Loyiha menejeri kim?
Loyiha menejeri kimligini bilib oling va bu kasb sizga mos yoki yo‘qligini tekshiring.
Navbatdagi maqolamiz menejmentdagi eng muhim kasblardan biri haqida. Loyiha menejeri boʻlish uchun nimalar kerak – shu haqida gaplashamiz.
Loyiha menejeri (project manager) – talab yuqori boʻlgan, yaxshigina oylik toʻlanadigan kasb. Koʻp kompaniyalarda butun biznes muvaffaqiyati loyiha menejeriga bogʻliq boʻladi.
2025-yil 20-avgust holatiga koʻra, HeadHunter platformasida loyiha menejeriga 112 ta Oʻzbekistondagi vakansiya eʼlon qilingan. Nomzodlarga toʻlanadigan maosh quyidagicha:
junior loyiha menejeri – 3 000 000 dan 12 000 000 soʻmgacha;
midl loyiha menejeri – 12 000 000 dan 25 000 000 soʻmgacha;
senior loyiha menejeri – 25 000 000 dan 60 000 000 soʻmgacha.
Menejment yoʻnalishida karyera qurmoqchi boʻlganlar uchun loyiha menejeri eng kelajagi bor kasblardan bittasi hisoblanadi. Keling, endi loyiha menejeri nima ish qilishini koʻrib chiqamiz. Sizga loyiha menejeri boʻlish toʻgʻri keladimi yoki yoʻq, maqola yordamida tushunib olasiz.
Loyiha menejeri kim? Oʻzi loyiha nima?
Loyiha menejeri (project manager) – loyihalarni boshqaradigan mutaxassis.
Koʻpincha har qanaqa ishni loyiha deyishadi. Masalan, kompaniya sayti uchun yangiliklar, maqolalar yozadigan jamoa ishini olaylik. Yoki qoʻshni hududga kanselyariya tovarlarini ulgurji yetkazib berish. Bunda menejerlar “loyihani boshqaraman” deydi. Lekin birinchi holatda ham, ikkinchisida ham loyiha soʻzini qoʻllash notoʻgʻri.
Loyiha bu – unikal maqsadga ega boʻlgan vaqtinchalik tadbir. Loyihaning boshlanishi va tugashi bor. Saytni ishlab chiqish va uni ishga tushirish bu – loyiha. Lekin tashkilot ishlab turarkan, saytga press-relizlar joylanadi, endi bu loyiha emas. Turar-joy qurish, texnik hujjatlar tuzish, tadbir qilish – bularning hammasi loyiha. Loyihalar vaqt va byudjet bilan cheklanadi.
Loyihaning teskarisi – jarayon. Jarayonlar muntazam ravishda boʻladi. Kotiba har kuni hamkorlarning qoʻngʻirogʻiga javob beradi, bu – jarayon. Kotibani yollash, uni oʻqitish esa bu – loyiha. Loyiha unikal boʻladi, jarayon esa takrorlanuvchan.
Loyiha hamma sohada bor: raqamli deysizmi, AyTi, qurilish, ishlab chiqarish, tibbiyot. Loyihalarni muvaffaqiyatli yakunlash kompaniyalar uchun juda muhim.
Shuning uchun yirik korporatsiyalarda ham, kichik biznesda ham loyihalar kerak. Baʼzi loyiha menejerlari agentlikda yoki frilansda ishlaydi. Frilansda loyiha menejeri bir vaqtning oʻzida bir nechta loyihani boshqarishi, koʻproq pul topishi mumkin.
Nega kompaniyalarga loyiha boshqaruvi shunchalik muhim?
Kompaniyalarning foydasi oʻz loyihalarini yakunlay olish qobiliyatiga bogʻliq. Loyihalarning muvaffaqiyatsizlikka uchrash xavfi juda yuqori boʻladi. Kompaniyalarning yashab qolishi loyiha menejerlari oʻz vazifasini uddalay olishiga bevosita bogʻliq.
Loyihalar nega muvaffaqiyatsizlikka uchraydi? Yuqorida loyihalar unikal tadbir ekanini, asosiy xususiyati noaniqlik boʻlishini aytgandik. Kompaniyada jarayonlar har kuni takrorlanadi. Ularni mukammal darajaga keltirish mumkin, koʻrsatmalarga moslasa boʻladi. Lekin loyihalar bilan bunday qilish qiyin.
Ikki haftadan keyin, oldin umuman buyurtma qilmagan detallaringiz kerakmi sizga? Ehtimol, yetkazib beruvchilar ularni faqat yarim yildan keyin bera olishadi. Bu soha shunday ishlaydi. Saytni texnik bo‘lim o‘z kuchi bilan yangilasin deb qaror qildingizmi? Ikki oy o‘tgach, mutaxassislarning bunga yetarli bilim va tajribasi yo‘qligi ma’lum bo‘ladi.
Shuning uchun internetda loyiha boshqaruvidagi xatolar haqida dahshatli statistikalarga to‘la maqolalar ko‘p. Masalan, bitta so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, kompaniyalarning 70 foizi yil davomida kamida bitta loyihani “qulatgan”. Geneca o‘tkazgan tadqiqotda esa 600 ta AyTi kompaniya vakillaridan so‘ralganda atigi 23 foizi “loyiha oxirigacha to‘liq bajarildi” degan fikrda hamkasblari bilan kelisha olgan.
Koʻplab kompaniyalarning asosiy ishi loyihalardir. Masalan, buyurtma bilan veb-sayt yaratadigan, biznesni avtomatlashtiradigan yoki dasturiy taʼminot ishlab chiqadigan agentliklar. Ular uchun har bitta yangi buyurtma alohida loyiha. Ular loyihaning yurmay qolishini oʻziga ep koʻrmaydi.
Boshqa kompaniyalar loyihalarni mijozlargamas, oʻzi uchun yoʻlga qoʻyadi. Yangi zavod, yangi filial yoki sotuvni boshqarish uchun AyTi tizim oʻz vaqtida ishga tushishi kerak. Ularning asosiy biznesi shu loyihalarga bogʻliq.
Biznes asosan loyihaning samarali ishlashiga bogʻliq. Yaʼni loyiha menejeri jarayonni toʻgʻri boshqarish uchun zarur vositalarni tanlay olishi kerak. Jamoani ruhlantirishi, vazifalarni taqsimlashi va bajarilishini nazorat qilishi lozim.
Loyiha boshqaruvi asosan stressli vaziyatlar bilan ishlashni talab qiladi. Shu va boshqa sabablar tufayli kompaniyalar bu ishni yuqori baholaydi. Yaʼni loyiha menejerining maoshi tajribali AyTi mutaxassislariniki bilan deyarli bir xil.
Loyiha menejeri nima ish qiladi?
Loyihani vaqtida, kerakli sifatda va byudjetdan oshirmagan holda yakunlash. Loyiha menejeri barcha bosqichni rejalashtiradi, xodimlarga topshiriqlar beradi, vaqt va mablag‘ni taqsimlaydi. Xavflarni oldindan ko‘radi va muammolarni hal qiladi. Loyiha uchun alohida jamoa tuziladi va unda bosh rolni loyiha menejeri bajaradi.
Endi soha yoki loyiha turidan qat’i nazar ko‘pchilik menejerlar bajaradigan vazifalar haqida batafsil gaplashamiz. Odatda loyiha menejeri quyidagilarni qiladi:
Loyihaning maqsadi va konsepsiyasini belgilaydi. Erishilishi kerak bo‘lgan natijani tasvirlab beradi. Loyiha ustida ishlash tamoyillarini aniqlaydi. Yana u jamoa a’zolari hamfikr bo‘lishi uchun harakat qiladi. Yaʼni loyihaning maqsad va vazifalariga umumiy yondashuvni shakllantiradi.
Xavflarni baholaydi. Loyiha menejeri jarayonga nimalar halaqit qilishi mumkinligini tahlil qiladi. Ularni hal qilish strategiyasini tuzadi.
Loyiha rejasini tuzadi. Texnik topshiriq tayyorlaydi, ishlar ketma-ketligini belgilaydi, muddat qoʻyadi. Erishilishi kerak bo‘lgan ko‘rsatkichlarni aniqlaydi. Shu bilan birga, eng muhim vazifalarni ajratib oladi. Ularni birinchi bo‘lib bajarish va alohida nazorat qilish kerak bo‘ladi.
Pulni taqsimlaydi. Loyihaga qancha pul kerakligini belgilaydi va byudjetdan oshib ketmasligini nazorat qiladi.
Jamoani yig‘adi va boshqaradi. Vazifalarni jamoa a’zolari o‘rtasida taqsimlaydi, bajarilishini nazorat qiladi, mutaxassislarni rag‘batlantiradi. Ish jarayonida kelib chiqadigan kelishmovchiliklarni ham hal qiladi.
Bajarilish muddatlarini boshqaradi. Loyiha menejeri ish jarayonini va vazifalarning yakunlanish vaqtini doim nazorat qiladi. Nimadir noto‘g‘ri ketsa, choralar ko‘radi. Masalan, agar jamoa ishga ulgurmayotgan bo‘lsa, qo‘shimcha mutaxassislarni jalb qiladi.
Buyurtmachilar bilan muloqot qiladi (ham ichki, ham tashqi mijozlar bilan). Talablarni kelishadi, o‘zgartirishlarni muhokama qiladi va tayyor loyihani topshiradi.
Sohasiga qarab bu vazifalarga yana boshqalari ham qo‘shiladi. Masalan, AyTi kompaniyalarda loyiha menejeri tayyor ilovani test qilishi mumkin. Qurilish loyihalarida esa hujjatlarni davlat idoralari bilan kelishishi kerak bo‘ladi.
Loyiha menejerining yana bitta muhim vazifasi noaniq hollarda to‘g‘ri yo‘l topa bilish. Loyihalar kamdan kam hollarda reja bo‘yicha ketadi. Yaxshi menejer biror narsa noto‘g‘ri ketsa, vaqtida yo‘lini topib, to‘g‘ri qaror qabul qilishi kerak.
Masalan, buyurtmachi deyarli tayyor bo‘lgan dasturga yana bitta qo‘shimcha funksiyani kiritishni xohladi. Bu muhim, lekin uni ishlab chiqish tufayli topshirish muddati kechikadi. Shunda loyiha menejeri nima qilish kerakligini oʻylab qaror qabul qiladi. Vazifani tezroq bajarish uchun qo‘shimcha resurs topadimi yoki ilovani belgilangan muddatda chiqara olish uchun boshqa, uncha muhim bo‘lmagan funksiyalardan voz kechadimi.
Shunday ro‘yxatdan keyin loyiha menejeri orkestrga o‘xshab ko‘rinishi mumkin. Haqiqatan ham ular turli xil vazifalarni bajaradi. Lekin bu tajriba boshqa sohalarda ham asqotadi, masalan, o‘z biznesini boshqarishda foyda beradi.
Loyiha menejeriga qanday koʻnikmalar kerak?
Loyihalarni boshqarishda maxsus vositalar va metodologiyalardan foydalaniladi. Loyiha menejeri ularni yaxshi bilishi kerak. Bundan tashqari, ular odamlar bilan muloqot qila olishi va jamoani boshqarishni bilishi lozim. Buning uchun soft skillar, ya’ni kasb bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan, lekin ishni bajarishda yordam beradigan va karyera uchun muhim bo‘lgan ko‘nikmalarga ega bo‘lish zarur.
Vositalar va metodologiyalar — loyiha boshqaruvining asosi. Loyiha menejeri ular bilan qanday ishlashni bilishi kerak. Ikkita asosiy metodologiya bor: Agile va Waterfall. Bular bilan ko‘p loyihalar boshqariladi. Agile falsafasining tarkibiy qismlari bo‘lgan Kanban va Scrumʼni ham tushunib olish foyda beradi.
Vositalar metodologiyalarga qaraganda ko‘proq. Masalan, loyiha menejeri tanqidiy yo‘l va dekompozitsiya usullaridan, Gantt diagrammalaridan foydalana bilishi kerak. Loyiha uchburchagi cheklovlarini tushunishi lozim.
Loyiha menejeridan rivojlangan soft skillar talab qilinadi. Asosiylarini sanab oʻtamiz:
Muloqotga kirishuvchanlik. Loyiha menejeri loyiha ishtirokchilarini bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaradi. Yaʼni ish vaqtining katta qismi suhbat va kelishuvlarga ketadi. Agar u yaxshi muloqotchi bo‘lsa, byudjet va muddatlarni asoslab bera oladi, mutaxassislarni ruhlantiradi, jamoada kelishmovchilik va tortishuvlarni hal qila oladi.
Stressga chidamlilik. Loyiha menejeri har qanday vaziyatda vazminlikni saqlashi kerak. Ba’zan loyihani topshirish vaqti kelsa ham, jamoa ulgura olmasligi mumkin. Yoki buyurtmachi o‘n martalab aytilgan mantiqiy dalillarni inobatga olmay, imkonsiz narsani talab qilaveradi. Bunday paytda yechim topish uchun loyiha menejeri xotirjamlikni saqlashi zarur.
Qatʼiyatlilik. Loyiha menejeri talab qilishdan, oʻzini fikrini himoya qilishdan choʻchimasligi kerak. Bu xususiyat jamoada vazifalarni taqsimlash, tuzatishlarni kelishishda asqotadi.
Mas’uliyat. Jamoa loyiha maqsadlariga erisha oladimi-yo‘qmi – bu loyiha menejeriga bog‘liq. U o‘z mas’uliyatini his qilishi, qaror qabul qilishdan qo‘rqmasligi va tashabbuskor bo‘lishi kerak. Yaxshi menejerni turtib qo‘yish yoki iltimos qilib eslatib turish shart emas. U o‘zi shundoq ham ishlaydi va jamoa ishini kuzatib boradi.
Topqirlik. Bu sifat ishlar reja bo‘yicha ketmagan vaziyatlarda noaniqlikni yengishga yordam beradi. Topqir loyiha menejeri o‘zgarishlarga tez moslasha oladi, qiyin vaziyatdan chiqib ketish yo‘lini topadi. Masalan, buyurtmachi ishning katta qismi tugaganidan keyin ham loyihaga yangi talablar qo‘shib qo‘ysa.
Bundan tashqari, jamoada ishlash, tizimli, ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatlari ham muhim ahamiyatga ega.
Loyiha menejeri — mas’uliyatli, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan va odamlar bilan bemalol muloqot qila oladigan inson. Agar siz uchun muloqot qilish qiyin bo‘lsa, avval kommunikativ ko‘nikmalaringizni rivojlantirish kerak. Keyin o‘zingizni loyiha boshqaruvida sinab ko‘rsangiz yaxshiroq boʻladi.
Loyiha menejeri ishlayotgan sohasida texnik ko‘nikmalarga ega bo‘lishi shartmi? Boshqacha aytganda, AyTi sohasidagi menejer kod yozishi kerakmi yoki qurilishdagi loyiha menejeri maxsus ma’lumotga ega bo‘lishi shartmi?
Bu sohaga, kompaniya va hatto loyihaga ham bog‘liq. Ba’zida jarayonlarning umumiy ishlash tartibini tushunish yetarli bo‘ladi. Masalan, sayt ishga tushirish loyihalarini boshqaradigan menejerlar ko‘pincha kod yozishni bilmaydi. Lekin ko‘pincha loyiha menejeridan ekspertlik darajasidagi bilim talab qilinadi.
Masalan, qurilish sohasida loyiha menejeri qurilish va rekonstruksiya jarayonlarini boshqaradi. Ish beruvchilar mutaxassisdan qurilish texnologiyalari, materiallar, qurilish me’yor va qoidalarini bilishini kutadi. Raqamlil va AyTi loyihalarda esa dasturlash tillarini tushunish, veb sahifa tuzilishi, UX/UI dizayn asoslarini bilishi talab qilinadi.
Qanday qilib loyiha menejeri bo‘lish mumkin?
Turli mutaxassislar uchun loyiha menejeri boʻlish karyeradagi tabiiy jarayon hisoblanadi. Masalan, loyiha boshqaruviga dasturlash sohasidan oʻtish mumkin. Avval senior dasturchi boʻlib ishlab, keyin yetishmayotgan koʻnikmalarni egallaydi va loyiha menejeri boʻladi.
Loyiha boshqaruvini noldan ham boshlash mumkin. Maxsus ta’lim olish, mustaqil ravishda loyiha boshqaruvini o‘rganish, amaliyotga kirish yoki kursni tugatish orqali. Keling, har bir usulni batafsil ko‘rib chiqamiz.
Boshlash uchun maxsus oliy ma’lumot shart emas. Lekin ayrim ish beruvchilar buni afzallik deb biladi va diplomi bor nomzodlarga ustunlik beradi.
Loyiha menejeri uchun maxsus ta’lim. Bu – “Loyiha boshqaruvi” yo‘nalishidagi bakalavriat. O‘qish muddati to‘rt yil, yiliga 50 ming rubldan boshlanadi. Oliy ta’lim muassasalarida faqat loyiha boshqaruvi emas, balki umumta’lim fanlari ham o‘qitiladi.
Loyiha boshqaruvini mustaqil o‘rganish – nazariyani egallashning yaxshi yo‘li. Buning uchun boshqaruv metodologiyalari bo‘yicha rasmiy qo‘llanmalarni o‘qish, maqolalar va loyiha menejerlari bilan intervyularni ko‘rib chiqish, bepul ma’ruzalarni tomosha qilish mumkin.
Lekin mustaqil o‘rganishning bir kamchiligi bor: tartibsiz bo‘ladi. Masalan, kursda o‘qishga qaraganda ko‘proq vaqt ketadi, ammo foydali bilimlar kamroq bo‘ladi.
Tajriba to‘plash uchun amaliyotlar yordam beradi. Ba’zi kompaniyalar atay yangi boshlayotganlarni qidiradi, ularni o‘z standartlari bo‘yicha o‘qitadi. Amaliyot vakansiyalarini HeadHunter, SuperJob kabi saytlarda yoki ishlashni xohlagan kompaniyalaringizning rasmiy saytida topish mumkin.
Amaliyotchilarga boshida kamroq maosh to‘lanadi. Lekin amaliyotdan so‘ng kompaniyada qolib, yuqoriroq oylik bilan junior loyiha menejeri lavozimini olish mumkin.
Kurslarda o‘qish – noldan loyiha menejeri bo‘lish yoki yaqinroq sohadan bu yo‘nalishga o‘tishning eng qulay yo‘li. Masalan, bunday kurslarga ko‘pincha marketologlar, rahbar yordamchilari, akkaunt menejerlar, bo‘lim koordinatorlari qatnashadi. Ular karyera pillapoyasidan yuqoriga ko‘tarilishni xohlaydi.
Kurslar oliy taʼlimdagi o‘qishga qaraganda qisqaroq davom etadi. Ularning dasturida ham nazariya, ham amaliyot bo‘lishi mumkin. Kurs davomida amaliyotga ham joylashish imkoniyati bor.
Loyiha menejeri ishi haqida asosiy ma’lumotlar
Project manager (PM, loyiha menejeri) – loyihalarni boshqaradigan mutaxassis. Loyiha – ma’lum muddatli, o‘ziga xos maqsadga ega ish jarayoni. Uning boshlanishi va tugash muddati bo‘ladi. Masalan, saytni ishlab chiqish va ishga tushirish bu – loyiha.
Loyihalar barcha sohalarda boʻladi. Ko‘plab kompaniyalar uchun loyiha asosiy ish hisoblanadi. Boshqa kompaniyalarda esa loyiha butun biznesning muvaffaqiyatiga ta’sir qiladi. Shu sababli loyiha boshqaruvi kompaniyalar uchun muhim hisoblanadi.
Loyiha menejeri loyiha o‘z vaqtida yakunlanishi va natija mijozni qoniqtirishi uchun hamma narsani qiladi. U loyihaning maqsadlari va konsepsiyasini belgilaydi, xatarlarni baholaydi, loyiha rejasini tuzadi. Mablag‘ni taqsimlaydi, jamoaga rahbarlik qiladi, muddatlarni boshqaradi. Mijoz bilan muloqot qiladi va yuzaga keladigan muammolarni hal qiladi.
Loyiha menejerlari maxsus vosita va metodologiyalardan foydalana olishi, odamlar bilan muloqot qilishi va ularni boshqara olishi kerak. Muhimi – soft skilllarga ega bo‘lish: kirishuvchan, stressga chidamli, qat’iyatli, mas’uliyatli va topqir. Lekin loyiha amalga oshirilayotgan sohadagi hard skillarga ega boʻlish shart emas.
Loyiha menejeri bo‘lish — turdosh sohalardagi mutaxassislar uchun tabiiy karyera bosqichi. Ammo bu kasb egasi bo‘lishni noldan boshlash ham mumkin: ta’lim olish, loyiha menejmentini mustaqil o‘rganish, amaliyot o‘tash yoki kursni tugatish orqali.
Manba: Кто такой проджект-менеджер

