Sun'iy Intellekt
GPT-5 ning qoʻlidan nimalar keladi?
Xabarlarga qaraganda, GPTʼning 5-versiyasi 2024-yil noyabr oyida chiqishi rejalashtirilgan. U Azure platformasida ishga tushiriladi, biroq ommaga taqdim etilmaydi.
Microsoft kompaniyasi muhandislari Orion (GPT-5) tizimini ishga tushirishni moʻljallagan. 2023-yil mart oyida OpenAIʼning GPT-5 ustida ish olib borayotganini eʼlon qilishi odamlar orasida koʻplab xavotirlarga sabab boʻldi. Hatto ayrim taniqli shaxslar uning ishlab chiqarilishini toʻxtatish talabi bilan petitsiya imzoladi. Petitsiyani imzolovchilar orasida:
– sunʼiy intellekt sohasining peshqadami Yoshua Bengio (“Turing” mukofoti sovrindori),
– sunʼiy intellekt tadqiqotchilari Styuart Rassel va Geri Markus,
– Stiv Voznyak (Apple asoschisi),
– Endryu Yang (AQSh prezidentligiga sobiq nomzod),
– Reychel Bronson (Atom olimlari bulleti prezidenti – insoniyatni yoʻq qiluvchi yadro urushiga qarshi kurashuvchi) bor. Shuningdek, ularga Ilon Mask (Tesla, Twitter va SpaceX bosh direktori hamda OpenAIʼning sobiq asoschilaridan biri) va Emad Mostak (Stability AI bosh direktori) ham qoʻshildi.
GPT-4 sunʼiy intellekt imkoniyatlarini sezilarli darajada rivojlantirgan boʻlsa-da, hali ham maʼlum cheklovlar doirasida ishlaydi. Uning yaratilishi taxmin qilinganidek ish oʻrinlarining yoppasiga yoʻqolishiga olib kelmadi yoki insoniyatning halokatini boshlab bermadi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, petitsiya imzolagan kishilarning xavotirlari oʻrinsiz boʻlishi mumkin.
Yaqinlashayotgan Orion (xavfi): hushyorlikni yoʻqotmasdan optimistik qarashda davom etamiz.
GPT-4 chiqarilganidan beri bir yildan koʻproq vaqt oʻtdi. Bu orada Orion deb nomlangan GPT-5 haqidagi xavotirlar sezilarli darajada kamaydi. Orionʼni butun dunyoga taqdim etish vaqti esa keldi. Oldingilaridan farqli ravishda bu versiyani ChatGPT orqali keng miqyosda taqdim etishmoqchi emas. Buning oʻrniga OpenAI oʻzi bilan yaqindan hamkorlik qiladigan kompaniyalarga dastlabki foydalanish huquqini berishni rejalashtiryapti. Bu imkoniyat ularga oʻz mahsulotlari va ularning xususiyatlarini ishlab chiqishga imkon beradi. Orionʼga kompaniya ichida GPT-4ʼning davomi sifatida qaralsa-da, ommaga GPT-5 nomi bilan taqdim etiladimi yo yoʻqmi, bu hozircha aniq emas.
Bir hisobotda GPT-5 100 baravar qudratliroq bo‘lishi aytilgan. Ammo bu “qudrat”ning aniq xususiyatlari hali bizga ma’lum emas. Shunisi aniqki, u hech qachon yengib o‘ta olmaydigan cheklovlar saqlanib qoladi.
Keling, avval GPTʼning soʻnggi versiyasidagi uzluksiz davom etib kelayotgan muammolarni koʻrib chiqaylik.
GPT-4oʼdagi kamchiliklar va muammoli jihatlar
Til boʻyicha cheklovlar: GPT-4oʼning koʻp tillilik imkoniyatlari takomillashtirilgan. Shunday boʻlsa-da, u hali ham ingliz tilidan boshqa tillarda, ayniqsa, yuqori sifatli maʼlumotlar cheklangan tillarda qiyinchilikga duch kelyapti. Natijada foydalanish jarayonida qoniqarsiz javoblar va tarjima variantlarini keltirib chiqaryapti.
Maʼlumotlar sifati bilan bogʻliq muammolar: til bilan bogʻliq masalalarda, ayniqsa, xitoy tiliga oʻxshash tillarda oʻquv maʼlumotlarining past sifati asosiy muammo boʻlib qolmoqda. Sifatsiz maʼlumotlar koʻpligi bois modellar notoʻgʻri yoki toʻqima javoblar taqdim etishga moyillashib boryapti.
Faktlar aniqligi: hatto aniq soʻrovlar berilgan taqdirda ham model baʼzida notoʻgʻri yoki chalgʻituvchi maʼlumotlar taqdim etishi mumkin. Oqibatda uning haqiqiyligi va ishonchliligi borasida shubhalar paydo boʻladi.
Soʻrovlarni qisman bajarish: foydalanuvchi uzun va murakkab koʻrsatmalar toʻplamini GPT-4oʼga kiritadi. Barcha soʻrovlar aniq va sodda boʻlishiga qaramay, katta til modellari (LLM) soʻrovning hammasiga javob bermasligi mumkin. U soʻrovning ayrim qismlarigagina javob beradi xolos. Sunʼiy intellekt uchun bu murakkab va yangicha koʻrsatmalar toʻplamidir. Model instruksiyaning oʻqitish jarayonlaridan oʻziga tanish boʻlgan qisminigina bajaradi. Qolgan qismlarini oʻtkazib yuborishi yoki soddalashtirishi ehtimoli bor. Unga bu haqida fidbek yuborilgach, yetishmayotgan qismlarni toʻgʻrilashi mumkin. Lekin bunda oldingi toʻgʻri bajargan qismlarini tushirib qoldiradi.
Resurs sarfi: GPT-4o kabi katta til modellarini oʻqitish va ishga tushirish katta hajmdagi hisoblash resurslarini talab qiladi. Bu ulardan foydalanish imkoniyatini cheklaydi. Shuningdek, yuqori energiya sarfi tufayli atrof-muhit bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqaradi.
Ijtimoiy noxolisliklar: GPT-4 oʻquv maʼlumotlaridagi mavjud noxolis fikrlarni beixtiyor davom ettirishi mumkin. Bu esa noto‘g‘ri va kamsituvchi natijalarni keltirib chiqaradi. Bunday natijalar insonlarning fikrlariga ta’sir o‘tkazishi va mavjud ijtimoiy muammolarni yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Antropomorfizatsiya: sunʼiy intellekt modellariga “fikrlash” va “tushunish” kabi insoniy xususiyatlarni berish tendensiyasi noreal kutilmalar va anglashilmovchiliklarga sabab boʻlishi mumkin. Toʻgʻri, bu foydalanuvchilarga katta til modellarini (LLM) osonroq tushunish imkonini beradi. Lekin shuni ham tan olish kerakki, bu modellar insonlarga oʻxshab chindan ham fikrlamaydi, tushunmaydi. Buning oʻrniga soʻzlarni namunalarga asoslanib taxmin qilish orqali ishlaydi.
Kiberxavfsizlikning yetarlicha taʼminlanmasligi: 70 dan ortiq ekspertlardan iborat joriy guruh potensial foydalanuvchilarning turli xil muammolarini yetarli darajada hal qilish imkoniyatiga ega boʻlmasligi mumkin. Shuningdek, ular ushbu texnologiya bilan bogʻliq ehtimoliy xavflar bilan ishlash uchun yetarli darajada koʻp ham emas.
Yetarli darajada shaffof emaslik: OpenAIʼning
– barqarorlik koʻrsatkichlari,
– kelgusida ishlab chiqishi mumkin boʻlgan fichalari,
– ishga tushirilish sanalari,
– mahsulotning rivojlanish rejalari kabi muhim narsalar toʻgʻrisida yetarlicha maʼlumot taqdim etmasligi ham mavjud kamchiliklardan biri hisoblanadi.
Rivojlangan modellardan foydalanishdagi cheklovlar: ehtimol, modelning eng kuchli versiyalaridan faqat tanlangan foydalanuvchilar guruhi foydalana oladi. Yoki yuqori narxlar tufayli koʻplab foydalanuvchilar uchun qimmatlik qiladi.
Orion: rivojlanish bormi yoki “oʻsha-oʻsha”?
OpenAIʼning Orion loyihasi maxfiy olib borilayotgani tufayli uning chiqarilish sanasi va nimalarga qodir ekani haqida turli xil maʼlumotlar tarqalmoqda. U GPT-4oʼning ayrim kamchiliklarini toʻldirishi kutilayotgan boʻlsa-da, baʼzi asosiy muammolar saqlanib qolishi mumkin.
Orionʼdan kutilayotgan oʻzgarishlar
Faktlarni tekshirishni takomillashtirish: Orionʼning faktlarni tekshirishning yanada samaraliroq imkoniyatlariga ega boʻlishi taxmin qilinmoqda. GPT-4 kabi modellar baʼzida noaniq yoki toʻqib chiqarilgan javoblar taqdim etadi. Orion ishonchliroq maʼlumot manbalaridan foydalanish va javoblarni tekshirish jarayonlarini takomillashtirish orqali bu xatolarni kamaytirishni maqsad qilgan.
Videoni qayta ishlash jarayonini takomillashtirish: GPT-4 ning videomateriallarni qayta ishlash va mazmunini tushunish imkoniyati cheklangan. Bu uni multimedia sohasida qoʻllanishiga toʻsqinlik qiladi. Biroq Orionʼdan videolar mazmunini tushunish va qayta ishlash qobiliyatlarini sezilarli darajada rivojlantirish kutilmoqda. Bu esa ilovalarga real vaqt rejimida videolarni tahlil qilish, umumlashtirish va hatto yaratish imkoniyatini ham berishi mumkin.
Kontekstual xotira: Orionʼda xotira sigʻimi kattaroq boʻlishi mumkin. Bu unga uzoqroq suhbatlarda koʻproq kontekstni saqlab qolish imkonini beradi. Bunda model suhbat davomida oldingi tafsilotlarni eslab qolishi va ularni kengaytirilgan muloqotlarda oʻrinli tarzda qoʻllashi yaxshilanadi. Bu orqali u yanada izchil va kontekstga moslashgan munosabatlar oʻrnatishga yordam beradi.
Rivojlangan multimodal imkoniyatlar: GPT-4 matn va tasvirlarni qayta ishlash imkonini beruvchi asosiy multimodal xususiyatlarni joriy etgan. Orion bu imkoniyatlarni yanada kengaytirishi kutilmoqda. U matn, tasvir, video va ehtimol audio kabi turli xil maʼlumot turlarini muammosiz birlashtirib, yanada kengaytiradi.
Axloqiy va noxolislik nazorati: Orion kabi kelajak modellari noxolislikni bartaraf qilish va axloqiy jihatdan murakkab vaziyatlarni hal qilishning yanada takomillashgan mexanizmlarini joriy etishi kutilmoqda.
Biznes uchun moslashtirish va nozik sozlash (Fine-Tuning): Orion korxonalarga modelni oʻzlarining maxsus ehtiyojlariga moslashtirishda yanada aniqroq boshqaruv imkoniyatini taqdim etishi mumkin. OpenAI kompaniyalarga matn yaratishni sozlash, ohangni oʻzgartirish va model javoblarini moslashtirish imkonini beradigan yanada takomillashgan API, vositalarni taqdim etishi ehtimoli bor. Bu mijozlarga xizmat koʻrsatish, marketing va boshqa sohalarda yanada koʻp qirrali dasturiy ilovalarni keng darajada qoʻllash imkoniyatlarini yaratadi.
Real vaqtdagi til tarjimasi imkoniyatining takomillashuvi: Orion GPT-4ʼning til tarjimasi bilan bogʻliq imkoniyatlarini yanada yaxshilashi kutilmoqda. U koʻproq tillar va shevalarni qamrab olgan holda real vaqt rejimida kontekstga mos aniq tarjimalarni amalga oshirishni maqsad qilgan.
Davomiy muammolar va cheklovlar
Ayrim muammolar GPT modelining kelgusi versiyalarida ham saqlanib qolishi mumkin. Bunga quyidagilar kiradi:
Maʼlumotlar sifatiga doir muammolar: modelning internet miqyosidagi maʼlumotlarga tayanishi doimiy muammo boʻlib qolmoqda. Chunki bu maʼlumotlar koʻpincha noxolis fikrlar va xatoliklarga moyil boʻladi.
Ingliz tilidan boshqa tillar bilan bogʻliq muammolar: ingliz tilidan tashqari boshqa tillarda javob berish sifatini oshirish boʻyicha harakatlar olib boriladi. Shunga qaramay, yuqori sifatli oʻquv maʼlumotlari va malakali mutaxassislarning yetishmasligi tufayli bu cheklovlar saqlanib qolishi mumkin.
Soʻrovlarni qisman bajarish: agar katta til modellari (LLM) koʻplab cheklovlarni oʻz ichiga olsa, hatto aniq va oddiy koʻrsatmalar ham murakkab boʻlib tuyulishi mumkin. Chunki ular soʻrovlarni toʻliq tushunish oʻrniga faqat namunalarga asoslanadi. Koʻp cheklovlar mavjud boʻlgan hollarda katta til modellari (LLM) baʼzi koʻrsatmalarni eʼtiborsiz qoldirib, oʻzlariga tanish boʻlgan eng yaqin namunadan foydalanishi mumkin. Bu kabi cheklovlarni bartaraf etish ehtimoli juda past.
Resurslarning yuqori sarfi: GPT modellarini quvvatlaydigan transformator arxitekturasi katta resurs talab qiladi va bu davomiy boʻlishi mumkin. Xabar qilinganidek, bu yangi maʼlumotlar markazlari yadro energiyasidan foydalanishi ehtimoli bor. Bu global isishning tezlashishi yoki yadro chiqindilari xavfining kuchayishi kabi ekologik falokatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ijtimoiy noxolisliklarning davomiy boʻlishi: agar modelni oʻqitish jarayonida yuqori sifatli va xolis manbalarga tayanilmasa, nima boʻladi? Asosan internetdan olinadigan modelni oʻqitish maʼlumotlari notoʻgʻri ijtimoiy qarashlarni kuchaytirishi va davom ettirishi mumkin. Bu esa OpenAI kompaniyasining maʼlumotlarni toʻplash amaliyotida kamchilik borligini va oʻqitish uchun maʼlumotlarni yanada ehtiyotkorlik bilan saralash zarurligini koʻrsatadi.
Oldinga siljish
Kamchiliklarni bartaraf etish va sunʼiy intellektning masʼuliyatli rivojlanishini taʼminlash uchun bir qator ishlar amalga oshirilishi kerak:
Yangi til modeli: bunga ehtiyoj bor. U resurslardan samarali foydalana oladigan va tilning har bir mumkin bo‘lgan qo‘llanishini biladigan boʻlishi kerak. Barcha ehtimoliy vaziyatlar va nozik jihatlar uchun katta hajmdagi ma’lumotlarga muhtoj bo‘lmasdan samarali o‘rganish qobiliyatiga ega bo‘lishi ham lozim.
Yuqori sifatli maʼlumotlar: noxolisliklar va xatoliklarni kamaytirish uchun turli xil, yuqori sifatli maʼlumotlar toʻplamlarini yaratish va saralashga sarmoya kiritish juda muhim. Bu jarayon maʼlumot manbalarini diqqat bilan tanlash, xolislikka xalal beruvchi omillarni bartaraf etish va maʼlumotlar yaxlitligini taʼminlashni oʻz ichiga oladi.
Shaffoflik va javobgarlik: OpenAI hamda boshqa sunʼiy intellekt ishlab chiquvchilari oʻz tadqiqot va dasturlash jarayonlarida shaffoflikni ustuvor deb bilishi kerak. Ishlab chiqqan modellaridagi cheklovlar, noxolisliklar va ehtimoliy taʼsirlar haqidagi maʼlumotlarni ochiq tarzda ommaga bildirishi lozim. Bu orqali ular jamoat ishonchini mustahkamlashi va jamiyatda sunʼiy intellektning oʻrni haqida asosli muhokamalarga imkon yaratishi mumkin.
Foydalanuvchilarga oʻrgatish: sunʼiy intellektning imkoniyatlari va cheklovlari haqida jamoatchilikni xabardor qilish ham lozim. Bu kutilmalarni toʻgʻri boshqarish va notoʻgʻri foydalanishning oldini olishga yordam beradi.
Tartibga solish nazorati: sunʼiy intellektni rivojlantirish va joriy etishni tartibga solishda hukumatlar hamda xalqaro tashkilotlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ular tegishli qonun-qoidalarni joriy etish orqali innovatsiya va xavfsizlik oʻrtasida muvozanatni taʼminlashi mumkin. Bunday qoidalar maʼlumotlar maxfiyligi, adolat va javobgarlik kabi masalalarga yoʻnaltirilishi lozim.
Muvozanatli rivojlanishga erishish uchun sunʼiy intellektni ishlab chiqish jarayoni bir nechta shaxslar tomonidan dominant tarzda boshqarilmasdan, hamkorlikda amalga oshirilishini taʼminlash zarur. Taraqqiyotni ilgarilatish uchun marketing shov-shuvlaridan foydalanishmas, halol raqobat va shaffoflik muhim ahamiyat kasb etadi. Muammolarni ochiqchasiga muhokama qilib, haqiqiy muloqot oʻrnatish orqali sunʼiy intellekt kuchidan insonlar hayotini yaxshilashda foydalanishimiz mumkin.
Manba: GPT-5 is finally here — What To Expect and What Not To Expect