Loyihalar asosida dars oʻtish
Dars ham qiziqarli, ham samarali oʻtishi uchun loyihalardan faol foydalanish zarur. Maqolada bu jarayonni qanday qilish toʻliq tushuntirilgan,
Har bir oʻqituvchi oʻz oʻquvchilarining oʻrganish jarayonini yaxshilashga, oʻqishga motivatsiya uygʻotishga harakat qiladi. Bu yoʻlda turli usullarni qoʻllab koʻradi. Ana shunday samara beruvchi usullardan biri (balkim, eng yaxshisi) loyiha ishlari hisoblanadi. Loyiha ishlari oʻquvchida tanqidiy va tahliliy fikrlash, muammolarni hal etish koʻnikmalarini rivojlantiradi. Ularni ijodkorlik, yangi gʻoyalarni sinab koʻrish orqali nazariy bilimni amalda qoʻllashga chorlaydi. Hozirgina oʻrganilgan nazariy bilimni kundalik hayotda qoʻllash imkoni borligi uchun loyiha ishi oʻquvchilarni taʼlim jarayoniga chuqurroq jalb etish imkonini beradi va ularda oʻrganishga motivatsiya hosil qiladi. Maqolamizda siz bilan birgalikda loyiha ishi tayyorlaymiz.
1-bosqich. Loyiha ishi uchun mavzu tanlash.
Loyiha ishi uchun tanlangan mavzu:
oʻquvchilarning qiziqish va ehtiyojlariga mos kelishi;
oʻquvchilar amalga oshira oladigan boʻlishi;
oʻquv dasturidagi bilim va koʻnikmalarni rivojlantirishga xizmat qilishi;
dolzarb boʻlishi;
kerakli resurslarni topish imkoni boʻlishi;
imkon qadar hamkorlikda (guruh boʻlib) ishlashni talab qiladigan boʻlishi lozim.
2-bosqich. Jarayonni boshlash.
Bu bosqich oʻquvchilar loyiha ishiga kirishgungacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oladi.
Maqsadni aniqlash. Oʻqituvchi loyihadan nima kutayotganini aniqlab olishi lozim. Odatda oʻquvchilardagi biror koʻnikmani rivojlantirish nazarda tutiladi.
Loyiha rejasini ishlab chiqish. Oʻqituvchi loyiha bosqichlarini avvaldan rejalashtirib olishi kerak. Avval qaysi ish bajariladi, keyin qay biri ekanini oʻquvchilarga ham tushuntirish kerak boʻladi.
Baholash mezonlarini ishlab chiqish. Loyiha ishi qanday usulda va mezonlar asosida baholanishi oʻquvchilarga oldindan maʼlum qilinadi.
Oʻquvchilarni loyiha ishi bilan tanishtirish. Bunda oʻquvchilar guruhlarga biriktiriladi. Ularga loyiha maqsadi va natijasi, baholash mezonlari tushuntiriladi.
3-bosqich. Loyiha ishini qabul qilib olish.
Bu jarayon tanlangan loyihaga qarab turlicha boʻlishi mumkin. Loyiha ishini oʻquvchilar mahsulot, taqdimot, hisobot yoki sahna koʻrinishi sifatida topshirishi mumkin. Bu bosqichda baholash ishlari ham amalga oshiriladi. Shu bilan birga, har bir loyihaga alohida mulohaza bildirish lozim. Samarali mulohaza oʻquvchilarga yutuq va kamchiliklarni anglash uchun yordam beradi.
Endi siz bilan bir loyiha ustida ishlaymiz. Har bir bosqichni amaliy koʻrib chiqamiz. Koʻpchilikka tushunarli boʻlishi uchun biroz osonroq loyiha va aksar odamlar tushuna oladigan fan – ona tilini tanladik.
Loyiha mavzusi. Loyihani “Koʻr, tahlil qil, ulash” deya nomladim. Chunki loyiha davomida oʻquvchilar internet tarmogʻidagi ayrim videomateriallarni koʻrib, maʼlumotlarni tahlil qilib, qayta ishlab, taqdimot koʻrinishiga keltirishi kerak boʻladi. Bu loyiha 8–9-sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan. Tanlagan mavzuyimizni talablar boʻyicha koʻrib chiqamiz:
Oʻquvchilarning qiziqish va ehtiyojlariga mos kelishi. Mavzuyimiz bugun insoniyat duch kelayotgan muammolarni qamrab oladi (ekologiya, narkotik moddalar, gadjetlarga qaramlik, sunʼiy idrok imkoniyatlari kabi). Yaʼni ularning qiziqishlari doirasida. Bunday masalalar global muammo sifatida koʻrilayotgani sabab ularga ehtiyoj ham mavjud. Bundan tashqari, har bir shaxs maʼlumotlarni qabul qiladi va qayta ishlaydi. Ana shu jarayon yaxshi kechishi uchun unda koʻnikmalar boʻlishi lozim. Bu ham ehtiyojga moslik hisoblanadi. Masalan, biz oʻquvchilarga “Zumrad va Qimmat” ertagi asosida sahna koʻrinishi tayyorlash topshirigʻini bersak, bu oʻquvchilar uchun qiziqarli boʻlmasligi aniq. Birinchidan, bu juda ham mashhur ertak, hamma biladi, tomosha qilish uchun hech kim kelmaydi. Ikkinchidan, oʻquvchining real ehtiyojini qamrab olmaydi.
Oʻquvchilarning amalga oshira olish imkoniyati va resurslar. Bizning loyihada oʻquvchilar videomaterialni koʻradi va xulosalari asosida taqdimot tayyorlaydi. Agar sinfimizdagi oʻquvchilarning hech birida taqdimot tayyorlash koʻnikmasi, kompyuter, taqdimot koʻrsatish uchun xonada sharoit boʻlmaganda bu mavzuni tanlay olmas edik. Chunki oʻquvchilarning imkoniyati va resursi yetarli boʻlmas edi. Resurslar haqida soʻz ketganda mavzuga oid sifatli kontent bor-yoʻqligi ham hisobga olinishi zarur.
Oʻquv dasturiga moslik va dolzarblik. Bizning koʻzlagan maqsadimiz oʻquvchilarda tahlil qilish va taqdim etish koʻnikmasini rivojlantirish. Ona tili taʼlim standartlariga koʻra, oʻquvchilar turli maʼlumotni oʻqib, eshitib, koʻrib tushuna olishi kerak. Yana olgan maʼlumotlariga munosabat bildira olishi, omma oldida nutq soʻzlay olishi ham zarur. Demak, koʻzlaganimiz oʻquv maqsadlari bilan bir xil. Ular bugungi kundagi eng zarur koʻnikmalar boʻlgani uchun dolzarblik tamoyiliga ham mos keladi. Masalan, informatika fanidan oʻquvchilarga Pascal yoki Perl tilida dasturiy taʼminot yaratish topshirigʻini bersak, bu dolzarb boʻlmaydi. Chunki hozir bu tillarda dastur yaratilmay qoʻygan. Oʻquvchilarda keraksiz koʻnikmani rivolantirishga vaqt sarflagan boʻlib chiqamiz.
Xulosa qilishimiz mumkin, loyihamiz mavzuni tanlash tamoyillariga mos kelmoqda. Endi keyingi bosqichga oʻtamiz.
Jarayonni boshlash.
Maqsadni aniqlash. Aslida maqsad mavzudan oldin paydo boʻladi. Ammo u hali pishmagan, aniq belgilanmagan boʻladi. Shuning uchun maqsadni toʻliq shakllantirish mavzu tanlashdan keyin amalga oshirilmoqda. Maqsadlarimizni aniq yozib chiqamiz. Bizning maqsadimiz oʻquvchilarda:
tahlil;
maʼlumotlarni tushunish;
maʼlumotlarni qayta ishlash;
taqdimot tayyorlash;
yozma nutq savodxonligi;
ogʻzaki nutq savodxonligi;
baholash koʻnikmalarini rivojlantirish.
Reja tuzish. Loyihani bosqichlarga boʻlib, har biri uchun vaqt belgilashni ham unutmaslik lozim.
Ushbu jadvaldagi “muddat” ustuni misol sifatida toʻldirilgan. Foydalanish uchun asl nusxani ushbu havoladan yuklab oling.
Reja bilan oʻquvchilarni ham tanishtirish maqsadga muvofiq.
Baholash mezonlarini ishlab chiqish. Maqsadlarimiz aniq, endi oʻquvchilar ishini baholash uchun mezonlar ishlab chiqamiz. Mezon maqsadlar asosida shakllanishini unutmang. Baholash mezonlari varaqa koʻrinishida tayyorlanib, oʻquvchilarga ham berilishi kerak. Oʻquvchilar ulardan nima kutilayotganini aynan shu mezonlar asosida yaxshiroq anglab yetadi. Bizning loyihamizda baholash varaqasi quyidagicha boʻlishi mumkin:

Baholash mezonlari ishlab chiqilgach, reja boʻyicha harakatni davom ettiramiz. Oʻquvchilarga loyiha ishi maqsadi va baholash mezonlarini eʼlon qilgach, tanlash uchun mavzular bankini taqdim qilamiz. Bizning bankimizda quyidagi mavzular bor:
Ekologiyaga oid:
Havodagi chang qayerdan kelmoqda?
Global isishning bizga qanday xavfi bor?
Chiqindilarni yigʻish va qayta ishlashda dunyo tajribasi va biz.
Nima uchun elektr energiyasini tejash lozim va u qanday qilinadi?
Qaramlikka oid:
Sintetik narkotiklar endi Oʻzbekistonda. Ulardan qanday saqlanamiz?
Gadjetlarga qaramlik bizni qayerga yetaklaydi?
Nima uchun oʻyinlarga qaram boʻlib qolamiz?
Shakarning hayotimizdagi oʻrni. Shakarga ham qaram boʻlish mumkinmi?
Jinoyatlarga oid:
Bulling, haqorat, kamsitish: oqibatlari qanday?
Mahalliychilik nima? U jamiyatni qanday chiritadi?
Minglab choʻntaklarga tushgan qoʻl – kiberjinoyat qanday amalga oshiriladi?
Sizni tunab ketmasliklari uchun qanday kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilishingiz kerak?
Boshqa qiziqarli mavzular:
Arilar nima uchun kerak?
Shahar kimlar uchun? Piyodalarmi yoki mashinalar?
Muzdan ham uy qursa boʻlarkan. Eskimoslarning uyi haqida.
Orzudagi maktab qanday boʻladi?
Oʻquvchilarni guruhlarga boʻlishdan oldin mavzular bilan tanishtirishdan maqsad bir xil qiziqishdagi oʻquvchilar bir guruhga jamlana olishiga imkon qoldirishdir. Ana endi guruhlarga boʻlinish va mavzu tanlash mumkin. Bunda mavzu tanlash ixtiyoriy boʻlishi kerak. Guruhdagi oʻquvchilar soni ham 3-4 kishidan oshmagani maʼqul.
Mavzular tanlab olingach, taqdimot topshirish vaqtlari eʼlon qilinadi. Qaysi guruh birinchi ekanini aniqlash qiyin boʻlganda turli veb-saytlardan foydalanish mumkin. Masalan,Wheel of Names | Random name picker
Shunday qilib, reja boʻyicha harakatlanamiz.
Oʻquvchilarga loyihani qanday bajarish yuzasidan yoʻriqnoma berish kerak. Bizning loyihamizda u quyidagicha boʻlishi mumkin:
Guruh aʼzolari bilan vazifalarni boʻlishib oling (kim taqdimot tayyorlaydi, kim maʼlumot qidiradi, kim nutq matnini tayyorlaydi kabi).
Oʻrganiladigan materiallarni tanlang (masalan, kiberxavfsizlik mavzusi uchun quyidagi videokontentni tanlash mumkin: PULLARINGIZ XAVF OSTIDA! | Ehtiyot boʻling, firibgarlar (1-qism) (youtube.com)).
Tanlangan materiallarni oʻqituvchingiz bilan muhokama qiling.
Har bir materialni sinchiklab oʻrganing va guruh muhokamasida tahlil qilib, qaysi oʻrinlarni taqdimotga kiritish, qanday kiritish boʻyicha kelishib oling.
Taqdimotning xomaki nusxasini tayyorlang va oʻqituvchiga koʻrsating.
Oʻqituvchi takliflari asosida taqdimotga oʻzgartirish kiriting.
Soʻnggi bosqich.
Loyiha ishlarini baholash bosqichi. Baholash varaqasini oldindan berganingiz uchun bu bosqichda unchalik ham qiynalmaysiz. Asosiysi, qoʻyilgan bahoni tushuntirib berish.
Oʻylaymizki, loyiha ishini tayyorlash jarayoni siz uchun foydali boʻldi. Keyingi maqolalarimizda guruh aʼzolarining loyiha davomida qanday ishlaganini aniqlash va guruhga adolatli baho qoʻyishning ayrim usullari bilan tanishib chiqamiz.

