Ochiq dars

Oʻqituvchi qattiqqoʻl boʻlishi kerakmi?

Qattiqqoʻllik akademik natijalarga taʼsir koʻrsatishi rost. Faqat ijobiymi yoki salbiy?

Koʻpchiligimiz odamlardan maktabda qattiqqoʻl oʻqituvchisi boʻlganini eshitamiz. Oʻsha oʻqituvchini hamma hurmat qilgani, yaxshi koʻrgani va darsiga toʻliq qatnashgani haqidagi hikoyalarni tinglaymiz. Rostdan ham qattiqqoʻl ustozlar mehribon va “yumshoq” oʻqituvchilardan koʻra sevimliroq boʻladimi? Bu ikki xislat oʻquvchilarning akademik natijalariga qanday taʼsir koʻrsatadi? Oʻqituvchining qattiqqoʻlligi yaxshimi yoki yumshoqroq boʻlgani maʼqulmi? Bu ikkisi dars jarayonida qanday namoyon boʻladi? Quyida ana shu savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Qattiqqoʻllik va talabchanlik akademik natijani yaxshilaydimi?

2015-yili PISA dasturining soʻrovnomalari asosida tadqiqot oʻtkazilgan ekan. Tadqiqotda gʻarb tomondan AQSh, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Norvegiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, sharqdan Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Hong Kong, Makao, Tayvan oʻquvchilarining soʻrovnomaga bergan javoblari va natijalari orasidagi bogʻliqlik tahlil qilingan.

Natija shuni koʻrsatganki, Sharqiy Osiyo mintaqasi vakillari oʻz oʻqituvchisining qattiqqoʻlligi va talabchanligi ularni yaxshi oʻqishga undashini taʼkidlagan. Sharqiy Osiyodan qatnashgan oʻquvchilarning 82% i qattiqqoʻllik taʼlimning asosiy qismi ekanini qayd etgan. Bundan tashqari, sharqliklar oʻqituvchining qattiqqoʻlligi ularni oʻz ustida ishlashga majbur qilishi, shu orqali yuqori marralarni qoʻya olishini aytib oʻtgan. Ularning 75% i akademik natijaning yaxshi boʻlishi oʻqituvchining qattiqqoʻlligi va talabchanligiga bogʻliq ekanini taʼkidlagan.

Gʻarb davlatlaridan qatnashgan 47% ishtirokchi qattiqqoʻllik oʻqituvchi va oʻquvchi munosabatlariga salbiy taʼsir qilishini aytadi. Ular qoʻllab-quvvatlovchi, mehribon oʻqituvchilar dars oʻtganda koʻproq motivatsiya olishini bildirgan. Oʻquvchilarning 60% i qattiqqoʻllik va nazorat oʻziga boʻlgan ishonchni soʻndirishini, yumshoqroq muhitda yaxshiroq natijaga erishishi mumkinligini qayd etgan. Gʻarblik oʻquvchilar oʻqituvchi mehribon boʻlganda va doimiy qoʻllab-quvvatlagandagina yaxshi natija koʻrsatish mumkinligini bildirgan.

PISA–2015 natijalariga nazar tashlar ekanmiz, 1-oʻrinda Singapur, keyingilarida mos ravishda Tayvan, Yaponiya, Estoniya, Finlandiya, Makao, Kanada, Vetnam, Hong Kong, Xitoy joylashganini koʻrishimiz mumkin. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, kuchli oʻntalikda qattiqqoʻllik va talabchanlikni xush koʻrmaydigan oʻquvchilardan faqatgina finlar bor. Tadqiqotdan chiqariladigan xulosa shuki, qattiqqoʻllik va talabchanlik akademik natijalar yaxshilanishidagi omillardan biri. Ammo u madaniy kontekstga koʻra farq qiladi.

Qattiqqoʻllik qanday namoyon boʻladi?

Qattiqqoʻllik va talabchanlik deganda oʻqituvchining oʻquvchilarni kaltaklashi, ularni qoʻrqitishini tushunmaslik lozim. Qattiqqoʻllik sinfdagi tartib-intizomni hamda akademik talablarni bajarishdagi sobitlikni saqlash maqsadida qoʻllanishi mumkin. Bunda oʻquvchini qoʻrqitish, urish, qiynash va ogʻir jazolash nazarda tutilmaydi. Aytaylik, dars jarayonida oʻquvchilar shovqin qila boshladi yoki oʻqituvchi qaysidir oʻquvchilarning befarqligini sezdi. Bu paytda oʻqituvchi darsni toʻxtatib, tinchlikni saqlashni soʻrashi, hammaning xayolini darsga qaytargandan soʻng davom etishi mumkin. Ayrim oʻqituvchilar oʻquvchilarning befarqligiga eʼtibor bermaydi. Bora-bora oʻsha sinfni boshqarib boʻlmay qoladi. Demak, qattiqqoʻllik quyidagi maqsadlarda qoʻllanadi:

  • darsga xalaqit qiluvchi holatlarni kamaytirish yoki yoʻqotish;

  • kech qolishlarning oldini olish;

  • uyga vazifalarning vaqtida bajarilishini nazorat qilish;

  • akademik maqsadlar yoʻlida talabchanlik qilish;

  • nazorat ishi yoki imtihon vaqtida qoidalarga amal qilinishiga qarash;

  • darsga befarqlikning oldini olish (oʻquvchining diqqatini darsga qaytarish).

Qattiqqoʻllikning chegarasi qayerda?

Qattiqqoʻllik haddan tashqari qoʻrquv va stress keltirib chiqarmasligi kerak. Bu bolaning oʻqituvchidan bezib qolishiga va darslarga umuman qiziqmay qoʻyishiga olib kelishi mumkin. Oʻquvchilarni stressga tushirmasdan qanday qattiqqoʻl boʻlish mumkin, deyotgan boʻlsangiz, quyidagi tavsiyalarni oʻqib koʻring:

Maqsadni aniq tushuntiring. Talabchan oʻqituvchilar tartib-intizom qoidalarini aytayotgan vaqtida oʻquvchilarga ularning nima uchun joriy qilinganini ham tushuntirib berishi lozim. Bu oʻquvchilarga shu qoidaning kerakli ekani toʻgʻrisida signal boʻladi. Masalan, darsga kech kelgan oʻquvchilar tanaffus vaqtida 50–100 ta soʻzdan iborat matn yozib berishi kerak. Bu matnda uning kech qolishi boshqalarga va oʻzining oʻrganish jarayoniga qanday taʼsir oʻtkazishini yozishini aytasiz. Bu hol takrorlanmasligi uchun nimalar qila olishini yoritishi kerakligini taʼkidlaysiz, shunday tartib kiritasiz. Mana shu vaziyatda bu tartibning nima uchun kerakligini ham tushuntirish shart. “Darsga kech kelgan oʻquvchi mavzuni anglamay qolishi, boshqalarga xalaqit qilishi, eʼtiborini jalb qilishi mumkin. Keyinchalik bu hol odatga aylanib qolishi undan ham xavfli. Shuning uchun nafsimizni jilovlash maqsadida qoidani kirityapman”, deyishingizning oʻzi yetarli boʻladi. Bundan tashqari, istisnolarni ham aytib oʻtganingiz maʼqul. “Hamshira oldidan kelyapsizmi, marhamat, uning imzosi tushirilgan qogʻozchani olib keling. Direktor oldida edingizmi, u ham maʼlumot uchun nimadir belgi bersin”, deyish kabi.

Istisnolar boʻlsin. Aytaylik, siz hammaga jim boʻlib topshiriqni bajarishi kerakligini, gapirish mumkin emasligini aytdingiz. Bunda qaysidir oʻquvchi savolni tushunmay qolgan boʻlishi mumkin, gapirmaslik talabi esa uni qiynaydi. Ana shunday vaziyatlarda savolga tushunmaganlardan qoʻl koʻtarishini soʻrashingiz, borib tushuntirib berishingizni aytishingiz kerak. Yoki berilgan uyga vazifani bajarish vaqti qatʼiy belgilangan, deylik. Bir oʻquvchi shaxsiy muammolari sabab uni vaqtida tayyorlab kela olmadi, shunda unga yana bir imkon berishingiz lozim.

Yaʼni qattiqqoʻllik va talabchanlik kerak, ammo oʻquvchilar bundan maqsadni anglashi va muammoga duch kelganda murojaat qila olishini tushunishi lozim. Yaʼni talabchanlik sizni oʻquvchidan uzoqlashtirmasligi kerak.

Qattiqqoʻllikda eng muhimi adolat hisoblanadi. Qoidani buzgani uchun bir oʻquvchiga berilgan jazo xuddi shunday holatda boshqasiga ishlamay qolishi bolaning sizga nisbatan simpatiyasini tushiradi. Bundan keyin har qanday qattiqqoʻlligingizga qarshi reaksiya bildirishni boshlaydi, natijada munosabatlar yomonlashadi.

Mehribonlik qanday namoyon boʻladi?

Qattiqqoʻllik deganda bolani kaltaklash, armiya rejimini joriy qilishni nazarda tutmadik. Mehribonlik deganda ham oʻquvchining hamma istagiga “xoʻp” deyish koʻzda tutilmasligi lozim. Mehribonlik deganda oʻquvchilar bilan doʻstona munosabat oʻrnatish (doʻst boʻlib olish emas, ustoz-shogirdlik masofasi saqlanishi lozim), ularni qoʻllab-quvvatlash tushunilishi kerak. Mehribonlik oʻquvchilarni tez-tez ragʻbatlantirish, kichik yutuqlari uchun ham maqtash, qiyinchilikka duch kelganda befarq boʻlmaslik holatlarida namoyon boʻladi. Yangi mavzuni oʻzlashtirish vaqtida ayrim oʻquvchilar qiyinchilikka uchrashi mumkin. Oʻqituvchi ularning savollarini sabr bilan tinglab (qayta-qayta bersa ham), mavzuni tushunib olishi uchun boshqa usullarni sinab koʻrishi ham mehribonlikdir. Biror topshiriqni bajarishda qiynalayotgan vaqtda unga individual koʻmaklashishi mehribonlik harakatlari qatoriga kiradi.

Mehribonlikning chegarasi qayerda?

Mehribonlik va yumshoqlikning ham chegarasi boʻlishi lozim. Oʻquvchining istaklarini eshitish kerak, ammo barcha xatti-harakatlar oʻsha istaklar asosida boʻlmasligi kerak. Bunday mehribonchilik oʻquvchini dangasa qilib qoʻyadi, dars sifatini, oʻrganish darajasini tushiradi. Oʻquvchilar masʼuliyatni his qilmay qoʻyishi mumkin. Taʼlim jarayonida esa masʼuliyat eng muhim xarakter hisoblanadi.

Masalan, uyga vazifa berdingiz, oʻquvchi uni bajara olmayapti. U bilan ozroq vaqt alohida ishlash zarur, nimani bilmayotganini aniqlab, qayta tushuntirib berish kerak. Ammo oʻquvchiga topshiriqni yechib berish toʻgʻri emas. Yoki loyiha ishini belgilangan vaqtda topshirishiga koʻzi yetmagan oʻquvchini olaylik. Unga yordam berish lozim, ammo topshirish muddatini choʻzib bermaslik kerak. Mana shu yerda mehribonlik chegarasi koʻrinadi.

Bundan tashqari, oʻquvchi biror narsani tushunmayotganda unga kinoya qilmasdan, kamsitmasdan, boshqalar ichida uyaltirmasdan, oʻzi bilan alohida gaplashish yoki yoniga borib past ovozda yordam berish ham mehribonlikdir. Bunda oʻquvchini uyalishdan qutqarib qolgan boʻlasiz.

Eng yaxshisi – oltin oʻrtalik

Oʻqituvchi har qanday sinfda dars oʻtmasin (toʻpolonchi, aʼlochi, befarq) qattiqqoʻllik va mehribonlik orasidagi oltin oʻrtalikka intilishi lozim. Qattiqqoʻllik va mehribonlikni uygʻunlashtirishda quyidagilarni hisobga olish zarur:

Muvozanatni saqlash. Oʻquvchilarga talablar qoʻyganda muvozanatni saqlashga harakat qilish lozim. Masalan, darsda telefondan foydalanish mumkin emas. Ammo kimningdir zarur ishi chiqib, ota-onasiga qoʻngʻiroq qilishi kerak boʻlsa, talab vaqtincha yumshatiladi. Yoki uy vazifasini bajarish qatʼiy talab qilinadi. Biroq oʻquvchi qiyinchilikka uchraganda, koʻp xato qilganda yaxshilash uchun imkon yaratib berish lozim.

Yordam berish, lekin talabni susaytirmaslik. Yuqorida aytib oʻtganimizdek, maʼlum muddatda topshirilishi kerak boʻlgan ish oʻquvchiga ogʻirlik qilsa, unga koʻmaklashish kerak. Ammo muddatni choʻzib bermaslik lozim. Ana shunda oʻquvchi masʼuliyatni unutmaydi.

Moslashuvchan boʻlish. Sinfda shovqin boʻlib ketganda qattiqqoʻllikni oshirish, tinchlangandan soʻng esa avvalgi kayfiyatga qaytish. Yaʼni darsning davomini jahl bilan oʻtkazmaslik. Yoki yana bir holat, aytaylik, oʻquvchilarga juma kunga kitobning 70 betini oʻqib kelishni aytgansiz (60 ta misolni ishlab kelishmi, farqi yoʻq), vaqtida muhokama boʻlishini eslatgansiz. Ammo oʻquvchilarning aksar qismi oʻqib kelmagan. Shunda hamma oʻqib kelmaguncha muhokama qila olmasligingizni aytib, bugun boshqa mavzu oʻtib turishingizni (yoki biror multfilm, kino koʻrish) bildirasiz. Ammo keyingi juma kuniga endi 70 bet emas, 140 bet oʻqib kelishini aytasiz. Agar keyingi gal ham shunday boʻlsa, qanday jazo berilishini kelishib olasiz. Shunda oʻquvchilar qilgan aybini tushunadi, qattiq jazo olmagani uchun sizdan xafa boʻlmaydi va keyingi haftaga baribir kitobni oʻqib keladi. Boshqa yoʻl yoʻq ekanini tushunadi.

Eng asosiysi oʻquvchi sizning qattiqqoʻlligingiz ham, mehribonligingiz ham uning foydasi uchun ekanini his qilishidir. Ana shunda bu ikki holat ham taʼlim jarayoniga ijobiy taʼsir oʻtkazadi. Farhod Musajonning “Boʻsh kelma, Aliqulov” qissasidagi mana bu parcha gapimizga yaqqol misol boʻla oladi:

“Ustozning bitta odatini yaxshi koʻraman, hech qachon odam bilan jerkib gaplashmaydi. Ming bez boʻlib turaversang ham, qoʻrslik qilsang ham, jahl qilmaydi. Kuyunib gapiradi, lekin jerkimaydi.

Boshqa oʻqituvchilar, albatta, izza qilgan boʻlishardi, boʻyingni qara, mendan oshib ketibsan, lekin miyang ishlamaydi deb. Lekin Nasiba opa sira ham boʻyimni kalaka qilmaydilar. Faqat achinib koʻzimga tikilib qoʻyadilar”.

Oʻylaymizki, maqoladagi maʼlumotlar asosida oʻzingizni tahlil qilib koʻrasiz, qandaydir oʻzgartirish kiritish lozim boʻlsa, harakatni boshlaysiz.

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.jpeg

Shokir Tursun | Ochiq dars