Ochiq dars

Gʻazabni yengish mumkinmi?

Ustozlar gʻazabni jilovlash texnikalarini oʻrganib olishi ularning karyerasida koʻp uchraydigan stressli vaziyatlarda qoʻl keladi. Bu texnikalar juda oddiy va samaralidir.

Oʻzbek tilining izohli lugʻatida gʻazab soʻziga quyidagicha taʼrif beriladi:

kuchli darajada achchiqlanish hissi; qahr, jahl.

Oʻqituvchilik eng stressli kasblar qatorida turadi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shuning uchun oʻqituvchilarda achchiqlanish yoki gʻazab otiga minish tez-tez sodir boʻlib turadi. Oʻquvchilarning eʼtiborsizligi, hurmatsizligi, ota-onalar tomonidan bosim qilinishi, ortiqcha maʼmuriy talablar ustiga oilaviy masalalar ham qoʻshiladi va oʻqituvchining quyushqondan chiqib ketish ehtimoli ortadi.

Soʻnggi paytlarda yangiliklar sarlavhalarida “oʻqituvchi oʻquvchini kaltakladi” kabi jumlalar koʻpayib qoldi. Bunday vaziyatda har ikki tomonni ham tushunishga urinadiganlar bilan bir qatorda oʻqituvchini ayblaydiganlar ham koʻp. Xoʻsh, oʻqituvchi dars davomida muammoli vaziyatga tushib qolib, gʻazablanganda yangiliklarning bosh mavzusiga aylanmasligi uchun oʻz gʻazabini qanday boshqarishi kerak? Uni qanday yengishi mumkin? Ushbu maqolamizda ayni shu savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Gʻazablanayotganingizni anglab oling

Muammoni tan olish uni hal etishning yarmini tashkil etadi. Yaʼni siz sinfda qandaydir vaziyat (oʻquvchilarning shovqini, kimningdir gap qaytarishi, sizga nisbatan nomaqbul soʻz ishlatishi…) yuzaga kelganda bu vaziyat sizning gʻazabingizni qoʻzgʻaganini tushunib olishingiz kerak. Aksar hollarda gʻazab kelganda bosh qiziydi, yurak urishi tezlashadi, qoʻllar titraydi, ichingizdan kuchli baqiriq chiqib kela boshlaydi. Ayni shunday holatlarni oʻzingizda seza boshlasangiz, bilingki, siz gʻazablanyapsiz. 

Gʻazab kelishining sabablarini tushunib olish ham muhim. Masalan, siz shovqindan gʻazablanyapsizmi yoki sizga gap qaytarishganidanmi? Shu savollarga javob topib olish gʻazabni yengishda yordam beradi.

Gʻazabni qaytarish usullari

Gʻazabni yengish usullari haqida gap ketganda birinchi boʻlib jismoniy holatni oʻzgartirish, nafas olish, bir daqiqa sukut saqlash kabilar misol keltiriladi. Quyida ular haqida qisqacha maʼlumot beramiz.

Nafas olish mashqi

Gʻazab kelayotganini anglashingiz bilan chuqur nafas oling va sekinlik bilan chiqaring (4 soniya nafas yutish, 6 soniya chiqarish). Buni bir necha marta takrorlang. Bu vaqtda sizni gʻazablantirayotgan narsaga qaramay turganingiz maʼqul. 

Tana holatini oʻzgartirish

Gʻazabingiz kelayotgan vaqtda oʻtirgan boʻlsangiz, turib yuring, turgan boʻlsangiz, oʻtirib oling. Bu miyaning biroz chalgʻishiga yordam beradi. Turib yurish yoki oʻtirish vaqtida chuqur nafas oling va sekinlik bilan chiqaring.

Sukut saqlash

Gʻazab kelayotganda uni yengishning eng samarali usullaridan biri sukut saqlashdir. Bir daqiqa davomida sukut saqlab turish vaziyatning yengilroq oʻtib ketishiga yordam berishi mumkin. Toʻgʻri, sizga nisbatan hurmatsizlik qilinganda jim turish juda qiyin, ammo oʻquvchi ham gʻazablanishi yoki eʼtibor yetishmaganidan atrofdagilarni oʻziga qaratishga urinayotgan boʻlishi mumkin. Sizning bir daqiqalik sukut saqlashingiz ikki tomonning gʻazabi toʻqnashib, olov sachrashining oldini olishi mumkin (bu gapimiz sizni haqoratlashsa ham, jim turavering degani emas, ayni dars payti quyushqondan chiqqandan koʻra darsdan keyin xotirjamlik bilan masalani huquqiy hal etish mumkin).

Ovozni balandlatmang

Baland ovozda gapirishni boshlash qarshi tomonning ham gʻazabini qoʻzgʻashi va oqibatda janjal kattalashishi mumkin. Shuning uchun gʻazablangan vaqtingizda pastroq ovozda gapirishga harakat qiling.

Yuzni yuvish

Gʻazab juda kuchli ekanini his qilsangiz, bir necha daqiqada qaytishingizni aytib, xonani tark etishingiz va yuz, boʻyin hamda qoʻllaringizni tirsakka qadar sovuq suvda chayib olishingiz kerak. Bu gʻazab kuchini pasaytiradi. Xonaga borgach, sizni gʻazablantirgan masalaga qaytmasdan, toʻgʻridan toʻgʻri dars oʻtishni davom ettirish lozim. Agar gʻazabingizni qoʻzgʻagan vaziyatga bir oʻquvchi sababchi boʻlsa, unda oʻsha bolani ham yuzini yuvib kelishga chiqaring. Bu uning ham oʻzini bosib olishiga yordam beradi.

20 gacha sanang

Bu kulgili tuyulishi mumkin. Ammo gʻazabni qaytarish uchun miyani boshqa narsa bilan chalgʻitish va band qilish kerak. 10, 20, 30 gacha sanash ayni shu maqsadda qoʻllanadi va ancha samarali hisoblanadi.

Yumor ishlatishga harakat qiling

Aytaylik, ikki oʻquvchi tinimsiz gaplashyapti, darsga xalaqit beryapti. Shu payt ularga baqirish yoki achchiqlanish oʻrniga “Iye, xonaga ari/qoʻngʻiz qayerdan kirdi?” deyish orqali kulgi qoʻzgʻash mumkin. Suhbatlashayotgan ikki oʻquvchi oldiga borib, ularning qulogʻiga engashib: “Men ham qoʻshilay, qiziqib ketyapman”, deyish ham achchiqlanish oʻrnini juda yaxshi bosadi. Oraga yumor aralashgani qarshi tomonni ham oʻzini bosib olishiga yordam beradi. Yumor ishlatishda ehtiyot boʻlish lozim, hazil ogʻir haqorat yoki kamsitish ustiga qurilmasligi lozim.

Yuqoridagi usullar kichik va bir qarashda samarasiz tuyulgani bilan amalda sizning quyushqondan chiqib, vaziyatni yanada ogʻirlashtirib yuborishingizning oldini oladi. Endi gʻazablanish holatini pasaytiradigan uzoq muddatli mashqlar haqida soʻz yuritamiz.

Gʻazab bir necha soniyalik olov boʻlsa ham, uning manbasi bir necha kun, oy, hatto yil oldin yurakka tushgan boʻlishi mumkin. Yaʼni gʻazab bir necha soniya ichida hosil boʻlib qoladigan his emas. U uzoq stressli hayot, oʻzidan qoniqmaslik sababidan toʻplanib turgan choʻgʻning yonishi, desak ham boʻladi. Yaʼni sizning darsda gʻazab otiga minishingizga sinfdagi holatning yolgʻiz oʻzi aybdor emas. Kamroq gʻazablanish uchun quyidagi maslahatlarga amal qilishingiz mumkin.

Gʻazab manbasini aniqlash

Gʻazab manbasini aniqlash uchun oʻzingizga bir necha savollar berib koʻring:

  1. Gʻazabim qaysi vaziyat sabab qoʻzidi?

  2. Undan oldin kayfiyatim yaxshi edimi? Gʻazabimni qoʻzgʻagan narsa faqat shumi?

  3. Aynan qaysi gap yoki harakat gʻazabim joʻshishiga sabab boʻldi?

  4. Men oʻzimni qanday tutdim?

  5. Nimalarni his qildim?

Agar mana shu savollarni har gʻazab qoʻziganda oʻzingizga bersangiz, qonuniyatni tushunib olishingiz mumkin.

Gʻazab manbasiga qarshi harakatlar

Aytaylik, kuzatuvlar natijasida aniqladingizki, dars davomida sizni gʻazablantirayotgan narsa oʻquvchilarning darsga eʼtiborsizligi ekan. Siz endi bunga qarshi harakatlar strategiyasini ishlab chiqishingiz lozim. Yaʼni oʻquvchilarni darsga koʻproq qiziqtirish ularning eʼtiborsizliklarini kamaytirishi mumkin. Bu oʻz-oʻzidan sizni gʻazabga soladigan vaziyatlarni ham kamaytiradi.

Fikrlash tarzingizga nazar solish

Agar siz noxush vaziyatlarga tushib qolganingizda “ular hech qachon meni eshitmaydi”, “hammasiga u aybdor”, “ular menga boʻysunishga majbur” kabi fikrlar kelayotgan boʻlsa, bu fikrlarni yumshatishga harakat qilish zarur. “Hamma”, “hech qachon”, “majbur” kabi jumlalar vaziyatni oq va qora tomonga ajratib olish hisoblanadi hamda vaziyat haqida ongli qaror qabul qilishga yoʻl bermaydi. Shuning uchun bu soʻzlar oʻrniga “baʼzilar”, “ayrim hollarda”, “qilishsa yaxshi boʻlardi” kabilarni ishlatib, oʻylagan maʼqul.

Hayot tarzini oʻzgartirish

Hayot tarzingizga yangiliklar kiriting. Masalan, jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanishni boshlang, dam olish kunlari sayohatga chiqing, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish vaqtingizni kamaytiring, internetda kuzatadigan kontentingizni oʻzgartiring. Hayotingizdagi sizni qiynayotgan hamma narsadan butkul boʻlmasa-da qisman voz kechishga yoki ulardan vaqtincha uzoqlashishga harakat qiling.

Oʻylaymizki, maslahatlarimiz sizga yordam beradi. Yuqorida keltirilgan maslahatlarni oʻqituvchi har qanday kamsitilish, hurmatsizlik, beeʼtiborlikka chidashi kerak ekan degan mazmunda qabul qilmang. Taʼkidlaganimizdek, bularning barchasi qiziqqonlik sabab vaziyatning ogʻirlashishini oldini olishingiz mumkinligini tushuntirishdir. Sizga nisbatan nohaqlik qilinyaptimi, kamsitishyaptimi, huquqiy baho berish uchun arz qilishdan qoʻrqmang. Ana shu qoʻrquv ham yigʻilib, bir kun portlashingizga sabab boʻlishi mumkin. Sizga mustahkam sogʻlik, metin iroda tilaymiz!

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.jpeg

Shokir Tursun | Ochiq dars