Interfeys nima?
Ikki tizimni bir-biri bilan bogʻlaydigan vosita interfeys deyiladi. Bu qanday tizimlar ekani va interfeys nimaligi haqida maqolamizda batafsil soʻz yuritamiz.
Interfeys — ikki tizimning bir-biri bilan o‘zaro munosabatda boʻlishiga imkon beruvchi vosita. Aslida buni bir-biri bilan bog‘lanish amalga oshirilishiga xizmat qiladigan kelishuv va qoidalar to‘plami desa ham boʻladi. Maqolamizda interfeys nima ekani va qanday ishlashi haqida batafsil soʻz yuritamiz.
Interfeys nima?
Bu tushunchaning bir necha taʼrifi mavjud boʻlib, ularning barchasida interfeys muhitni biror tizim bilan bog‘lashi aytiladi. Bunday tizim kompyuter bo‘lishi mumkin. Muhit esa bizning qo‘llarimiz.
Ularda o‘zaro munosabatda bo‘ladigan qoidalar to‘plami mavjud. Biz klaviaturadagi tugmalarning joylashuvi, buyruqlar to‘plamini eslab qolamiz va ular yordamida kompyuterda ishlaymiz.
Interfeys deganda ko‘pincha veb-sayt va ilovalarning foydalanuvchi interfeysi nazarda tutiladi. Biror manbadan ma’lumot topmoqchi bo‘lganimizda aynan interfeys bilan o‘zaro munosabatda bo‘lishimizga to‘g‘ri keladi.
Barcha menyular, tugmalar, pastga ochiladigan ro‘yxatlar, chatbotlar interfeys elementlaridir. Ammo bu degani interfeys faqatgina saytlarda mavjud boʻlishini anglatmaydi.
Kimlar interfeys bilan ishlaydi?
Hammamiz ishlaymiz, chunki har bir odam qandaydir ish bilan baribir internetdan foydalanadi. Har bir dastur, veb-sayt, messenjer yoki ijtimoiy tarmoq oʻz interfeysiga ega boʻladi va biz unga duch kelamiz.
Odatda ular foydalanuvchi uchun tushunarli boʻladi. Hatto ularning darajasi turlicha boʻlganda ham. Masalan, professional dasturiy taʼminotni tegishli bilimlarsiz tushunish qiyin boʻladi. Ammo bunday interfeyslar barcha odamlar uchun emas, balki mutaxassislar uchun yaxshi moslashtirilgan.
Interfeyslarni yaratish bilan dasturchi va dizaynerlar shugʻullanadi. Dizaynerlar uning vizual qismini oʻylab topadi, dasturchilar esa uni kod koʻrinishida amalga oshiradi. Odatda interfeysni frontendchilar ishlab chiqadi.
Interfeys nima degani oʻzi?
Interfeys bu – qoida va kelishuvlar toʻplami. Dasturlashda interfeys deganda kompyuter tizimining turli komponentlari oʻrtasida ma’lumotlar almashinuvini amalga oshiradigan kelishuv tushuniladi.
Ikki dastur, dastur va foydalanuvchi, ikkita qurilma va boshqalar almashinuv tomonlari boʻlishi mumkin.
Interfeyslar quyidagi koʻrinishlarda boʻlishi mumkin:
– quyi darajali: maksimal tafsilotlarga va minimal abstraksiyaga ega;
– yuqori darajali: kam detalizatsiyali va maksimal abstraksiyaga ega.
Sohasiga qarab interfeyslar quyidagicha boʻladi:
Hardware interfeyslar
Hardware interfeyslar — kompyuterning apparat qurilmalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqani ta’minlaydigan jismoniy razyom, kabellar, portlar va boshqa elementlar majmui.
Hardware interfeyslariga USB portlar, HDMI ulagichlar, audio chiqishlar va boshqalar misol bo‘ladi. Ular periferiya qurilmalarini kompyuterga ulash, ma’lumotlarni uzatish va boshqarish imkonini beradi.
Dasturiy interfeyslar
Ularni API (Application Programming Interface) ham deb atashadi. Bu turli dasturlar bir-biri bilan muloqot qiladigan hamda ma’lumotlarni almashadigan usul va qoidalar to‘plamidir. Bu bilan API dasturchilar ishini yanada samarali va qulay qiladi.
Ularning asosiy vazifasi — muayyan dasturiy mahsulot bilan ishlash uchun tayyor vosita va funksiyalarni taqdim etish orqali ilovalar yaratishni soddalashtirish.
Dasturchilar API yordamida boshqa ilovalarning funksiyalarini minimal mehnat orqali o‘z xizmatlariga integratsiya qilishi mumkin. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarning profillari, ularning do‘stlari, fotosuratlari va boshqa ma’lumotlarga ulashish uchun API taqdim etadi.
Google Mapsʼning APIʼsi esa dasturchilarga o‘z ilovalariga Google xaritalarini joylashtirish imkonini beradi. Buning uchun dasturchi kerakli parametrlar bilan APIʼga so‘rov yuborishi, so‘ngra xaritani ekranda ko‘rsatish uchun olingan javobni qayta ishlashi kerak.
API turli xil bo‘ladi: veb xizmatlar, kutubxonalar, operatsion tizim va boshqalar.
Obyektga yo‘naltirilgan dasturlashdagi (OYD) interfeyslar
OYDda interfeys sifatida obyektning boshqa obyektlar bilan qanday o‘zaro ta’sir qilishi mumkinligini tavsiflovchi usullar to‘plami tushuniladi. Interfeys obyekt bilan qanday amallarni bajarish va undan qanday ma’lumotlarni olish mumkinligini belgilaydi.
Bu abstrakt tushuncha bo‘lib, usullarning mantig‘ini amalga oshirishni qamrab olmaydi. U faqat usullarning signaturalarini, ya’ni ularning nomlari, qaytariladigan qiymatlari va parametrlarini belgilaydi. Usullarni bajarish interfeysni amalga oshiruvchi sinflar tanloviga bog‘liq.
Interfeyslar dasturlashni soddalashtirish va uning moslashuvchanligini oshirish uchun qo‘llanadi. Ular turli kontekstlarda foydalanish mumkin bo‘lgan sinflarni yaratish imkonini beradi.
Masalan, bizda bir xil amallarni bajara oladigan turli sinfdagi bir nechta obyekt bo‘lsa, ularni umumiy interfeysga birlashtirishimiz mumkin.
Shuningdek, bu obyektga yo‘naltirilgan dasturlashning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lgan polimorfizm mexanizmlarini amalga oshirish imkonini beradi. Polimorfizm turli sinf obyektlarini bir xil usulda qayta ishlashga yordam berib, kodni qayta ishlatish imkoniyatini oshiradi va uni tushunishni osonlashtiradi.
Umuman olganda, interfeyslar moslashuvchanlik, kengayuvchanlik va obyektlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqa qulayligini ta’minlab, obyektga yo‘naltirilgan dasturlashda muhim rol o‘ynaydi.
Foydalanuvchi interfeyslari
Bu foydalanuvchining dasturiy ta’minot yoki qurilma bilan o‘zaro aloqa qilish usulidir. U inson dasturni boshqarishi, ma’lumotlarni kiritishi va olishi mumkin bo‘lgan elementlardan iborat.
Foydalanuvchi interfeyslari ishdagi qulaylik va samaradorlikni ta’minlashi kerak. Buning uchun ular intuitiv tushunarli, oson foydalaniladigan va idrok qilish uchun sodda qilib yaratiladi.
Odatda interfeyslar menyu, tugmalar, kiritish maydonlari, dialog oynalari, ikonkalar va boshqalardan iborat boʻladi. Foydalanuvchiga qulay boʻlishi uchun ularning barchasi birgalikda ishlaydi.
Zamonaviy texnologiyalar veb interfeyslar, mobil ilovalar, ovozli interfeyslar va boshqa turli xil foydalanuvchi interfeyslarini yaratish imkonini beradi. Ularning har biri o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, dasturlashda turlicha yondashuvni talab qiladi.
Qanday foydalanuvchi interfeyslari mavjud?
Garchi hozir ulardan faqat bittasi keng tarqalgan boʻlsa-da, lekin ularning bir necha turi mavjud.
Matnli
Bu turga buyruq satri yoki Command Line Interface kiradi. U aslida kompyuterning birinchi interfeysi bo‘lgan. Hozirgi paytda buyruq satridan dasturchi va tizim administratorlari foydalanadi.
Uning shakli kiritish maydoni koʻrinishida boʻlib, foydalanuvchi unda buyruqlarni yozadi va javobni matn shaklida oladi.
Grafik
Uni Graphical User Interface deb ham atashadi va ifodalash uchun GUI qisqartmasidan foydalanishadi. Bu zamonaviy kompyuterlarda amalga oshirilgan eng mashhur foydalanuvchi interfeysi turidir. Veb-saytlarning interfeyslari ham shu asosda ishlaydi.
Nomidan ko‘rinib turganidek, GUI grafikadan foydalanadi. Bu turdagi klassik foydalanuvchi interfeysi turli xil boshqaruv elementlari: tugma, menyu, pastga tushuvchi ro‘yxatlarga ega maydondan iborat.
Taktil
Bunday interfeys savdo markazlari yoki aeroportlarda uchratish mumkin bo‘lgan axborot tablolarida amalga oshirilgan. Ular odatda cheklangan funksionallikka ega bo‘lib, foydalanuvchi navigatsiya uchun barmoqlaridan foydalanib, faqat ma’lumot qidirishi mumkin.
Ovozli
Bu interfeyslarning ovozli yordamchilar va aqlli uy tizimlari foydalanadigan nisbatan yangi turi. Unda foydalanuvchi gapirishi, yaʼni ovozi orqali barcha buyruqlarni beradi, dastur esa ularni qayta ishlab, muayyan harakatlar bilan javob qaytaradi.
Neyron
Interfeyslarning neyronlar yordamida boshqarilishi mumkin bo‘lgan eng murakkab turi. Ya’ni fikr kuchi bilan. Hozirgi vaqtda neyron interfeyslaridan juda kamdan-kam, asosan tibbiy texnikada, masalan, protezlarda foydalaniladi. Ular kelajakda hatto kompyuterni ham boshqara oladigan neyrochiplarda ham qo‘llanishi mumkin.
Imo-ishorali
Nomidan ko‘rinib turganidek, bu interfeys imo-ishoralar yordamida boshqariladi. Bunday model, masalan, virtual o‘yinlarda amalga oshiriladi.
Foydalanuvchi interfeyslari orasidagi eng ommalashgan tur grafik interfeys hisoblanadi. U bozorda ustunlik qiladigan va ko‘p odamlar kundalik hayotda aynan muloqot qiladigan interfeysdir.
Grafik interfeyslar nima uchun yaratiladi?
Ularning uchta asosiy qo‘llanish sohasi mavjud.
Veb interfeyslar
Ular har bir veb-saytda, shu jumladan, siz hozir bu maqolani o‘qiyotganingizda ham bor. Veb interfeyslar barcha brauzerlarda ishlaydi va aksariyat resurslarga kirishimizga imkon beradi.
Ular kompyuter sichqonchasi yordamida boshqariladi va matn bloklari, tugmalar hamda boshqa navigatsiya elementlaridan iborat boʻladi.
Mobil
Bu interfeyslar mobil ilovalar uchun yaratiladi. Brauzerlardan farqli ravishda smartfon yoki planshetlarga o‘rnatiladi. Interfeyslarning o‘zi esa kichik ekranlarga moslashtirilgan.
Shu bilan ular funksional jihatdan dekstop uchun mo‘ljallangan interfeyslardan farq qiladi. Mobil interfeyslarda tugmalar o‘lchami kattaroq, joylashuvi esa qo‘l bilan boshqarish imkonini beradi.
Oʻyin
Ulardan kompyuter o‘yinlarida foydalaniladi va o‘yin voqeligiga moslashtiriladi. Bunday interfeyslar yordamida o‘yinchilar qoidalarni bilib oladi, o‘zlarida qanday vositalar borligini va ulardan qanday foydalanishni ko‘radi. Odatda ularda minimal matn va maksimal tushunarli vizual tasvir bo‘ladi.
Grafik interfeysning asosiy elementlari
Juda koʻp turli xususiyatlari boʻlishiga qaramay, aksariyat interfeyslar standart elementlar asosida yaratiladi.
Tugma. Interfeysning eng universal komponenti. Undan ma’lum bir harakatlarni bajarish uchun foydalaniladi. Masalan, tugma yordamida tarqatma xabarlarga obuna bo‘lish, munosabat bildirish, boshqa sahifaga o‘tish mumkin.
Menyu. Bu foydalanuvchi o‘tishi mumkin bo‘lgan bo‘limlar ro‘yxati. Menyu asosiy navigatsiya elementi bo‘lib, uning yordamida veb-saytning strukturasi taqdim etiladi hamda shu boʻyicha harakatlaniladi.
Ro‘yxat. Tarkib ko‘rsatilgan satr. Ba’zi hollarda foydalanuvchi mustaqil ravishda tarkibga bandlarni qo‘shishi yoki o‘chirishi mumkin.
Kiritish maydoni. Bu matnni yozish mumkin bo‘lgan satr. Masalan, klassik qidiruv interfeysi o‘z so‘rovingizni kiritishingiz kerak bo‘lgan markaziy kiritish maydonidan iborat.
Skrol. Bu sahifa bo‘ylab harakatlanish imkonini beruvchi siljitish chizig‘i.
Chekboks. Biror narsani tanlash uchun kerakli bandga belgi qo‘yiladigan maydonlar ro‘yxati. Chekbokslar yordamida, masalan, veb-saytda to‘lov usuli yoki savatda xarid qilinadigan mahsulotlar tanlanadi.
Interfeys yaratishning asosiy tamoyillari
Zamonaviy interfeyslarga qat’iy talablar qo‘yiladi va ularni yaratish ustida professionallar yigʻilgan katta jamoa: menejerlar, analitiklar, marketologlar, dizaynerlar va dasturchilar ishlaydi.
Bunday jiddiy e’tiborni biznes manfaatlari bilan izohlash mumkin. Interfeys — kompaniya yuzi. Ularning aksariyati uchun veb-sayt yoki ilova asosiy savdo kanalidir. U foydalanuvchi uchun qancha qulay bo‘lsa, shuncha yaxshi marketing natijalariga erishiladi.
Interfeyslarni yaratish tamoyillari:
Foydalanuvchi muammolariga e’tibor qaratish
Interfeysni ishlab chiqish foydalanuvchi yo‘lini hisoblashdan boshlanadi. Boshqacha qilib aytganda, kishi veb-saytga nima uchun kirishini va qanday yo‘lni bosib o‘tishini yaxshi tasavvur qilish kerak. Jamoaning vazifasi esa uning yo‘lidagi barcha to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat. Buning uchun eng kerakli elementlar markaziy o‘rinni egallagan intuitiv tushunarli interfeyslar yaratiladi.
Bir xillik
Dizaynerlar interfeysni mayda detallar — tugma, ikonka va boshqa vizual elementlarga ajratadi. Ularning hammasi bir xil uslubda boʻlib, barcha sahifalarda joylashtirilishi kerak.
Soddalik
Interfeysda ortiqcha elementlar bo‘lmasligi kerak. Uni yaratishda funksionallik ustuvorlik qiladi. Hatto bola ham uning navigatsiyasini tushunishi kerak.
Yopiq oqimlar
Foydalanuvchi veb-saytda qiladigan barcha jarayonning boshi va oxiri bo‘lishi kerak. Odamlar qaysi bosqichda ekanini tushunishi uchun ularning barchasini statuslar bilan belgilash kerak.
Xato yo‘qligi
Yaxshi interfeys xato qilish, biror narsani noto‘g‘ri bajarish imkoni bo‘lmagan interfeysdir. Foydalanuvchi adashishi va chiqib ketishi uchun oʻrin qoldirmaslik kerak.
Xulosa
Endi siz interfeyslar nima ekani va qanday bo‘lishini bilasiz. Ko‘pchiligimiz kompyuterni yoqqanda va internetga kirganda foydalanuvchi interfeyslariga duch kelamiz. Ular barcha veb-sayt va ilovalarda mavjud.
Zamonaviy interfeyslar bizga tezda bilib olish, kerakli ma’lumotlarni topish, xarid qilish va o‘yin o‘ynash imkonini beradi.
Manba: Что такое интерфейс

