Ochiq dars

Oʻqishga qiziqmaydigan oʻquvchilarni darsga qaytarish

Ustozlar uchun haqiqiy sinov bu — uning fanini xushlamaydigan oʻquvchini qiziqtirish. Lekin buni amalga oshirish mumkin.

Oʻqituvchilarni eng koʻp qiynaydigan, oʻzidan qoniqmaslik hissini tuydiradigan va kuydiradigan narsa – oʻquvchining darsga qiziqmasligi. Bugun bolalarni chalgʻituvchi, xayolini jamlab olishiga xalaqit beruvchi narsalar koʻp. Bu oʻqituvchilar oldiga ham yangidan yangi vazifalar qoʻymoqda. Endi ular oʻquvchilari darsga qiziqishi, taʼlimga motivatsiyalari saqlanib qolishi uchun turli yangi usullarni oʻylab topishi lozim. Bu galgi maqolamizda darsga qiziqmaydigan, befarq oʻtiradigan oʻquvchilarni qanday qilib dars jarayoniga “qaytarish” haqida soʻz yuritamiz.

Sabablarni aniqlash muhim

Oʻquvchilarni darsga “qaytarish” uchun avvalo ularni darsdan “olib ketgan” muammoni aniqlab olishimiz zarur. Yaʼni oʻquvchi nima uchun darsga qiziqmayapti degan savolga javobimiz boʻlishi kerak. Buning uchun anketa, soʻrovnoma (istasangiz, anonim tarzda) oʻtkazish, ular bilan alohida suhbatlashish, dars jarayonini kuzatish kabi usullardan foydalansak boʻladi. Har bir usul haqida qisqacha maʼlumot beramiz:

Butun sinf bilan mashgʻulotlar bajarish. Oʻquvchilar bilan dars jarayoni, undagi kamchilik va yutuqlar haqida ochiq muloqot qilish muammolarni aniqlashda yaxshi samara beradi. Muloqotni savol-javob, yaʼni har bir oʻquvchidan mulohaza tinglash yoki turli mashgʻulotlar koʻrinishida oʻtkazish mumkin. Buning uchun quyidagilardan biridan foydalansangiz boʻladi:

  • oʻquvchilarni kichik guruhlarga boʻling. Har bir guruhdan darslarni qanday qilib qiziqarli qilish boʻyicha takliflar berishini, uning qanday boʻlishini istashini muhokama qilib, xulosalarini taqdim qilishlarini soʻrang (xoh ogʻzaki, xoh yozma);

  • oʻquvchilardan anonim tarzda dars davomida oʻziga yoqmaydigan narsalar, qiziqishi yoʻqligiga sabablarni yozib topshirishini soʻrang;

  • har bir oʻquvchidan darslarni turli jihatdan (masalan, qiziqarlilik, mavzularning muhimligi) 0 dan 10 ballgacha baholab berishini va qoʻygan bahosiga kichik izoh berishini soʻrang (buni anonim tarzda oʻtkazish tavsiya etiladi).

Alohida savol-javob. Ayrim oʻquvchilar butun sinf oldida oʻz fikrini bildirishdan iymanishi mumkin. Shuning uchun ular bilan alohida suhbatlashgan maʼqul. Suhbatda berish mumkin boʻlgan taxminiy savollarni ushbu havola orqali yuklab olsangiz boʻladi.

Anketa yoki soʻrovnoma. Oʻquvchilar fikrini oʻrganishning yana bir usuli – qogʻozda yoki onlayn platformalarda anketa toʻldirishlarini soʻrash. Masalan, Google Forms orqali soʻrovnoma yaratib, oʻquvchilarga uni toʻldirishni majburiy deyish va uyga vazifa sifatida berish mumkin. Ushbu soʻrovnomada berish mumkin boʻlgan taxminiy savollar roʻyxatini mana bu havola orqali yuklab olsangiz boʻladi.

Oʻzi qanday sabablar bor?

Oʻquvchilarning darsga qiziqmasligiga sabablar bisyor. Quyida ulardan eng keng tarqalgan hamda asosiy sabab sifatida koʻrsatiladiganlarini koʻrib chiqamiz.

Motivatsiya yetishmasligi. Har qanday jarayon amalga oshishi uchun motivatsiya muhim. Garchi taʼlim olish insonning muhim ehtiyojlaridan biri boʻlsa-da, bunga ham inson oʻzida motivatsiya topa olishi kerak. Koʻpincha oʻquvchilar darsda oʻrganayotgan mavzularining amaliy foydasini tushuna olmaydi. Kelajakda bu bilimlardan qanday foydalanish mumkinligini tasavvur qilolmaydi. Shu sabablarga koʻra, ular darslarni keraksiz deb hisoblay boshlaydi va oʻrganishga motivatsiyasi soʻnadi. Oʻqituvchilar oʻzlari berayotgan bilimning muhim va amalda kerakli ekanini tushuntirib berishi motivatsiyani uygʻotishi mumkin.

Mavzularning murakkabligi. Oʻquv dasturi yoki dars materialining murakkabligi, bolaga nisbatan tushunarsiz tarzda tayyorlangani oʻquvchini darsdan uzoqlashtiradi. Ayrim oʻquvchilar mavzuni bir necha marta tushunmagandan keyin oʻzining muvaffaqiyatsiz ekanini tan oladi va darslarga boʻlgan qiziqishi pasayadi. Baribir oʻrgana olmayman degan qarash shakllanib qoladi.

Shaxsiy muammolari. Oʻquvchining oilasida, doʻstlari davrasida, maktabdan tashqari faoliyatida duch keladigan stresslari, muammolari taʼlim jarayoniga eʼtibor qaratishga toʻsqinlik qilishi mumkin. Bunday hollarda uning ruhiy holatini yaxshilash uchun psixolog yordami zarur boʻladi.

Oʻqituvchining dars oʻtish uslubi. Darsning qanday tashkil etilishi ham oʻquvchilarning qiziqishiga eng koʻp taʼsir oʻtkazuvchi omillardandir. Agar oʻqituvchi darsni monoton, bir usulga tayanib qolgan holda oʻtsa, oʻquvchilar bir necha darsdan keyin zerikadi. Darslarning qiziqarli, interaktiv va turfa metodlar bilan oʻtilishi (bir darsning ichida koʻplab metod emas, har bir dars uchun alohida metod, almashib qoʻllash uchun) oʻquvchilar qiziqishini ushlab turadi.

Texnologiyaga bogʻlanmaslik. Bugungi kun bolalari texnologiyalar ichida katta boʻlmoqda. Agar darslaringizda zamonaviy texnologiyalardan foydalanmasangiz, oʻquvchilarning qiziqishini ushlab turish qiyinlashadi. Shu sababli turli interaktiv vositalar, taʼlim platformalari, video, audio resurslardan foydalanib, darsni boyitish haqida oʻylashingiz zarur. Ulardan har bir darsingizda foydalanmasligingiz mumkin, ora-orada qoʻllash ham oʻquvchilarni qiziqishda ushlab tura oladi.

Oʻqituvchiga nisbatan simpatiyaning yoʻqligi. Agar oʻquvchi oʻqituvchini yoqtirmasa, adolatsiz deb hisoblasa, uning darsiga ham qiziqmay qoʻyadi. Yaʼni oʻquvchining darsga boʻlgan munosabati uning oʻqituvchiga boʻlgan munosabati asosida shakllanadi. Shuning uchun ham falon ustozning darsiga hammamiz kelardik, jim oʻtirib tinglardik degan gaplarni koʻp eshitamiz. Bunda oʻqituvchining qattiqqoʻlligi emas, adolatli ekani, oʻquvchilarning fikriga qiziqishi va ular bilan doʻst sifatida gaplasha olishi, ularga maktab hayotidan tashqari masalalarda ham foydali maslahatlar bera olishi asosiy oʻrinda turadi.

Tashqi omillar. Telefon, ijtimoiy tarmoq, videooʻyinlar oʻquvchilarning darsga boʻlgan qiziqishini “oʻldir”ishi bor gap. Chunki ular chalgʻituvchi xususiyatga ega, oʻquvchi fokusni darsga qarata olmaydi. Bundan tashqari, oʻquvchilar qayerdadir ishlashi, tuni bilan uxlamasdan turli boshqa mashgʻulotlar bilan shugʻullanishi mumkin. Bular oʻquvchining charchashiga olib keladi va darslarda befarq oʻtirishiga sabab boʻladi. Bunday holat kuzatilganda maktab maʼmuriyati, ota-ona bilan hamkorlikda yechim izlash eng toʻgʻri yoʻl.

Yechimlar qanday?

Oʻquvchilardagi muammolarni, darsga qiziqmaslik sabablarini oʻrganib chiqqanimizdan keyin ularga qarshi choralar qoʻllashimiz zarur. Yuqorida oʻquvchining darsga qiziqmasligiga olib keluvchi asosiy omillarni sanadik. Shuni hisobga olish kerakki, odatda bu omillar yakka-yakka holda emas, aralash boʻlib uchraydi. Bir oʻquvchida omillarning bir nechtasi toʻplangan boʻladi. Shuning uchun ham ularni bartaraf etish haqida soʻz ketganda har bir omilga alohida yechim izlash toʻgʻri yoʻl emas. Shu sababli quyida kompleks yechimlar haqida soʻz yuritamiz.

Motivatsiyani uygʻotish. Odamlarda ikki xil motivatsiya boʻladi: ichki va tashqi. Ichki motivatsiyada odam biror ishni qilishdan zavqlangani uchun bajaradi. Masalan, biror oʻyinni oʻynash qiziqarli va zavqli boʻlgani uchun qilinadi, kimdir majburlagani uchun emas. Tashqi motivatsiyada esa biror ishni qilish natijasida biror nimaga erishish mumkin boʻladi (natija zavq olish boʻlsa, bu tashqi motivatsiya emas). Masalan, biror narsani qilsak, kimdir bizga pul beradi. Uyga vazifani bajarmasak, oʻqituvchi “2” qoʻyadi. “2” olmaslik uchun uyga vazifani qilamiz. Dars jarayonida ikkala motivatsiya ham muhim.

Ichki motivatsiyani uygʻotish. Dehqonlar kartoshkani yaxshi hosil berishga majbur qilmaydi. Balki yaxshi hosil berishi uchun shart-sharoit yaratadi xolos. Masalan, vaqtida sugʻoradi, vaqtida tuproqni ozuqalar bilan toʻyintiradi. Taʼlim jarayonidagi ichki motivatsiyani uygʻotish ham shunday – oʻquvchiga zavqlanish va rivojlanish uchun sharoit yaratish bilan kechadi. Buning uchun ayrim strategiyalarni qoʻllash mumkin:

Muhokama va debatlar: oʻquvchilarga oʻz fikrlarini erkin ifodalashga imkon yarating. Dars davomida turli mavzularda muhokama va debatlar uyushtirib turing. Buni istalgan fanda qilish mumkin. Masalan, matematikada sinfni ikkiga boʻlib, formulalarni yodlash zarurmi yoki yoʻqmi degan bahsni boshlasa boʻladi.

Maqsad qoʻyish: har bir oʻquvchi bilan alohida ishlab, shaxsiy maqsadlar – kelajakda erishiladigan marralarni belgilab olish. Maqsadlar oʻquvchi erisha oladigan tarzda belgilanishi lozim. Oʻquvchi avvaldan belgilangan marraga yetib kela olganini his qilganda unda ichki motivatsiya uygʻonadi.

Muammoli oʻqitish: oʻquvchilarga mavzudan kelib chiqib, real hayotdagi muammolarni hal etish topshirigʻini berish. Masalan, maktab binosini rejalashtirish va qaysi hududda maktab ochish eng yaxshi ekanini aniqlashni topshirish mumkin. Bu topshiriqni matematika, geografiya fani ustozlari qoʻllasa boʻladi. Chunki bunda oʻquvchilar xaritalar bilan ishlaydi, statistik maʼlumotlarni oʻrganadi, geometrik shakllardan foydalanadi. Yoki fizika darsida uyga elektr tokini ulash va montaj qilishni koʻrib chiqish mumkin. Oʻquvchi darsda oʻrgangan bilimi unga kerak boʻlayotganini tushunsa, ichki motivatsiyasi uygʻonadi.

Mavzu ahamiyatini tushuntirish 

Oʻquvchilar faqatgina oʻrgangan bilimi emas, endi oʻrganadigan bilimi ham hayotda kerak ekanini anglashi ham muhim omildir. Masalan, ona tili darsida uslubiy xatolar mavzusini oʻtishdan oldin bunday xatoga yoʻl qoʻyilgan hayotiy holatlarni yigʻib kelish va mavzuni boshlashdan oldin oʻquvchilar bilan muhokama qilish mumkin. Shundan keyin bugungi mavzuni yaxshi oʻrgansangiz, mana shunday xatolarga yoʻl qoʻymaysiz, deb aytish koʻpchilik uchun kifoya qiladi.

Bulardan tashqari, avvalgi maqolalarimizda aytib oʻtgan loyiha ishlarini oʻtkazish, sinf qonun-qoidalarini birgalikda ishlab chiqish usullari ham ichki motivatsiyani uygʻotishda qoʻl keladi.

Tashqi motivatsiyani uygʻotish. Tashqi motivatsiya ishlashi uchun oʻquvchi bajargan ishi natijasida nimagadir erishishi lozim. Bunday motivatsiyani oshirish uchun quyidagi usullarni tavsiya qilamiz:

Jamgʻariladigan ballar: “Harry Potter” filmini eslang, oʻquvchilar darsda yaxshi qatnashgani, biror yutuqqa erishgani uchun oʻz jamoasiga ball ishlab oladi. Siz ham sinflarda shu amaliyotni qoʻllashingiz mumkin. Masalan, dars oʻtadigan sinflaringizni 4 yoki 5 guruhga boʻling. Har bir oʻquvchi qoʻlga kiritgan yutuq evaziga guruh hisobiga qandaydir ball qoʻshib boring. Aytaylik, 1-guruhdagi A oʻquvchi topshiriqni hammadan birinchi va toʻgʻri bajardi. Guruhi uchun 2 ball ishlab olsin.

Turli stikerlar berish: oʻquvchilarning toʻgʻri javobi yoki yaxshi ishtiroki uchun turli yorliqlar, stikerlar berish mumkin. Bu usul kichik sinflarda juda yaxshi samara beradi. Yuqori sinflarda stikerni oʻquvchining oʻziga emas, xonadagi yoki maktab yoʻlagidagi turli eʼlon taxtalariga ilib qoʻyish samarali boʻladi.

Aybdorlik toʻlovi: uyga vazifani bajarmaganlik uchun oʻquvchilarni ayrim huquqlardan mahrum qilishingiz mumkin. Masalan, birinchi javob berish, ogʻzaki javob berish (oʻquvchi har doim javobni yozib kelishi kerak boʻladi) kabi.

Dars oʻtish uslubini tez-tez almashtirish. Yuqorida aytganimizdek, oʻquvchilar monoton, har doim bir xil uslubdagi darsdan tez zerikadi. Shuning uchun dars texnologiyalarini tez-tez almashtirib turish lozim. Masalan, bir darsda debatdan, boshqa darsda savol-javobdan, keyingisida muammoli taʼlimdan foydalanish mumkin. Dars oʻtish uslubini tanlashda ham bir xillikdan qochish lozim. Har doim maʼruza qilish, undan keyin savollarga javob soʻrash usuli oʻquvchini tez zeriktiradi. Bir safar shunday qilinsa, boshqa safar interaktivlikni oshirish kerak. Masalan, guruh boʻlib bajariladigan topshiriq berish kerak, maʼruzani siz emas, oʻquvchilar tashkillashi mumkin.

Texnologiyalardan foydalanish. Dars davomida turli platformalardan foydalanish oʻquvchilarning qiziqishini ushlab turishga yordam beradi. Masalan, Kahoot, Quizlet, Quizizz, Baamboozle, Blooket kabi taʼlimiy oʻyinlar taklif qiladigan platformalardan darsni mustahkamlash, takrorlash jarayonida foydalanish mumkin. Bundan tashqari, dars davomida turli videolar qoʻyib berib, ular haqida muhokama uyushtirish ham samaralidir. Adabiyot fanlarida bu usul juda qoʻl keladi. Ammo boshqa fanlarda ham qoʻllash mumkin. Masalan, biror fizik hodisa haqida video qoʻyib berib, shu boʻyicha muhokama uyushtirish mumkin. Yoki videodagi voqeada qanday fizik, matematik qonuniyatlar buzilganini aniqlash topshirigʻi ham oʻquvchilarni qiziqtiradi. Oʻyin platformalaridan foydalanish qogʻozda misol ishlatish bilan bir xil, faqat biri qiziqroq, ikkinchisi anʼanaviy.

Mavzularni real hayot bilan bogʻlash

Yuqorida aytdikki, oʻquvchi oʻrganadigan mavzusi hayotda muhim ekanini tushunib yetmasa, shu mavzuni oʻrganishga ishtiyoq bildirmaydi. Shuning uchun dars boshlanishidan oldin bu mavzuning kelajakdagi ahamiyati haqida qisqacha maʼlumot berib ketish zarur. Masalan, yuza va hajm mavzulari oʻtilganda uy qurish yoki taʼmirlash xarajatlarini hisoblash topshirigʻini berish orqali mavzu ahamiyatini ochib berish mumkin. Bundan tashqari oʻquvchilarga bugungi mavzuni bilish, hozir ularga qanday ustunlik berishi haqida kichik maʼlumot berish ham zarar qilmaydi. Masalan, darsni bugun sizlarga shunaqa narsa oʻrgatamanki, uni yurtimizdagi 70% odam bilmaydi degan gap bilan boshlash mumkin.

Oʻquvchining simpatiyasiga erishish. Oʻquvchi oʻqituvchini yaxshi koʻrmasa, undan hech narsa oʻrgana olmasligi isbot talab qilmaydigan xulosa. Oʻqituvchi oʻquvchining simpatiyasiga erishishi, yaʼni oʻzaro yaxshi munosabatni o‘rnatishi taʼlim jarayonining samaradorligini oshiradi va oʻquvchilarning qiziqishini kuchaytiradi.

Izzat va samimiylik: har bir oʻquvchini qadrlash, ularning bilim darajasi, odobiga qarab emas, inson sifatida munosabatda boʻlish. Darsda ham, darsdan tashqarida ham samimiy boʻlish. Oʻquvchilar bilan ochiq va do‘stona muloqot qilishga tayyor bo‘lish lozim.

Suhbat: oʻquvchilar bilan tez-tez ularni nima qiynayotgani, nimalarga qiziqishi, hozir nima qilayotgani haqida qisqa boʻlsa-da, suhbat oʻtkazib turish. Bu bilan siz ularni qadrlashingiz seziladi va sizni yoqtirib qola boshlashadi.

Xatolarni qabul qilish: oʻquvchilarning xatolarini (xoh akademik, xoh xulq-atvorga oid) qoralamaslik, ularni toʻgʻrilash uchun doim imkon qoldirish. Kichik yutuqlarini ham eʼtirof etish.

Hikoyalar: oʻquvchilarga oʻz hayotingizdan qisqa hikoyalar soʻzlab bering, unda xatolaringizni tan oling, yutuqlaringizni eʼtirof eting. Bunda hikoyani oʻzingizdan oʻzingiz boshlamang, vaziyat taqazo qilganda foydalaning. Koʻpchilik buni notoʻgʻri qabul qiladi. Ammo oʻrinli hikoyalar (faqatgina maqtanchoqlikdan iborat boʻlmagan) oʻquvchilarda sizga simpatiya uygʻonishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu orqali ular bilan yaqinligingiz ortadi, ularni ham hayotidan turli voqealarni soʻzlab berishga undab turish zarar qilmaydi.

Oʻquvchilarning qiziqishini soʻndiradigan omillar qatorida oʻquv dasturining murakkab yoki bugungi yoshlar hayotiga mos emasligi birinchi oʻrinda turadi. Ammo bizning vaziyatda oʻqituvchi ushbu muammoni hal eta olmaydi. Shunday ekan, yuqoridagi tavsiyalarga amal qilish orqali mana shunday vaziyatda oʻquvchilarni darsga qiziqtirish imkonini qila olasiz deb oʻylaymiz. Sizga taqdim qilingan soʻrovnoma namunasidagi savollarga javob topish oʻquvchilaringizdagi individual muammolarni aniqlashda yordam beradi. Muammolar aniq boʻlgach, ularga yechim izlash osonlashadi. Demak, birinchi navbatda muammoni aniqlab oling, keyin bizning tavsiyalardan oʻzingizga mosini tanlashingiz mumkin.


Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.jpeg

Shokir Tursun | Ochiq dars