Ochiq dars

Oʻquvchiga baqirib ketmaslik yoʻllari

Oʻquvchilarga baqirish ham ustozga ham, ham oʻquvchiga zararli. Bu “odatni” kechiktirmay tashlash kerak.

Maqolani boshlashdan oldin oʻzim ham baʼzida sinfda baqirib turishimni tan olmoqchiman. Oʻrta maktab oʻqituvchisi sifatida har kuni emas – haftada bir marta “yaxshigina” baqiradigan kunim boʻlardi. Ota-ona sifatida-chi? Uhh. Ota-ona sifatida farzandlarimga bundan ham koʻp baqirardim. Ha, shunday, men ham bu qiyinchilikni boshdan kechirganman.

Yana shunisi ham aniqki, bu muammo koʻpchilikni qiynaydi. Juda zoʻr oʻqituvchi yoki oʻta muloyim kishi boʻlsangiz ham, baʼzan hammasi nazoratdan chiqib ketadi. Oʻzingizni boshqara olmay qolasiz.

Qaysidir yili yonimdagi xonada dars bergan oʻqituvchini hali ham eslayman. Unga hurmatim juda baland edi. Hamkasbimning oʻquvchilari bilan munosabatlari ham aʼlo darajada. Lekin haftasiga bir yoki ikki marta... Ehhh, xonasidan shunaqangi shovqin quloqqa chalinardiki... Bu hatto sinf devorlari orqali ham eshitilardi. Koʻpincha bu holatga eshikning qarsillab yopilishi ham qoʻshilardi va bu butun tanamdagi qon tomirlarimni muzlatib yuborardi. Tinchgina biror topshiriqni bajarib oʻtirganimizda bu hol sodir boʻlsa, oʻquvchilarim bilan uni tinglagancha “tosh qotardik”. Bu hol uzoq davom etmasdi. Lekin shunday lahzalarda hamkasbimga nisbatan yomon tuygʻularni his qilardim. Bunday vaziyatga qandaydir yomon narsa narsa sabab boʻlganini tushunardim. Chunki bu oʻsha hamkasbimning oʻquvchilarga koʻrsatadigan meʼyoriy xatti-harakatlaridan emasdi.

Agar hamkasbim ham menga oʻxshagan boʻlsa, hammasi oʻtib ketganidan keyin oʻzini juda yomon his qilgan boʻlsa kerak. Chunki bunday holat oʻzim bilan ham sodir boʻladi. Keyin bir lahza oʻtib, gʻazabimni qoʻlga olganimda qoʻygan “tomosha”mdan xijolat tortaman. Nima boʻlganda ham, nazoratni yoʻqotib qoʻyish odamlar uchun faxrlanadigan ish emas. Lekin yaqin yillarda men ancha oʻzgardim. Bu yoʻlda oʻzimda foyda bergan usullarni siz bilan boʻlishmoqchiman. Shuningdek, baqirish va buni kamaytirishga erishgan boshqa odamlarning tadqiqot hamda gʻoyalarini ham aytib oʻtaman.

Nima uchun baqirishdan voz kechish kerak?

Sinfdagi intizom bilan bogʻliq muammolarni hal qilishda baqirish “usuli” hech qanday samara bermaydi. Buni sal boʻlsa ham tushunsangiz, baqirish odatidan qutulishingiz ancha osonlashadi.

Bu — juda yomon namuna

Kun davomida maktabda hech qanday ish bajarmagan taqdirimizda ham qila olishimiz mumkin boʻlgan kichik bir ish bor. Bu oʻz-oʻzini boshqarish borasida oʻquvchilarga chiroyli oʻrnak boʻlishdir. Oʻquvchilarga gʻazab, stressli vaziyatlar va kelishmovchiliklarni samarali usulda qanday hal qilishni koʻrsatib berish kasbimizning bir qismi. Biz buni ularga shunchaki aytib tushuntirolmaymiz. Oʻquvchilarga amalda koʻrsatib berishimiz kerak. Shunday ekan, baqir-chaqir qilishimiz ularga stressni sogʻlom va samarali usulda boshqarishni uddalay olmayotganimizni koʻrsatadi. Buni tushunishimiz kerak.

Bu — oʻquvchilarni odatiy ovozingizni eʼtiborsiz qoldirishga oʻrgatadi

Salbiy vaziyatlardan chiqishda qoʻllaydigan strategiyangiz baqirish boʻlsa, keyinchalik oʻquvchilar sekin, oddiy aytgan gaplaringizni eʼtiborsiz qoldira boshlaydi. Baqirish avvaliga ovozingizni sal koʻtarishdan boshlanadi. Keyin ovozingiz balandlashadi va bu tez-tez takrorlanib turadigan holatga aylanadi. Bu holning doimiy takrorlanishi oʻquvchilarni oddiy baqirishingizga nisbatan befarq qilib qoʻyadi. Yaʼni bu usul orqali ularning eʼtiborini torta olmay qolasiz. Shuning uchun ovozingiz va shiddatingizni yanada kuchaytirishga majbur boʻlasiz. Dahshatning oʻzginasi.

Oʻquvchilar sizni hurmat qilmay qoʻyadi

2012-yili “Journal of Adolescence”da shu borada oʻtkazilgan tadqiqot natijalari (Trinkner, Kon, Rebellon va Van Gandi) chop etilgandi. Unga koʻra, oʻsmirlar jazolash, majburlash va baqirish orqali tarbiyalanganda bora-bora ota-onalarning bolani nazorat qilish funksiyasini mensimay qoʻyadi. Bu tarbiyada boshqa uslublarni qoʻllaydigan ota-onalarning farzandlariga nisbatan olingan. Ota-ona boʻlish va oʻqituvchilik oʻxshash koʻnikmalarni talab qiladi. Shu bois avtoritar oʻqituvchining oʻquvchilari ham ularga nisbatan shunday munosabatda boʻlishi mumkin. Xuddi yuqorida aytib oʻtilganidek. Baqirish orqali erishilayotgan itoatkorlik xuddi hurmatdek koʻrinadi. Lekin bu holat ularning sizga boʻlgan haqiqiy tuygʻulariga mos kelmaydi.

Bu bullingga sabab boʻlishi mumkin

Oʻquvchilarning bir-biriga boʻlgan munosabati soʻnggi yillarda taʼlim sohasi mutaxassislari uchun asosiy xavotirli masalalardan biriga aylangan. Bunga yechim topish uchun koʻpincha oʻquvchilarning xulq-atvori va munosabatlarini oʻzgartirishga moʻljallangan dasturlarga murojaat qilamiz. Lekin bu muammodagi asosiy omil bizning xulqimiz boʻlishi ham mumkin. 2010-yilda oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, avtoritar uslubdan foydalanadigan oʻqituvchining oʻquvchilari orasida zoʻravonlikka asoslangan muhit rivojlanishi ehtimoli yuqori ekan (Allen). “Zoʻravonlik boʻshliqda yuzaga kelmaydi”, deya taʼkidlaydi mualliflar. “Uning paydo boʻlishiga koʻplab omillar taʼsir qiladi. Ulardan biri oʻqituvchilarning sinfni qanday boshqarishidir. Yana biri oʻquvchilarning nooʻrin xulq-atvoriga nisbatan qanday munosabat bildirishidir”.

Bu hammani xavotirga soladi

Menimcha, buni isbotlash uchun hech qanday tadqiqot shart emas. Jahl bilan baqirganingizda bu holat butun xonadagi muhitga taʼsir qiladi. Bu nafaqat siz baqirayotgan bolaga, balki atrofdagi eshitib turgan barchaga taʼsir koʻrsatadi. Taʼsir doirasi sinfingizdan tashqari yondosh xonalardagi oʻqituvchilar va oʻquvchilarni ham qamrab oladi. Shu yerda Maslouning “Ehtiyojlar iyerarxiyasi”ga bir nazar tashlashning oʻzidayoq xavfsizlik ehtiyoji har qanday kognitiv yoki ijodiy qiziqishlarni qondirishdan ancha yuqorida kelishini koʻrishimiz mumkin. Bundan kelib chiqadiki, oʻquvchilar xonadagi yoqimsiz va tarang muhitdan xavotirda boʻlsa, sifatli taʼlim olishga qiynaladi.

Baqirishning oldini oling

Baqirishga qarshi kurashishning eng samarali usuli boshlanmasidan avval uning oldini olishdir. Quyidagi usullar baqirishga majbur qiladigan vaziyatlardan oʻzingizni chetga olishga yordam beradi.

Baqirishga majbur qiladigan omillarni aniqlang

Hamma ham bir xil sabab bilan baqirmaydi. Shuning uchun sizni nima baqirishga majbur qilishini bilishingiz muhim ahamiyatga ega. Bu ogohlantiruvchi belgilarni payqashingizda kerak. Yuqorida aytib oʻtganimdek, baqirish mening eng katta ota-onalik muammolarimdan biri bo‘lgan. O‘n bir yil davomida meni bezovta qiladigan narsalarni aniq anglab yetdim. Bu uydagi jihozlar sirtining shiradan yopishqoq holga kelishi, haddan tashqari shovqin va biror yumushga eʼtiborimni jamlashim kerak boʻlganda bolalarimning atrofimda oʻralashib yurishi ekan. Bulardan qutulish uchun oʻzimni har koʻyga solaman. Bu unchalik yoqimli manzara emas. Biroq yaxshi kunlarda bu omillar tufayli paydo boʻlayotgan dastlabki asabiylashish belgilarini darrov qayqayman. Kuchli gʻazabga aylanib ketishining oldini olish uchun xayolimda saqlab qolaman. Shuning uchun siz ham oʻzingizni nazoratdan chiqishingizga sabab boʻladigan narsalarga eʼtibor qaratishni boshlang. Bu hissiyotlarni erta bosqichda toʻxtatishga harakat qilib koʻring.

Oʻzingizni muntazam nazorat qiling

Baqirishimga sabab boʻluvchi yana bitta omil hissiy holatim bilan aloqamni yoʻqotganim edi. Kun davomida paydo boʻlgan qandaydir xafagarchilik, gʻazab yoki hatto ochlik hissining oqilona nazorat qila olmaydigan darajaga yetishiga yoʻl qoʻyayotgandim. Agar bu holatlar sizga ham tanish boʻlsa, oʻzingizni nazorat qilib borishni kun tartibingizga kiritishni kechiktirmang. Har kuni muntazam ravishda, balki soatma-soat oʻzingizni ham jismonan, ham ruhan qanday his qilayotganingizni anglashga bir daqiqa vaqt ajrating. Ham kayfiyat, ham jismoniy qulaylik taraflama oʻzingizni 1 dan 10 gacha boʻlgan tizimda baholang. Agar har ikki taraflama 5 dan pastlayotganingizni payqasangiz, miyangizda ongsizlik hukmron boʻlib olmasligi uchun harakat qiling. Sizni juda ham ahmoq qilib koʻrsatuvchi 1-darajaga tushib ketmasidan avval buni tuzatishning qandaydir chorasini koʻring.

Doktor Laura Markham oʻzining “Psychology Today” jurnalida chop etilgan “Baqirishni toʻxtatish uchun 10 qadam” maqolasida “yogʻoch boʻlaklari” atamasini qoʻllaydi. Bu atama orqali u yomon kunni oʻtkazayotganingizda sizda toʻplana boshlaydigan xafagarchilik va norozilikni tasvirlaydi. Yogʻoch boʻlaklari yetarlicha toʻplanganda yongʻin boshlanishi muqarrar boʻlib qoladi. Yongʻinni oldini olishning yagona chorasi biror vaziyatga yoki kimgadir qarshi “yogʻochlar” qachon yigʻilishini anglashdir. Shuningdek, u alanga olmasidan avval nimadir qilishdir. Buning uchun aqlingiz joyida payti kimdir bilan muammo haqida xotirjam suhbatlashing, keyinchalik oʻzingizga rahmat deysiz.

Oʻy-fikrlaringizni koʻrib chiqing, taftish qiling

Katta ehtimol bilan baqirishingizning asosiy ildizi doimiy ravishda oʻzingizga singdiradigan eʼtiqodlaringizdan kelib chiqadi. Shunchaki bundan oʻzingiz bexabarsiz xolos. Bir misol keltiraman. Masalan, gʻashimga tegadigan narsalardan biri — bolalarimga xonani yigʻishtirishlarini aytganimda ular oʻzini mana bunday tutishi:

Agar mana shunday vaziyatlarda fikrlarimni taftish qiladigan boʻlsam, menimcha, shunga oʻxshash maʼnoni topgan boʻlardim: ular meni hurmat qilmayapti. Xuddi meni eshitmagandek qilayotgan ishlarini davom ettirishini qarang. Ota-onasini hurmat qiladigan bola ular gapirganda darhol oʻrnidan turadi. Buyruqlarimni darhol bajarishi kerak edi aslida. Lekin ular meni jiddiy qabul qilmayapti. ULARGA KOʻRSATIB QOʻYMASAMMI!!!

Xuddi shunday holat oʻquvchilarim bilan ham boʻlardi. Oʻqituvchilik faoliyatimning dastlabki yillarida Jorj ismli hamkasbim bor edi. U muntazam ravishda sinfimga kirardi va oʻquvchilarim shovqin qilayotgan boʻlsa, ularga tanbeh berardi. Bolalar tezda oʻzini tutib olar, u esa ketardi va hamma narsa joyiga tushardi. Men esa xijolat chekardim. Oʻzimni ojiz, muvafaqqiyatsiz va noqulay his qilardim. Sezib turganingizdek, keyingi 60 soniya ichida arzimagan xatoligi uchun oʻquvchilarimga baqira boshlardim. Izzat-nafsim yerga urilgandek boʻlardi va boshqa oʻqituvchilar meni lapashang deb oʻylayotgandek his qilardim. Bunday emasligini ularga koʻrsatib qoʻyaman. HALI HAMMASIGA KOʻRSATIB QOʻYAMAN!!!

Amerika psixologiya jamiyatining tavsiyasiga koʻra, jahlimizni “kognitiv qayta shakllantirish” usulida boshqarishimiz kerak. Oddiyroq aytganda, bu fikrlash tarzimizni oʻzgartirishni anglatadi. Jahlingiz chiqqanda fikrlaringiz haddan tashqari boʻrttirilgan va ortiq darajada dramatik tus olishi mumkin. Bu fikrlarni oʻrinli mulohazalarga almashtirishga harakat qilishingiz kerak. Masalan, oʻzingizga “Oh, bu yomon, bu dahshat, hammasi rasvo boʻldi’ deyishning oʻrniga boshqacharoq gap bilan yuzlaning. “Ha rostdan ham asabni buzadigan ish boʻldi, jahlim chiqdi, lekin bu hammasi tugadi deganimas. Hozir gʻazablanganim bilan hech nima toʻgʻrilanib qolmaydi”, deyishingiz kerak. Shaxsan men bu usulning gʻazabimni yumshatishda nihoyatda samarali ekanini anglab yetdim.

Shunday ekan, sizni baqirishga undaydigan fikrlar haqida yaxshilab oʻylab koʻring. Shu kunlarda oʻquvchilar qanchalik behurmat boʻlib ketayotgani haqida bosh qotiryapsizmi? Standartlashgan testlarni bajarish imkonsiz boʻlganidan qattiq gʻazablanyapsizmi? Sizningcha, baʼzi oʻquvchilar hayotini aldov, yolgʻon va firibgarlik bilan oʻtkazishni oʻziga maqsad qilib qoʻyyaptimi? Bilim va til ehtiyojlari jihatidan sizning taʼlim darajangizdan tashqarida boʻlgan bolalarni oʻqitishga majbur boʻlayotganingiz jahlingizni chiqaryaptimi? Bu fikr va tuygʻular ustida bir oz toʻxtang. Ularga quloq tuting, shunda miyangizning nima demoqchiligini tushunasiz. Keyin ularni qayta ishlash uchun nima qilishingiz mumkinligi haqida oʻylang. Kognitiv jihatdan qayta shakllantirish oʻqituvchilarga qanday yordam berishi mumkinligi haqida koʻproq misollar bilan tanishish uchun Anjela Uotsonning “Mustahkam iroda: har kuni taʼlim berishdan, nima boʻlishidan qatʼi nazar rohatlanishning 20 usuli” (Unshakeable: 20 Ways to Enjoy Teaching Every Day... No Matter What) kitobiga yozgan sharhimni oʻqing.

Birdaniga koʻp vazifa bajarishdan tiyiling

Bu mening shaxsiy tajribamda kuzatilgan holat. Diqqatimni jamlashim talab etiladigan qandaydir ish bilan bandman. Shu payt farzandlarimdan biri keladi va mendan nimadir soʻrab, diqqatimni boʻladi. Shu payti baqirib yuborish ehtimolim juda yuqori boʻladi. Bir vaqtning oʻzida ikkita vazifani bajarish foydali tuyulishi mumkin. Masalan, oʻquvchilaringiz jim kitob oʻqiyotganda jurnalga baholarni koʻchirib qoʻysangiz, juda yaxshi ish boʻladi. Lekin tasavvur qiling, baholar qoʻyiladigan dastur ishlamay qoldi va oxirgi qoʻygan 10 ta bahoyingiz oʻchib ketdi. Aynan shu paytda oʻquvchilaringizdan bittasi oldinda oʻtirgan qizning partasini tepayotganini va unga xalal berayotganini payqab qoldingiz. Oʻzi baholash bilan yuz bergan holatdan asabiylashib turganingizda endi Abbos ismli oʻquvchingiz muammo chiqaryapti. Bu vaziyatdan qanday chiqasiz? Uning yoniga jimgina borib, bas qilishini soʻraysizmi? Agar yana takrorlansa, oqibati qanday boʻlishini xotirjam tushuntirasizmi? Bunga shubham bor.

Shuning uchun ikkilamchi vazifani tanlashda mulohazali boʻling. Agar oʻquvchilaringiz topshiriqni jim bajarayotgan paytda tartibsiz qogʻozlarni taxlasangiz, buning zarari yoʻq. Shunchaki, diqqatingizni jamlashni talab qilmaydigan, orada uzilishlardan zarar koʻrmaydigan ishni tanlasangiz, kifoya. Chunki murakkab yoki muammoli ishlarni qilmoqchi boʻlsangiz, katta ehtimol bilan oʻquvchilarni bezovta qiluvchi omil sifatida koʻrishingiz mumkin.

Baqirish istagi paydo boʻlganda...

Agar baqirish istagidan voz kechish uchun qoʻlingizdan kelgan barcha choralarni koʻrgan boʻlsangiz-u, lekin foyda bermasa, unga qarshi kurashishda quyidagi usullardan foydalaning.

Yaqinroq borish usuli

Yosh ota-ona sifatidagi hayotimning taxminan oltinchi yillarida farzandlarimga baqirishimning asosiy sabablaridan biri nima ekanini toʻsatdan tushunib qolganman. Buning asosiy sababi ularning yoniga borishga jismoniy jihatdan energiyam yetmagani ekan. Oʻsha paytlarda juda charchagan boʻlardim va oʻrnimdan turishga ham kuchim yetmasdi. Yoki rakovinada idish yuvayotganimda ular muammo chiqarardi. Shunda qoʻllarimni quritib, uni hal qilish uchun borishning oʻrniga osongina baqirib qoʻya qolardim. Dayna Abraham oʻzining “Lemon Lime Adventures” blogida bu anglash holatini “Baqirishni toʻxtatishga yordam beradigan 1 ta oddiy maslahat (One Simple Tip to Help You Stop Yelling)” postida mukammal tasvirlagan. “Bolalar “haddidan oshganida” butun xona boʻylab baqirib, tinchlantirish oʻrniga... Ularga yaqinroq boraman. Ular bahslasha boshlagan boʻlsa, ularning shovqinidan ham balandroq ovozda baqirish oʻrniga... Yaqinroq boraman. Bolalar talablarimni eʼtiborsiz qoldira boshlasa, balandroq ovozda aytishning oʻrniga... Ularga yaqinroq boraman.” Shunday qilib, baqirishdan tiyilishning bir yoʻli bolalarning yoniga jismonan yaqinlashib borishdir. Bu yaqinlashuv nafaqat ularning eʼtiborini tortadi, balki baqirishni butunlay keraksiz qilib qoʻyadi.

Gʻazab bilan shovqin koʻtarib bormang — jim va sokin boring

Baqirish nuqtasiga yetib kelganingizda ataylab qarama-qarshi harakat qiling. Iloji boricha yumshoqlik bilan, shivirlab gapiring. Bu usul aslida oʻquvchilar eʼtiborini baqirgan paytingizdagidan koʻra koʻproq tortadi. Eng muhimi, oʻzingizni qanday nazorat qila olishingizni bolalarga koʻrsatib beradi. Yaqinda “Periscope”dagi jonli efirda maxsus taʼlim oʻqituvchisi Emi Harris oʻquvchilarning keskin xulq-atvori bilan muomala qilish va sinfdagi yuqori bosimli vaziyatlarda xotirjamlikni saqlab qolishning muhim tamoyillarini aytib oʻtdi. “Bu kabi vaziyatlarda biz kattalarmiz. Bolalar haqida gaplashyapmiz, shunday ekan, ular bilan baravariga baqir-chaqir qilmasligimiz kerak”. Harris, shuningdek, bolalarga uzoq nasihat qilgandan koʻra gapni qisqa qilishni maslahat beradi: “Qanchalik kam soʻz ishlatsangiz, bu kurashga shunchalik kam aralashasiz”.

Baqirishning oʻrnini bosuvchi boshqa “variant” toping

Agar oʻquvchilarni tinchlantirish uchun baqirayotgan boʻlsangiz, boshqa usul oʻylab koʻring. Anjela Uotson oʻzining “Sinfni tinchlantirishning 15 ta kreativ va yumshoq usuli” maqolasida bu borada foydali maʼlumotlar bergan. U oʻquvchilarning eʼtiborini qayta jalb etish uchun teskari sanash, qoʻl imo-ishoralari va mavzuga aloqador savollardan foydalanishni tavsiya qiladi. Yoki Todd Finlining “Sershovqin sinfni tinchlantirishning 30 usuli” kitobini oʻqib chiqing. Unda oʻqituvchining shunchaki oʻgirilib, doskaga nimadirlar yozishi ham taklif etilgan. Men qoʻllaydigan asosiy usul esa gʻazabim qaynab ketgan paytda daftar olib, unga shunchaki yozish edi (bu usulni videoda tushuntirib berganman). Yoki miyangizda biror taʼsirli iborani takrorlaysizmi, xonangizdan tashqariga chiqasizmi, birdan oʻngacha sanaysizmi... Xullas, baqirmaslikka qatʼiy qaror qilgan boʻlsangiz, oʻzingizga mos keladigan usulni, albatta, topasiz.

Oʻzingizni kamera qarshisida turgandek tasavvur qiling 

Buni tan olishdan uyalaman, lekin boshqalarga yordam berishi mumkin degan niyatda aytib oʻtmoqchiman. Agar hech narsa ish bermasa va hozir baqirib yuborishimni his qilsam, oʻzimni xuddi kamera qarshisida qandaydir realiti shou uchun suratga tushayotgandek tasavvur qilaman. “Keyinchalik faxrlanadigan darajada harakat qilyapmanmi?” deb oʻzimdan soʻrayman. Garchi kamera yoʻq boʻlsa-da, baʼzida bu usul meni toʻxtatib qoladi.

Oʻzgarishlarni qayd etib boring

Har qanday yomon odatni tashlashda erishgan ijobiy yutuqlaringizni muntazam kuzatib boring. Bu sizni natijaga erishishga yanada ragʻbatlantiradi. Uyda bolalarga baqirishim shu darajaga yetib kelgandiki, oxir-oqibat oʻzimga oxiri mukofot bilan yakunlanadigan maqsad qoʻydim. Agar ikki hafta davomida umuman baqirmasam, oʻzim uchun yangi etik sotib olaman. Oʻzimni nazorat qilish uchun “Baqirmaslik” jadvalini tuzdim. Har bir baqirmasdan oʻtkazilgan kunlarni belgilab bordim. Uni oshxona shkafiga yopishtirdim va meni nazorat qilishlari uchun bolalarimga koʻrsatdim. Har safar qoidani buzganimda jadvalni yangidan tuzaman. Bunday holat ikki marta sodir boʻldi. Toʻliq ikki haftani oʻtkazib, kuzatishni toʻxtatganimdan soʻng baʼzida eski odatimga qaytish holatlari uchrab turdi. Lekin bu borada hushyorligim ancha oshgandi va shu narsa meni toʻxtatib qolardi.

Endi esa ahvol avvalgidek yomonlashsa, yangi etik olish uchun harakat qilishim mumkinligini bilaman. ♥

Manba


Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/66fcd53f54596d1cf390d3d3/a86b1b0e-a1ea-4e11-bf37-10bf8ccbbcc0.original.jpg

Cult Of Pedagogy