadam boʻldi.

XX asr

1936-yil Alan Tyuring

Bugungi kunda Alan Tyuring 1939-yilda natsist Germaniyaning Enigma kod mashinasini buzish boʻyicha qilgan ishlari bilan mashhur. Lekin u bundan ham ahamiyatliroq ishlarni amalga oshirgan. Xususan, 1936-yilda kompyuter fanining asosiy asari deb hisoblangan maqolasini nashr etgan. Tyuring universal mashina gʻoyasini ilgari surdi, bu – buyruqlarni bajaradigan mashina edi. Keyinchalik bu inqilobiy gʻoyani elektr energiyasi bilan ishlaydigan va dasturlarni yurgizishi mumkin boʻlgan kompyuter rejasiga aylantirdi.

1940-yillar: Konrad Zus

Konrad Zuse 1940-yillarning boshida kompyuterlar uchun ilk dasturlash tilini yaratdi. U Plankankul deb atalgan va kodlarni saqlash imkoniyatiga ega boʻlgan. Plankankul injenerlarga oddiy, takrorlanuvchi vazifalarni ancha samarali va tezroq bajarish imkonini bergan.

1949-yil — Assembly tili va Shortcode

Dasturlash tillari tarixidagi keyingi muhim yutuq Assembly tilidir. U kompyuter ishlashini soddalashtirgan. Bundan tashqari, 1949-yili Uilyam Shmit ShortCodeʼni yaratdi. U BINAC va UNIVAC kompyuterlarida ishlatilgan.

1952-yil: Autocode

1952-yilda Manchester universitetida Mark 1 kompyuterlari uchun Autocode ishlab chiqildi. U mashina kodiga tarjima qilinishi mumkin boʻlgan birinchi til edi.

1957-yil: Fortran

FORmula TRANslation yoki FORTRAN 1957-yilda Jon Bekus tomonidan yaratilgan. Ajablanarlisi shundaki, 1950-yillardan keyin yaratilgan ushbu dasturlash tili bugungi kunda ham superkompyuterlar va ilmiy-matematik hisob-kitoblarda ishlatilyapti.

1958-yil: ALGOL va LISP

ALGOL algoritmik tili Amerika va Yevropa olimlari tomonidan yaratilgan. Pascal, Java, C va C++ kabi dunyoga mashhur dasturlash tillarining yaratilishiga asos boʻlgan.

Xuddi shu yili Jon Makkarti List protsessori yoki LISP nomli dasturlash tilini kashf etdi. U sun’iy intellekt uchun yaratilgan bo‘lsa-da, Boeing va Genworks kabi kompaniyalar hanuzgacha undan foydalanib kelyapti.

1959-yil: COBOL

COBOLʼni doktor Greys Murrey Hopper boshchiligidagi guruh ishlab chiqqan. COBOL Comon Business Oriented Language (biznesga yoʻnaltirilgan umumiy til) soʻzlarining qisqartmasidir. U kredit karta operatsiyalari, svetoforlar va telefon qo‘ng‘iroqlari uchun ishlab chiqilgan. Bugungi kunda bank xizmatlari va o‘yin sanoatida qo‘llanyapti. Hozirgi zamonaviy virtual telefon tizimlari va boshqa aloqa usullari COBOL kabi dasturlash tillariga asoslanadi.

1964-yil: BASIC

BASIC dasturlash tilini Dartmut kollejidagi talabalar yaratgan. BASIC (Beginners all-Purpose Symbolic Instruction Code) boshlovchilar uchun umumiy maqsadli ramziy buyruqlar kodi degan ma’noni anglatadi. Keyinchalik Bill Geyts BASICʼni yanada rivojlantirib, tijorat mahsuloti sifatida bozorga taqdim etdi.

1970-yil: PASCAL

Nikolas Vorz bu dasturlash tilini ishlab chiqdi va uni fransuz matematigi Blez Paskal nomi bilan atadi. Til o‘rganish uchun shunchalik oson ediki, Apple kompaniyasi o‘z rivojlanishining dastlabki bosqichlarida undan foydalandi.

1972-yil: Smalltalk, C va SQL

Alan Key, Adele Goldberg va Dan Ingalls birgalikda Xerox Palo Alto tadqiqot markazida Smalltalk dasturlash tilini ishlab chiqdi. U kodlarni modifikatsiya qilishga moʻljallangan. Uning tamoyillari bugungi kundagi Java, Python va Ruby dasturlash tillarida o‘z aksini topgan bo‘lib, CrowdStrike va Logitech kabi kompaniyalarda ishlatilyapti.

C tili ham 1972-yilda Bell telefon laboratoriyalarida Dennis Ritchie tomonidan ishlab chiqilgan. U Unix operatsion tizimi bilan ishlatish uchun yaratilgan edi. C dasturlash tili B tiliga asoslangan. C#, Java, JavaScript, Perl, PHP va Python kabi tillarning barchasi C tilidan kelib chiqqan.

Kodlash va dasturlash tillari uchun eng samarali yil boʻlgan aynan oʻsha yilda Raymond Boys va Donald Chamberlen SQL (Structured Query Language)ni ishlab chiqdi. U dastlab SEQUEL deb atalgan va maʼlumotlar bazalaridagi axborotlarni koʻrib chiqish hamda oʻzgartirish uchun ishlatilgan.

Bu uchta til dasturlash sohasidagi sezilarli yutuq bo‘lib, bugungi kundagi ba’zi eng yirik texnologiya kompaniyalariga ta’sir ko‘rsatgan. Raqamli dunyo bilan o‘zaro munosabatimizning barcha usullari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlardan tortib biznesdagi mijozlarni jalb qilish dasturlarining ishlashigacha — hammasi ana shu yutuqlar hisobiga rivojlangan.

1980-yillar: ADA

Kompyuter texnologiyalari asoschilaridan biri Ada Lovleys sharafiga nomlangan ADA dasturlash tili Jan Ichbia rahbarligidagi guruh tomonidan CUU Honeywell Bull kompaniyasida yaratilgan. U Pascal kabi mashhur dasturlash tillaridan foydalanib, rivojlantirilgan yuqori darajali dasturlash tilidir. ADA turli Yevropa mamlakatlarida havo transport harakatini boshqarish tizimlarida hamda kosmik dasturlarda qoʻllanadi.



1983-yil: C++, Objective C

Byorn Straustrup Bell Labsʼda C tilini takomillashtirishi natijasida sinflar, andozalar va virtual funksiyalar kabi qoʻshimcha imkoniyatlarga ega boʻlgan C++ yaratildi. Hozirda C++ MS Office, Adobe Photoshop va turli xildagi yuqori samaradorlikka ega dasturiy taʼminotlarda qoʻllanadi.

Shundan soʻng Bred Koks va Tom Lav Apple operatsion tizimlarida qoʻllanadigan Objective-C dasturlash tilini ishlab chiqdi.

1987-yil: Perl

Larry Uoll  Perlʼni umumiy maqsadli, yuqori darajali dasturlash tili sifatida ishlab chiqqan. U buni dastlab matn tahrirlash uchun yaratgan boʻlsa-da, bugungi kunda asosan maʼlumotlar bazasi ilovalari, maʼlumotlarni qayta ishlash, grafik dasturlash va tizimni boshqarish sohalarida ishlatilyapti.

1990-yil: Haskell

Asosan matematik dasturlash tili boʻlgan Haskell amerikalik Haskel Bruks Karri nomi bilan atalgan. Murakkab hisob-kitoblarni amalga oshirish, raqamlarni tahlil qilish va maʼlumotlarni saqlash zarur boʻlgan turli sohalarda ishlatiladi.

1991-yil: Python va Visual Basic

Guido van Rossum ishlab chiqqan Python dasturlash tili yuqori darajali universal tildir. Guido uni nomlashda Britaniyaning mashhur hazil-mutoyiba guruhi “Monty Python”dan ilhomlangan va Python nomini bergan. Bugungi kunda Python dunyodagi eng mashhur dasturlash tillaridan biri sanaladi. Google va Spotify kabi yirik kompaniyalar undan foydalanadi.

Visual Basic foydalanuvchilarga grafik interfeys (GUI) yordamida kod bo‘laklarini yozish o‘rniga ularni tortib (drag) olib borib joylashtirish imkonini beradi. Visual Basic elementlari Word va Excel kabi dasturlarda qo‘llanadi.

1993-yil: Ruby

Yuqori darajali dasturlash tili boʻlgan Rubyʼni Yukihiro Matsumoto yaratgan. Dastlab veb ilovalarni ishlab chiqish uchun mo‘ljallangan bu til bugungi kunda Groupon kompaniyasida qoʻllanadi.

1995-yil: Java, JavaScript, PHP

1995-yilda Jeyms Gosling tomonidan yaratilgan Java dunyodagi eng mashhur va keng tarqalgan dasturlash tillaridan biridir. U umumiy maqsadlarga mo‘ljallangan yuqori darajadagi til bo‘lib, mobil telefonlardan tortib to avtoturargoh qurilmalarigacha bo‘lgan turli xil texnologiyalarda qo‘llanadi.

Zamonaviy Java

JavaScript Brendan Eyx tomonidan yaratilgan. U veb dasturlash, PDF hujjatlar va ish stoli vidjetlarini ishlab chiqish uchun ishlatiladi hamda deyarli barcha yirik veb-saytlarda qo‘llanadi. Adobe, Gmail va Mozilla Firefox kabi mashhur dasturlar bunga misol bo‘la oladi.

PHP avval “Personal Home Page” (Shaxsiy bosh sahifa) deb atalardi, lekin hozirda u “Hypertext Preprocessor” (Gipermatn preprotsessori) ma’nosini anglatuvchi PHP dasturlash tili Rasmus Lerdorf tomonidan yaratilgan. PHP veb sahifalar yaratish va saqlash hamda server tomonida dasturlar tuzishda ishlatiladi. Facebook, Wikipedia va WordPress kabi yirik kompaniyalar o‘z loyihalarida PHP tilidan foydalanadi.

XXI asr

2000-yil: C#

Microsoftning Visual Basic va C tillarining elementlarini birlashtirishga urinishi natijasida C# dasturlash tili yaratilgan. Hozirda u kompaniyaning barcha loyihalarida ishlatilib kelinyapti.

2003-yil: Scala va Groovy

2003-yilda Martin Oderskiy Scala dasturlash tilini yaratdi. Uning Java bilan ishlash imkoniyati Android dasturlashga nisbatan afzallik beradi. Twitter, LinkedIn va Netflix kabi ijtimoiy tarmoqlar, koʻngilochar gigant kompaniyalar Scala tilidan foydalanadi.

Jeyms Strachan va Bob MakVirter ishlab chiqargan Groovy dasturlash tili oʻrganishga osonligi bilan boshqa tillardan ajralib turadi. Undan Starbucks, Craftbase va Transferwise kabi yirik kompaniyalar oʻz faoliyatida foydalanadi.

2009-yil: Go (Google)

Yirik dasturiy tizimlarda turli xil muammolarni yechish uchun Google Go dasturlash tilini ishlab chiqdi.

Ushbu dasturlash tili Uber, Dropbox va, albatta, Google kabi yirik texnologik kompaniyalar orasida mashhur. Vishing haqida maʼlumot kerakmi? Bu savolga javob topganingiz uchun Goʼga rahmat aytishingiz mumkin.

2014-yil: Swift

Apple kompaniyasi C, C++ va Objective-C tillarining oʻrnini bosish uchun Swift dasturlash tilini ishlab chiqdi. Swift bu tillarga qaraganda osonroq va moslashuvchanroq boʻlishi kutilgan edi. Swift bulutli dasturlar, mobil va kompyuter ilovalari uchun ishlatilishi mumkin. Yaqinda Duolingo til o‘rganish platformasi undan foydalanib, yangi ilovani ishga tushirdi. Mijozlar sevib foydalanadigan ilovalarni yaratish oson emas; hozirgi kunda ko‘plab kompaniyalar mobil ilova ishlab chiqishda blok-sxemalardan foydalanyapti.

Hozir va kelajak

XIX asr peshqadamlari va XX asr novatorlarining ilk kunlaridan boshlab hisoblash texnikasi olami bulutli hisoblashlar, hayratlanarli darajada ko‘p ilovalar, yangi texnologiyalar va qurilmalargacha kengayib bordi.

COBOL va Fortran kabi ayrim dasturlash tillari bugungi kunda ham qo‘llanyapti, boshqalari esa o‘zgartirilgan yoki umuman ishlatilmay qo‘yilgan.

Kodlash va kompyuter tillari rivojlanishda, takomillashishda haliyam davom etyapti. Lekin xuddi Ada Lavleys o‘z g‘oyalarining kelgusi asrlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniq tasavvur qila olmaganidek, keyingi 180 yil ichida nima sodir bo‘lishini hozirdan bilolmaymiz.


Manba: Coding From 1849 to 2022: a Guide to The Timeline of Programming Languages

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/67bee596ebd653970c91f40c/20250226095730931.original.png

IEEE Computer Society

O'xshash maqolalar

ML injenerlar nima ish qiladi?

4-noyabr, 2024

ML injenerlar nima ish qiladi?

Sunʼiy intellekt kundalik hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. Mazkur texnologiyani maksimal foyda keltirishi uchun doimiy ravishda takomillashtirib boradigan mutaxassis ML injener deyiladi. Bu galgi maqolamizda qanday qilib ML injener boʻlish mumkinligi haqida hikoya qilamiz.

Maqolani o'qish
Dasturlash tillari nima va ularning turlari

7-fevral, 2025

Dasturlash tillari nima va ularning turlari

Maqolada dasturlash tillari nima uchun kerakligi, qanday ommabop tillar borligi, ularni o‘rganishni nimadan boshlash haqida so‘z yuritamiz.

Maqolani o'qish
Dasturlash tili vaqt boʻylab sayohatni taʼminlay oladimi?

1-may, 2024

Dasturlash tili vaqt boʻylab sayohatni taʼminlay oladimi?

Kompyuter ilmi (informatika) parallelizm (konkurentlik) bilan ishlaydi, lekin bir vaqtdagi harakat borasida nima deya olamiz?

Maqolani o'qish
Junior dasturchilarning tipik xatolari. Siz ulardan biri boʻlishingiz mumkin
junior
maslahat

3-may, 2024

Junior dasturchilarning tipik xatolari. Siz ulardan biri boʻlishingiz mumkin

Middle va senior dasturchilardan juniorlar koʻpincha qanday xatolarga yoʻl qoʻyishi haqida, shuningdek, bu xatolarni qanday chetlab oʻtish mumkinligini aytishini soʻradik.

Maqolani o'qish
Xoʻsh, Brick Game oʻyinlarida qanday protsessordan foydalanilgan?
Brick Game
Mikroelektronika

16-aprel, 2024

Xoʻsh, Brick Game oʻyinlarida qanday protsessordan foydalanilgan?

Bu kichik tadqiqotga meni yaqinda Xabrda nashr etilgan va muallif 90-yillardagi mashhur Tetrislarda 4 bitli Holtek HT1130 mikrokontrolleridan foydalanilgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan maqola undadi. Aftidan, ROM (doimiy xotira) obrazi hanuz olinmagan, shunga mos ravishda bu oʻyinlar qatori uchun emulyator yozilmagan va bu meni juda hayron qoldirdi.

Maqolani o'qish