ERP nima?
Enterprise Resource Planning, qisqartirilgani ERP, korxona resurslarini rejalashtirish degani. Bu – biznes faoliyati jarayonlarini boshqarishga va optimallashtirishga moʻljallangan dasturiy taʼminotdir. Maqoladan ERP va uning afzalliklarini, biznesingizga mos kelishi yoki yoʻqligini bilib oling.
Korxona resurslarini rejalashtirish (ERP) bu – korxonalarga kunlik ish rejalarini boshqarishda yordam beradigan dasturiy taʼminot. Masalan, omborni boshqarishda yoki buxgalteriya hisoblarini yuritishda. ERP tashkilotingiz uchun foydali boʻlishi mumkin. Chunki u yagona markazlashgan ma’lumotlar bazasi vazifasini bajaradi. Turli bo‘limlar undan o‘z ehtiyojiga qarab foydalanishi mumkin.
Yirik kompaniyalar ancha vaqtdan beri jarayonlarni boshqarish uchun ERP’dan foydalanib keladi. Endilikda kichik biznesning katta qismi ham samaradorlikni oshirish va barqaror o‘sishga erishish uchun ERP’dan foydalanyapti. ERP nima ekani, uning foydalari, qanday ishlashi va bugun qaysi sohalarda qo‘llanishini bilib oling.
ERP nima?
ERP bu — kunlik biznes jarayonlarini boshqarish va avtomatlashtirish uchun ishlatiladigan dasturiy ta’minot, vositalar va texnologiyalarni anglatadi. Masalan, buxgalteriya hisobi, ta’minot zanjiri, ishlab chiqarish, loyihalarni boshqarish va boshqalarga qoʻllanadi. ERP tizimlari ushbu funksiyalarni bajaradigan turli modullardan iborat bo‘ladi.
ERP kompaniyaning barcha ma’lumotlarini yagona ma’lumotlar bazasiga birlashtirib, ularni tartibga soladi va yagona ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Bu esa ma’lumotlarni bitta joyda saqlash va ulardan foydalanish imkonini beradi. Bunday dasturiy taʼminot zerikarli va ko‘p vaqt oladigan qo‘lda bajariladigan jarayonlarni avtomatlashtirib, kompaniyalar vaqtini, mablag‘ini tejaydi.
ERPʼning paydo boʻlishi
1960-yillardayoq bizneslar buxgalteriya hisobi va moliyaviy yechimlar uchun kompyuterlardan foydalanishni boshlagan [1]. 1980-yillarda ishlab chiqarish sohasi rivojlana boshlagach, barcha jarayonlarni bir joyga birlashtiradigan yangi dasturiy taʼminot paydo bo‘ldi. 1990-yillarda esa ERP joriy qilindi va u buxgalteriya, moliya, savdo, ishlab chiqarish, inventarizatsiya, xodimlar bilan ishlash va loyihalarni boshqarish jarayonlarini birlashtirdi.
Bulutli ERP dasturiy taʼminoti 2000-yillarning boshlarida paydo bo‘lgan. Bugungi kunda mashina oʻrganishi (ML) va boshqa qo‘shimcha texnologiyalar kompaniyalarga raqobatbardosh bo‘lish uchun yanada samarali ishlashga yordam beryapti.
ERP tizimiga misollar
ERP tizimlariga mashhur misollar: Systems Analysis and Program Development (ko‘proq SAP nomi bilan tanilgan), Oracle ERP, Odoo va Microsoft Dynamics 365.
Korxonalar bu tizimlarni ma’lumotlarni markazlashtirish va ulardagi tahlil imkoniyatlaridan foydalanish uchun qo‘llaydi. Bu orqali o‘z jamoalarini amaliy ma’lumotlar bilan ta’minlaydi. Misol uchun, birorta korxona mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish uchun Microsoft Dynamics 365 kabi ERP tizimidan foydalanishi mumkin. Bu tizim savdo va marketing bo‘limlari uchun potensial mijozlar haqidagi ma’lumotlarni markazlashtirib beradi. Natijada joriy qilingan ERP yordamida jamoa sotuvni tezroq yakunlay oladi, maqsadli raqamli marketing harakatlarini amalga oshiradi va qimmatga tushadigan samarasizliklarni kamaytiradi.
Korxona dasturiy ta’minotining afzalliklari
Umuman olganda, ERP dasturiy taʼminoti tashkilotlarga vaqt va mablag‘ni tejashga yordam beradi. ERP’ning asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat:
Vaqt va mablag‘ni tejash. ERP dasturiy taʼminot vositalari biznesga rejalashtirish, bashorat qilish va tezroq ishlashga yordam beradi. Bu esa ularning kengayishi va foyda ko‘rishini ta’minlaydi.
Jarayonlarni avtomatlashtirish. Tashkilot jarayonlarini avtomatlashtirish ortiqcha va samarasiz ish faoliyatlarini bartaraf qiladi. Bu esa unumdorlikni oshiradi va o‘sish hamda innovatsiyaga imkon yaratadi.
Markazlashgan tizim. Barcha bo‘limlar uchun boshqaruv tizimlari (modullar) bir joyda boʻlganiga jamoalar tashkilot bo‘ylab real vaqt rejimidagi ma’lumotlarga osongina kira oladi. Bu hisobotlarni soddalashtiradi va ularni barcha uchun qulayroq qiladi.
Xavfsiz va aniq ma’lumotlar. Ma’lumotlar nafaqat bazada xavfsiz saqlanadi, balki qo‘lda kiritilgandan ko‘ra aniqroq bo‘ladi. Real vaqt rejimida ham mavjud turadi. Siz xarid yoki sotuv kabi ma’lumotlarni kuzatib borishingiz, nazorat qilishingiz va darhol hisobotlar tuzishingiz mumkin. Bu rejalashtirish, bashorat qilish, byudjet tuzish va aksiyadorlarga, jamoalarga maʼlumotlarni yetkazish uchun juda foydali.
Bulutga asoslangan foydalanish imkoniyati. Hozirgi ERP tizimlarining aksariyati bulutga asoslangan yoki hech bo‘lmaganda bulut orqali foydalanish imkoniyatiga ega. Bu jamoalarga ularni istalgan vaqt va xohlagan joydan ishlatish imkonini beradi.
Hamkorlik va bilim almashish. ERP barcha jamoalarni birlashtirishga yordam beradi. Bu esa tashkilot bo‘ylab hamkorlik qilish va bilim almashish imkonini yaratadi. Kompaniyalar butun tashkilot uchun kirish huquqini bera oladi va bu ochiqlik ish joyida uyg‘unlik va hamjihatlikni mustahkamlaydi.
Korxona resurslarini rejalashtirish tizimi (ERP) qanday ishlaydi?
Agar kompaniyalar ish jarayonlari va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish uchun yettita turli tizimdan foydalanishi kerak bo‘lsa, xodimlar ham ularni bilishi kerak bo‘ladi. Natijada ular hatto oddiy vazifani bajarish uchun ham bir nechta dasturiy taʼminot vositalarini oʻrganishiga va ular orasida almashib ishlashiga toʻgʻri keladi.
ERP barcha ma’lumotlar va rejalashtirishni bir joyda tartibga soladigan markazlashgan ma’lumotlar bazasini taqdim qildi. Uning modullariga quyidagilar kiradi:
Taʼminot zanjirini boshqarish
Inventarizatsiyani boshqarish
Loyiha boshqaruvi
Kadrlar (HR)
Omborxonani boshqarish
Moliya va buxgalteriya hisobi
Xatarlarni boshqarish
Savdo buyurtmalari va rejalashtirish
Biznes tahlili
Ma’lumotlar tahlili
Ilmiy tadqiqot va ishlanmalar
Buxgalteriyada ERP tizimi nima oʻzi?
Odamlar ERPʼni kompaniyalarining moliyaviy va buxgalteriya ma’lumotlari uchun qisqartma sifatida ishlatishini eshitgan boʻlishingiz mumkin. Ammo bu ikki turdagi dasturiy ta’minot bir-biridan farq qiladi. Siz ERPʼdan moliyaviy resurslaringizni boshqarish va rejalashtirish uchun foydalanasiz. Lekin bu korxona resurslarini rejalashtirishning faqat bitta qismidir. Yana ERPʼdan inventarizatsiya, xarid qilish, texnik xizmat ko‘rsatish, logistika, xatarlarni boshqarish va boshqa ko‘plab maqsadlarda foydalanishingiz mumkin.
ERP turlari
Bizneslar uch xil ERP turidan birini tanlashi mumkin: on-site (joyida o‘rnatilgan) tizimlar, bulutga asoslangan tizimlar va gibrid tizimlar. Har bir ERP turi o‘z afzalliklari va kamchiliklariga ega bo‘lib, turli vaziyatlarga mos keladi. Ular haqida bilishingiz kerak bo‘lgan ma’lumotlar bilan tanishing:
On-site ERP
ERP’ning eng an’anaviy turi bu – kompaniyaning o‘zidagi ma’lumotlar markazida joylashgan on-site tizimlardir. Bunday ERP tizimi kompaniya binosida o‘rnatilgan bo‘lsa, uni internetdagi tayyor yechimlarga tayanmasdan, kompaniyaning o‘zi o‘rnatishi va boshqarishi kerak bo‘ladi. Bu turdagi ERP’lar 1990-yillarda, internet endigina rivojlana boshlagan davrda ommalashgan eng dastlabki tizimlardan biridir.
Bulutli ERP
Bugungi kunda ko‘plab ERP tizimlari bevosita kompaniyaning ma’lumotlar markazida emas, balki internetda — “bulut”da joylashgan bo‘ladi. Bulutli ERP’ning afzalligi shundaki, u kompaniyaning barcha muhim ma’lumotlarini onlayn tarzda markazlashtiradi va ularni dunyoning istalgan nuqtasidagi xodimlarga taqdim qilishi mumkin. Bundan tashqari, bunday tizimlar xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar tomonidan muntazam yangilanadi. Ko‘pincha sun’iy intellekt hamda rivojlangan tahlil vositalari, masalan, prognozli modellashtirish imkoniyatlari bilan jihozlangan bo‘ladi.
Gibrid ERP
Gibrid ERP’lar on-site ERP tizimlarini bulutli tizimlar bilan birlashtiradi. On-site tizimga katta miqdorda sarmoya kiritgan yoki maxfiy ma’lumotlarni shu yerda saqlaydigan korxonalar uni bulutli tizimlar bilan bog‘lashi mumkin. Bu ularga mavjud tizimlardan voz kechmasdan, yangilangan bulutli tizimlarning afzalliklaridan foydalanish imkonini beradi.
Sanoat turlari
ERP dasturiy taʼminoti koʻplab sohalar uchun foydali. Chunki ko‘p tashkilotlar oʻz faoliyatini boshqarishda yordam beruvchi tizimlardan foydalanishga muhtoj. Quyida ko‘plab murakkab jarayonlarga bo‘lgan va ERP’dan ko‘proq foyda ko‘radigan sohalarga misollar keltirilgan:
Ishlab chiqarish
Sog‘liqni saqlash
Elektron tijorat korxonalari
Qurilish
Transport va logistika
Oziq-ovqat va ichimliklar
Mehmonxona xo‘jaligi
Telekommunikatsiya
Ommaviy axborot vositalari va ko‘ngilochar sanoat
Notijorat tashkilotlar
Davlat boshqaruvi
ERPʼdan foydalanadigan kasb egalari
Bir nechta kasb yo‘nalishlari vazifalarida ERP dasturidan foydalaniladi. Quyida ularning to‘rttasi haqida batafsil ma’lumot keltirilgan:
Ma’lumotlar arxitektori. Ma’lumotlar arxitektori odatda ERP tizimida ma’lumotlar va axborot arxitekturasini joriy qilish uchun mas’ul bo‘ladi. Bu mutaxassislar tizim muhandisligi va arxitekturasini yaxshi biladi hamda ularni ma’lumotlar strategiyasi jarayonlariga qo‘llaydi. Bulut arxitektori ham shunga o‘xshash, faqat u bulutga asoslangan ERP tizimlari bilan ishlaydi.
Biznes analitigi. Bu mutaxassis ichki muammolarni hal qilish uchun mas’ul. U biznes jarayonlarini yaxshilash strategiyalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, shu jumladan, ERP tizimi, vositalaridan foydalanishni ham. Agar kompaniya allaqachon ERP’dan foydalanishni boshlagan boʻlsa, u holda ERP operatsion tahlilchisini yollashi mumkin. Bu mutaxassis xodimlarga yangi ish jarayonlarini ishlab chiqishda maslahat berib, operatsion samaradorlikni oshirishga yordamlashadi.
Ma’lumotlar bazasi administratori. ERP’ga ixtisoslashgan ma’lumotlar bazasi administratori ma’lum bir jamoaga ERP tizimi bo‘yicha texnik yordam va texnik xizmat ko‘rsatishda yordam beradi. Bu rol butun ERP tizimiga yoki, masalan, xarid bo‘limini qo‘llab-quvvatlaydigan aniq bir modulga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Ma’lumotlar bazasi administratori SQL’dan foydalanib tizimdagi jarayonlar, obyektlar va funksiyalarni optimallashtiradi.
Loyiha menejeri. ERP’ga ixtisoslashgan loyiha menejeri (yoki texnik loyiha menejeri) jamoalar yoki tashkilotlarga ERP tizimlarini joriy etish yoki ularni takomillashtirish jarayonlarini boshqarishda yordam beradi. U ERP dasturlarining turli qo‘llanish sohalarini chuqur tushunadi va xodimlarning maqsadlariga erishishiga yordam beradi, ularning unumdorligi, tashkiliy qobiliyatini oshiradi.
Manba: What Is ERP? Understanding Enterprise Resource Planning

