Asosiy kontentga o'tish
Sun'iy Intellekt

Neyrotarmoqlar yordamida biznes uchun dizayn yaratish

Professional dizaynlar qilishning SI yechimi

“Neyrotarmoqlar ko‘p, hammasi ham yaxshi, lekin hozircha mening vazifalarimga to‘g‘ri kelmaydi”. Garov o‘ynaymizki, navbatdagi neyrotarmoqning yangi promo-roligi chiqqanida siz aynan shunday deb o‘ylaysiz. Ushbu maqolada neyrotarmoqlar yordamida vazifalaringizga mos keladigan dizaynni qanday yaratishni ko‘rsatamiz. Shunday qilamizki, hech kim “E-e, bu sun’iy intellekt yordamida yaratilgan” deb aytmaydi.

Neyrotarmoqlar va sun’iy intellekt yordamida qanday asosiy biznes vazifalarini bajarish mumkin?

Mahsulotingiz bilan neyrofotosessiyani amalga oshirish. Masalan, turli interyerlardagi shamlar yoki pidjak kiygan qiz bilan. Anʼanaviy fotosessiya tashkil qilish bilan solishtirganda bu deyarli bepul.

Ijtimoiy tarmoqlar uchun post tayyorlash. Masalan, ayollarni bayram bilan tabriklash uchun.

Prompt: Bouquet of red tulips, icon on light blue background

Tarjimasi: och moviy rangdagi fonda qizil lolalar guldastasi

Maqolalar uchun muqova tayyorlash. Agar siz maqola yoki keys yozsangiz, odatda 3 ta tanlovingiz boʻladi: yo qimmat, yo Shutterstock’dagi qiziqarli boʻlmagan rasmdan foydalanish yoki mualliflik huquqlarini buzib, sud da’vosini olish. Yaxshi muqova narxi 3000 rubl atrofida turadi. Lekin agar u sun’iy intellekt yordamida tayyorlanib, faqatgina biroz tahrir qilinsa, atigi 500 rublga tushadi.

Prompt: bright red robot as an artist painting on canvas, gray-blue background

Tarjimasi: kulrang-ko‘k fonda rasm chizayotgan yorqin qizil rangli robot-rassom

Veb-sayt uchun tasvirlar yaratish. Ularni fon sifatida yoki matn yonida joylashtirish mumkin. Masalan, plastik derazalar o‘rnatish bilan shug‘ullanasiz va maqsadli auditoriyangiz oilali odamlar. SI samimiylik, shinamlik, oilaviy muhit va xavfsizlik hissini aks ettiruvchi tasvirlar yaratishga yordam beradi.

Prompt: A woman stands at the window of her apartment and holds her three-year-old son in her arms, outside the window is an ordinary Russian city, realism, photo

Tarjimasi: kvartirasining derazasi oldida uch yoshli o‘g‘lini qo‘lida koʻtarib turgan ayol. Deraza tashqarisida oddiy shahar, realizm uslubida.

Reklama kreativlarini yaratish. Target, reklama koʻlamini kengaytirish, direct va boshqalar uchun. Masalan, quyidagicha:

Prompt: A man in a suit with a lion’s head, running in city

Tarjimasi: shaharda yugurib ketayotgan sher boshli kostyum kiygan odam

Murakkab vositalarni o‘rganishga vaqtingiz yo‘qligini hisobga olib, biz sizga biznes uchun dizaynni sodda va qulay servislar yordamida qanday yaratishni ko‘rsatamiz.

Lekin yodingizda tuting: agar comfyUI vositasini chuqurroq o‘rgansangiz, logotipdan tortib filmgacha bo‘lgan istalgan kerakli generatsiyani yaratishingiz mumkin.

Biznes uchun neyrodizayn yaratish maqsadida foydalanish mumkin boʻlgan xizmatlar

Uslub muammosi. Asosiy qiyinchilik shundaki, neyrotarmoq yaratgan tasvirlar ko‘pincha turlicha chiqadi. Masalan, birinchisi realistik, ikkinchisi esa multfilmlar uslubida bo‘lishi mumkin. Siz esa uzun promptlar bilan ancha urinishdan so‘ng faqat soch rangini o‘zgartirishni rejalashtirganingizda kichik bir tuzatish butun sozlamalarni buzib yuboradi. Sun’iy intellekt esa yana promptdagi talabga to‘g‘ri kelmaydigan tasvirni yaratadi.

Neyrotarmoq ranglar, gradiyentlar, umumiy uslub va boshqa jihatlarni hisobga olgan holda kompaniyamizning o‘ziga xos uslubida chizishi kerak. Shu sababli biz murakkab sozlamalarsiz LoRa’ni o‘z dizaynimizga o‘rgatish imkonini beradigan ikkita oddiy xizmatni tanlaymiz. Bu xizmatlar bir xil yuzni turli vaziyatlarda tasvirlash imkonini beradi. Bundan tashqari, bizga tasvirni fotoshopsiz mayda detallargacha qayta ishlashga yordam beradigan inpaint va outpaint vositalari kerak bo‘ladi.

LoRaʼni train qilish orqali barcha generatsiyalarni bir xil uslubda olishga erishamiz. Neyrotarmoq xuddi ko‘cha rassomiga o‘xshaydi. U rasm chizishni biladi, ammo portretingizni GTA 5 uslubida tasvirlashni so‘rasangiz, buni eplolmaydi. Xullas, LoRaʼni train qilish ko‘cha rassomlariga GTA 5 uslubida rasm chizishni oʻrgatishga oʻxshaydi. Siz neyrotarmoqqa Trevorning 20 ta rasmini ko‘rsatasiz va u shundan so‘ng buni qila oladigan bo‘ladi.

Inpaint vositasi yordamida tasvirdagi nuqsonlarni ajratib, qolgan qismlarga taʼsir qilmasdan faqat shu joyni qayta chizish mumkin. Masalan, kiyimdagi logotipni oʻchirish, soch rangini oʻzgartirish yoki qiyshiq barmoqlarni toʻgʻrilash.

Yettita o‘rniga beshta barmoq, tasvirning qolgan qismi o‘zgarmadi.

Outpaint vositasi yordamida tasvirni to‘rt tomondan to‘ldirib chizish mumkin. Masalan, ko‘chani davom ettirish yoki neyrotarmoq dastlab odamning kadrga sig‘dirmaslikka qaror qilgan poyabzalini toʻliq chizish imkoniyati mavjud.

Mana shu uch mezonning barchasiga faqatgina ikkita rasm yaratish xizmati – Krea AI va Leonardo AI mos keladi.

1-xizmat. Krea AI

Krea – neyrotarmoqlar markazi. Kompaniyalar modellarni ishlab chiqib, ulardan foydalanishga ruxsat beradi, Krea esa ularni o‘z platformasida birlashtiradi. Kreaʼdagi yaratish interfeysi shunchalik oddiyki, hatto tushuntirishga hojat ham yo‘q.

Kreaʼning asosiy afzalligi shundaki, u aniqroq va batafsil natijalar beradigan Fluxʼni qo‘llab-quvvatlaydi. Xatolik yuz bergan taqdirda ham buni inpaint yordamida osongina tuzatish mumkin.

O‘z uslubingizga o‘rgatish. Agar brend uslubingiz bo‘lsa, oxirgi 3 oy ichidagi biznesingizga taalluqli barcha rasmlarni to‘plab, ularni Kreaʼga yuklang. Model qirq daqiqa davomida namunalaringiz asosida o‘rganadi. Shundan so‘ng o‘rgatilgan uslubdan har bir rasmni yaratishda foydalanishingiz mumkin. Shu tarzda har bir yangi rasm dizayningizga mos ravishda generatsiya qilinadi.

Agar o‘zingizda bo‘lmasa, boshqalarning dizaynini yuklab oling 😈

Ammo biz buni sizga aytmadik.

Personajga o‘rgatish. Bir kishining turli rakurslardan tushirilgan 20 ta fotosuratini oling va modelga uni oʻqiting. Neyrotarmoq bu odamning qiyofasini o‘rganadi va shundan so‘ng uning ishtirokidagi tasvirlarni generatsiya qilish imkoni paydo bo‘ladi. Agar sizda brend yuzi bo‘lsa, bu usul juda qulay.

Kiyim almashtirish. Personaj ustiga kiyim rasmini yuklang, neyrotarmoq uni modelga kiydiradi.

Narx. Kuniga taxminan 15 tacha generatsiya bepul, xizmat aniq sonni aytmaydi. Obuna narxi 10 dollardan boshlanadi, bu uchta modelni o‘qitish yoki flux modelidagi 720 ta rasmga yetadi. Ammo amalda bundan kamroqdek.

2-xizmat. Leonardo AI

Leonardo – Stable Diffusion bilan ishlash interfeyslaridan biri. Kompaniya asosiy modelni olib, o‘zlari zarur deb bilgan barcha narsani takomillashtirgan.

Kreaʼdan farqli ravishda Leonardoʼda ko‘plab sozlamalar mavjud. Chunki Stable Diffusion modeli avval boshdan flux’ga qaraganda soddaroq bo‘lib, aniqroq sozlashni talab qiladi. Masalan, SD “bor boʻyicha” iborasini tushunmaydi, shuning uchun personajning oyoq kiyimini, bundan tashqari, inson qomati to‘liq sig‘ishi ehtimolini oshirish uchun rasmni vertikal holatda yaratish kerakligini tavsiflab o‘tish lozim.

Chap tomondagi menyuda model va chiquvchi tasvir parametrlarini sozlang.

Leonardo har bir generatsiya uchun ichki valyutani sarflaydi. Sifat qanchalik yuqori bo‘lsa, generatsiya narxi ham shunchalik qimmat chiqadi.

Neyrotarmoq har doim ham promptga bo‘ysunmaydi. Qo‘shimcha funksiyalar esa promptdagi matn hajmini kamaytirish va sozlamalar orqali qat’iy talablarni belgilashga yordam beradi. Prompt maydonidagi ikonkani bosib, ko‘proq kirish ma’lumotlarini qo‘shing:

Brend stilini saqlab qolish uchun Style Referensʼdan foydalanish mumkin. Neyrotarmoq misollaringizdagi ranglar va umumiy kayfiyatni o‘zlashtiradi. Bir nechta uslubni yuklab, ularni birlashtirish mumkin. Lekin biznes vazifalarida bu odatda kerak boʻlmaydi.

Aniq o‘xshashlikni yaratish uchun o‘zingizning kichik modelingizni (LoRa) o‘qitishingiz kerak. Buning uchun bosh sahifadagi “Training & Datasets”ga kirish lozim. Keyin hammasi Kreaʼdagi kabi – kerakli uslubdagi rasmlarni imkon qadar ko‘proq yuklab, tushlikka ketasiz, bir soatdan so‘ng Leonardo oʻquv mashqlarini tugatgan boʻladi.

Modelni o‘qitish uchun mana shunday dataset yukladik. Natijasini esa maqola boshidagi rasmlarda ko‘rgansiz.

Leonardo personajlarni oʻqitishni yaxshi eplolmaydi, yuzlar g‘alati chiqadi, lekin stilizatsiyani a’lo darajada uddalaydi. Shuningdek, Leonardoʼning inpaintʼi yaxshi emas, unda o‘z tasvirlaringizni qayta ishlash noqulay.

Narxi. Kuniga 150 ta bepul token beriladi, bu 4 ta rasmdan iborat 8–10 ta generatsiyaga yetadi. Obuna narxi 12 dollardan boshlanadi va buning evaziga 8500 token beriladi. Bu taxminan 700 ta rasm yaratishga yetadi. Tajribamizga ko‘ra, haqiqatan ham shunday.

Biznesda neyrodizayndan qanday foydalanish mumkin?

Faoliyatining boshida tadbirkorda ilgari duch kelmagan ko‘plab yangi mas’uliyat va vazifalar paydo bo‘ladi. Tajribali mutaxassislar jamoasini shakllantirish uchun ko‘p vaqt va mablag‘ talab etilishi mumkin. Odatda bularning ikkalasi ham yetishmaydi, shuning uchun neyrotarmoqlar gipotezalarni sinab ko‘rish va byudjetni tejash uchun juda qulay vosita boʻladi.

Bu nafaqat kopirayting va analitika, balki vizualga ham tegishli. Firma uslubini ishlab chiqish yoki veb-saytni “kechagi muddat” dedlayni boʻyicha kontentlar bilan to‘ldirish kabi shoshilinch vaziyatlarda neyrotarmoqlar 100% samara beradi.

Dizayn bo‘limi to‘liq shakllanganidan so‘ng o‘z brendingiz hamda TOVʼingiz paydo bo‘ladi. Shunda neyrotarmoqlar dizaynerning sinchkov nazorati ostida (ortiqcha barmoqlar o‘z-o‘zidan yoʻqolmaydi) ish jarayonlarini tezlashtirishga yordam beradi. Shu ma’noda neyronlar sehrli tayoqcha emas, balki ko‘proq qo‘shimcha kuch beruvchi qurol vazifasini bajaradi.

Sun’iy intellektga ortiqcha mas’uliyat yuklamagan maʼqul, kreativ g‘oyalar va fikr kuchi bo‘yicha baribir inson yetakchi. Asosiysi – “tez, arzon va yaxshi” o‘rtasidagi muvozanatni topish.

Anastasiya Sergeyeva | Wazzup illyustratori

O‘z qo‘lingiz bilan testdan oʻtkazib ko‘ring. Har safar natija yaxshilanib boraveradi. Qiyin tuyulsa ham, aslida qiyin emas. Shunchaki urinib ko‘ring – ikki soat vaqtingizni ajratib, oldingizga biznesingiz vazifasini qo‘ying va natijaga erishishga harakat qiling.

Ikkala xizmatni birgalikda qo‘llang. Tasvirlarni Leonardoʼda yarating, u yerda arzonroq. Krea’da esa ularni to‘ldiring, undagi flux asosidagi inpaint qiyshiq barmoqlarni to‘g‘rilash va personajlar kiyimini o‘zgartirishni yaxshiroq bajaradi.

Matn bilan bogʻliq ishlarni grafik muharrirda yakunlang. Neyrotarmoqlar hozircha oʻzbek tilidagi matn bilan yaxshi ishlay olmaydi.

SIning barcha mavjud sozlamalaridan foydalaning. Promptingiz qanchalik qisqa bo‘lsa, natija shunchalik aniq bo‘ladi. Agar xizmat parametrlarni interfeysda kiritishni taklif qilsa, neyrotarmoqni imkon qadar kamroq so‘z bilan yuklash maqsadida shunday qilgan maʼqul.

Pulli obunalar rasmiylashtiring. Bepul tariflarning cheklovlari to‘liq foydalanish imkonini bermaydi: tokenlar tezda tugaydi va ba’zi funksiyalar mavjud bo‘lmaydi.

Dizaynerga vazifa qo‘ying: ortiq Shutterstock’dan foydalanmasdan barcha rasmlarni faqat shu ikki xizmat yordamida chizsin. Dizayner qiynaladi, ammo bir haftadan so‘ng ishi 3–4 barobar samaraliroq bo‘ladi.

YouTube’dagi gaydlarni tomosha qiling. Ularda interfeys tahlilidan tortib layfhaklar va ajoyib promptlargacha bo‘lgan ko‘plab foydali ma’lumotlar bor.

Undan tashqari, Leonardo AI’dan foydalanishni o‘rgatuvchi kursda o‘qishingiz mumkin. Sun’iy intellekt mutaxassisi bo‘lishni istasangiz, bunga yordam beruvchi kurslar ham bor:

– Leonardo AI

– Data sayns va sun’iy intellekt

– Computer Vision

– Sun’iy intellekt – NLP (Nutq bilan ishlash)

Manba: Как рисовать дизайн для бизнеса с помощью нейросетей

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Wazzup Media

Wazzup Media

O'xshash maqolalar