Odoo nima?
Biznesning istalgan qismiga kirib, vaqt va mablag‘ni tejovchi ilovalar to‘plami haqida
Odoo ehtiyojlarga mos keluvchi funksiyalarni tanlash imkonini beradigan tizim taklif qiladi. Bunda farqi yoʻq: kichik startap boʻladimi yoki yirik korxona, bu tizimdan bemalol foydalanishi mumkin.
Keling, gapni choʻzmasdan Odoo bilan yaqindan tanishamiz!
Odoo nima?
Qisqacha aytganda, Odoo bu – biznes boshqaruvining barcha jihatini oʻz ichiga olgan dasturlar toʻplami.
Toʻliqroq aytganda, Odoo bu – bir nechta biznes ilovalarini birlashtiradigan ochiq kodli ERP dasturiy taʼminoti. Uni elektron tijorat, CRM, buxgalteriya hisobi, ishlab chiqarish, loyiha boshqaruvi va boshqa jarayonlarni bitta joyga jamlagan vositalar toʻplami, deb tasavvur qiling. Rivojlanayotgan startap yoki yirik kompaniya boʻlishining farqi yoʻq – Odoo hammaga yordam bera oladi.
Biznesni boshqarish dasturiy vositalarining Belgiya toʻplami, yaʼni Odoo qiziqarli tarixga ega.
2005-yil Febien Pinkaers, kompaniyaning g‘oyaviy asoschisi va hozirgi bosh direktori, oʻz dasturiy ta’minoti ustida ishlay boshladi. O‘sha paytda uning ixtirosiga kamtarlik bilan TinyERP deb nom berilgandi. 2008-yil kompaniya o‘z nomini o‘zgartirib, OpenERPʼga aylandi.
Sezilarli darajada rivojlangan OpenERP 2014-yilda o‘zining so‘nggi nomini oldi: Odoo. Nima uchun nom o‘zgardi? Chunki Odoo cheklovlarsiz brendga ega bo‘lishni xohladi. (Eski nomdagi “ERP” qo‘shimchasi esa kompaniyani faqat ERP dasturlariga bog‘langandek taasurot qoldirardi. Ular esa bu bilan cheklanmoqchi emasdi.)
Odooʼning asosiy xususiyatlari nimada va biznesga foydasi qanday?
Siz uning xususiyatlari qandayligiga, biznesga qanday yordam berishiga qiziqayotgan boʻlishingiz mumkin.
Bu oson. Keling, bunda sizga yordamlashamiz.
Eslatma (tarjimondan): maqola biznes egalariga murojaat qilingandek uslubda yozilgan. Biznes egasi boʻlmay turib, Odooʼdan qanday foydalanishni oxirida bilib olasiz.
1. Ombor va taʼminot zanjirini boshqarish
Tasavvur qiling, katta ombor — unda tokchalar, yoʻlaklar, sovutish xonalari va stellajlar bor. Bunday joylarda mahsulotlar hisobini yuritish oson emas. Odoo sizga aniq saqlash joylarini yaratish va boshqarish imkonini beradi. Bu esa mahsulotlarni tartibli saqlashga va oson topishga koʻmaklashadi.
Yangi mahsulotlar kelganda ularni toʻgʻri joyga qoʻyish juda ham muhim. Odooʼning joylashtirish qoidalari real vaqtdagi sig‘im va mahsulot ehtiyojlariga asoslanib, mahsulotlarni avtomatik ravishda eng maqbul saqlash joylariga yo‘naltiradi. Bu ombor ishini osonlashtiradi va xatolarni kamaytiradi.
Ombordagi vazifalar: qabul qilish, saralash, qadoqlash kabilar muammosiz ishlash uchun juda muhim. Odoo bu vazifalarni samarali boshqarishga yordam beradi. Bundan tashqari, aqlli tovar yigʻish strategiyalari (masalan, FIFO, FEFO) mahsulotlarni to‘g‘ri tartibda tanlashga koʻmaklashadi va buyurtmalar o‘z vaqtida bajariladi.
Kelib tushayotgan joʻnatmalarni boshqarish tovar miqdori, o‘lchov birliklari va mahsulotni qaytarish shartlarini nazorat qilishni o‘z ichiga oladi. Odoo bu jarayonni soddalashtiradi. U qaytarishlar uchun oldindan belgilangan yo‘nalishlarni oʻrnatish va ombordagi mahsulotlar qiymatini muammosiz yangilash imkonini beradi.
Yetkazib berish haqida gapiradigan boʻlsak, Odooʼning maxsus yoʻnalish sozlamalari drop-shipping, cross-docking va boshqa jarayonlar uchun moslashtirilgan yo‘llarni yaratishga imkon beradi. Bundan tashqari, bir nechta omborxonadan foydalanish imkoniyatlari turli joylar oʻrtasida osongina almashinuvni taʼminlaydi.
2. Xaridlarni boshqarish
Xarid jarayonida sotuvchilarning hisob-kitoblarini solishtirish, xarid tanlovlarini boshqarish, sifatni nazorat qilish muhimligini yaxshi bilasiz.
Xoʻsh-xoʻsh?
Odoo kabi ERP tizimi yuqoridagilarning barchasini va undan ham koʻprogʻini bajara oladi. Dasturiy taʼminot yana narx va to‘lovlarning aniq bo‘lishini ta’minlaydigan valyutani yaxlitlash funksiyasiga ham ega.
Agar juda ko‘p vazifalaringiz bo‘lsa va baʼzi narsalarni unutib qo‘ysangiz, Odoo bunda qoʻl keladi. U sotuvchilarga o‘z vaqtida to‘lashda yordam beradigan avtomatik eslatma funksiyasiga ega. Shu tariqa siz hech qachon kechiktirilgan to‘lovlarga duch kelmaysiz va pul oqimingizni barqaror saqlaysiz.
3. Sotish nuqtasi va sotuvni boshqarish
Sotuv boʻlimiga kelib tushgan lidlarni samarali boshqarish va ular bilan savdo qilish uchun zamonaviy interfeys kerak. Odooʼning qulay interfeysi va mobil imkoniyatlari sotuv menejerlariga faqat ofisda oʻtirganida emas, hatto mijozning oldiga borib ishlayotganida ham qulaylik yaratadi.
Maʼlumotlarni qoʻlda kiritish koʻp vaqt olishiga hammamiz qoʻshilamiz. Yaxshiyamki, Odoo tijorat takliflarini yuborish imkonini berib, ma’lumotlar kiritishni kamaytiradi. Taklif tuzuvchi oldindan belgilangan mahsulotlar va andozalar bilan professional takliflar tayyorlaydi. Shuningdek, takliflarni sotuv buyurtmalariga aylantirish va sotuv jarayonini boshqarish ham avtomatlashtiriladi — bularning barchasi bir joyda.
Chakana savdo doʻkonida yoki restoranda boʻlishidan qatʼi nazar Odooʼning intuitiv sotish nuqtasi interfeysi uzluksiz xizmat koʻrsatishni taʼminlaydi. Oflayn rejimda ham tranzaksiyalar davom etadi va maʼlumotlar yoʻqolmaydi.
Naqd pul, chek yoki karta kabi turli to‘lov usullarini qo‘llab-quvvatlaydigan, shu bilan birga, buyurtmalarni kuzatish va o‘zgartirish uchun mijozlar portalini ham taklif qiladigan tizim bormi, deb o‘ylayapsizmi? Odoo bularning barchasini qila oladi.
4. Moliya va buxgalteriya hisobi
Odoo Accounting har qanday davlatning talablariga moslashadi. Real vaqt rejimidagi hisobotlar moliyaviy koʻrsatkichlarni darhol kuzatish imkonini beradi.
Enterprise funksiyasida Odoo buxgalteriya funksiyalaridan iOS va Android qurilmalarda foydalanish imkonini beradi. Odoo’ning sun’iy intellektga asoslangan hisob-fakturasi esa skanerlangan PDF fayllarni raqamlashtirish va ularni avtomatik ravishda kodlash imkonini beradi.
5. Elektron tijorat va veb-sayt integratsiyasi
Elektron tijorat platformalarini Odoo kabi kuchli ERP tizimlari bilan integratsiyalash bir qator afzalliklarga ega. Real vaqt rejimida ma’lumotlarni sinxronlashtirish uzluksiz axborot oqimini ta’minlaydi. Bundan tashqari, yagona ombor boshqaruvi ortiqcha sotuvlarning oldini oladi. Buyurtmalarni bajarishning soddalashtirilgan jarayoni esa vaqtni tejaydi. Shaxsiylashtirilgan muloqot mijoz tajribasini yaxshilaydi.
Odoo’ning boshqa modullari uchinchi tomon elektron tijorat platformalari bilan yaxshi integratsiyalashadi. Ammo uning elektron tijorat moduli Odoo tizimining o‘ziga yanada yaxshiroq ulangan. Eng yaxshi tomoni shundaki, buning uchun alohida ulanish vositasi kerak emas.
Bu integratsiya biznes jarayonlarini soddalashtiradigan va umumiy samaradorlikni oshiradigan yagona platformani yaratadi. Elektron tijorat tranzaksiyalari ombor boshqaruvi, mijozlarga oid jarayonlarni boshqarish (CRM), buxgalteriya hisobi, marketing va veb-sayt funksiyalari bilan bog‘langanda real vaqt sinxronizatsiyasi, aniq zaxiralar hisobi va optimallashtirilgan buyurtma bajarilishi ta’minlanadi. Bundan tashqari, mijoz ma’lumotlariga asoslangan shaxsiylashtirilgan aloqa umumiy onlayn xarid tajribasini yanada yaxshilaydi.
6. Ishlab chiqarish moduli – ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish
Tasavvur qiling, Textiles kabi kompaniya xomashyo, ishchi kuchi va uskunalarni boshqaradi. Bunday vaziyatda ishlab chiqarish buyurtmalarini Odoo tizimiga kiritasiz va aniq belgilangan ishlab chiqarish jarayoniga ega bo‘lasiz.
Bu xususiyatning boshqa turdagi sanoat sohalarida ham foydali ekanini ko‘rishingiz mumkin. Masalan, oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalari yoki tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish zavodlarida. Odooʼning sifat nazorati xususiyatlari standartlarni belgilaydi, tekshiruvlarni o‘tkazadi va nomuvofiqliklarni boshqaradi.
7. Mijozga oid jarayonlarni boshqarish moduli (CRM) – mijozlar bilan mustahkam munosabatlar oʻrnatish
Odoo mijoz ma’lumotini: muloqotlari, afzalliklari va xarid tarixini yagona joyda jamlaydi. Masalan, chakana savdo tarmog‘i aynan mijozning afzalliklari va CRM ma’lumotlariga asoslanib marketing kampaniyalarini shaxsiylashtiradi. Bu esa mijozlarni saqlab qolishga yordam beradi.
Bundan tashqari, ERP dasturi lidlarni kuzatish, imkoniyatlarni boshqarish va sotuvlarni bashorat qilish jarayonlarini soddalashtiradi. Kompaniya potensial mijozlar bilan dastlabki aloqadan to bitim tuzilguniga qadar bo‘lgan barcha bosqichlarni samarali kuzatib borishi mumkin.
8. Marketing moduli – kampaniyalar va brend mashhurligini oshirish
Konversiya darajasini oshirishni xohlaysizmi? Hech qanday muammo yoʻq.
Odoo 17 va uning oldingi versiyalari shaxsiylashtirilgan elektron pochta kampaniyalarini amalga oshirish imkonini beradi. Do‘koningiz bu orqali mijozlarning ma’lum guruhlariga moslashtirilgan mahsulot tavsiyalarini yuborishi mumkin.
Bundan tashqari, Odoo mijoz xatti-harakatlariga asoslanib harakatlarni ishga tushiradigan kuchli marketing avtomatlashtirish tizimiga ega. Masalan, kompaniyangiz tadbir o‘tkazsa, vebinarga ro‘yxatdan o‘tganlarga avtomatik eslatmalar yuborib, uchrashuvga 40% dan ortiq ishtirokchilar kelishini ta’minlashingiz mumkin.
9. Tadbirlar moduli – tadbirlarni rejalashtirish va oʻtkazishni soddalashtirish
Aytaylik, siz konferensiya tashkilotchisisiz. Tadbirlar moduli spikerlarni muvofiqlashtirish va chiptalar sotuvini soddalashtiradi. Odoo tadbir jadvalini tuzish, ro‘yxatdan o‘tishni boshqarish va ishtirokchilarni kuzatib borishni ham oʻz zimmasiga oladi.
Tadbir maydonida Odoo mobil ilovasi real vaqt rejimida ro‘yxatga olish, sessiyalarni kuzatish va ishtirokchilar bilan aloqani ta’minlab, ularning tajribasini yaxshilaydi.
10. Inson resurslari (HR) moduli – xodimlarni samarali boshqarish
Xodimlar ma’lumotlarini markazlashtirish: shartnomalar, ta’til so‘rovlari, ish samaradorligi hisobotlari – bularning barchasi Odooʼda mavjud. Kadrlar boʻlimingiz bir marta bosish orqali xodimlar harakatlarini samarali boshqarishi mumkin.
Odoo’ning samaradorlikni kuzatish funksiyasi maqsadlarni belgilash, baholash va fikr-mulohaza bildirish imkonini beradi. Shu orqali siz xodimlaringiz rivojlanishini muntazam kuzatib borishingiz va ularga mos treninglar taqdim qilib, kasbiy o‘sishini rag‘batlantirishingiz mumkin. Bularning barchasi Odoo’dagi xodimlar samaradorligi ma’lumotlari yordamida amalga oshadi.
11. Yordam xizmati – mijozlarni qoʻllab-quvvatlashni yaxshilash
Bu modul mijozlarga xizmat koʻrsatadigan jamoangizga murojaatlarni boshqarishda yordam beradi:
mijozlar soʻrovini tartibga soladi;
murojaatlarni taqsimlaydi;
har bir holat yechimini kuzatib boradi.
Shu tariqa mijozlarga xizmat koʻrsatish menejerlari shoshilinch, muhim soʻrovlarni belgilashi va ustuvorlikni aniqlashi mumkin. Shu bilan birga, xizmat darajasini ham saqlab qola oladi.
Yordam xizmati xodimlarning ish yuklamasi va qoʻngʻiroqlar sonini kamaytirish uchun bilimlar bazasini yaratishingiz mumkin. Mijozlar yordam xizmati xodimlariga qo‘ng‘iroq qilishdan oldin tez-tez so‘raladigan savollar (FAQ)ni o‘qib, odatiy muammolarni hal qilishi mumkin. Odoo’ning o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish portali mijozlarga javoblarni mustaqil topishga imkon beradi.
12. Loyiha boshqaruvi – samarali hamkorlik va vazifalarni kuzatish
Odoo’ning loyiha boshqaruvi moduli menejerlarga vazifalarni biriktirish, muhlatlarni (deadline) belgilash va jarayonni kuzatishga yordam beradi. Masalan, bu arxitektura kompaniyasi uchun foydali bo‘lib, u qurilish loyihalarini boshqarishi, bosqichlarni kuzatishi va kundalik resurslarni taqsimlashi mumkin.
Odoo, shuningdek, jamoa ichidagi muloqotni, hujjat almashishni va loyiha muhokamalarini ham osonlashtiradi. Bu marketing bo‘limingiz uchun mavjud ma’lumotlarga asoslanib kampaniyalarni uzluksiz muvofiqlashtirish imkonini beradi.
13. Obunalar moduli – takroriy hisob-kitob va mijoz hayotiy siklini boshqarishni soddalashtirish
Siz o‘ylashingiz mumkin: “Xizmat sifatida dasturiy taʼminot (SaaS) provayderi obunachilarga uzluksiz xizmatni qanday ta’minlay oladi?” Juda oson.
Ilova obunalarni yangilash, hisob-faktura yuborish va to‘lov eslatmalarini avtomatlashtirish imkonini beradi. Bu sizning SaaS biznesingizda qarzdorliklar to‘planib qolmasligiga ishonch hosil qilishga koʻmaklashadi.
Streaming platformasi ham foydalanuvchilarni shaxsiylashtirilgan kontent tavsiyalari orqali ushlab qola oladi. Odoo obunachilarning faolligini kuzatadi, chiqib ketish ko‘rsatkichlarini nazorat qiladi va qo‘shimcha sotuv imkoniyatlarini aniqlaydi. Shunday qilib, sotuv jamoangiz uxlayotganida ham ERP sizga foyda keltirishda davom etadi.
14. Odoo Studio – dasturlash tajribasi talab qilmaydigan oson sozlash
Odoo Studio kompaniyalarga mavjud ilovalarni o‘zgartirish yoki yangilarini yaratish imkonini beradi. Bu shuni anglatadiki, kompaniyangiz o‘z jarayonlaringizga mos keladigan maxsus yetkazib berishni kuzatish ilovasini yaratishi mumkin.

Siz hatto istalgan narsa uchun maxsus shakllar yaratishingiz mumkin. Jumladan, koʻchmas mulk sohasida faoliyat yuritayotganlar uchun mulk roʻyxatlarini ham. Moslashtirish imkoniyatlari cheksiz.
Tadbirkor boʻlmaganlar qanday qilib Odooʼdan foyda koʻrishi mumkin? (tarjimondan)
Javob: tadbirkorlarga Odoo tizimini qoʻllashda yordam berib. Odoo hamma narsani avtomatlashtirib bersa ham, lekin birinchi uni toʻgʻri integratsiya qilish kerak. Bu ishni esa, albatta, biznes emas, mutaxassislar qiladi. Bunday mutaxassislar korxonalarga koʻp vaqt va mablagʻ tejab bergani uchun katta haq ham oladi.
Lekin qanday qilib shunday mutaxassis boʻlish mumkin? Tez kunlarda Mohirdevʼdan yangilik kuting. 😉
Manba: “What is Odoo and How It Can Help Your Company Grow?”

