Ish izlashdagi xatolar
Rezyume tayyorlashdan tortib intervyugacha boʻlgan ish qidirish jarayonida koʻp uchraydigan xatolar haqida soʻz yuritamiz.
Rezyume tayyorlashdagi xatolar
Turli sohalarda tajribaga ega bo‘lib, qaysi lavozimda ishlashni xohlayotganini aniq bilmaslik. Masalan, ish qidiruvchi shunday yozadi: “Ko‘zlangan lavozim — Java dasturchi, testirovshik yoki tizim administratori”.
Bunday noaniqlik yoki qarama-qarshilik rekruterlarni choʻchitadi. Ideal holatlarda oxirgi ishlangan lavozim ko‘zlangan lavozimga mos kelishi lozim. Shunday yondashuvda ish topish ehtimoli bir necha barobar yuqori bo‘ladi.
Ahamiyatsiz tajribaga e’tibor qaratish. Misol uchun, kishi Java dasturchi lavozimiga ariza topshiradi-yu, lekin avvalgi tokarlik tajribasini batafsil ta’riflaydi. Ahamiyatsiz tajribani batafsil yoritish o‘rniga kichik bo‘lsa ham, tegishli tajribani ta’kidlash kerak. Shuningdek, bo‘sh ish o‘rniga aloqador bo‘lmagan tajriba haqidagi ma’lumotni qisqacha berish maqsadga muvofiqdir.
Gapni olib qochish va faktlarni chalkashtirish. Tavsiflangan ish tajribasidan nomzod nima bilan shug‘ullanganini aniq bilib boʻlmaydi. Buning o‘rniga biografiyasining ahamiyatsiz faktlari batafsil bayon qilinadi.
Aloqa uchun maʼlumotlarni qoldirmaslik yoki ularni topish qiyin bo‘lgan qismlarga joylash. Shaxsiy ma’lumotlarni yashirish to‘g‘ri ish emas. Aksincha, rekruter qidirishga koʻp vaqt va kuch sarflamasligi uchun aloqa maʼlumotlarini imkon qadar barcha joyda ko‘rsatgan ma’qul.
Masalan, hh.ru platformasida nomzod bilan bogʻlanish maʼlumotlarini ochish uchun rekruter kompaniya byudjetini sarflashi kerak bo‘ladi. Agar bu ma’lumotlarni, aytaylik, “Men haqimda” bo‘limida ko‘rsatsangiz, rekruterning sizga murojaat qilish ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi.
Ilya Rijov, AyTi rekruterlar jamoasi rahbari, getmatch
Ish tajribasi va ko‘nikmalarga aloqador bo‘lmagan barcha ma’lumotlarni rezyumedan bemalol o‘chirib tashlash mumkin. Aniq tajriba, ko‘nikmalarni yozish hamda vaqt mintaqasi, afzal ko‘rilgan ish shakli kabi minimal darajada qo‘shimcha ma’lumot va muhim omillarni kiritish kifoya. Basketbolga bo‘lgan ishtiyoqingiz va sevimli stol o‘yinlaringiz haqida batafsil yozishning hojati yo‘q.
Rezyumeni ko‘rib chiqish paytida rekruter nomzodning ish tajribasi muddati, joylashuvi, so‘nggi ish joyi, bajargan ishlari, ma’lumoti va talabgor qanchalik tez-tez ish joyini o‘zgartirgani kabi bir necha muhim jihatlarga e’tibor qaratadi.
Ilova xatidagi xatolar
Qoliplangan iboralardan foydalanish. “Sizdagi bo‘sh ish o‘rni meni qiziqtirib qoldi, shuning uchun murojaat qildim” kabi standart ilova xatini ko‘pchilik yozadi. Bu ajralib turishingizga yordam bermaydi.
O‘zini mutaxassis sifatida ko‘klarga ko‘tarish. “Sizdagi bo‘sh ish o‘rniga aynan men mos kelaman, izlagan nomzodingiz menman” deb yozish kerak emas. Bu manmanlikka o‘xshab ketadi va natijada ishga qabul qilinish imkoniyatingizni pasaytiradi.
Rekruter tezda ko‘z yugurtirib, mohiyatini tushunishi uchun ilova xati kichik bo‘lishi kerak. Ko‘pi bilan uch-beshta qisqa xatboshidan iborat bo‘lsin:
Salomlashish, bunda ismni aytib murojaat qilgan ma’qul. hh.uz da odatda javob olish uchun aloqa ma’lumotlari ko‘rsatiladi. Ismni aytib murojaat qilish bu – yangi ish joyidagi katta hayotga qo‘yilgan kichik qadam hisoblanadi.
Talabgorlar uchun kompaniyaning jozibadorligini ko‘rsatish. Kompaniyaning faoliyat sohasidan kelib chiqish mumkin: masalan, firma dori-darmonlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi va bu ijtimoiy vazifa siz uchun muhim.
Raqamlarga murojaat qilish mumkin: kompaniyaning tez sur’atdagi o‘sishi qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidlash o‘rinli. Yoki texnologik va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga e’tibor qaratish yoxud qo‘llanayotgan texnologiyalar majmuasiga bog‘lash. Ya’ni kompaniyaning maqsadi, texnologiya, qadriyatlariga asoslanish mumkin.
Ko‘rib chiqilayotgan lavozim uchun tegishli tajribaning qisqacha mazmuni: vazifalar, texnologiyalar to‘plami va tajriba yillari. Masalan, Java dasturchi lavozimi uchun quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: “Uch yildan beri Java dasturlash bilan shug‘ullanaman, billing xizmatini yaratish, mikroservislarni loyihalash va tizimlarni integratsiyalash tajribasiga egaman”. So‘nggi gapda texnologiyalar to‘plamini sanab o‘tamiz: Java, Spring, Kubernetes. Bu mutaxassisning tajribasini tushunish uchun yetarli boʻladi.
Harakatga daʼvat. Masalan: “Bu masala yuzasidan suhbatni davom ettirishdan mamnun bo‘lardim”, “Batafsil suhbatlashish va barcha tafsilotlarni bilib olish qiziqarli bo‘lardi”, “Shu hafta ichida sizga qulay vaqtda qo‘ng‘iroqlashishdan xursand bo‘lardim”, “Iltimos, tafsilotlarni muhokama qilish uchun sizga qaysi vaqt ma’qul bo‘lishini aytsangiz”.
Ism va aloqa ma’lumotlari. Telefon, pochta, Telegram akkauntini yozish, GitHub yoki LinkedIn’ga havola berish orqali murojaat qilish imkoniyatini yaratish kerak.
Ilya Rijov
Bo‘sh ish o‘rinlariga ariza topshirayotganda har doim ilova xat yozishni maslahat beraman. Buning ma’nosi shundaki, kompaniyaga borayotganingizda ikkala taraf ham bir-biringizga ma’qul bo‘lishingiz kerak. Ilova xat kompaniyaga nisbatan xushmuomalalik belgisi bo‘lib xizmat qiladi va bu boshqa nomzodlardan ajralib turishning bir usulidir. Bunday xatning umumiy andozasini yaratib olish, uni har bir boʻsh ish oʻrniga tezda moslashtirish mumkin. Bu koʻp vaqt olmaydi va haqiqatdan ham yaxshi natija beradi.
Bo‘sh ish o‘rinlarini tanlashdagi xatolar
Rasmiy talab va shartlar: ish shakli, shaharni e’tiborsiz qoldirish. Agar ish beruvchi Moskvadagi ofisda ishlashni talab qilsa, ish qidiruvchi esa Kaliningradda yashayotgan va ko‘chishga tayyor bo‘lmasa, bunday e’lonlarga javob berish befoyda. Yoki kompaniya faqat fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida yo o‘zini o‘zi band qilish doirasida ishga qabul qilishga tayyor. Ish qidiruvchi esa tibbiy sug‘urta va ta’til to‘lovlari bilan mehnat shartnomasini xohlasa, bunday holatda ham javob berish ma’nosiz.
Tanlangan bo‘sh ish o‘rniga bilim va tajribaning mos kelmasligi. Biroq bu holat turlicha baholanishi mumkin. Masalan, talabgor uchun bu aniq nomuvofiqlikdir. Kompaniyalar uchun sanab o‘tilgan ko‘plab ko‘nikmalardan aslida faqat ikkita yoki uchta asosiysi zarur bo‘ladi va aynan shu ko‘nikmalarga ish izlovchi ega bo‘lishi ehtimoli bor.
Har qanday bo‘sh ish o‘rniga o‘ylamasdan ariza topshirish, rezyumeni ommaviy tarqatish. Bunday yondashuv juda past natija beradi, eng yaxshi holda ham talabgor o‘nta murojaatga bitta javob oladi. Bunday holatda sarflangan kuch behuda ketadi.
Ilya Rijov
Murojaatlarni tanlov asosida yuborishni va tor qidiruv strategiyasiga rioya qilishni, ya’ni muayyan kompaniyalarga kirishga harakat qilishni maslahat bergan boʻlardim. Nafaqat hh.uz xizmatidan, balki muqobil manbalar: Xabr, LinkedIn, Telegram kanallaridan ham foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Yirik kompaniyalar ko‘pincha o‘z veb-saytlarida bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qiladi – ular asosida murojaat qilishingiz yoki rezyumengizni qoldirib, kelajakda foydalanish uchun ma’lumotlar bazasiga kiritilishingiz mumkin. Yana bir variant – to‘g‘ridan to‘g‘ri rekruterlarga murojaat qilish. Ularning aloqa ma’lumotlarini muqobil manbalar yoki kompaniyalarning veb-saytlaridan topish mumkin.
Unutmaslik kerakki, ish qidirish bu – uzoq davom etadigan o‘yin. Kerakli tanishlar orttirish foydali bo‘ladi. Ish topishning turli usullaridan foydalanish kerak, chunki qaysi yoʻl sizni kerakli natijaga tezroq olib kelishini hech qachon oldindan bilmaysiz.
Suhbat va kommunikatsiyadagi xatolar
Suhbatning dastlabki bosqichidayoq rekruterdan sharoitlar, ofis, tibbiy sug‘urtaga nimalar kiritilishi va bir oylik ta’til olish imkoniyati bor-yo‘qligi kabi savollar bilan ishning moddiy tomonlari haqida batafsil so‘rab-surishtirish to‘g‘ri emas. Albatta, bu juda muhim, biroq bunday savollarni keyinroq, sizni ishga taklif qilishga tayyor bo‘lganlarida so‘ragan ma’qul.
Boshlanishida ishning o‘zi, vazifa va loyihalar, sinov muddati rejasi, kutilmalar, istiqbollar haqida gaplashgan ma’qul. Bu nomzodni rivojlanishga intiluvchan va ishga qiziqishi baland xodim sifatida ko‘rsatadi. Natijada ishga olish imkoniyatini oshiradi. Shuningdek, bilimlar to‘plami, vazifalarning taqsimlanish tizimi va umuman kompaniya madaniyatini muhokama qilish foydadan holi boʻlmaydi.
Tajriba va ko‘nikmalarni bo‘rttirib ko‘rsatishga urinish. Bunday ma’lumotlarni tekshirish oson: rekruter sobiq hamkasblarga murojaat qilishi yoki boshqa yo‘l bilan aniqlik kiritishi mumkin.
Ishdan tashqari vaqtda ishga oluvchi yoki potensial ish beruvchi bilan aloqa o‘rnatishga urinmang. Foydali maslahat: xabar yoki xatni ertalab yuboring, shunda u ro‘yxatning yuqorisida turadi. Bu uni ko‘rish va o‘qish ehtimolini oshiradi.
Ilya Rijov
Odatda birinchi suhbatda rekruterni to‘rt narsa qiziqtiradi:
1. Nomzodning motivatsiyasi. “Hamma e’longa ariza yuboraman, kim ishga olsa, o‘sha yerga boraveraman” kabi gaplar darhol “qizil bayroq”qa sabab boʻladi.
2. Taqdim etilgan tajribaning haqiqatga va bo‘sh ish o‘rni talablariga muvofiqligi.
3. Ish haqi bo‘yicha kutilmalarning mosligi.
4. Kompaniya va nomzodning qadriyatlari – madaniyati, soft skillari, muloqot usullarining mos kelishi.
Ekspert tavsiyasi
Ilya Rijov
Ish qidirish – tegishli kuch va resurslarni talab qiladigan yana bir ish. Amaliyot, frilans, pet loyihalarda imkon qadar ko‘proq tajriba orttirishni maslahat beraman.
Bu jarayonda nafaqat o‘z resurslaringizdan, balki qo‘shimcha vositalardan ham foydalanish muhim ahamiyatga ega. Ish qidirish haqida hamma narsani bilaman deb o‘ylamang va karyera maslahatchilari yoki netvorking orqali yordam so‘rashdan uyalmang. Shuningdek, faqat bitta usulga, masalan, mashhur hh.uz ga bog‘lanib qolmasdan turli xil qidiruv kanallaridan foydalanishni tavsiya etaman.
Qidiruvga ongli ravishda yondashish lozim: har bir qadamingizni tahlil qilib, u qanday natijaga olib kelgani va nima sababdan shunday bo‘lganini ko‘rib chiqing. O‘zingizga “Buni qanday o‘zgartirish mumkin?”, “Yana qayerga murojaat qilish mumkin?” savollarini bering.

