Ochiq dars

Oʻgʻil bolalar koʻp sinfga dars oʻtish

Oʻgʻil bolalar koʻp sinfdagi qiyinchiliklarni ustulliklarga aylantirish yoʻllari haqida

Bilamizki, xonada oʻgʻil bolalar soni qancha koʻp boʻlsa, sinf shuncha tartibsiz, shovqinli va oʻzlashtirish darajasi past boʻladi. Ayrim sinflar istisno boʻlishi mumkin, ammo aksar holda yuqoridagi fikrimiz toʻgʻri boʻlib chiqadi. Xoʻsh, oʻzi ogʻil bolalar bilan qizlarning oʻrganishi, oʻzlashtirishida farq bormi? Rostdan ham oʻgʻil bolalar va qizlarni oʻquv jarayoniga faol jalb qilish yondashuvlari bir-biridan farq qiladimi? Oʻgʻil bolalar koʻp boʻlgan sinfda taʼlim jarayonini samarali tashkil etish uchun qanday strategiyalar mavjud? Bu maqolamizda aynan shu mavzularni yoritishga harakat qilamiz.

Oʻgʻil bolalar qizlardan koʻra savodsizroq ekani rostmi?

Office for Standards in Education tashkiloti 2003-yil “Oʻgʻil bolalarning umumtaʼlim bosqichidagi yutuqlari” nomli hisobotni eʼlon qilgan. Hisobotda quyidagi xulosalar tilga olingan edi:

  • oʻgʻil bolalar maktabga kirish yoshida qizlarga nisbatan ona tilini bilish borasida orqada boʻladi, ammo matematikadan biroz oldinda;

  • 14 yoshli oʻquvchilar imtihon qilinganda qizlar deyarli hamma fandan oʻgʻil bolalarni ortda qoldirgan, ayniqsa, ona tili, xorijiy tillar yoʻnalishida;

  • intizomga alohida urgʻu qaratilishi oʻgʻil bolalarning oʻqishga boʻlgan motivatsiyasini oshiradi (bunda muhit pozitiv boʻlishi lozim);

  • oʻgʻil bolalar yaxshi strukturalangan, metodlar tez-tez almashib turadigan darslarda yaxshi natija koʻrsatadi;

  • oʻgʻil bolalar shaxsiy fikr-mulohaza asosidagi topshiriqlarni yaxshi bajaradi;

  • kompyuter va boshqa texnologiyalardan foydalanib dars oʻtish oʻgʻil bolalarning motivatsiyasini oshiradi;

  • oʻgʻil bolalar uchun eng yaxshi muhit raqobatga boy boʻlganidir.

O‘g‘il va qiz bolalarning o‘qishdagi natijalari orasida sezilarli farqlar kuzatiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qiz bolalar odatda verbal qobiliyatlarda (masalan, o‘qish va yozishda) yuqori natijalarga erishadi. O‘g‘il bolalar esa matematik va abstrakt tafakkur talab qiluvchi vazifalarda ustunlik ko‘rsatadi. O‘g‘il bolalar miyasining frontal qismi qizlarga qaraganda kechroq rivojlanishi, shuning uchun ularning diqqatni jamlash va intizomga rioya qilishida qiyinchilik tug‘ilishi mumkinligi bunga sabab sifatida keltiriladi. Bundan tashqari, ijtimoiy stereotiplar taʼsiri ham bor, deb oʻylaymiz. Aksar jamiyatlarda gender rollari qizlarning koʻproq intizomli boʻlishini, oʻgʻil bolalarning esa koʻproq faol va mustaqil boʻlishini talab etadi. Bu oʻz navbatida dars jarayonida ham yuzaga chiqadi.

Oʻgʻil bola va qiz bolaning oʻrganish uslubi turlichami? 

Quyidagi jadvalda oʻgʻil bolalar hamda qizlarning oʻrganish jarayonidagi asosiy farqlar keltirilgan:

Masalan, adabiyot darslarida oʻqilgan asar yuzasidan esse yozish topshirigʻi qizlarning oʻrganish usullariga juda mos keladi. Oʻgʻil bolalar asardagi voqealarni vizual ifodalashni xush koʻradi. Shuning uchun asar voqealarini sahnalashtirish topshirigʻi ularda koʻproq qiziqish uygʻotadi. Yoki asar qahramoni yurgan yoʻllar xaritasini ishlab chiqish ham ularga qiziqarli boʻladi.

Guruhda ishlashni talab etadigan topshiriqlarda ham raqobat, musobaqa muhiti yaratilmagan boʻlsa, oʻgʻil bolalar uchun qiziq emas.

Oʻgʻil bolalar koʻproq qiziqishi uchun darsda zamonaviy texnologiyalardan ham foydalanish tavsiya etiladi. Ularda musobaqalashish muhiti bor yoki yoʻqligi ikkinchi darajali masala, vizuallik koʻproq muhim.

Oʻgʻil bolalar koʻp boʻlgan sinfda darsni qanday tashkillagan maʼqul? 

Bunday sinflarda darsni samarali tashkil qilish uchun bir nechta omillarni hisobga olish zarur. Ularning oʻqishga boʻlgan qiziqishi va eʼtiborini ushlab turish qiyin. Shuning uchun dars mazmunini interaktiv va dinamik qilish, oʻyin elementlarini kiritish, aniq maqsadlar belgilash muhim hisoblanadi.

Dars oʻgʻil bolalarni qiziqtirishi uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish yaxshi samara beradi:

Darsdagi faoliyatni harakatga boyitish: oʻgʻil bolalarning oʻrganish motivatsiyasi jismoniy faollikni talab qiladi. Harakatga asoslangan dars metodlarini qoʻllash samaradorlikni oshiradi. Bundan tashqari, oʻgʻil bola oʻzi oʻrganayotgan narsalarni ushlab koʻrolsa, u bilan turli tajribalarni mustaqil amalga oshirsa, yanada samarali oʻrganadi.

Dinamikani taʼminlash: eʼtiborni ushlab turish uchun bir topshiriq yoki usul 10–15 daqiqadan oshib ketmasligi, tez-tez almashib turishi zarur.

Raqobat muhitini yaratish: raqobatga boy, oʻzaro musobaqalashishni talab qiladigan topshiriqlar va oʻyinlar oʻgʻil bolalarning motivatsiyasiga ijobiy taʼsir qiladi.

Texnologiyalardan foydalanish: video, simulyatsiya, virtual reallik, interaktiv dasturlar, oʻrganishga qaratilgan oʻyinlar oʻgʻil bolalar uchun qiziqarli boʻladi va ularning eʼtiborini jalb qiladi.

Quyida ayrim fanlar yuzasidan tavsiyalarni ham taqdim etamiz:

Geografiya. Darsda xaritalar bilan ishlashni koʻpaytirish, xaritadan turli obyektlarni topish musobaqalarini tashkillash yaxshi samara beradi. Masalan, biror sayyohning harakat marshrutini oʻrganish va u toʻxtagan manzillarni aniqlash, yoʻnalishlarni xaritada ifodalash musobaqasi oʻgʻil bolalarni juda ham qiziqtirishi aniq. Vulqon otilishi, daryolar oqimining shakllanishi, suvning aylanishi kabi maʼlumotlarni imkon qadar vizual, simulyatsiyalar yordamida tushuntirgan maʼqul.

Matematika. Masalalar oʻsha hudud sharoitidan kelib chiqib tuzilishi oʻgʻil bolalarning qiziqishini oshiradi. Masalan, maktabda futbol stadionini qurish uchun qancha xarajat ketishini hisoblash, tomni yopishga qancha shifer ketishini aniqlash, oʻzi oʻtirgan xonadagi jihozlarni qayta tartiblash va xonada boʻsh joylarni yaratish kabi.

Tarix. Mashhur tarixiy voqealarni jonlantirish, rolli oʻyinlar tashkil etish. Bundan tashqari, turli janglar, ularda qoʻllangan qurollar, jang usullari haqida vizual maʼlumotlar berish. Maʼlumotlarni jadval, diagramma koʻrinishida ifodalash.

Tabiiy fanlar. Oʻgʻil bolalar tajribalarni kuzatish va unda qatnashishni xush koʻradi. Tabiiy fanlarda esa bunga imkoniyat keng. Oddiy vaziyatlarda fan qonuniyatlari qanday ishlashini koʻrsatib berish orqali ularning qiziqishini oshirish mumkin. Bundan tashqari, turli viktorinalar tashkil qilish va raqobatni kuchaytirish ham samarali.

Adabiyot. Asardagi biror epizodni sahnalashtirish yoki qahramonlarning harakatlari, qarorlari yuzasidan munozara tashkil etish oʻgʻil bolalarni koʻproq jalb etishga yordam beradi. Esingizda boʻlsin, bugungi kun oʻgʻil bolalari kam badiiy asar oʻqiydi, boshidanoq ularni qiynab katta hajmni oʻqib kelishni talab qilmaslik lozim. Dastlab oʻzingiz oʻqib bering, keyinroq kamroq hajmni uyga vazifa qilib bering. Vaqti kelib kattaroq hajmni ham oʻzlari xohlab oʻqishiga erishish mumkin.

Til darslari. Lugʻatlar asosida musobaqalar uyushtirish, xatoni topish oʻyinlarini tashkillash, debatlar uyushtirish. Office for Standards in Educationʼning yuqorida tilga olingan hisobotida bir oʻqituvchi til darslarida oʻgʻil bolalarning matn tuzish koʻnikmasini yaxshilash, ularga bu borada koʻmaklashish uchun matnning qolipini berib qoʻyish, mantiqiy diagrammalardan foydalanish orqali ularning yozishga boʻlgan qiziqishini oshirgan, natijalarini yaxshilagan.

Oʻgʻil bolalar koʻp boʻlgan sinfni boshqarish qanday boʻlishi kerak? 

Ular boshqaruvni kuchliroq his qilishi lozim. O‘g‘il bolalar odatda aniq qoidalar va ular qanday natijalarga olib kelishini bilishni xohlaydi. Sinfda tartibni ta’minlash uchun dastlabki kunlardan qoidalarni belgilab olish, ular buzilsa, oqibatlar bir xil va adolatli bo‘lishiga erishish muhim. O‘g‘il bolalar ko‘pincha raqobatga, ragʻbatga hamda maqtovga, eʼtirofga oʻch boʻladi. Har bir o‘quvchining qobiliyatini eʼtirof etish, kichik yutuqlar uchun maqtov yoki sertifikatlar bilan rag‘batlantirish oʻgʻil bolalarning oʻquv jarayoniga boʻlgan qiziqishini oshirib boradi. Oʻgʻil bolalar oʻz fikrini erkinroq ifoda etishni yoqtiradi. Muhit ham shunga mos boʻlishi lozim. Bundan tashqari, darslarda turli kulgili yoki qiziqarli misollardan foydalanib turish ham foydadan holi emas.

Oʻylaymizki, yuqoridagi maʼlumotlardan oʻzingizga kerakli xulosalarni chiqarasiz. Kamtarona tavsiyalarimizdan darslaringiz davomida foydalanasiz.

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.jpeg

Shokir Tursun | Ochiq dars