Ochiq dars

Oʻqituvchilar uchun ChatGPT

Oʻqituvchilar vaqti va energiyasini bir necha marta tejovchi vosita haqida

Sunʼiy idrok (intellekt soʻzi oʻzbekchaga idrok deya tarjima qilinadi) soʻnggi 2 yil ichida juda tez va jadal rivojlandi. U kirib bormagan soha qolmadi. Taʼlim ham bundan mustasno emas. Koʻpchilik oʻqituvchilar sunʼiy idrokni oʻquvchining dushmani deya ataganini eshitganmiz. Ularning qarashida ham jon boʻlishi kerak. Uy vazifalarini SI (sunʼiy idrok) ixtiyoriga topshirib qoʻygan oʻquvchilarni koʻrib shunday xulosaga kelishgandir. Ammo oʻrinli foydalana olsak, u bizning eng yaqin va yaxshi hamkorimizga aylanishi mumkin. SI vositalari oʻqituvchiga dars jarayonini boyitish, vaqtni tejash, ijodiy yondashuvni kengaytirish kabi imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu maqolada oʻqituvchilar SIdan qay maqsadda foydalanishi mumkinligi, turli fan mutaxassislari uchun amaliy misollar va undan foydalanishdagi afzalliklar, eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar haqida soʻz yuritamiz. SIning taʼlimdagi imkoniyatlari juda ham kengligini taʼkidlab oʻtish kerak. Bu gal umumiyroq maʼlumotlarni keltiramiz. Keyingi maqolalarimizda har bir masalaga alohida toʻxtalishga harakat qilamiz.

Eslatma: SIni sizlash yoki sensirash sizning ixtiyoringizda. Maqolada unga senlab murojaat qilinadi.

Qaysi SI yaxshiroq?

Hozir Oʻzbekiston aholisi Copilot, ChatGPT, Gemini, Claude kabi mashhur SI dasturlaridan foydalanadi. Bularning ichida eng mashhuri – ChatGPT. Sanalganlarning ichidan oʻzbek tilini yaxshiroq biladigani ham aynan shu. ChatGPT, Copilot va Gemini dasturlarini kunlik cheklov asosida bepul ishlatish mumkin. Saytga kirasiz, roʻyxatdan oʻtasiz va foydalanaverasiz. Bepul foydalansangiz, roʻyxatdan oʻtish ham shart emas. Ammo roʻyxatdan oʻtsangiz, SI bergan savollaringiz, qiziqqan maʼlumotlaringiz asosida sizga moslashib boradi. Bu oʻzingiz xohlagan natijaga tezroq va sifatliroq erishishingizda qoʻl keladi.

Copilot, ChatGPT va Gemini orasidan birini tanlash kerak boʻlganda siz uchun eng maʼquli deb ChatGPTʼni ayta olamiz. Narx borasida bellashuv yoʻq. Hammasi oyiga 20$ (2025-yil 1-yanvar holatiga koʻra) evaziga ishlaydi. Bepul ishlash funksiyasi ham hammasida mavjud. Ammo kunlik cheklovlar oʻrnatilgan. ChatGPT tez rivojlanayotgani, turli sohalarda ishlay olishi, oʻzbek tilini yaxshi bilishi va sifatli matn yaratishi tufayli sizga uni maslahat beryapmiz. Quyida beradigan maʼlumotlarimiz ham ChatGPT asosida boʻladi. Ammo ulardan Copilot va Gemini uchun ham foydalanish mumkin.

Oʻqituvchilar uchun nima qilib bera oladi

Sunʼiy idrok dasturlari oʻqituvchining har bir qadamida yordam bera oladi, deb ayta olamiz. Asosiysi, unga topshiriq berishingiz va natijani oʻzingizga moslashtirishingiz kerak. SI oʻqituvchilarga quyidagi masalalarda yordam berishi mumkin:

  • dars rejasini tuzish;

  • bir topshiriqning turli darajalarini tayyorlash;

  • imtihon materiallarini hozirlash;

  • ingliz tilida yozilgan matnlarni tekshirish va baholash;

  • materialni soddalashtirish yoki kengaytirish;

  • turli nazariy savollarga javob berish;

  • shaxsiy rivojlanish uchun yordamlashish;

  • maʼlumot qidirish;

  • mavzuga mos misollar va namunalar topib berish;

  • mavzuga mos rasmlar chizish.

Yuqoridagi roʻyxatni uzoq davom ettirish, har bittasini yanada kengaytirish mumkin. Masalan, GPT dars rejasini tuzishning oʻzida sizga bir necha variantda yordam berishi mumkin. Undan mavzu yuzasidan qisqa konspekt tayyorlab berish, darsning asosiy rejasini ishlab chiqish yoki boshidan oxirigacha qadam-baqadam ssenariy tuzishni soʻrasa boʻladi. Keling, amaliy misollarga oʻtamiz.

Dars rejasini ishlab chiqish

Har qanday oʻqituvchining eng koʻp qiladigan ishi – dars rejasini ishlab chiqish. Bizning taʼlim tizimimizda yagona darsliklar konsepsiyasi boʻlgani bois bu jarayon oʻqituvchilardan kamroq mehnat talab qiladi. Ammo zamonaviy va kreativ oʻqituvchi deyilganda darslikdagi materiallarning oʻzi bilan cheklanmaydigan pedagogni tushunamiz. Bunda SI eng yaxshi yordamchi boʻla oladi.

Buning uchun ChatGPTʼga sizga nima kerakligi haqida soʻrov (prompt)ni kiritish kifoya. Ammo soʻrov kiritishda nima istayotganingizni batafsil yozishga harakat qiling. Masalan:

Soʻrovni qanchalik batafsil kiritsangiz, oladigan javobingiz ham shuncha yaxshi boʻladi.

Agar sizga toʻliq dars rejasi emas, darsning ayrim bosqichlari uchun material kerak boʻlsa, soʻrovni shunga koʻra oʻzgartirasiz.

Dars davomida qoʻllashni istaydigan metod yoki strategiyalaringizni ham oldindan kiritib qoʻyishingiz mumkin. Shunda GPT sizga oʻzingiz istagan metod va strategiyada dars rejasi tuzib beradi.

Dars rejasini tuzdirib olgach, unga oʻzgartirishlar kiritishni soʻrash mumkin. Shuni unutmangki, SI sizga hech qachon ideal dars rejasi ishlab bera olmaydi. Uning javoblarini oʻz sinfingizga moslashtirish eng maʼqul usul hisoblanadi. Koʻpchilik ustozlar SIdan ilhomlanish maqsadida foydalanadi.

Fanlar boʻyicha amaliy misollar

MATEMATIKA

Masalalar bankini tuzish. Masalan, “uchburchaklar yuzini aniqlashga doir 7-sinfga moʻljallangan 10 ta turli darajadagi misol yoki masala tuzib ber”, deb so‘rashingiz mumkin. ChatGPT turli qiyinlik darajasida misol va masalalar taklif etadi. Har doim javobni koʻzdan kechiring, u ham adashadi. Quyida ushbu soʻrovga ChatGPTʼning bergan javobini koʻrishingiz mumkin:

ONA TILI VA ADABIYOT

Nutq o‘stirish mashqlari. Masalan, “oʻquvchilarning og‘zaki nutqini rivojlantirish uchun 5 ta interaktiv o‘yin tavsiya qil” kabi so‘rov bilan darslarni rang-barang qilish yo‘llarini topish mumkin.

Asarlarni tahlil qilish. Asar yuzasidan savolnoma tuzdirish, asosiy gʻoyani aniqlashni soʻrash mumkin. Agar asar jahon adabiyoti rukniga oid boʻlsa, GPT shu asarni oʻqitish boʻyicha toʻliq ssenariy ishlab chiqa oladi. Ammo oʻzbek adabiyoti rukni boʻlganda toʻliq ssenariy ishlab chiqishga qiynalishi mumkin. Buning uchun avval asar matnini GPTʼga tashlab (fayl koʻrinishida), keyin soʻrovlarni kiritish kerak.

INGLIZ TILI

Grammatika mashqlari. Present Continuous va Present Simple zamonlari bo‘yicha boshlang‘ich daraja (A1–A2) uchun 10 ta mashq yozib ber”, deb so‘rashingiz mumkin. ChatGPT har xil mashqlar (test savollari, bo‘sh o‘rinli jumlalar, muqobil javobli savollar) berib, javoblarini ham taklif qiladi.

Esse yozdirish.B1–B2 darajadagi o‘quvchilar uchun 150 so‘zdan iborat matn yozib ber, mavzu: atrof-muhit muammolari”, degan soʻrovni kiritish orqali matn yozdirib olish mumkin.

Matnlarni baholash. ChatGPTʼga baholash mezonlaringizni kiriting va oʻquvchilaringiz yozgan matnning skaner nusxasini bering. Keyin undan baholab berishni soʻrang. Matn ingliz tilida boʻlsa, GPT obyektiv baholashni amalga oshira oladi. Baholash mezonini bermasdan, oʻquvchining darajasi va topshiriq shartini kiritib ham, bola yozgan matnga izoh olish mumkin.

TARIX

Voqea asosida rasmlar chizdirish. Maʼlum bir tarixiy voqeani aks ettiruvchi rasmni chizib berishni soʻrash mumkin. Xaritalar chizish borasida hali muammolari koʻp. Shuning uchun u chizgan xaritalarga suyanib qolmang.

Vaqt oraligʻidagi tarixiy voqealar.1870-yillardan 1914-yilgacha bo‘lgan Yevropadagi asosiy siyosiy voqealarni vaqt jadvali shaklida taqdim et”, deya so‘rashingiz bilan tayyor ro‘yxatni qo‘lga kiritasiz. Maʼlumotlarni diagramma koʻrinishiga keltirishni soʻrash ham mumkin. Masalan, yuqoridagi soʻrovga javob olgach “Eng asosiy voqealarni aks ettirgan holda “timeline” diagramma chizib ber”, deya soʻrov kiritdik va quyidagi natijani oldik:

TABIIY FANLAR

Tajribalar uchun gʻoyalar. Biologiyadan 7-sinf o‘quvchilari uchun fotosintez jarayonini ko‘rsatib beradigan qiziqarli eksperiment g‘oyalarini taklif qil” so‘rovi bilan amaliy mashg‘ulot ssenariylarini tayyorlash mumkin.

Tushuntirishlar va moslashtirish.Om qonunini 6-sinf oʻquvchisiga sodda tarzda tushuntirib berish uchun 5 ta misol keltir”, deya so‘rash darsga qulay tayyorgarlikni osonlashtiradi. Agar soʻrovda sinf darajasini kattaroq koʻrsatsangiz, misollar darajasi ham oshadi.

SIdan foydalanishda eʼtibor berish shart boʻlgan jihatlar

Maʼlumotlar haqiqiyligini tekshirish. ChatGPT xato qilishi mumkin. Shuning uchun berilgan ma’lumotlarni ishonchli manbalar bilan taqqoslash juda muhim. Baʼzan bergan javobiga GPTʼning oʻzidan aniq manba soʻrash yetarli boʻladi. Agar xato maʼlumot keltirgan boʻlsa, aniq manba topib bera olmaydi. Koʻp holda javobini tekshirishni, xatolarini aniqlashni ham oʻzidan soʻrash mumkin. Bunday soʻrov aksar hollarda foyda beradi va GPT oʻzi bergan xato maʼlumotni tan oladi.

Etika va maxfiylik. Akademik halollik tamoyillarini unutmaslik zarur. Bunga GPT orqali topilgan maʼlumotlarning manbasini ham soʻrash va ularga havola berish misol boʻladi. Maxfiylik haqida soʻz ketganda oʻquvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini GPTʼga bermaslikni tushunish mumkin. Umumiy taʼriflar orqali ham kerakli javobni olsa boʻladi.

Ijodkorlikdan voz kechmaslik. GPT – vosita,  ammo asosiy ijodkorlik o‘qituvchining o‘zida qoladi. Har bir taklifni sinf sharoitiga moslashtirish lozim.

Tahrirlash. GPT ancha yaxshi matn tayyorlagani bilan xato qilishi mumkin. U bergan javobni “copy-paste” qilgach, tahrirlash kerak boʻladi.

SI – zamonaviy o‘qituvchining beminnat yordamchisiga aylanishi mumkin bo‘lgan qulay vosita. U istalgan sohada sizga kerakli maʼlumotlarni tezkor topish va turli vazifalaringizni bajarishda yoʻl-yoʻriq koʻrsatish imkoniga ega. SI orqali qimmatli vaqtingizni tejashingiz mumkin. Biroq SI o‘qituvchining oʻrnini butunlay bosa olmaydi, uni yaxshi qo‘llab-quvvatlashi mumkin xolos. SIdan olingan javob bilan cheklanish toʻgʻri emas. Dars jarayoni samarali o‘tishi uchun GPTʼdan olingan javoblarni yaxshilab tahlil qilib, sinf yoki fan kontekstiga moslash va to‘ldirish zarur.

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.jpeg

Shokir Tursun | Ochiq dars