LinkedInʼdan foydalanish uchun 7 sabab
Baʼzan odamlardan “LinkedIn oʻzi nima uchun shunchalik muhim?” degan gap quloqqa chalinadi.
Professional ijtimoiy netvorking platformasi boʻlgan LinkedIn Feysbuk, Twitter, Snapchat va Instagramdan avval ishga tushganini bilarmidingiz? LinkedIn hozir avvalgi vaqtlarga qaraganda muhim platformaga aylangan.
Nima uchun?
LinkedIn 200 ta mamlakat boʻyicha 1 mlrddan ortiq professional profillarni oʻziga jamlagan. Bundan bilish mumkinki, unda cheksiz miqdorda netvorking va ish imkoniyatlari mavjud. Hozirda yangi ish izlashdan tortib shaxsiy brendingizni tanitishgacha boʻlgan jarayonlarda LinkedInʼdan foydalanish muhim omilga aylangan. Bu har qanday sohada tajribali mutaxassis boʻlishning ahamiyatli bir qismidir.
Quyida nima uchun LinkedIn profil ochish haqida batafsil maʼlumot beramiz. Avval ochilgan profilni qayta tartiblash kerakligini asoslovchi 7 ta muhim omil bilan tanishasiz.
1. Keng qamrovli ish eʼlonlari platformasidan foydalanishingiz mumkin
“LinkedIn nima uchun muhim?” deb soʻralganda odamlarning xayoliga birinchi boʻlib u orqali yangi ish topish mumkinligi keladi. Ha, bu toʻgʻri fikr. LinkedInʼda ish topishda foydalanishingiz mumkin boʻlgan kuchli vakansiyalar boʻlimi mavjud.
Siz platformadan vakansiyalarni aloqador soʻzlar, joylashuv manzili, kompaniya nomi va boshqa meʼzonlar asosida qidirishingiz mumkin. Hattoki yangi ish izlamayotgan boʻlsangiz ham, kasbiy qiziqishlaringizga mos ish eʼlonlari boʻyicha xabarnomalar yuborish funksiyasini sozlasangiz boʻladi. Bu orqali muntazam ravishda elektron pochtangizga xabarlar qabul qilishingiz va yangiliklardan boxabar boʻlib turishingiz mumkin.
Shuningdek, platforma imkoniyatlaridan maxfiy ravishda foydalansangiz ham boʻladi. Agar LinkedInʼda hamkasblaringiz va menejerlaringiz bilan oʻzaro aloqada boʻlsangiz, rekruterlar va potensial ish beruvchilarga yangi ish imkoniyatlarini oʻylab koʻrishga tayyor ekaningizni bildirish uchun “Open to” tugmasini yoqib qoʻyishingiz mumkin. LinkedIn ushbu ochiqlik taklifingizni hozir ishlayotgan kompaniyangizdagilarga koʻrinmaydigan qilib qoʻyadi.
LinkedInʼda premium profilga ega boʻlsangiz, ochiq vakansiyalar haqida koʻproq maʼlumot olasiz. Rekruterlar va ishga yollovchi menejerlarga toʻgʻridan toʻgʻri xabarlar yozishingiz, statistika orqali oʻzingizni boshqa kandidatlar bilan qiyoslashingiz hamda ish haqi boʻyicha maʼlumotlarga kirishingiz mumkin boʻladi. Premiumʼdan foydalanish dastlabki birinchi oyda bepul. Lekin har oy 29,99 AQSh dollari miqdorida chiqim qilishni istamasangiz, uni sotib olmaslikni maslahat beramiz.
2. Oʻz brendingizni yaratishingiz mumkin
Kompaniyalar o‘z brendini qurgani kabi siz ham o‘z professional brendingizni internet tarmog‘ida yaratishingiz muhim ahamiyatga ega.
Nima qilsangiz, sohangizdagi boshqa kadrlardan ajralib turasiz?
Nima qilsangiz, xizmatingizga boʻlgan talab oshadi?
Nima uchun sizga 6 xonali sonlarda maosh toʻlanishi kerak?
Bularni koʻrsatib berish uchun shaxsiy veb-saytlar juda qoʻl keladi. Lekin ularni yaratish va “taxlash” uchun qoʻshimcha xarajatlar va soatlab vaqt kerak boʻladi. LinkedInʼda esa bu ishni professional xaritani shunchaki toʻldirib chiqib amalga oshirishingiz mumkin.
Profilingizga professional tushgan suratingizni yuklang. Kuchli tomonlaringizga urgʻu beradigan hamda shaxsiyatingizni namoyon etuvchi LinkedIn tavsifnomasini yozing. Rekruterlar, ish beruvchilar, hamkasblar va menejerlar profilingizni koʻzdan kechirayotganda shaxsingiz va qanday kasbiy koʻnikmalarga egaligingiz haqida aniq tasavvurga ega boʻlsin.
3. Ismingizni Google qidiruvlarida yuqori oʻrinlarga chiqarishga yordam beradi
Agar biror vakansiyaga ariza yuborsangiz, ish beruvchi yoki kadrlar boʻlimi menejerining birinchi qiladigan ishi ismingizni Googleʼdan qidirib koʻrish boʻlishi mumkin. Hattoki biror yangi mijozga elektron pochtadan xabar yozsangiz ham, u ismingizni Google orqali tekshiradi.
Agar ismingizni Googleʼdan biror marta qidiruvga bermagan boʻlsangiz, hozir ayni vaqti. Natijalarning birinchi qatorida nimani koʻrar ekansiz?
LinkedInʼning yana bir afzalligi: Google qidiruvlarida birinchi sahifalarda koʻrinish qiyin boʻlishi mumkin. Biroq LinkedIn Google tomonidan faol indekslanadigan mashhur va kuchli ijtimoiy tarmoqdir. Shu sababli odatda oʻzingiz yaratgan veb-sayt yoki onlayn portfolioga qaraganda LinkedIn sahifangizni Google qidiruv natijalarida yuqori oʻringa chiqarish osonroq. Potensial ish beruvchi koʻradigan birinchi narsa LinkedIn profilingiz boʻlishi mumkin. Shu sabab uni yaratish yoki hozirda mavjud profilingizni boshqa kandidatlarnikidan ajralib turadigan qilib ishlov berish maqsadga muvofiq.
4. Oʻzingizni mutaxassis sifatida taqdim eting
Profil ochganingizdan soʻng endi uni qanday yaxshilash haqida savol tugʻilishi mumkin.
LinkedIn platformasida juda koʻp kasbiy va sohaviy guruhlar bor. Ularning bir nechtasiga qoʻshilib, suhbatlarda oʻz fikringizni bildirib tursangiz ham yaxshi boʻladi. Shuningdek, LinkedIn feedʼingizga sohangizga oid muhim postlar joylash imkoni bor. Bu sizga ushbu kontentning bir qismini oʻz profilingizga joylashtirish imkonini beradi.
Shu tariqa yetarlicha kontentlar katalogini joylaganingizdan soʻng odamlar sizni mutaxassis sifatida tanib, ismingizni eslab qola boshlaydi. Bunday ishonchga erishishning ajoyib afzalliklaridan biri — yangi ish topishingizda boshqa nomzodlardan ajralib turishingizga yordam berishidir.
5. Kompaniya va uning ishchilari haqida bilib olishingiz mumkin
Agar ish qidirayotgan boʻlsangiz, aniqki, boshqa ish eʼlonlari saytlaridan ham ochiq vakansiyalar topishingiz mumkin. Ammo LinkedIn boshqa qoʻshimcha afzalliklar ham taqdim etadi.
Hozirgi kunda koʻplab kompaniyalar oʻzining LinkedIn sahifalariga ega. Unda kompaniya haqidagi maʼlumotlar yangilab turiladi, maʼlumotlar ulashib boriladi va ayni paytda faoliyat yuritayotgan xodimlar ham tanishtirib boriladi. Agar kompaniya bu ishni yaxshi olib borayotgan boʻlsa, siz uchun ham bu foyda berishi mumkin. Yaʼni suhbat jarayoniga kirishdan yoki taklifni qabul qilishdan avval kompaniyaning korporativ madaniyati va xodimlari haqida aniq tasavvurga ega boʻlasiz. U yerda ishlash sizga mos kelishiga ishonch hosil qilasiz.
6. Sohangizga oid yangiliklardan xabardor boʻlasiz
Boshqa ijtimoiy tarmoq saytlariga oʻxshab LinkedIn ham unga kirgan vaqtingiz hisobini shakllantiradi. U yerda aloqa qilgan profillaringiz, aʼzo boʻlgan guruh va kompaniyalaringizdagi yangiliklarni bilishingiz mumkin. Sohangizga oid tendensiyalar va hisobotlarni kuzatib borish ham qiziqarli, ham foydali ishdir.
7. Eng keragi – netvorkingga ega boʻlish
Buni yetarlicha taʼkidlashimiz mumkin. LinkedIn professionallarni sohasiga oid muhim netvorking bilan taʼminlaydi.
LinkedIn nima uchun muhimligini yorituvchi asosiy sabab netvorkingga ega boʻlishdir. Bunda siz nafaqat oʻz sohangiz doirasida networking ega boʻlasiz, balki yangi ish oʻrinlari paydo boʻlganda darhol xabar topishingiz uchun rekruterlar va ishga yollovchi menejerlar bilan ham muloqot qila olasiz.
Hattoki introvert boʻlsangiz ham, netvorking tadbirlarini yoqtirmasangiz ham, LinkedInʼda boshqalar bilan samarali muloqot qilishingiz mumkin. LinkedIn orqali siz oʻzaro aloqadagi odamlar, sohangizdagi hamkasblar va hatto oʻzingiz eng hurmat qilib, namuna deb biladigan insonlaringiz bilan munosabatlar oʻrnata olasiz.
“LinkedIn nima uchun muhim?” ...bizningcha, javob oldingiz!
Agar LinkedIn sizga qanday imtiyozlar taqdim etishi mumkinligiga qiziqqan boʻlsangiz, yuqorida keltirilgan roʻyxat uning kuchli professional vositalardan biri ekanini sizga koʻrsatib bera oldi. Uning yordamida sizda netvorking boʻlishi, yangi ishlar qidirishingiz va professional sifatida tanilishingiz mumkin. Bundan tashqari, u mutlaqo bepul. Shunday ekan, nimani kutyapsiz? Tezroq harakatni boshlang!
Manba: Why LinkedIn is Important: 7 Reasons to Polish Your Profile Today

