Karyera
Ish taklifini baholash uchun 7 savol
Uni kutayotgandingiz. Erishishga umid qilayotgan edingiz. U haqida orzu ham qilayotgandingiz. Va nihoyat, u shu yerda – bu ish endi sizniki. Tabriklaymiz!
Doun Grexem: “Qoʻlingizda ish taklifi boʻlganida haqiqiy qaror qabul qilish jarayoni boshlanadi”, deydi. U “Switchers: How smart Professionals Change Careers — and Seize success” kitobini yozgan. Endi oʻylaydigan narsangiz faqatgina maosh va imtiyozlar emas. Balki juda koʻp narsani tahlil qilishingizga toʻgʻri keladi. Masalan,
– lavozimning sizni sinovdan oʻtkazish va rivojlantirish imkoniyati;
– qabul qilinganingizdan keyingi ish va shaxsiy hayot muvozanati;
– kompaniya muhiti va qadriyatlari siznikiga qanchalik mos kelishi va hokazo. Grexem bu vaziyatga shunday fikr bildiradi: “Suhbat jarayonida ish beruvchi ustunlikka ega boʻladi. Biroq ulardan taklif olganingizdan soʻng vaziyat oʻzgaradi. Endi sizni ular aynan shu lavozimda koʻrishni xohlaydi va tasavvur qiladi. Bu esa kamyob fursatni – oʻz taʼsiringizni oʻtkazish imkoniyatini taqdim etadi”."
Karyera va yetakchilik boʻyicha murabbiy Chelsi Jey bu vaziyatni qoʻldan boy bermaslikni aytadi. Toʻgʻri, bu imkoniyatdan foydalanib qolish vahimali tuyulishi mumkin. “Taklifni qabul qilish oʻzingiz va karyerangiz uchun nimani anglatishini hisobga olish – oʻz-oʻzingizni tahlil qilishni talab qiladi”, deydi u. “Bu katta majburiyat, turmush tarzingiz hamda shaxsiy, kasbiy maqsadlaringizga mos kelishi lozim”.
Grexem bilan Jey taklif haqida oʻylab olishingiz uchun yetarlicha vaqt va joy ajratishni tavsiya qiladi. Shuningdek, variantlarni oʻylash vaqtida quyidagi yetti savolni oʻzingizdan soʻrashingizni ham maslahat beradi.
1. Nimani eʼtibordan chetda qoldiryapman?
Deylik, suhbat chogʻida butun eʼtiboringizni ishni qoʻlga kiritishga qaratdingiz. Biroq Grexemning soʻzlariga koʻra bu bir tomonlama fikrlash. Bu sizni lavozim yoki kompaniya haqida taxminlar qilishga yoki muhim tafsilotlarni eʼtibordan chetda qoldirishga olib kelishi mumkin. “Odamlar ishning muayyan jihatlariga koʻp eʼtibor qaratib, muammoli taraflarini koʻzdan qochiradi”, deya qoʻshimcha qiladi Grexem. Misol uchun, kompaniyaning obroʻsi yoki kattaroq maosh olish istiqboliga juda berilib ketishingiz mumkin. Ishga qabul qilayotgan menejerning parishonxotirligi yoki kompaniyaning qatʼiy davomat talablari oilaviy hayotingizni ogʻirlashtirishi mumkinligiga ahamiyat ham bermaysiz. Grexem yana ishni boshlagandan soʻng muammolar oʻz-oʻzidan hal boʻlib ketadi, deb oʻylamasligingizni maslahat beradi. Rahbaringiz oʻz xulq-atvorini oʻzgartirishi amri mahol, gibrid ish jadvali boʻyicha kelishib olish imkonsiz boʻlishi mumkin.
Jey ish taklifini ishonchli yaqinlaringiz, masalan, turmush oʻrtogʻingiz, doʻstlaringiz yoki karyera boʻyicha maslahatchilar bilan muhokama qilishingizni tavsiya etadi. Ikkilangan taraflaringizni hal qiling, mavhum tomonlarini aniqlab oling. Ish yoki oʻsha tashkilotning sizni biroz xavotirga solayotgan jihatlarini koʻrib chiqing. U yana shunday maslahat beradi: “Barcha ustuvorliklaringizni koʻrib chiqing. Agar ularning biridan voz kechishga toʻgʻri kelib qolsa, bu muammo boʻlmasligi mumkin. Lekin ularning barchasi eʼtibordan chetda qolmasligiga ishonch hosil qiling”.
2. Kompaniya madaniyati aslida qanday?
Tashqaridan kompaniyaning haqiqiy madaniy qiyofasini koʻrish qiyin boʻlishi mumkin. Shuning uchun ham nozik ishoralarga eʼtiborli boʻling.
Grexem buni suhbat paytida orttirgan tajribangiz haqida oʻylab koʻrishdan boshlashni maslahat beradi. Ish va shaxsiy hayot oʻrtasidagi nosogʻlom munosabatga sabab boʻladigan har qanday belgiga eʼtiborli boʻling. Masalan, kompaniya kechasi intervyu rejalashtirishi yoki dam olish kunlarida ham tez-tez emailʼdan xabarlar yuborishi mumkin. Keyin boʻlajak hamkasblaringiz bilan bogʻlanib, savollarni ochiq bering. Jeyning bunday vaziyatda beradigan doimiy savoli: “Bu lavozimga tayinlanganingizda sizni nima hayratga solgan?” Ishlayotgan kompaniyasidan xursand xodimlar koʻpincha jamoasi yoki yaratilgan imtiyozlar haqida ijobiy tajribalarni soʻzlab beradi. “Ammo norozi xodimlar salbiy tomonlarga eʼtibor qaratadi”, deydi u. “Agar bitta narsa haqida soʻrasangiz, ular sizga oltitasini aytib beradi”.
Jey, shuningdek, kompaniyaning yangi xodimni tanishtirish jarayoni haqida koʻproq maʼlumot olishni tavsiya qiladi. “Bu jarayonda eshitishingiz kerak boʻlgan narsa — hamkasblaringizga ergashib ishlashingiz va oʻquv mashgʻulotlarida qatnashishingiz haqida boʻlishi kerak”, deydi u. “Bu esa kompaniyaning faol, maqsadli va sizning muvafaqqiyatingizga sarmoya kiritishga tayyorligini koʻrsatadi. Aksincha, bir oʻzingiz yolgʻiz holda hamma narsani tushunishga urinishni tanlamasligingiz kerak”.
3. Boʻlajak rahbarim qanday shaxs? Shaxsiy va kasbiy jihatdan bir-birimizni tushuna olamizmi?
Boʻlajak rahbaringiz bilan ularning boshqaruv uslubi haqida gaplashib olishingiz kerak. Bu sizning ishlash tarzingiz hamda afzalliklaringizga qanchalik mos kelishi haqida ochiqchasiga suhbatlashib oling. Jey shunday yoʻl tutishni tavsiya qiladi.
“Bu narsalarni gaplashib olishdan tortinmasligingiz kerak. Chunki ishga kirishga qaror qabul qilsangiz, baribir bu masalani muhokama qilishingizga toʻgʻri keladi”, deydi u. “Agar oʻzingizni va ehtiyojlaringizni ifodalashda noqulaylik his qilsangiz, bu ishlash uchun eng yaxshi joy boʻlmasligi mumkin”.
Boʻlgʻusi rahbaringiz bilan ular jamoadagi muvaffaqiyatni qanday tasavvur qilishi va qoʻl ostidagi xodimlardan nimalar kutishi haqida suhbatlashing. Xodimlarning koʻnikmalarini rivojlantirish va kompaniyada yuqori lavozimlarga koʻtarilish borasida qanday yordam koʻrsatilishini soʻrang.
Ideal xodimdan nimalar kutilishini bilish ham foydadan holi emas. “Ular mustaqil ishlaydigan va masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladigan xodimlarni maʼqul koʻrishi yoki buyruqlar tizimini tushunadigan odamlarni xohlashini aytishi mumkin”, deya davom etadi Jey. “Bu sizga ularning boshqaruv uslubi va ish yuritish tartibi haqida koʻproq maʼlumot beradi”.
4. Tashkilotda rivojlanish uchun salohiyatim yetarlimi?
“Bu ish sizni oʻzingiz erishmoqchi boʻlgan keyingi bosqichga olib chiqishga yordam beradimi?” degan savol yana bir muhim masala hisoblanadi, deydi Jey. U avvalo uzoq muddatli karyeraviy maqsadlaringiz, xususan, 5–10 yildan keyin oʻzingizni qayerda tasavvur qilishingiz haqida oʻylab koʻrishni maslahat beradi. Keyin esa ushbu lavozim sizning rivojlanishingizni qoʻllab-quvvatlash uchun zarur koʻnikmalar, taʼlim yoki ustoz-shogirdlikni taʼminlay olishi yoki yoʻqligini aniqlang.
Ishga qabul qiluvchi menejerdan kompaniyadagi xodimlarning karyerasida erishgan yutuqlaridan aniq misollar keltirishini soʻrang. Kasbiy rivojlanish uchun ajratiladigan mablagʻ va xodimlarning kurslarda qatnashish, konferensiyalarda ishtirok etish yoki sertifikatlar olish imkoniyatlari darajasi haqida maʼlumotlar soʻrab koʻring. “Bu orqali kompaniyaning sizning oʻsishingiz va rivojlanishingizga xayrixohligini koʻrsatuvchi belgilarni topasiz”, deydi Jey.
Yana shuni ham yodda tutingki, kompaniya sizni qiziqtirishga urinayotganda oʻsish imkoniyatlari baʼzan boʻrttirib koʻrsatilishi mumkin. Shuning uchun yaxshilab surishtirish va LinkedInʼni sinchkovlik bilan tahlil qilish muhim. Hozir ishlayotgan xodimlarning karyera yoʻllarini oʻrganib chiqing. Bu sizga kompaniya ichidagi lavozim koʻtarilishlari, oʻrtacha ish muddati va kadrlar almashinuvi darajasi haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi. Grexemning taʼkidlashicha, agar koʻp ishchilar kompaniyada ikki yildan kamroq vaqt mobaynida ishlagan boʻlsa, bu sizni oʻylantirishi kerak.
5. Qanday munosabatlar qurmoqchiman?
“Masofaviy va aralash ish turlari keng tarqalayotgani sabab hamkasblar bilan aloqalar oʻrnatish va homiylar topish murakkablashib ketmoqda”, deydi Grexem. Shuning uchun ham kundalik munosabatlaringiz qanday boʻlishini, kompaniyada qanday aloqalar tarmogʻini shakllantirishingizni tushunib olishingiz juda ham muhim.
Boshqa boʻlimlardagi toʻgʻridan toʻgʻri boʻysunuvchi xodimlar, tengdoshlar va hamkasblar bilan aloqa oʻrnating. Ulardan qanday qilib munosabatlar oʻrnatishi va ustoz topishi haqida soʻrang. Shuningdek, kompaniya tuzilmasi bu harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydimi yoki yoʻqligini aniqlang. Siz bilan muloqot qilayotgan odamlarga eʼtibor bering: ular aqlli, qoʻllab-quvvatlovchi va hamkorlikka moyilmi? Yoki, aksincha, oʻzini chetga oladigan, hamkorlik qilishni istamaydigan va haddan tashqari raqobatchidekmi?
Yodda tuting: “Hamkasblaringiz tajribangizni yo yaxshilaydi yoki yomonlashtiradi”, deydi Grexem.
6. Maoshdan tashqari menga foyda keltirishi mumkin boʻlgan yana nimalarni muhokama qilishim mumkin?
Baʼzi odamlar boʻlajak rahbar bilan munosabatlarga putur yetkazishidan xavotirlanib, muzokaralar olib borishdan oʻzini cheklaydi. Shunday boʻlsa-da, Grexemning aytishicha, bu jarayon nafaqat munosabatlarni mustahkamlashi, balki koʻp narsalarni oydinlashtirib berishi ham mumkin. Bu boʻlajak rahbaringizning munosabatini kuzatish imkonini beradi: u oqil va ochiqkoʻngilmi yoki befarq-u, qatʼiymi? Bu kelajakda sizga yordam kerak boʻlgan vaziyatda ular oʻzini qanday tutishini koʻrsatishi mumkin.
Muzokarada nima soʻrashga keladigan boʻlsak, Grexem bu borada ijodiy yondashishni tavsiya qiladi. Bu mobil telefon uchun toʻlov, oʻqish imtiyozlari yoki kasbiy uyushmaga aʼzolik badallari boʻlishi mumkin. Oʻzingiz va kompaniya uchun eng foydali boʻlgan bir-ikkita narsani tanlab, ularning har ikki tomon uchun qay yoʻsinda manfaatli boʻlishini taʼkidlang. “Hamisha muzokaraga oʻrin topiladi”, deydi u.
7. Chiqish rejam qanday?
Ishni qabul qilmasdan oldin uni tark etish haqida oʻylash juda gʻalati tuyulishi mumkin. Lekin Grexem bu borada uddaburonlikni taklif etadi. “Bu biznes munosabati. Agar siz ular kutgan natijani koʻrsatmasangiz yoki biznes oʻxshamay qolsa, kompaniyaning sizni ishdan boʻshatish rejasi allaqachon mavjud boʻladi”.
Sohangiz boʻyicha mehnat bozorini oʻrganing va imkoniyatlaringizni koʻrib chiqing. Kompaniyaning moliyaviy ahvoli va barqarorligini baholang. Bunda sizga kompaniyaning moliyaviy faoliyati, kredit reytingi va bozordagi oʻrni haqidagi ochiq maʼlumotlarni oʻrganish yordam beradi. Bu sizga kompaniyaning uzoq muddatli istiqbollari toʻgʻrisida tasavvur hosil qilishga koʻmaklashadi.
Shuni yodda tutingki, turli sabablarga koʻra ishni kutilganidan koʻra ertaroq tark etishga qaror qilishingiz ham mumkin. “Umid qilamanki, keyingi 2–5 yil davomida bu yerda yaxshi ishlaysiz”, deydi Jey. “Ammo ehtiyot chorasini koʻrib qoʻyish donolikdir”.
Ishning aslida qanday boʻlib chiqishini aniq bashorat qilish imkonsiz. Ammo oʻzingizga va boshqalarga oʻrinli savollar berish orqali nimani kutayotganingiz haqida aniqroq tasavvurga ega boʻlishingiz mumkin. Grexemning taʼkidlashicha, asosiy maqsadingiz ongli qaror qabul qilish va kelajakda afsuslanishning oldini olishdan iborat. Axir “hayot juda qisqa, shuning uchun ʻEh, buni ertaroq bilganimda edi’ deb oʻylaydigan vaziyatga tushib qolmaslik kerak”.