Introvertlar bilan ishlashning 10 ta usuli
Oʻquvchilaringizning uchdan bir qismi yoki deyarli yarmi introvert oʻrganuvchi boʻlishi mumkin.
Har bir sinfda introvert va ekstrovert oʻquvchilar uchraydi. Ularni farqlab olish oson deb oʻylashingiz mumkin: ekstrovertlar faol ishtirok etishga harakat qiladi, introvertlar esa kamgap va tortinchoq boʻladi. Ammo har doim ham bu taxmin toʻgʻri chiqmaydi. Koʻplab introvertlar boshqalar bilan vaqt oʻtkazishdan zavq oladi. Lekin bunga sarflagan energiyasini qayta tiklash uchun yolgʻiz qolishga ehtiyoj sezadi. Agar sinfda introvertlarni qoʻllab-quvvatlamoqchi boʻlsangiz, ular haqida koʻproq maʼlumot bilishingiz kerak.
Introvert oʻzi kim?
Klassik taʼrifga koʻra, ekstrovertlar boshqalar bilan muloqot qilishda energiya olsa, introvertlar xuddi shu narsadan charchab qoladi. Bu esa introvertlarning koʻpincha yolgʻiz qolishni xohlashi va jamoaviy loyihalar ustida ishlagandan koʻra yakka tartibdagi vazifalarni bajarishni afzal koʻrishini izohlaydi.
Oʻquvchilaringizning uchdan bir qismidan deyarli yarmigacha introvert boʻlishi mumkin. Ularning baʼzilarini osonlik bilan aniqlasangiz, boshqalari sizni hayratda qoldiradi ham. Chunki ayrim introvertlar guruhda boʻlishni va boshqalar bilan muloqot qilishni yoqtiradi. Biroq bunday muloqotlarga sarflaydigan vaqtining chegarasi boʻladi. Shu vaqtdan oshib ketganidan keyin ular tinch muhitga muhtojlik sezadi.
Boshqa introvertlar kamgap, uyatchan va odamovidek koʻrinadi. Bu esa sinfdagi introvertlar uchun muammo keltirib chiqarishi mumkin. Koʻpchiligimiz ochiqlik va kirishimlilikni oʻrganishdagi faollik bilan bogʻlaymiz. Lekin bu kamgap yoki odamlar orasida “ajralib turmaydigan” kishilarga nisbatan beixtiyor paydo boʻladigan notoʻgʻri qarash boʻlishi mumkin.
Zamon koʻproq ekstrovertlarniki. Lekin introvertlar ham hayotning barcha sohalarida va lavozimlarida xuddi ekstrovertlar kabi muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Roza Parks, Albert Eynshteyn, Mahatma Gandi va professor Syuss kabi introvert shaxslar ham jamiyatga juda katta hissa qoʻshgan. Taʼlim berish jarayonini qayta koʻrib chiqish orqali oʻqituvchilar introvertlarni sinfda qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
Introvert oʻquvchilarni sinfda qoʻllab-quvvatlashning 10 ta usuli
1. Qolipga solmang
Uyatchanlikni introvertlik bilan adashtirmang. Introvertlar faoliyatlardan oʻzini chetga olishni afzal koʻrishi mumkin. Biz buni odatda tortinchoqlik deb notoʻgʻri talqin qilamiz. Baʼzi introvertlar uyatchan boʻlishi, boshqalar oldida oʻzini noqulay his qilishi mumkin, lekin bu holat doimiy boʻlmaydi. Introvertlar qaysidir narsadan haddan tashqari taʼsirlanganda va qayta quvvat yigʻish uchun yolgʻiz qolishga ehtiyoj sezgandagina oʻzini chetga oladi.
Bolalar haqida gaplashganimizda aytayotgan soʻzlarimiz juda muhim. Toʻngʻich oʻgʻlimni boshlangʻich sinfga berganimda oʻqituvchisiga uni “ogʻir-bosiq” va “taʼsirchan” deb aytgandim. Chunki bu taʼriflar foydalanish va tushunishga oson edi. Ataylab qilmagan holda oʻgʻlimni maʼlum bir toifaga kiritib qoʻydim. Shu tufayli boshqalarning u bilan boʻladigan munosabatiga taʼsir koʻrsatdim.
2. Ulardagi qimmatli fazilatlarni yuzaga chiqaring
Oʻgʻlim ogʻir-bosiq va taʼsirchan boʻlishi mumkin. Lekin ayni paytda u hazilkash, tasavvuri keng, ziyrak, mehribon, boshqalarning ehtiyojlari va his-tuygʻularini juda yaxshi tushuna oladigan bola. O‘tgan yili u nafaqat to‘rtinchi sinf spektaklida so‘zlaydigan rol oldi. Balki g‘alati, kulgili, o‘ylab topilgan oʻzga sayyoraliklarning tilida to‘satdan javoblar aytib yuboradigan televiktorina ishtirokchisi rolini ham qo‘lga kiritdi. Hammani, hatto oʻzini ham hayron qoldirib, tomoshabinlarda katta kulgi uygʻotdi.
Introvert boʻlishning koʻplab afzalliklari mavjud. Ular shoshqaloqlik bilan xulosa chiqarmaydigan yaxshi tinglovchi boʻladi. Gapirishdan avval oʻylab, suhbatga mazmunli hissa qoʻshadi. Bundan tashqari, ular nihoyatda ziyrak boʻladi. Orqada turib, atrofdagi barcha narsalarni eʼtibor bilan kuzatadi. Shuningdek, ular jamoasini muvaffaqiyatga yetaklaydigan, lekin eʼtiborni oʻziga tortishga intilmaydigan mehribon yetakchi boʻladi. Bularning barchasi sinfda ajoyib fazilat sanaladi.
3. Introvertlarga oʻzining kuchli tomonlarini koʻrsating
Introvert oʻquvchilarning kuchli tomonlarini tan olar ekansiz, ular ham buni tushunib yetishini taʼminlang. Oʻziga ishongan va soʻzamol oʻquvchilar darsda muntazam ravishda ishtirok etgani sabab har doim fidbek oladi. Kamgap oʻquvchilar esa eʼtibordan chetda qolishi mumkin. Shuning uchun ular bilan aloqa oʻrnatish yoʻllarini topish kerak. Introvert oʻquvchilaringizga ularning isteʼdodlari garchi kamroq eʼtibor tortsa-da, boshqalarniki kabi qadrli va ahamiyatli ekanini koʻrsating.
Oʻquvchilar sinfda ajratilib koʻrsatilishni yoki eʼtibor markazida boʻlishni yoqtirmasligi mumkinligini yodingizdan chiqarmang. Bunday vaziyatlarning oldini olishda koʻpincha “nozik” muloqot yaxshi natija beradi. Ularni koʻrib turganingizni va ishtirokini qadrlayotganingizni bildirib turishingiz kerak. Buning uchun koʻz bilan aloqa qilishingiz yoki hatto biroz tabassum qilishingizning oʻzi ham kifoya qiladi. Aniqroq fidbek berish uchun esa oʻquvchilarning ish daftari yoki uy vazifalariga qoʻlda izohlar yozishingiz mumkin. Yutuqlarini eʼtirof etish uchun elektron xatlar yuboring, tushlikka chiqib ketishayotganda yoki uyga qaytishayotganda sekingina nimadir deb koʻnglini koʻtarsangiz ham boʻladi.
4. Maxsus joylar bilan taʼminlash
Arxitektorlar binolarning dizayn uslubi shu yerda faoliyat yuritadigan odamlarning xulq-atvoriga taʼsir koʻrsatishini yaxshi biladi (bu “sirkulyatsiya” konsepsiyasi deyiladi). Masalan, ochiq maydonlardagi odamlarning xatti-harakatlari yopiq binolardagi kishinikidan farq qiladi.
Bu holat sinfxonaga tegishli. Faqat katta, umumiy maydonga ega boʻlgan sinflarda koʻp sonli, umumiy harakatlar yuzaga keladi. Sinfxonada alohida kichikroq burchaklar yaratish esa tinchroq, sokin muhitni yaratadi. Yaʼni chuqurroq fikrlash va samarali oʻrganishga sharoit qilib beradi. Kichik yoshdagi oʻquvchilar uchun sinfda kitob oʻqish burchagi yoki tinchlanish joyi tashkillashga harakat qiling. Katta yoshdagi oʻquvchilarga esa kichik guruhlarda muloqot qilish yoki suhbat burchaklari yordamida yolgʻiz qolish imkoniyatini bering. Shuningdek, zarur hollarda partalarini boshqa joylarga koʻchirish imkoni bilan taʼminlang.
5. Ishtirokni miqdor asosida emas, sifatiga qarab baholang
Maktablarda oʻquvchilarning dars jarayonidagi ishtirokini baholash boʻyicha munozaralar davom etmoqda. Bu borada oʻqituvchilar turlicha fikrlar bildiryapti. Agar siz buni rasmiy baholash tizimingizga kiritmoqchi boʻlsangiz, oʻquvchilarning qanchalik koʻp qatnashganiga diqqat qilmang. Balki ular berayotgan javoblarning sifatiga ahamiyat qarating.
Men oʻrta maktabning 10- va 11-sinf oʻquvchilariga darsda savol berganimdan soʻng kamida 1 daqiqa, baʼzida 2 daqiqagacha hech kim javob bermasligi kerakligini aytardim. Nega? Sababi shundaki, men ular javobini aytishdan avval yaxshilab oʻylab olishini kutardim. Bu usul introvertlar uchun qoʻl kelardi. Chunki bu fursatda ular darhol javob qaytarishlik bosimidan xalos boʻlib, fikrlarini jamlashi mumkin boʻlardi. Shuningdek, bu usul ekstrovertlar uchun ham foydali edi. Chunki bu ularga miyalariga kelgan birinchi narsani oʻylamasdan aytib yuborishdan oʻzlarini toʻxtatishga yordam berardi.
6. Oʻzaro muloqot qilishga imkon yarating
XXI asrda oʻqituvchi boʻlishning eng katta afzalliklaridan biri oʻquvchilar bilan shugʻullanishning turli-tuman yoʻllari mavjudligidir. Bu sinf bloglaridan tortib ijtimoiy tarmoqlargacha, hatto qogʻoz va oddiy qora qalam bilan ishlashgacha boʻlgan usullarni oʻz ichiga oladi. Bundan anglashiladiki, introvertlarga ilgari hech qachon boʻlmagandek darajada oʻzini namoyon etish imkoniyatini yaratib bera olasiz.
Yozish sinfdagi introvertlar uchun doimo oʻzini ifoda etish vositasi boʻlib kelgan. Sinfda muhokama boshlashdan avval oʻquvchilarga oʻz fikrlarini yozib olishlari uchun vaqt bering. “Sokin dialog” yoki “sokin muhokama” deb nomlanuvchi bu usul oʻquvchiga oʻzini yanada tayyor yoki ishtirok etishga shay his qilishiga imkon yaratadi.
Interaktiv onlayn vositalar yana bir ishonchli muhit yaratib berishi mumkin. Parley taʼlimga oid platformasi sizga muhokama soʻroviga javoblar tuzish, keyin bolalarni yozma va ogʻzaki fikr-mulohazalarga jalb qilish imkonini beradi. Flipgrid ilovasi esa oʻquvchilarga yolgʻiz qolgan paytida javoblarini video qilib yozib olish va keyinchalik boshqalarga ulashish imkoniyatini taqdim etadi. Sinfda qoʻllash uchun yanada qiziqarli onlayn vositalarni shu yerdan topishingiz mumkin.
7. Oʻqitish usullarining keng majmuasi
Oʻqitish uslublarida samarali ishtirokni taʼminlashning asosiy omili xilma-xillikdir. Kun davomida oʻqitish uslublaringizni oʻzgartirib turing. Yakka tartibda ishlash vaqti bilan guruh mashgʻulotlari olib boring. Oʻquvchilarga avval muammoni mustaqil ravishda oʻylab koʻrish imkonini bering. Keyin ularni juft-juft boʻlib muammoni chuqurroq tahlil qilishga undang va nihoyat,oʻz gʻoyalarini butun sinf bilan oʻrtoqlashishini soʻrang.
Kattaroq loyihalar haqida gap ketganda oʻquvchilarga bilimlarini boʻlishishning turli usullarini taklif qiling. Baʼzilar guruhlarda ishlashni, tortishuvlarni sahnalashtirishni yoki tarixdan biror sahnani ijro etishni tanlashi mumkin. Boshqalar esa, aksincha, mustaqil boʻlishni tanlab, anʼanaviy insho yozishi yoki foydali toʻplam yaratishni xohlaydi. Bu oʻquv jarayoniga ijodkorlik baxsh etadi va har bir oʻquvchining temperamentiga mos mashgʻulotga jalb etilishiga imkon beradi.
Guruh loyihalariga yondashishda ehtiyot boʻling. Barchamiz jamoa boʻlib ishlashni maʼlum darajada oʻrganishimiz kerak boʻlsa-da, har bir taʼlim jarayoni hamkorlikda oʻtkazilishi shart emas. Barcha oʻquvchilarga guruhda ishlashi uchun zarur vositalarni bering. Bu ularga yakka oʻzi yoki guruh tarkibida muvaffaqiyatga erishish imkonini yaratadi.
8. Har kunlik dars rejasiga sokin vaqt rejimini kiriting
Hozirgi kunda sinflarda hamkorlikda oʻqitish usuli keng tarqalgan boʻlib, unda koʻplab mashgʻulotlar va guruh ishlari oʻtkaziladi. Introvertlar guruhli muloqotdan hayiqishi yoki, aksincha, zavqlanishi ham mumkin. Qaysi biri boʻlsa ham bunday jarayondan keyin ularga oʻzlarini tiklash uchun vaqt zarur. Aks holda ular charchab qoladi va navbatdagi topshiriqqa diqqatini toʻliq jamlay olmaydi.
Har qanday yoshdagi, ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar uchun har kuni oʻqish, chizish yoki meditatsiya qilish uchun tinch vaqt tashkil qilib bering. Bu vaqtni har kuni bir xil paytda oʻtkazing. Shunda introvertlar ham, ekstrovertlar ham buni oʻz kundalik tartibining bir qismi deb biladi va kunning surʼatini oʻzgartirishdan manfaat oladi.
9. Strategiya tuzish uchun yakkama-yakka suhbatlashing
Introvert bola sifatida men uchun tub oʻzgarish ikkinchi sinfligimda sodir boʻlgan. Oʻshanda oʻqituvchim Xelbik xonim meni alohida xonaga taklif qilib, oʻqishim qanday ketayotgani va ularni yaxshilash uchun qanday yordam bera olishi mumkinligini gaplashgandi. Oʻsha paytgacha diqqat-eʼtiborimni jamlay olmasligimni, sinfdoshlarimdan biri, har kimning eʼtiborini tortish uchun jon kuydirib harakat qiladigan hazilkash boladan uzoqroq boʻlishim kerakligini qanday aytishni bilmay xavotirlanib yurardim.
Oʻsha suhbatdan keyin oʻzimni qanday yengil his qilganim esimda. Ammo undan ham uzoqroq davom etgan narsa oʻqituvchim mushkul ahvolimni payqab, shaxsiyatimga hurmat koʻrsatgani, vaziyatni meni xijolatga solmaydigan, bezovta qilmaydigan tarzda hal qilgani, bu esa menga ishonch bagʻishlagani edi.
Boshqacharoq aytganda, sinfingizdagi introvertlarga eng yaxshi usulda yordam berishni istasangiz, toʻgʻridan toʻgʻri ularning oʻzidan soʻrang! Ularga hech qanday muammoga duch kelmaganini tushuntiring. Soʻng ularda nimalarni payqaganingizni ayting va oʻzlarini qanday his qilayotganini soʻrab koʻring. Keyin ularning muvaffaqiyatini qoʻllab-quvvatlash rejasini birgalikda tuzishingiz mumkin.
10. Keraksiz paytda yordam berishdan saqlaning
Koʻplab oʻqituvchilar bilganiday muvaffaqiyatsizlikdan ham, muvaffaqiyatdan ham koʻp narsa oʻrganish mumkin. Maktablar natija qanday boʻlishidan qatʼi nazar yangi narsalarni sinab koʻrish uchun xavfsiz muhit yaratib bera oladi. Qisqa muddat sodir boʻlgan noqulaylik hissi yangi narsani qilmaslik uchun yetarli sabab boʻla olmaydi. Shuning uchun sinfda introvertlarni haddan tashqari himoya qilish ham yaramaydi, bu yaxshi yechim emas.
Introvertlar baʼzan qisqa muddatga eʼtiborni jalb qilish uchun tavakkal qilishiga toʻgʻri keladi. Har bir bola maʼlum bir paytda oʻz gʻoyalarini qanday ifodalashni oʻrganishi va boshqalarning nuqtayi nazaridan oʻrganishning afzalliklarini anglashi lozim. Tanqidga uchrash yoki haddan tashqari eʼtibor introvertlar uchun choʻchituvchi holat boʻlsa-da, ular bu tajribaning oʻzlari kutganidek yomon emasligini tushunib yetishi mumkin.
Oxir-oqibat oʻquvchilarimizning oʻzlari qanday boʻlsa, shundayligicha baxtli boʻlishini istaymiz. Bu jarayon shunchaki ularga qanday boʻlsa, shunday boʻlishga imkon berishdan boshlanadi. Buning uchun har bir bolaning cheksiz salohiyatini ochishda zarur boʻlgan vositalarni toʻgʻri tanlash va ulardan oqilona foydalanishga eʼtibor qaratish lozim.
Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

