Ochiq dars
Guruh boʻlib bajarilgan ishlarni baholash
Oʻquvchilarning jamoaviy ishlanmalarini baholash ustozlar uchun eng murakkab ishlardan biridir. Lekin jarayonni adolatli va aniq amalga oshirish yoʻllari mavjud.
Avvalgi maqolamizda guruh boʻlib bajariladigan topshiriqlarning ahamiyati va ularni tashkil etish masalasini yoritgan edik. Bu jarayonni toʻgʻri tashkil etish qanchalik muhim boʻlsa, topshiriqlarni adolatli va samarali baholash ham oʻquvchilarning oʻrganish motivatsiyasini oshirishda ahamiyatli rol oʻynaydi. Bu galgi maqolamizda ana shu qiyin va murakkab jarayonni qanday amalga oshirish boʻyicha tavsiyalar beramiz.
Baholash mezonini ishlab chiqish
Samarali baholashning birinchi sharti – aniq baholash mezonini ishlab chiqish. Baholash mezonlari oldindan ishlab chiqilishi va har bir guruhga tushuntirilishi lozim. Bu orqali oʻquvchilar topshiriq davomida nimaga koʻproq urgʻu qaratish kerakligini aniqlab oladi, ulardan aynan nima kutilayotganini yaxshiroq anglab yetadi.
Nimani baholash kerak?
Nimani baholashimiz topshiriqdan koʻzlagan maqsadimizga bogʻliq. Masalan, tarix darsida Buyuk Ipak yoʻli boʻyicha izlanish olib borish va shu mavzuda taqdimot tayyorlash topshirigʻini berdik, deylik. Bu topshiriq orqali oʻquvchilar Buyuk Ipak yoʻlining iqtisodiy va madaniy ahamiyatini tahlil qilishi, tarixiy xaritalar bilan ishlashni oʻzlashtirishi, shunga bogʻliq tarixiy shaxslar va davlatlarni oʻrganishi, hamma xulosalarni jamlab, taqdimot holiga keltirishi lozim. Tuzadigan baholash mezonimiz ham ana shu talablar qanchalik bajarilganini baholashga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak.
Topshiriq guruh boʻlib bajarilganda ikki holatni baholash mumkin:
yakuniy natijani baholash;
guruh aʼzolari hissasini baholash.
Yakuniy natijani baholash
Yakuniy natijani baholash guruh ishi davomida bajarilgan topshiriqning sifatini baholash hisoblanadi. Bunday baholashni oldindan tayyorlab qoʻyilgan rubrikalar asosida amalga oshirish mumkin. Rubrikalar ikki xil shaklda boʻladi: yagona balli va analitik. Quyida topshirigʻimizga mos har ikki rubrika namunasini koʻrishingiz mumkin:
Yagona balli rubrika
Yagona balli rubrika ishlatilganda oʻqituvchi jamoaning ish sifatidan kelib chiqib oʻz subyektiv bahosini qoʻyadi. Maksimal balldan oshib ketmasa bas.
Analitik rubrika
Yagona balli va analitik rubrikalarni yuklab oling
Koʻrib turganingizdek yagona balli rubrika sodda va biroz subyektivlashgan. Analitik rubrika esa ancha aniq, subyektivlik maksimal kamaytirilgan. Analitik rubrikani tayyorlash qiyin jarayon va uzoq vaqt talab qiladi. Shuning uchun ham amaliyotda kamroq qoʻllanadi. Ammo muhim topshiriqlarni baholashda shu usuldan foydalanish koʻproq samara beradi.
Analitik rubrikadan foydalanganda oʻqituvchi aʼlo, yaxshi, qoniqarli, qoniqarsiz degan kategoriyalar uchun oʻz ballini qoʻyishi mumkin. Masalan, mos ravishda 5, 4, 3, 2 yoki 25, 20, 15 va 10. Har bir yoʻnalish boʻyicha toʻplangan ballning oʻrtachasi yakuniy ball sifatida qabul qilinadi. Masalan, A guruh quyidagicha ball toʻplagan:
Mazmun va tadqiqot sifati: 5
Xaritalar va manbalar: 4
Taqdimot sifati: 4
Xulosa sifati: 4
Jami 17 ball. Uni 4 ga boʻlsak 4,2, yaʼni 4.
Yagona balli va analitik rubrikalar har bir guruh uchun alohida chiqarib olinsa hamda guruhning bahosi ana shu varaqaning oʻziga qoʻyilsa hisoblash osonroq boʻladi. Bundan tashqari, baholash varaqasini oʻquvchilarning oʻzida qoldirish orqali, xatolarini muhokama qilishlariga imkon berish mumkin.
Yagona balli va analitik rubrikalar
Guruh aʼzolari hissasini baholash
Guruh boʻlib bajarilgan ishni baholashda adolat juda muhim. Yaʼni oʻquvchilar guruh ishiga qoʻshgan hissasiga koʻra baholanishi lozim. Odatda guruh boʻlib bajarilgan ishlar uchun bitta baho qoʻyiladi va oʻsha baho guruhning barcha aʼzolari uchun tegishli boʻladi. Ammo hamma ham teng qatnashmasligi mumkin (aksar hollarda shunday boʻladi). Bunday holatning oldini olish uchun guruh ish natijasini topshirgandan soʻng ularga jamoaviylikni baholash varaqasini berish mumkin. Bu varaqada guruhning har bir aʼzosi jamoadoshining loyiha yoki topshiriq davomida qanday ishlaganini maʼlum mezonlar asosida baholab chiqadi.
Jamoaviylikni baholash dastlab oʻquvchilarning bir-biriga yon bosishi bilan kechishi mumkin, ammo bu jarayon oʻtib ketadi. Jamoaviylik asosan 3 mezon asosida baholanadi:
masʼuliyat
hissa
Jamoaviylik
Har bir mezon yana bir necha kategoriyalarni oʻz ichiga oladi:
Masʼuliyat
Guruh muhokamalarida qatnashish
Vazifalarni bajarish
Hissa
Umumiy hissa
Sifat
Jamoaviylik
Qoʻllab-quvvatlash
Kelishmovchilik va ziddiyatlar
Jamoaviylikni baholash varaqasi har bir o‘quvchiga alohida tarqatiladi. Uni tarqatgandan so‘ng o‘quvchilarga undan foydalanish haqida qisqacha tushuntirish berish lozim. Jadvalni ushbu havola orqali yuklab olsangiz, unda jadvalni qanday to‘ldirish yozilgan. Uni o‘qib berishingiz yoki jadval bilan birga chiqib tarqatishingiz mumkin.
Guruh bo‘lib ishlash o‘quvchilarning o‘zaro muloqot qilish ko‘nikmalarini, mas’uliyat hissini va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi. Ushbu jarayonni samarali baholash esa ularga yanada ko‘proq motivatsiya beradi.