Ochiq dars

Oʻqituvchilar oʻqishi shart boʻlgan 4 ta kitob

Istalgan soha vakili kasbga oid eng yaxshi kitoblarni oʻqishi kerak. Bu maqolada esa ustozlar uchun eng koʻp amaliy foyda beradigan kitoblarni jamladik.

Zamonaviy taʼlim tizimi oʻzgarishlarga moslashish va doimiy rivojlanib borishni talab etadi. Oʻqituvchilar nafaqat oʻz fanlaridagi yangiliklarni kuzatib borishi, balki pedagog sifatida ham oʻz ustida ishlashi lozim.

Har bir oʻqituvchi faoliyatida turli qiyinchiliklarga duch keladi: darsni qiziqarli va samarali oʻtish, oʻquvchilarni boshqarish va ular bilan muloqotga kirishish, taʼlim ehtiyojlarini qondirish.

Yuqoridagi sabablar oʻqituvchilarni doimo kitob titkilashga majbur qiladi. Bugun sizlarga oʻqituvchilar oʻqishi shart boʻlgan 4 ta kitob haqida aytib bermoqchimiz.

Oldindan aytib qoʻyishimiz kerakki, tavsiya qiladigan kitoblarimizning ikkitasi ingliz tilida. Bu mavzudagi kitoblar oʻzbek tilida deyarli yozilmaydi, boshqa tillardan ham kam tarjima qilinadi. Shuning uchun chet tilidagi adabiyotlarni tavsiya qilishdan boshqa yoʻlimiz yoʻq. Ishonamizki, yaqin kelajakda bunday maqolalarni faqatgina oʻzbek tilidagi asarlar bilan yoza olamiz.

Finlandiya taʼlim moʻjizasi: maroqli dars oʻtishning 33 siri

Ushbu asar AQShda oʻqituvchilik qilgan va keyinchalik oilasi bilan Finlandiyaga koʻchib ketib, u yerda maktablarda ishlagan Timoti Uoker (Timothy  Walker) tomonidan yozilgan. U oʻz tajribasidan kelib chiqib, Finlandiya maktablarining muvaffaqiyatga erishish sirlarini oʻrganadi. Ular asosida oʻqituvchilar uchun sodda va samarali strategiyalarni taklif qiladi. Ushbu kitob taʼlim jarayonini yanada zavqli va yoqimli qilish haqida, desak xato boʻlmaydi. Kitobni oʻqir ekansiz, taʼlim jarayonining muvaffaqiyati faqatgina shu tizimga bogʻliq emasligini tushunasiz. Jamiyatning umumiy kayfiyati va qadriyatlari tizimning samarasini taʼminlovchi eng katta omil ekanini anglaysiz.

Kitobda oʻquvchilardagi stressni kamaytirish usullari, moslashuvchanlik va mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalarini rivojlantiradigan, daxldorlik hissini shakllantiradigan sodda hamda samarali strategiyalar taklif etilgan. Kitobda o‘qituvchilarning ham dam olishi va o‘zini rivojlantirish imkoniyatlari haqida so‘z yuritiladi. O‘qituvchilarga ish va hayot muvozanatini saqlash, taʼlim jarayonini zavqli qilishga yordam beruvchi amaliy maslahatlar beriladi.

Kitobni nafaqat taʼlim tizimida ishlaydiganlar, balki hukumatning turli boʻgʻinlarida rahbarlik qiadigan har bir shaxs oʻqib chiqishi lozim, deb hisoblaymiz. Uni Oʻzbekistonning istalgan kitob doʻkonidan xarid qilish mumkin.

The First Days of School: How to Be an Effective Teacher

Harry Vong (Harry K. Wong) hamda  Rozmary Vong (Rosemary T. Wong) tomonidan yozilgan ushbu kitob oʻquv yilini muvaffaqiyatli boshlash va samarali taʼlim jarayonini yaratish boʻyicha tavsiyalarga boy. Kitobda sinfdagi taʼlim muhitini yaratish va boshqarish, darslarni qanday rejalashtirish haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, oʻquvchilarning faol ishtirokini taʼminlash, ularning individual ehtiyojlariga moslashish va motivatsiyasini oshirish masalalari yoritilgan, bir-biridan yaxshi takliflar berilgan. Ushbu kitob nomidan oʻqituvchilikni birinchi yil boshlayotganlar uchunday koʻrinsa ham, aslida uzoq yillardan beri dars berayotganlarga ham foydalidir. Kitobda quyidagi masalalar qamrab olingan:

  • oʻquv yili boshlanishiga qanday tayyorgarlik koʻrish;

  • sinfni, darsni boshqarish strategiyalari ;

  • darslarni rejalashtirish va oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar;

  • oʻqituvchining taʼlim jarayonidagi roli.

Kitobda oʻqituvchi faqat bilim beruvchi emas, balki oʻquvchilar uchun motivator, yetakchi shaxs sifatida harakatlanishi lozimligi taʼkidlanadi. Kitobni oʻqir ekansiz, samarali oʻqituvchi qanday boʻlishi kerakligi, oʻquvchilarga qanday taʼsir oʻtkazish haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlasiz.

Kitobning qanchalik qiziqarli va foydali ekanini oʻz yoʻnalishida eng koʻp sotilgani (4 million nusxa), 9 ta tilga tarjima qilingani, 120 dan ortiq davlatlarda qoʻllanishi bilan oʻlchash mumkin.

The Essential 55: An Award-winning Educator's Rules for Discovering the Successful Student in Every Child

“Ron Klark hikoyasi” (The Ron Clark story) filmini koʻrgan boʻlsangiz kerak. Film oʻqituvchilik faoliyati haqida ishlangan eng yaxshi kinolar qatorida turadi. Ana shu filmning bosh qahramoni Ron Klark (Ron Clark) taʼlimga oid bir necha asarlar yozgan. Ulardan eng foydali va yaxshilaridan biri “The Essential 55: An Award-winning Educator's Rules for Discovering the Successful Student in Every Child” kitobi boʻlib, unda oʻquvchilarning muvaffaqiyatli boʻlishi uchun zarur boʻlgan 55 qoida taqdim etiladi. Ushbu qoidalarga amal qilish sizni oʻquvchilar nazdida eng yaxshi oʻqituvchiga aylantirishiga ishonamiz. Kitobda har bir qoida nima uchun muhim ekani va uni qanday qilib joriy qilish kerakligi borasida tavsiyalar ham berilgan. Kitobda asosan oʻquvchilarning ijtimoiy-hissiy koʻnikmalarini rivojlantirish, oʻquvchilarda qanday koʻnikmalarini rivojlantirish zarurligi haqida maʼlumot beriladi. Oʻquvchilarda oʻzini hurmat qilish, oʻziga ishonch hissini uygʻotish, oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasida ijobiy munosabatlarni oʻrnatish masalalari muhokama qilingan.

55 qoidaning qisqartirilgan shakli bilan ushbu havoladagi fayl orqali tanishish mumkin.

Raqamlar uchun yaralgan idrok (Barbara Oukli)

AQShlik professor Barbara Ouklining (Barbara Oakley) “Raqamlar uchun yaralgan idrok. Matematika va tabiiy fanlarni qanday qoyillatsa boʻladi?” (A Mind For Numbers: How to Excel at Math and Science) kitobi. Uning gʻoyasi nomidan ham koʻrinib turganidek oʻrganishni oʻrganish haqida. Kitobni oʻqigan odam oʻrganish jarayonini yaxshiroq anglashi va qiyin koʻringan narsalarni ham osonroq oʻzlashtirish usullari mavjudligini tushunadi. Ushbu kitobda oʻrganishni samarali qilishga qaratilgan fokusli va diffuz fikrlash, parchalab oʻrganish, davriy takrorlash, oʻz-oʻzini baholash, uyquni boshqarish, pomodoro texnikasi kabi strategiyalar tushuntiriladi, amaliy tavsiyalar beriladi.

Ushbu kitobni oʻqish orqali oʻqituvchilar oʻrganish jarayonini yanada yaxshiroq tasavvur qilishi, murakkab mavzularni sodda va samarali usulda oʻrgatish texnikasini oʻzlashtirishi mumkin. Bundan tashqari, kitob oʻquvchilarni bilim olish jarayoniga qiziqtirish, murakkab vazifalarni ham bajara olishiga ishontirish koʻnikmalarini oʻrgatadi.

Kitob oʻzbek tiliga tarjima qilingan, uni deyarli barcha kitob doʻkonlaridan topish mumkin.

Oʻylaymizki, yuqorida tavsiya qilingan asarlarni oʻqib chiqishga vaqt va imkon topasiz. Yuqoridagi kitoblar sizning kasbiy rivojlanishingizga zarracha hissa qoʻshsa, biz maqsadga erishgan boʻlamiz.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/66c8246bfb55dd8ee970c9c5/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.webp

Shokir Tursun | Ochiq dars

O'xshash maqolalar