Loyihaning texnik topshirigʻi qanday yaratiladi?
Texnik topshiriq (техническое задание) nima uchun kerakligi, uni kim va qanday tuzishi haqida soʻz yuritamiz, misollar bilan boʻlishamiz.
Texnik topshiriq (TT) nima?
Texnik topshiriq loyiha hujjati bo‘lib, u jamoa va buyurtmachiga ish yakunida qanday natija chiqishini tushunishga yordam beradi. Mohiyatan olib qaraganda AyTi mahsulotga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi. Masalan, u qanday funksiyalarni bajarishi kerak, qanday foydalanuvchi ssenariylari mavjud, ilova qaysi tilda yoziladi va hokazo.
TT odatda quyidagi bloklardan iborat boʻladi:
Loyihaning vazifasi. Mahsulotning foydalanuvchi va biznes maqsadini tavsiflaydi.
Foydalanuvchi guruhlari. Yaʼni loyihaning maqsadli auditoriyasi va uning turli toifalari.
Tarkib sharhi. Funksiyalar va foydalanish ssenariylarini o‘z ichiga olgan katta texnik topshiriq bloki.
Boshqa komponentlar bilan o‘zaro munosabatlari. Mahsulot qaysi tashqi komponentlar bilan qanday tarzda integratsiya qilinishini tavsiflaydi. Masalan, Yandex xaritalar bilan.
Interfeys sharhi. Mazkur blokka sahifalarning strukturasi va dizayni bo‘yicha istaklar kiritiladi. Masalan, bunga mijozning firma uslubidan foydalanishni kiritish mumkin.
Xavfsizlik. Bu yerda mahsulot ega bo‘lishi kerak bo‘lgan barcha xavfsizlik tizimlari, aytaylik, fayrvol, antivirus va shifrlash tizimlari keltiriladi.
Ishlab chiqish. Agar mijozning texnik qism, masalan, afzal ko‘rilgan dasturlash tiliga oid xohishlari bo‘lsa, uni ushbu blokda ko‘rsatish lozim.
Tizim muhiti. Bu mahsulot o‘rnatiladigan server va qurilmalarning texnik tavsiflaridir.
Texnik topshiriq — o‘nlab yoki yuzlab sahifalardan iborat bo‘lgan ancha katta hajmdagi hujjat
Davlat yoki davlat kompaniyasi buyurtmachi bo‘lgan loyihalarda texnik topshiriq boʻlishi majburiy. Shu bilan birga, uni standartlar, masalan, GOST 34.602-89 “Avtomatlashtirilgan tizimni yaratish uchun texnik topshiriq” bo‘yicha tuzish talab etiladi. U TT mualliflariga tizim qanday nazorat qilinishi va qabul qilinishi hamda uni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rish shartlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish majburiyatini yuklaydi.
Nega TT tuzilishi kerak?
Texnik topshiriq tuzishdan asosiy maqsad bo‘lajak loyihani batafsil tavsiflab berishdir. Bu narsa loyiha ustida ishlayotgan jamoa va buyurtmachiga ishning kutilganidek amalga oshishiga ishonch hosil qilish imkonini beradi.
Texnik topshiriq bir qator vazifalarga yechim topishga yordam beradi:
Buyurtmachining istaklarini qayd etish. Mijozning mahsulotga oid barcha talab va kutilmalari hujjatga kiritiladi va bu ularning amalga oshirilishini kafolatlaydi.
Byudjet, ish hajmi va muddatni tushunish. Loyihaning batafsil tavsifi tufayli jamoa qanday vazifalarni bajarish kerakligi, bunga qancha vaqt ketishini tushunishi va bajariladigan ishning narxini baholashi mumkin.
Kelishmovchiliklarni hal etish. Mahsulotga qo‘yiladigan talablar va mazmuni qayd etilgan TT mijoz hamda ijrochi o‘rtasida nizo chiqqanida qo‘l keladi.
Texnik topshiriq ishning barcha bosqichlarida: loyihalashdan tortib tayyor mahsulotni topshirishgacha samarali ishlaydi.
TT ko‘pincha mijoz va ijrochi o‘rtasidagi shartnomaga ilova boʻladi. U ish hajmi va qiymatini aniq qayd etish imkonini beradi. Agar loyihani yaratish jarayonida yangi talablar paydo bo‘lsa, masalan, bir nechta funksiyalar qo‘shilsa, bu ish baholanadi. Texnik topshiriqqa qo‘shimcha ilova sifatida shartnomaga qo‘shiladi.
Hatto kompaniyaning ichki loyihalari uchun ham TT tuzish kerak. Masalan, ishlab chiqish jamoasi boshqa bo‘limlardagi hamkasblarning buyurtmasi bo‘yicha mahsulot yaratganida ham TT tuziladi. Bunday ish yuritish orqali mijoz tasavvuridagi narsadan boshqasini olganida yuzaga keladigan tushunmovchiliklar hamda behuda kutilmalarning oldi olinadi.
Qaysi holatda TTga ehtiyoj yo‘q?
Ishlab chiquvchining bir necha o‘n soat vaqtini oladigan kichik loyiha haqida gap ketganida texnik topshiriqni tuzmaslik mumkin. Misol tariqasida oddiy tashrif veb-saytini yaratishni olaylik. Bu holda TTsiz ham ish olib borish mumkin. Bunda loyihada bo‘lishi kerak bo‘lgan funksiyalar ro‘yxati ko‘rsatilgan Excel jadvalining oʻzi yetarli. Ammo anglashilmovchiliklarning oldini olish maqsadida bunday hujjatni ham buyurtmachi bilan kelishib olish kerak.
Shuningdek, koʻp hollarda alohida texnik topshiriq tuzishdan ma’no yo‘q. Masalan, agar loyihani boshlashdan oldin maqsadli auditoriyani aniqlash maqsadida chuqur tadqiqotlar o‘tkazilgan va batafsil texnik hujjatlar yozilgan bo‘lsa. Bu holda qo‘shimcha detallar shartnoma bandi sifatida rasmiylashtirilishi mumkin.
Bundan tashqari, keng ko‘lamli texnik topshiriqqa bo‘lgan ehtiyoj ishlab chiqish metodologiyasiga ham bog‘liq. Misol uchun, mahsulotni oldindan kelishilgan reja bo‘yicha yaratishning bosqichma-bosqich jarayonini nazarda tutuvchi Waterfall’da busiz ishlab boʻlmaydi. Ammo Agile’da har bir muayyan sprint uchun ishlarni qayd etadigan alohida qisqa TTlar yetarlidir.
TT berishni amaliyot bilan birga oʻrganing
“Project Management” kursimizda oʻqish orqali loyihalaringizda texnik topshiriqni toʻgʻri berishni oʻrganing. Bundan tashqari, Agile, Waterfall kabi metodologiyalarni ham ishda qoʻllay boshlaysiz va loyiha menejeri kasbini egallaysiz.

Texnik topshiriqni kim tuzishi kerak?
Odatda TTni tayyorlash bilan loyiha menejeri shug‘ullanadi. Buyurtmachining talablarini to‘plash, texnik topshiriq va tayyor mahsulotni yaratish uchun aynan u ma’sul boʻladi. Odatda bunday vazifa darajasi midldan past bo‘lmagan tajribali loyiha menejeriga topshiriladi. Bunda u quyidagi hamkasblarini ishga jalb qilishi mumkin:
Tizim arxitektori. Loyiha strukturasini loyihalashtirishda yordam beradi.
Biznes analitik. Mahsulot funksiyasi yordamida biznes vazifalarga qanday yechim topishni ko‘rsatadi.
Dasturchi. U bilan mijozning biror-bir istagini amalga oshirish imkoniyati yuzasidan maslahatlashish mumkin.
Testdan oʻtkazuvchi. Loyihani ishga tushirishdan oldin texnik xatolarning oldini olishda yordam beradi.
Bundan tashqari, ba’zan texnik topshiriqni GOST bo‘yicha yaratish uchun hujjatlarni zarur standartlarga keltira oladigan alohida mutaxassis yollanadi.
Texnik topshiriq qanday yoziladi?
TTni yaratish bosqichlari:
Brifni to‘ldirish. Odatda buyurtmachi ijrochi jamoaga murojaat qilganda unga brif yuboriladi. U esa brifda mahsulotdan kutayotgan xohish-istaklarini umumiy tarzda tavsiflaydi.
Buyurtmachining xohish-istaklarini to‘plash. To‘ldirilgan brifni o‘rganish, buyurtmachining loyihadan qanday kutilmalari va talablari borligini (masalan, xavfsizlik bo‘yicha) bilish uchun bir qator uchrashuvlar o‘tkazish kerak. Olingan barcha ma’lumotlar TTda qayd etiladi.
Boshqa mutaxassislar bilan maslahatlar. Murakkab funksiyani qay tarzda amalga oshirish boʻyicha bahsli masalalarni loyiha menejeri boshqa hamkasblari bilan muhokama qiladi. Masalan, tizim arxitektori va biznes analitik bilan.
TTni shakllantirish. Ishlab chiqishda tajribasi bo‘lmagan buyurtmachi hujjatni tushunishi uchun uni to‘g‘ri tuzish muhimdir. Bunda infografika va atamalar lug‘ati yordam beradi.
Moslashtirish. Tayyorlangan texnik topshiriq buyurtmachiga taqdim etilishi va u bilan moslashtirilishi lozim. Uchrashuvda mijoz tomonidan loyihani qabul qiladigan va hujjatni tasdiqlaydigan steykxolder ishtirok etishi muhim. Barcha tuzatishlar va qo‘shimchalar TTda qayd etiladi.
TTni imzolash. Tuzatishlar kiritilgandan so‘ng yakuniy hujjat uzil-kesil moslashtirilishi kerak. Agar texnik topshiriq shartnomaning bir qismi hisoblansa, u mijoz va ijrochi tomonidan imzolanadi.
U ma’qullanib, imzolangandan so‘ng texnik topshiriqni yaratish, ishlab chiqish, dizayn, testdan o‘tkazish va kafolatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni o‘z ichiga olgan smeta hisoblab chiqiladi.
TT shabloni va namunalari
Tajribali loyiha menejerida odatda asosiy bloklarning strukturasi yozilgan texnik topshiriqning standart shabloni bo‘ladi. Masalan, ko‘plab mutaxassislar Karl Vigers va Joy Bitti kitobida keltirilgan shablonni asos qilib oladi.
Texnik topshiriq shabloni muayyan loyiha uchun o‘zgaradi: unga qandaydir bo‘limlar qo‘shiladi yoki olib tashlanadi
Davlat buyurtma bergan loyihaning texnik topshirigʻini tuzishda shablon sifatida ko‘pincha quyidagi bloklar mavjud bo‘lgan GOST 34.602-89 olinadi:
Kirish
Ishlab chiqish uchun asoslar
Mahsulotning vazifasi
DTga doir talablar
Hujjatlarga doir talablar
Texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar
Ishlab chiqish bosqichlari
Nazorat va qabul qilish jarayoni
Ilovalar
Misol tariqasida kosmetika xizmatlari veb-sayt agregatorni ishlab chiqish bo‘yicha texnik topshiriq yaratishni olaylik. Loyihaning foydalanuvchi funksiyalarini quyidagicha tavsiflash mumkin:
Xizmat va tashkilotlarni tanlanganlarga qo‘shish imkoniyati bo‘lgan holda qidirish.
Ustalarning fotosuratlar, tajriba tavsifi, fikr-mulohazalar boʻlgan ro‘yxatini ko‘rish va tanlanganlarga qo‘shish imkoniyati.
Kompaniya haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish: manzil, telefon, email, Yandex xaritalardagi joylashuvi, narxlar ko‘rsatilgan xizmatlar ro‘yxati va kompaniya haqidagi fikr-mulohazalar.
Taqvimda ustalarning oy davomida kun va soatlar bo‘yicha bandligi grafigini ko‘rish.
Foydalanuvchilarning ismi, telefoni, email manzilini (ixtiyoriy) ko‘rsatgan holda ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati.
Usta qabuliga uning grafikdagi bo‘sh vaqtini tanlash va buning tasdigʻini olish imkoniyati.
Ustalar va kompaniyalar haqida fikr-mulohazalar qoldirish imkoniyati.
Foydalanuvchining o‘z profili bilan o‘zaro munosabatda boʻlish variantlarini esa sxema ko‘rinishida tasvirlash mumkin.
Texnik topshiriqdagi sxema va diagrammalarga matn ilova qilish muhim
Ekspert maslahati
Maksim Gostev
Mening fikrimcha, texnik topshiriqni har doim tuzish va unda buyurtmachidan keladigan eng mayda o‘zgarishlarni ham qayd etish kerak. Ammo hujjatga yangi fichani qo‘shishdan oldin jamoa bilan maslahatlashish va bunday o‘zgarishlarni amalga oshirish qanchalik real, maqsadga muvofiqligini aniqlash muhimdir. Ba’zan kiritiladigan kichik tuzatishlar loyihada jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi va ish muddatini bir necha martaga uzaytirishi mumkin.

