Asosiy kontentga o'tish
Sun'iy Intellekt

GPT-5 – muvaffaqiyatsiz model

Mavsumning eng koʻp kutilgan ishlanmasi – GPT-5 bir necha kun oldin chiqarildi. Biroq koʻtarilgan shov-shuvlarga yarasha model kutilgan darajaga yetmadi. Qaytaga avval GPT-OSS, endi esa GPT-5 modellarining muvaffaqiyatsiz chiqishi OpenAI mavqeyining pasayishiga sabab boʻlishi mumkin.

Tarjimasi:

ChatGPT foydalanuvchilari GPT-5ʼning bunday shaklda ishga tushirilishidan norozi. Minglab odamlar Redditʼda soʻnggi yangilanishni “juda yomon” deb baholayapti.

Past koʻrsatkichlar

GPT-5 standart testlardagi koʻrsatkichlari bilan koʻpchilikning hafsalasini pir qildi. U SimpleBench testida atigi 56,7% natija ko‘rsatib, beshinchi o‘rinni egalladi va kutilgan darajadan ancha orqada qoldi. Foydalanuvchilar GPT-4.5 yoki bundan kichikroq modellar ham asosiy yo‘nalishlarda yangi versiyadan yaxshiroq ishlayotganini ta’kidladi. Bu esa OpenAI modelning boshlangʻich qobiliyatlaridan ko‘ra kamxarajat va masshtablashgan bo‘lishiga eʼtibor qaratayotgani toʻgʻrisida xavotir uygʻotmoqda.

  • Matematik mulohazalar: model haligacha oddiy xatolarga yoʻl qoʻyyapti. GPT-4 ga nisbatan ozgina yaxshilangan. Murakkab masalalarni toʻgʻri yechishi uchun maxsus koʻrsatmalar berish kerak.

  • Ramziy mantiq (ARC jumboqlari): past natija koʻrsatdi. Umumiy mulohaza jumboqlarida Grok 4 kabi modellardan ham yomonroq natija qayd etdi.

  • Sog‘lom fikr yuritish: “Bosqichma-bosqich o‘yla”, deb ko‘rsatma berilmasa, oddiy mantiqni ham tushunishda qiynaladi. GPT-4 dan sezilarli darajada ustunlikka ega emas."

  • Fakt aniqligi: hali ham gallyustinatsiya bor. Ehtiyotkorlik bilan so‘ralmasa, ismlarni o‘ylab topadi, harflarni noto‘g‘ri sanaydi, tafsilotlarni to‘qib chiqaradi.

  • Kod yozish: test koʻrsatkichlari yaxshiroq. Biroq murakkab loyihalarda xatoliklar yuz beradi. Holat va integratsiya, koordinatorlik masalalarida qiynaladi.

  • Umumiy xulosa: yaxshilanishlar bor, ammo koʻp emas. Baʼzi mezonlarda raqobatchilardan ortda qolyapti. Ehtiyotkorlik bilan ishlatilmasa, hali ham ishonchsiz natijalar chiqaradi.

Tarjimasi:

GPT-5 fikrlash tizim kartasidagi deyarli barcha mezonlar bo‘yicha o3 dan yomonroq yoki sezilmaydigan darajada yaxshiroq natijalar ko‘rsatyapti

GPT-4.1 quyidagi sohalarda GPT-5 Minimalʼdan ustun:

  • MMLU-pro

  • AA-LCR (ancha yuqori darajada)

  • HumanEval

  • MATH500

  • AIME 2024

Foydalanuvchilarning fidbeklari juda yomon

Model har tomondan tanqidga uchrayapti

Tarjimasi:

GPT5 juda yomon

Qisqa va yetarli bo‘lmagan javoblar, yoqimsiz sun’iy intellekt uslubidagi jonsiz so‘zlashuv, “shaxsiylik” kamligi va ancha kamroq so‘rovlar ruxsat etilishi. Buning ustiga, Plus foydalanuvchilari bir soat ichidayoq cheklovlarga duch kelmoqda... va bizda boshqa modellardan foydalanish imkoniyati yo‘q. Reliz toʻliq yakunlangandan so‘ng ular kuchli norozilik to‘lqiniga duch keladi."

Tahrir: fidbeklar juda muhim. Agar GPT5 modelining muxlisi boʻlmasangiz (yoki boʻlsangiz), OpenAIʼning qoʻllab-quvvatlash jamoasiga fikringizni va uning asoslarini bildiring.

2-tahrir: Gpt4o Plus foydalanuvchilari uchun qaytarilmoqda :) Bizni tinglaganingiz uchun jamoa aʼzolariga rahmat

Tarjimasi:

ChatGPT-5 ni sinchkovlik bilan oʻrganib chiqqanimdan qoʻng quyidagi xulosaga keldim

Xulosalar:

  • Claude dahshatli darajada zoʻr

  • ASI, Singularlik, 2027-yilgi AGI yoki miyamda aylanib yurgan boshqa qandaydir dahshatli ssenariy haqida ilgarigidek xavotirlanmayapman.

  • GPT5 front chegaralarini kengaytirish bilan emas, OpenAI uchun xarajatlarni kamaytirish bilan ovora

  • Semning model chiqmasidan oldin eʼlon qilingan “oʻlim yulduzi” surati aslida uning egosi haqida boʻlgan. Buning GPT5 imkoniyatlariga hech qanday aloqasi yoʻq

Sizning xulosalaringiz qanday?

Tarjimasi:

ChatGPT 5 ning deyarli takomillashmagani SI dasturchilar oʻrnini bosa olmasligini koʻrsatdi.

Men ChatGPT rivojlanishini boshidan beri kuzatib kelaman. Ochigʻini aytganda, ChatGPT 5 versiyasi chiqishi bilan bu takomillashuv jarayoni sekinlashgandek tuyuldi. Avvalgi versiyalar SIning imkoniyatlarini, ayniqsa, dasturlashga yordam berish masalasida sezilarli kengaytirgan edi. Ammo hozirgi yangilanishlar maydaroq, qandaydir qoʻshimcha xususiyatlardek tuyulyapti. Goʻyo bu modellar haqiqiy dasturlash ishlarining oʻrnini bosa olish qobiliyatini oshirishda cheklovlarga duch kelayotgandek.

Bu juda muhim masala. Chunki koʻpchilik SI yaqin kelajakda dasturiy taʼminot muhandislarining (software engineer) oʻrnini egallaydi, deb oʻylaydi. Toʻgʻri, SI oddiy vazifalarni bajarishi mumkin. Standart kodlar bilan ishlashda yordam beradi. Biroq tizimlarni loyihalash, murakkab muammolarni hal qilish, biznes ehtiyojlarini tushunish va jamoa bilan ishlash kabi murakkab vazifalarni bajarish darajasiga yetmagan. Bu jarayonlar kreativlik va tanqidiy fikrlashni talab qiladi. Sunʼiy intellekt esa hali bu darajaga yetib kelmadi.

Toʻgʻri, bu texnologiya juda ajoyib, rivojlanishda davom etadi. Lekin hozir rivojlanish inqilobiy darajada emas. Menimcha, sunʼiy intellekt dasturchilarning ishini yengillashtiruvchi yordamchi sifatida qolaveradi, ularning butunlay o‘rnini bosa olmaydi. U zerikarli ishlarni avtomatlashtirish uchun juda foydali. Ammo dasturchilar taqdim etadigan o‘ziga xos ko‘nikmalarni sun’iy intellekt yaqin kelajakda takrorlay olmaydi. U shunchaki biz o‘zlashtirishimiz lozim bo‘lgan yana bir vositaga aylanib qoladi xolos.

Bilaman, bu post asosan yangi ChatGPT 5 versiyasi haqida. Lekin, ochigʻini aytsam, hozir boshqa barcha modellarning ham oʻsish surʼati pasayayotganga oʻxshaydi.

Siz nima deb oʻylaysiz?

Men Redditʼdagi baʼzi mashhur mavzularni qisqacha taʼriflashga harakat qildim.

Umumiy koʻngilsizlik va pasayish

  • GPT-5 kutilganidek chiqmadi. Odamlar uni allaqachon yoqmay qolgan 4.5 va 4.1 modellariga nisbatan biroz yaxshilangan deb hisoblayapti.

  • Reaksiyalar juda keskin: “oʻta yomon”, “dahshat”, “kutilganidek emas”. “Kutilganidek emas” soʻzi xuddi refleksday tez-tez takrorlanyapti."

  • Bu safar hech qanday ajralib turadigan yangilik, “vau” deydigan hech narsa yoʻq. Hatto ilgari muammoli boshlanishlarga qaramay, oxirigacha qo‘llab-quvvatlagan odamlar ham endi bu shov-shuvga ishonmayapti.

  • Kayfiyat-chi? Dabdala. Baʼzilar modelning o‘zini kinoyali tutayotganini aytyapti. Go‘yo u muvaffaqiyatsizligini bilib, buni hazil bilan yashirmoqchi bo‘layotgandek.

Oʻziga xoslik va sifatning yoʻqolishi

  • Javoblar qisqa va quruq tuyulyapti. Qolipga solinganday. Izlanish uchun imkoniyat kamroq. Baʼzi foydalanuvchilar ajratilgan soʻrovlar chegarasini bir soat ichida tugatib qoʻyib, kerakli natijani ololmayapti.

  • Bir paytlar ChatGPTʼni “odamshavanda” qilgan oʻziga xoslik endi yoʻq. Ilgari oʻtkir va samimiy boʻlgan narsa endi quruq rasmiy xabarga oʻxshaydi.

  • 4.0 versiyada joziba bor edi. Bunisida unday emas. Oʻsha oʻynoqi gʻalatilik hissi, rostdan ham tushunilgandek boʻlish tuygʻusi qani? Oʻlgan.

  • Foydalanuvchilardan biri buni “koʻp ishlab yuborgan kotiba” deya taʼriflagan. Boshqasi esa 4.0 ni yoʻqotgani uchun oʻzini doʻstidan ayrilgandek his qilayotganini aytgan. Gap faqat natijada emas, balki modellardagi haqiqiy munosabatga o‘xshb ketadigan his-tuyg‘ular haqida edi.

Funksional muammolar va cheklovlar

  • Buni sozlab boʻlmaydi. Hatto aniq javob olish uchun ham unga har safar aniq boʻlishini tayinlashingiz kerak.

  • Marketing qilinganiga qaramay, obunachilar hali ham faqat 128K kontekst oynasini olishadi. Reklama qilingan 400K aslida ko‘pchilikka to‘g‘ri kelmaydi.

  • Asosiy imkoniyatlar zaiflashyapti. 4o va o3 bajarishga qodir bo‘lgan oddiy xulosa chiqarish, matnni jadvallarga joylashtirish kabi asosiy vazifalarni GPT-5 bajarishda qiynalyapti.

  • Real xatolar: notoʻgʻri aksiya narxlari, chalkash hikoya tafsilotlari, foydasiz sharhlar. U narsalarni oʻylab topadi, faqat kreativligi kamroq.

  • 8000 so‘zli PDF fayllar? Yarim yo‘lda to‘xtab qoladi. Oxiriga yeta olmaydi.

  • Batafsil va asosli natijalar olishga o‘rganib qolgan kishilar GPT-5 chuqur fikrlashdan voz kechib, shoshilinch natijalar berishini ta’kidlamoqda. U shunchaki shoshiladi.

  • Gʻalati xatti-harakatlar ham kuzatilyapti: suhbat paytida model toʻsatdan boshqa mavzuga oʻtib ketadi. Bu shunchaki gallyutsinatsiya emas. Koʻproq xotira buzilishiga oʻxshaydi.

OpenAIʼning joriy qilinishi va siyosatiga oid tanqidlar

  • Koʻpchilik foydalanuvchilar jonli efir tugashi bilanoq bu salbiy taʼsirni koʻrdi.

  • Xatolarni tuzatish usulidan norozilik bor. “Agar xato qilsa, shunchaki undan qayta soʻrang” yondashuvi – bu yechim emas.

  • Butun ishga tushirish jarayoni aktual foydalanuvchilardan koʻra OpenAIʼning biznes modeli uchun moʻljallanganga oʻxshaydi.

  • “Kichrayish inflyatsiyasi”. Ba’zilar ishlatayotgan bu atama katta e’lonlar ortida yashiringan qiymatning pasayishini anglatadi.

  • Odamlar tanlov imkoniyatini xohlashdi. Buning oʻrniga eski modellar bir kechada ogohlantirishsiz va ixtiyoriy tanlov imkoniyatisiz olib tashlandi. Bu – yangilanish emas, majburiy koʻchirish.

  • Jonli efirning oʻzi quruq va zerikarli oʻtdi. Sifatsiz slaydlar. Asabiylashgan taqdimotchilar. Bu bayramdan ko‘ra ko‘proq vaziyatni nazorat qilishga o‘xshab ketdi.

  • Muayyan modellarda ish jarayonini yoʻlga qoʻygan foydalanuvchilar qiyin ahvolda qoldi. Oʻtish yoʻli yoʻq, eski versiyalarga qaytib boʻlmaydi. Bu dasturchilar uchun jiddiy muammo.

  • Yangi versiya ishga tushirilayotganda baʼzi chatlar butunlay oʻchirib tashlandi. Tiklashning imkoni yoʻq, ogohlantirishlar boʻlmadi. Baʼzi foydalanuvchilar uchun bu ikkinchi marta yuz berdi.

  • Eng katta ayb? Keragidan koʻp vaʼda berilgani. Jonli efir kutilmalarni osmonga koʻtardi. Ammo natijada olingan mahsulot xuddi yaltiroq “5” yorlig‘i yopishtirilgan, isitib tortilgan 4.5 ga o‘xshaydi. Go‘yo bozordagi mavqeyini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, shoshma-shosharlik bilan reliz qilingandek tuyuladi.

Boshqa tanqidlar

  • LLMʼlar rivojlanishdan toʻxtab qolayotgani haqidagi fikrlar keng tarqalyapti.

  • Baʼzilar arxitekturaning oʻzi oʻzgarmaguncha real progress boʻlmaydi, deb hisoblaydi. Transformatorlar hali ham O(n²) chegaralarida qiynalyapti va bu abadiy davom etmasligini hamma biladi.

GPT-5 ning muvaffaqiyatsiz chiqarilishi bir nechta narsani koʻrsatadi

Birinchidan, bu OpenAIʼning yangi yutuqlari kamayib borayotganini bildiradi. GPT-5 keyingi ulkan sakrash sifatida shov-shuvga aylangan bo‘lsa-da, biz ko‘rgan narsa yangi libos kiygan GPT-4.5 ga oʻxshaydi. U chuqurroq fikrlamaydi. Undan aqlliroq taassurot ham qoldirmayapti. Yana u barchamiz duch kelayotgan asosiy muammolarni – gallyutsinatsiyalar, mantiqiy zaifliklar va yuzaki kontekstni hal qilmayapti.

Agar bu “flagman” boʻlsa, flagman choʻkyapti

Ikkinchidan, bu ustuvorliklarning oʻzgarishiga ishora qiladi: izlanishdan daromadga. Koʻzni qamashtiruvchi jonli efir, noaniq “400K kontekst” daʼvolari, modellarni tajovuzkor almashtirish – bularning barchasi foydalanuvchilarga eng yaxshi vositani berish emas edi. Balki bu vaziyat (va pul) oqimini saqlab qolishga qaratilganini koʻrsatadi. Bu ogʻir muammolarni hal qilish emas. Bu rivojlanishga oʻxshash narsani sotish edi.

Uchinchidan, bu OpenAI va uning hamjamiyati oʻrtasidagi kengayib borayotgan uzilishni koʻrsatadi. Kuchli foydalanuvchilar bir kechada o3 va 4o imkoniyatlaridan mahrum boʻldi. Sozlash (fine-tuning) imkoniyati hali ham yoʻq. Roadmap yoʻq, voz kechish tanlovi yoʻq, shaffoflik yoʻq. Oʻz imperiyasini jamoatchilik fikri asosida qurgan kompaniya endi yopiq muhitda ishlayotgandek va hamjamiyatidan uzoqlashgandek tuyulyapti.

Keng maʼnoda bu LLM shov-shuv toʻlqini nihoyat pasayishni boshlaganini anglatmoqda. GPT-5 shunchaki muvaffaqiyatsiz mahsulot taqdimoti emas edi. Bu sun’iy intellekt to‘lqini, ayniqsa, uning hozirgi shakli sekinlashishni boshlaganini ko‘rsatuvchi ishora boʻldi.

Manba: GPT-5 : OpenAI’s Worst Release Yet

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
medium.com

medium.com

O'xshash maqolalar