Ochiq dars

Oʻqituvchi nostalgiyasi xavfi

Ismi Hobbilari Oilasi Sevimli mashgʻulotlari Sevimli fanlari Sevimli yegulik va ichimliklari Sevimli sport turlari Qobiliyatlari Boshqalar

“Bu maktabimizdagi eng yomon sinf”

Oʻqituvchilardan shunday gaplarni eshitganimda oʻsha sinfdagi oʻquvchilar muammo ichida ekanini tushunaman. Chunki oʻquvchilarning sinfidagi muhit va rivojlanish imkoniyatlari uchun masʼul shaxs ularni xavfdan “qutqarib boʻlmasligi”ni deyarli hal qilib qoʻygan.

“Ular telefonidan umuman bosh koʻtarmaydi. Oʻquvchilarda shunga huquqim bor degan munosabat shakllangan. Na maktab boshqaruvini hurmat qiladi, na oʻzini”, – deb aytamiz.

Yana hamkasblarimizni ogohlantirib ham qoʻyamiz: “Shoshmay turing, keyingi yil siz ham kirasiz hali bu sinfga”.

Tushlik paytida bir-birimiz bilan sinfda boʻlgan turli voqealarni: qaysidir oʻquvchi aytgan hayratlanarli yangilikni, qaysidiri kiyib kelgan gʻalati kiyimni gaplashib oʻtiramiz.

Oʻquvchilarimizning shunga oʻxshash kamchiliklarini muhokama qilar ekanmiz, beixtiyor oʻtmishni esga olamiz: avvallari bunday emasdi. Soʻngra hikoyamizni boshlaymiz:

Boshqa maktabda ishlagan paytimda...

Oʻtgan yilgi sinfim bilan...

Men oʻquvchiligimda...

Bu qarashlar yoʻq joydan paydo boʻlib qolmagan. Ular ishda nimadir notoʻgʻri ketganda: oʻquvchilar biror topshiriqni bajarmaganda, dars yomon oʻtganda, nooʻrin tanqid va agressiv harakatlar qilinganda paydo boʻladi. Shu bilan oldin hech qachon uchramagan qiyinchiliklar paydo boʻla boshlaydi. Oʻqitish qiyinlashadi, biz buning sabablarini topishga harakat qilamiz. Turli holatlarni kuzatib, ma’lum qonuniyatlarni topa boshlaymiz va bularning barchasini anglashga yordam beradigan umumlashmalar yaratamiz. Aslida har qanday muammoni hal qilishga tashlangan birinchi qadam uni to‘g‘ri aniqlashdir.

Biroq biz “hozirgi yoshlar” degan xulosani ilgari surishda va oʻtmishni ideallashtirishda davom etaversak, hech qanday foydaga erisha olmaymiz. Shu bilan birga, oʻqitishdagi muammolarimizni butun bir avlodning nuqsonlariga toʻnkash bilan cheklansak, vaziyatni yanada ogʻirlashtiramiz xolos.

Ozgina nostalgiya boʻlsa, yomonmi?

Bu zararsizday tuyuladi, toʻgʻrimi? Oddiy nostalgiya. Shunaqa paytda Country Time limonadi reklamalari esimga tushadi. Unda bir otaxon ayvonda o‘tirib, bolalik xotiralarini eslaydi, kechki quyosh nurlari uning yuziga tushib turgan boʻladi. Bu shunchaki o‘tgan yaxshi kunlarni esga olish xolos. Bu qanaqasiga yomon bo‘lishi mumkin?

Bu uning sizga taʼsir qilishiga bogʻliq. Oʻtmishdagi vaziyatlarni sogʻinishingiz hozirgi paytga nisbatan nafrat tuygʻusini shakllantirsa, nostalgiya aniq zararli boʻladi. Bunday zarar esa dars oʻtadigan sinflaringizga nojoʻya taʼsir koʻrsatishi mumkin.

U oʻzidan koʻpayib boraveradi

Hozirgi avlod bolalarini oldingisi bilan qiyoslash orqali koʻzimizga goʻyo ularni salbiy boʻyoqlar bilan koʻrsatuvchi koʻzoynak taqqandek boʻlamiz. Biz u bilan mayda-chuyda narsalarni, hattoki yoshga mos xatti-harakatlarni ham yomon narsadek koʻra boshlaymiz. Butun boshli shu yosh toifasiga ulardan yaxshilik chiqmaydigandek munosabatda boʻlamiz. Yoki ular koʻzimizga maqsadsiz, xudbin va manman kichik tirranchalardek koʻrinadi.

Keyin esa oʻz fikrimizni yoqlashga moyilligimiz tufayli xulosamizni qoʻllab-quvvatlaydigan koʻproq dalillar izlashni boshlaymiz. Oʻz navbatida, bu qarashlar atrofingizda oʻylaganingizdek holatlarni yuzaga keltiradi. Xuddi o‘quvchilar haqiqatan ham o‘zini xudbin, manman va bezori kabi tuta boshlaydi. Agar oʻqituvchilar bunday holatlarni muntazam ravishda bir-biriga yetkazib tursa, yuqorida aytilgan koʻzoynakning linzalari qalinlashib boraveradi. Shunday qilib, sinfdagi bir qancha oʻquvchilarning alohida shaxs sifatida qabul qilinish imkoni yoʻqqa chiqadi.

U aloqalarga nuqta qoʻyadi

Bir-biri bilan mustahkam munosabat oʻrnatish oʻqituvchi va oʻquvchilarning muvaffaqiyatga erishishida eng muhim omil hisoblanadi. Agar biz bu sinfni boshqa sinfdagilarga qaraganda salbiy jihatlari koʻp deb hisoblay boshlasak, oʻsha guruh oʻquvchilarini haqiqatdan ham yaqindan tanish, bilish imkoniyatidan oʻzimizni mahrum etgan boʻlamiz. Bu xuddi yechimi oldindan berib qoʻyilgan masalaga oʻxshab qoladi.

Oʻrta maktab oʻqituvchisi Jim Sturtevant oʻzining “Aloqa oʻrnatish: faol oʻquvchilar, samarador sinf va yuqori natijalarga olib boruvchi munosabatlar qurish” (You have gotta connect: Building Realitonships that Lead to Engaged Students, Productive Classroom, and Higher Achievement) kitobida nostalgiyaning oʻquvchilar bilan munosabat oʻrnatishga salbiy taʼsir koʻrsatishidan oʻqituvchilarni ogoh etgan. “Nostalgiya sizni ayni paytda taʼsir qilishingiz mumkin boʻlgan oʻquvchilardan uzoqlashtirsa, buni shunchaki zararli deyish yetarli emas. Chunki har bir oʻquvchi bilan bizda faqatgina shu lahza mavjud xolos. Demak, bunday nostalgiya o‘quvchini boricha qabul qilish uchun qilayotgan harakatlarimizni butunlay izdan chiqarishi mumkin”.

U masʼuliyatdan qochishga imkon beradi

Butun bir sinfga “muammoli sinf” yorligʻini yopishtirib, oʻzimizni oqlagan, masʼuliyatdan qochgan boʻlamiz. “Bu meni emas, ularning aybi. Ota-onalar sababchi! Jamiyat sababchi! Davlat aybdor! Zamon shunaqa oʻzi!” Bular ham masʼuliyatdan qochishdir.

Bu pozitsiyada turish biz uchun juda qulay, chunki oʻzimizdan hech narsa talab qilishimiz shart emas. Oʻtayotgan darslarimizga va harakatlarimizga nazar solib, rivojlantirishimiz kerak boʻlgan joylarni aniqlashimizga hojat yoʻq. Bu bizning muvaffaqiyatsizlikka uchramayotganimizni anglatadi (vaziyat shundayligining oʻzi ham aslida muvaffaqiyatsizlikdir!). Afsuski, bu biz duch kelayotgan muammo hech qachon amalda yaxshilanmasligini anglatadi. Agar yaxshilangan taqdirda ham bizning harakatlarimiz natijasida sodir boʻlmaydi.

Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, oʻtmishni qoʻmsashimiz toʻgʻri boʻlishi ham mumkin. Chunki hozirgi bolalar bilan ishlash rostdan ham murakkablik tugʻdiradi. Oʻqituvchilik ilgarigi davrlarga qaraganda qiyinlashgan. Lekin shunday boʻlsa, nima qilibdi? Agar biz taslim boʻlsak, toʻxtab qolsak va nafaqaga chiqish kunlarimizni sanay boshlasak, shu joyida yutqazgan boʻlamiz. Oʻquvchilarimiz ham yutqazadi. Lekin bizning qoʻlimizdan bundan yaxshiroq ishlar keladi.

Nostalgiyani yengib oʻtish va real vaziyat bilan ishlash

Hushyorlikni oshirish

Bunday zararli nostalgiyadan qutulishning muhim kalitlaridan biri oʻquvchilar haqida hukm chiqarmaydigan ongli hushyorlik — mayndfulnesga amal qilishdir. Buning uchun koʻz oldingizda turgan narsaga diqqatingizni qaratib, uni yaxshi yoki yomon deya baholamasdan, shunchaki kuzatishingiz va qabul qilishingiz kerak. Oddiygina, narsalarni shunchaki qanday boʻlsa, shundayligicha qabul qiling, boʻldi.

Bu oʻquvchilarga xohlagan ishini qilishga ruxsat berish deganimi? Zararli yoki buzgʻunchi xatti-harakatlariga “koʻz yumish”mi? Yoʻq. Ulardan kutayotgan natijalaringizdan voz kechmang, koʻzlagan yutuqlaringizga erishing. Bunda shunchaki oʻrtadagi munosat almashinuvlariga boʻlgan qarashlaringiz ustida ishlashingiz kerak. Oʻquvchilarning xatti-harakatlarini ularning past darajada ekani yoki xulqining yomonligi isboti sifatida qabul qilmang. Oʻsha xatti-harakatlarning oʻzi bilan shugʻullaning. Bunda ham siz oʻz vazifangizni bajarayotgan boʻlasiz, shunchaki unga boʻlgan qarashingiz oʻzgargan boʻladi xolos. Chunki endi sizda kimnidir baholash kabi zararli qarash yoʻq. Psixolog-konsultant Laura Shenk oʻzining “Qanday qilib amalda mayndfulnesga erishish mumkin” (How to Practice Nonjudgmental Mindfulness) kitobida shunday deydi: “Hukm chiqarishdan voz kechish qadriyatlaringizga zid narsalarni maʼqullash degani emas. Bu oʻzingizni hissiy erkinlik, xotirjamlik va mavjud holatni qabul qilish darajasiga yetkazishga imkon berishdir”.

“Mayndfulnesning yana bir foydasi shuki, u sizga samarali ishlayotgan narsalarni koʻrishga yordam beradi. Oʻzini yaxshi tutayotgan, bir-biriga yaxshi munosabatda boʻlayotgan, koʻrsatmalaringizni hurmat qilayotgan va qoʻlidan kelganicha yaxshi oʻqiyotgan oʻquvchilarni koʻrish imkoniyatini yaratadi. Sinfda vaziyatni nazorat qila olmayotgandek his qilganimda baʼzan dars berishni toʻxtatib, daftarimga yozishni boshlab ketaman. Koʻpincha jazolashni istagan oʻquvchilarni emas, balki oʻzini yaxshi tutayotgan bolalarning ismlarini yozishga tushardim. Bu menga eʼtiborimni muammolardan chalgʻitib, toʻgʻri ketayotgan narsalarga energiya sarflashimga yordam berardi”.

Diqqat bilan ortga qarang

Biz baʼzida oʻquvchilarni avvalgi sinflar bilan emas, balki oʻzimizning oʻquvchilik paytlarimiz bilan taqqoslaymiz. Balki, siz zoʻr oʻquvchi boʻlgandirsiz. Koʻpchilik oʻqituvchilar oʻquvchilik davrida maktabni juda yaxshi koʻrgani sabab pedagog boʻlganini aytadi. Lekin, oʻylab koʻring, sinfingizdagi tengdoshlaringizning koʻpi sizga oʻxshamagan. Bola bo‘lganingiz uchun tanaffusda yugurib yurganingizda yoki gilamda o‘tirib ertak tinglayotganingizda, orqa planda qanday muammolar hal qilinayotganini bilmasdingiz. Topshirilmagan uy vazifalari yoki boshqa bolalarning testdan past ball olganidan ham xabaringiz boʻlmagan. Agar siz vazifalarni o‘z vaqtida topshiradigan, hech qachon qarshi gap aytmaydigan, chiroyli yozadigan, kiyimi yirtiq va shubhali shiorlardan xoli o‘quvchi bo‘lgan boʻlsangiz, o‘zingizga o‘xshamagan har bir o‘quvchini haddan tashqari tanqid qilishga moyil boʻlasiz. Bunday o‘quvchilar esa juda ko‘p.

Shunday ekan, oʻquvchilik paytlaringizni eslashning oʻrniga biroz kengroq nazar tashlang, maktabda birga oʻqigan tengdoshlaringizni eslang. Ularning hammasi ham aʼlochi emasdi. Hammasi ham oʻzini yaxshi tutmasdi. Endi esa bularning barchasi sizning qoʻlingizda, siz masʼul shaxssiz.

Atrofingizdagilarni seving

Nostalgiyaning ogʻir oqibatlariga yagona haqiqiy davo aynan hozir atrofingizda turgan oʻquvchilarga bor eʼtiboringizni qaratishdir. Oʻtmishdagi oʻquvchilar haqidagi tasavvurlaringizni bir chetga surib, aynan shu bolalarga mehr qoʻyishdir.

Bu maslahatlar oʻquvchilaringiz bilan yaqindan tanishishga chinakamiga harakat qilsangizgina amalga oshishi mumkin. Buning uchun ularning hayotiga qiziqing, savollar bering va olgan maʼlumotlaringizni biror joyga yozib qoʻying (bu borada yordam beradigan jadvalim bor). Shuningdek, ularning qiziqishlarini ham bilishga harakat qiling. Tinglayotgan musiqalarini tanqid qilishning oʻrniga sevimli qoʻshiqlarini sizga eshittirishini va nima uchun yoqtirishi sababini soʻrang. Oʻquvchilaringiz qiziqadigan filmlarini tomosha qiling, soʻngra ular bilan filmni muhokama qiling. Ular foydalanadigan ilovalarni oʻrganib chiqing. Oʻquvchilardan oʻzlari foydalanadigan qisqartma soʻzlarni sizga ham oʻrgatishini soʻrang, keyin esa qanchalik eslab qolganingizni birgalikda sinab koʻrishingiz ham mumkin.

Buncha ish qilish uchun vaqtni qayerdan topasiz? Axir sizda oʻrnini toʻldirishingiz kerak boʻlgan mavzular va oʻtkazishingiz kerak boʻlgan baholash mashgʻulotlari bor. Ammo bu narsalar koʻp vaqt talab qilmaydi: vaqti-vaqti bilan dars oxirida besh daqiqa ajratishingiz yetarli. Ishonchimiz komilki, bu oʻzini oqlaydi. Hatto siz eng yomon deb oʻylagan sinfingizni ham yaxshi koʻrib qolish mumkin boʻlgan jamoaga aylantirish mumkin.

Manba
Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/66fcd53f54596d1cf390d3d3/a86b1b0e-a1ea-4e11-bf37-10bf8ccbbcc0.original.jpg

Cult Of Pedagogy