Bu nima?
Kovorking haqida batafsil
Kovorking: u yerda kimlar ishlaydi, qanday turlari bor va oʻzingizga mosini qanday tanlashingiz mumkin?
Statista tahliliy platformasining ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab kompaniyalar shtatdagi xodimlarini masofaviy formatga o‘tkazmoqda. 2023-yilda dunyo bo‘ylab uyda turib ishlaydigan xodimlarning ulushi umumiy ko‘rsatkichning 28% ini tashkil etdi. Shu bilan bir vaqtda frilanserlar soni ham ortib bormoqda. Solar Staff xizmati tadqiqoti Rossiyada 19 mln kishi loyihaviy bandlikni afzal ko‘rayotganini aniqladi.
Frilanser va masofadan ishlaydigan xodimlar ish joyini ofisdan tashqarida tashkil etish masalasiga duch keladi. Biror sababga ko‘ra uyda ishlashning iloji bo‘lmaganda kovorkinglar yordamga keladi. Ular kimga mos kelishi, qanday tuzilgani, turlari va hamkorlikda ishlash uchun joyni qanday tanlash kerakligi haqida so‘z yuritamiz.
Kovorking haqida oddiy so‘zlar bilan
Kovorking (inglizcha co-working – “birgalikda ishlash” soʻzidan olingan) — istalgan kishi ijaraga ish joyi olishi mumkin bo‘lgan ofis. Bunday joylar frilanser, tadbirkor va masofadan ishlaydigan xodimlar orasida ommalashgan.
Birgalikda ishlash uchun joylar an’anaviy ofislarga muqobil variant bo‘lib xizmat qiladi. Tashrif buyuruvchilar maydonni ijaraga olmaydi, balki kovorking xizmatlaridan foydalangan vaqti uchun haq to‘laydi. Soatbay tarif, bir martalik tashrif uchun to‘lov va abonementlar kabi turli shartlar mavjud.
Kovorkingda ishlash kompaniya va frilanserlarga ofis uchun bino ijaraga olishdan arzonroq tushadi. Sarflanadigan materiallar xaridi, texnik jihozlarga xizmat ko‘rsatish, xonalarni tozalash va ta’mirlash ishlari bilan mulkdor shug‘ullanadi.
Kovorkingda kimlar ishlaydi?
Kovorking maydonlari ofisga bog‘liq bo‘lmagan alohida mutaxassis va jamoalar uchun zarur. Bundan tashqari, bu yerda o‘z binolari boʻlmagan tashkilotchilar ham tadbirlarini o‘tkazadi.
Kovorkingni ish joyi sifatida turli xil toifadagi tashrif buyuruvchilar tanlaydi ↓
Frilanserlar
Erkin mutaxassislar dunyoning istalgan nuqtasidagi mijozlar bilan hamkorlik qiladi. Shuning uchun ularga biror manzilga bog‘langan va uzoq muddat ijaraga olinadigan an’anaviy ofis kerak emas. Lekin uydagi muhit har doim ham ishlash uchun qulay bo‘lmaydi. Qo‘shnilar yoki uydagilarning shovqini, internet, elektr bilan bog‘liq muammolar, konditsioner yo‘qligi sabab havoning issiqligi kabi holatlar diqqatni jamlashda qiyinchilik tugʻdirishi mumkin. Sohangizdagi maslakdoshlar bilan muloqot qilish istagi ham sizni uydan olib chiqadi.
Kovorking bino ijarasi uchun ortiqcha pul to‘lamasdan ofis muhitida bo‘lish imkonini beradi. Birgalikda ishlash uchun kovorkingdan jurnalist, marketolog, dizayner, kopirayter, dasturchilar va boshqa raqamli kasblarning vakillari foydalanadi.
Startap jamoalari
Ko‘pincha yosh biznes cheklangan byudjetga ega bo‘lib, tejamkorlikka intiladi. Shu bilan birga, jamoaning doimo ofisda bo‘lishiga hojat bo‘lmasligi mumkin. Masalan, AyTi loyihalar ishtirokchilari uchun natijalarni nazorat qilish maqsadida oyiga bir-ikki marta uchrashishning o‘zi yetarli. Kovorking xarajatlarni optimallashtirish va faqat ayni paytda zarur bo‘lgan ish o‘rinlari uchungina haq to‘lash imkonini yaratadi.
Xizmat safaridagi xodimlar
Ba’zi mehmonxonalarda internet sekinligi tufayli xizmat safari vaqtida qo‘ng‘iroq qilish va hujjatlar bilan ishlash qiyin kechadi. Bundan tashqari, hamma mehmonxonalarda ham hamkorlar bilan maxfiy suhbatlashish mumkin bo‘lgan muzokaralar xonasi mavjud emas. Kovorking bu ikki muammo uchun ham yechim taqdim etadi: tashrif buyuruvchilar uchun yuqori tezlikdagi internet va alohida kabinetlar mavjud.
Tadbir tashkilotchilari
Zamonaviy kovorkinglarda taqdimot, xodimlarni o‘qitish, konferensiya, ma’ruza va mahorat darslari o‘tkaziladi. Kovorkinglarning aksariyati akustik tizimlar, multimedia ekranlari va mehmonlar uchun qulay o‘rindiqlar bilan jihozlangan zallarni taqdim etadi.
Kovorkingning qanday turlari bor?
Barcha kovorking maydonlarini bitta g‘oya — tashrif buyuruvchilarga ish joyi va ish yuzasidan muloqot qilish imkoniyatini taqdim etish birlashtiradi. Shu bilan birga, maydonlar bir nechta xususiyatlarga ko‘ra tasniflanadi:
Ixtisoslashuv. Universal maydonchalardan har qanday biznes sohasidagi ijarachilar foydalanadi. Ixtisoslashtirilgan maydonchalar esa mijozlarning muayyan guruhlari — texnologik startap, byuti mutaxassis, tikuvchi, musiqachi yoki rassomlar uchun mo‘ljallangan. Kovorking studiyalari xona bilan birga yoritgichli ko‘zgu, tikuv mashinalari, musiqa asboblari kabi zarur jihozlarni ham taqdim etadi. Digital-mutaxassislar uchun atrofdagilarga xalaqit bermasdan va maxfiylikni saqlagan holda suhbatlarni amalga oshirish imkonini beradigan tovush izolyatsiyasiga ega xonali kovorkinglar mos keladi.
Kirish imkoniyati. Ochiq maydonlarda ish o‘rinlarini erkin ijaraga olish tartibi amal qiladi. Yopiq xonalarda esa faqat rezidentlar, ya’ni uzoq muddatli abonement olganlar yoki maydonni to‘liq ijaraga olgan kompaniya xodimlari bo‘ladi.
Xizmatlar. Kovorkinglardagi xizmat ko‘rsatish darajasi farq qiladi. Ayrimlari asosiy xizmatlar to‘plami: stol, kompyuter o‘rindig‘i, rozetka va Wi-Fiʼni taqdim etish bilangina cheklanadi. Boshqalari esa bunga qo‘shimcha ravishda qulay sharoitlar yaratadi. Ofis jihozlarini taqdim etadi, qahva ichish joylarini tashkil qiladi, tushlik buyurtma qiladi va mijozlar uchun avtoturargohlar jihozlaydi, bino ichidagi harorat hamda namlikni nazorat qiladi.
Kovorking funksiyasini ixtisoslashtirilgan va umumiy foydalanishdagi shahar maydonchalari bajaradi. Uyingiz yoki kompaniyangiz ofisidan tashqarida ishlashingiz mumkin bo‘lgan joy ↓
Kovorking markazi
Ishlash va netvorking uchun joy. Platforma nafaqat klassik ofis o‘rnini bosadi, balki hamfikrlarni topishga ham yordam beradi.
Tashrif buyuruvchilar ochiq maydondagi ish joylari yoki alohida xonalarni ijaraga oladi. Xizmatlar to‘plamida yopiq muzokara xonalari, qahva mashinasi o‘rnatilgan oshxona, dam olish hududi, shaxsiy buyumlarni saqlash uchun shkafchalar va boshqa qo‘shimcha qulayliklar boʻlishi mumkin.
Kovorking markazlari egalarining aksariyati ichki hamjamiyatni shakllantirishga intiladi. Buning uchun mahorat darslari, ekspertlar bilan uchrashuv, tadbirkorlar klubi va mijozlar uchun birgalikdagi bayramlar tashkil etiladi.
Smart ofis
Klassik kovorking markazidan farqli ravishda bu maydon alohida xonalardan tashkil topgan. Har bir blokda faqat bitta kompaniya xodimlari joylashadi. Shu bilan birga, smart ofis jamoa ehtiyojlariga mos keladigan moslashuvchan ijara sharoitlarini taqdim etadi. Shartnoma bandlari ijarachi kompaniya uchun jarimalar qo‘llanilmasdan o‘zgartirilishi mumkin.
Xodimlar soni o‘zgargan taqdirda smart ofis ish o‘rinlari sonini kamaytirish yoki ko‘paytirish imkonini beradi. Maydonchaga xizmat ko‘rsatish mulkdor tomonidan amalga oshiriladi va bu xonalarni ta’mirlash, ma’muriy-xo‘jalik xodimlarini yollash, mebel va texnika sotib olishda mablag‘ni tejash imkonini beradi. Shu tariqa smart ofis oʻzida kovorking va an’anaviy ofis maydonlarining afzalliklarini mujassamlashtiradi.
Antikafe
Bu daqiqali to‘lov asosida faoliyat yuritib, Wi-Fi va elektr rozetkalarini taqdim etadigan muassasalar. Bunday joylarda ish masalalarini hal qilishdan tashqari hamkasblar bilan norasmiy uchrashuvlar o‘tkazish, stol o‘yinlarini o‘ynash yoki qiziqishlarga ko‘ra klub tashkil etish mumkin.
Odatda antikafe menyusi xilma-xil boʻlmaydi: choy, qahva, salqin ichimlik va shirinliklar bor boʻladi.
Shahar kutubxonasi
Kutubxonalarning keng va sokin oʻqish zallari mutaxassislar uchun masofaviy ish joyi sifatida jozibador bo‘lishi mumkin. Alohida afzalligi — ish uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan adabiyotlardan foydalanish imkoniyati.
Oddiy davlat kutubxonasidan foydalanish uchun kitobxonlik guvohnomasini rasmiylashtirish kerak. Tashrif buyurganlar simli internetga ega statsionar kompyuterlardan bepul foydalanishi, shuningdek, oʻz noutbuklari bilan kelib, Wi-Fi tarmoqqa ulanishi mumkin. Biroq an’anaga koʻra kutubxonalarda sukut saqlangani sababli ularda ishga diqqatni jamlash oson, ammo qo‘ng‘iroq qilish va uchrashuvlar o‘tkazish oʻrinsiz.
Ammo zamonaviy kutubxonalarda ish va dam olish uchun kovorking hududlari bilan jihozlangan smart formatdagi joylar mavjud.
Kovorking hududlarining afzallik va kamchiliklari
Birgalikda ishlash formati barcha mutaxassislarga ham mos kelmaydi. Joyni ijaraga olishdan avval bu maydonchalarning ijobiy va salbiy tomonlarini yaxshilab baholab chiqish lozim.
Afzalliklari
Moslashuvchan to‘lov shartlari. Soatbay tarifli, bir martalik to‘lov va oylik abonementlar bo‘lgan joylar mavjud. Ko‘plab maydonchalar bir nechta joyni ijaraga olgan jamoalarga chegirmalar taklif etadi.
Qulay ish jadvali. Odatda kovorkinglar ish rejimini koʻproq tashrif buyuruvchilarni qamrab oladigan tarzda tashkil etadi. Maydonchalar soat 8:00–10:00 da ish boshlab, 19:00–22:00 da yopiladi. Ba’zilari esa 24 soat ishlaydi.
Qo‘shimcha xizmatlar. Kovorking egalari tashrif buyuruvchilar uchun qulay sharoitlar yaratadi. Ular tadbirlar o‘tkazishga ko‘maklashadi, dam olish hududlari, shaxsiy kutubxonalar va hatto yoga mashg‘ulotlarini tashkil qiladi.
Ofis yuritishda mablagʻ tejash imkoniyati. Ijarachilarning binoga xizmat ko‘rsatish borasida tashvishi yo‘q: barcha tashkiliy masalalarni mulkdor o‘z zimmasiga oladi.
Intizomli muhit. Tashrif buyuruvchilar uchun diqqatni jamlab, ishtiyoq bilan ishlayotgan boshqa odamlar orasida prokrastinatsiyani yengish osonroq kechadi.
Foydali aloqalar. Kovorking markazlarida qiziqarli odamlar bilan tanishish, hamkasblar va potensial mijozlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyati mavjud.
Kamchiliklari
Notanish muhit. Ba’zi odamlar uchun begona odamlar orasida ishlash noqulay bo‘ladi. Boshqalar bilan bir joyda boʻlish xavotir uyg‘otishi va diqqatni jamlashga xalaqit berishi mumkin.
Shovqin-suronli muhit. Atrofda qancha ko‘p odam bo‘lsa, begona tovushlar ham shunchalik ko‘payadi. Tashrif buyuruvchilar telefonda baland ovozda gaplashib, bir-birining ishiga xalaqit berishi mumkin. Bunga klaviaturalar, ofis jihozlari va qahva mashinalarining shovqini ham qo‘shiladi.
Noqulay manzil. Kovorking markazlari Moskva va Sankt-Peterburgda jadal sur’atda rivojlanmoqda. Mintaqalarda esa birgalikda ishlash uchun joylar hozircha yetarli emas, shu sababli yaqin joylashgan bunday maydonchani topish qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.
Ish uchun kovorking tanlash: hisobga olish zarur bo‘lgan 5 mezon
Birgalikda ishlash maydoni ijarachining ehtiyoj va kutilmalariga mos kelishi kerak. To‘g‘ri tanlangan kovorking maydon qulay sharoit yaratib, ish unumdorligini oshirishga yordam beradi. Tanlash jarayonida quyidagi mezonlarni hisobga olish zarur ↓
Joylashuvi
Yo‘lga ketadigan vaqtni hisoblab chiqish, jamoat transporti bekatlari va to‘xtash joylarining yaqinligiga eʼtibor berish kerak. Kovorkingda mijozlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirayotgan ijarachilar uchun shaharning ommabop manzillarida joy topish yaxshiroqdir. Shunda kovorking norezidentlari uni osonroq topa oladi.
Narxi
Tariflar xizmatlar to‘plami va ish joyining ijara muddatiga bog‘liq. Odatda bir oylik abonement bir martalik tashriflardan ko‘ra ancha foydali bo‘ladi. Ba’zi kovorking maydonlari qo‘shimcha to‘lov evaziga mijozlarga alohida ish stoli ajratib beradi: kishi o‘zi xohlagan joyni tanlaydi va boshqa mijozlar undan foydalana olmaydi.
Ish vaqti
Mutaxassis yoki jamoa ish grafigi shaxsiy xohish-istaklar va biznesning xususiyatlariga bog‘liq. Ba’zilar uchun ertalab soat 9:00 dan kechki 18:00 gacha bo‘lgan an’anaviy ofis grafigi mos tushsa, boshqalarga erta tongda ochilib, yarim kechagacha ishlaydigan maydonchalar kerak. Agar kompaniya olisdagi soat mintaqasidagi hamkorlar bilan ish olib borsa, yaxshisi, kecha-yu kunduz ishlaydigan kovorkingni tanlagan ma’qul.
Texnologiklik
Kovorkingda yuqori tezlikdagi internet, yetarli miqdordagi rozetka va ofis jihozlari bo‘lishi kerak. Tadbir tashkilotchilariga esa interaktiv doska, multimedia tizimi yoki proyektor ham kerak bo‘lishi mumkin. AyTi loyiha jamoasiga esa maxfiy yig‘ilishlar uchun muzokara xonasi kerak bo‘ladi.
Qulay sharoit
Qulay stollar va kompyuter o‘rindiqlari, sovutgich va qahva mashinasi bo‘lgan oshxona, yumshoq mebelli dam olish zonasi — bularning barchasi samarali ishlash va kun oxirigacha charchamaslikka yordam beradi.
Manba: Что такое коворкинг: кто там работает, какие виды есть и как выбрать подходящий