Oʻquvchilarda kreativlikni rivojlantirishga qaratilgan strategiyalar
Oʻquvchilarda nostandart fikrlash, masalaga turli rakurslardan qarash qobiliyatini shakllantirish murakkab ish. Shunday boʻlsada, buning bir qancha yoʻllari mavjud.
Mashhur pedagog Sir Ken Robinson 2006-yili “TED Talks”dagi chiqishida: “Bugun kreativlik savodxonlik kabi muhim, ikkisi bir xil darajada muhim”, deb aytgan edi. 17 yil oldin aytilgan bu gap hozir ham dolzarbligini yoʻqotmagan. Ayniqsa, bizning maʼlumotlarni yodlashga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimimizda. Yaqin 30 yillik oʻquv dasturlari hamda darsliklarni kuzatib shuni aytishimiz mumkinki, (mehnat qilgan hammaga hurmat saqlagan holda) maktablarimiz shuncha vaqtdan buyon bolalarning kreativligini oʻldirish bilan shugʻullangan. Eng katta sababchilaridan biri – oliy taʼlim. Ular akademik bolalarni qabul qilishni istashdi va bunga erishishdi ham. Ammo endi bizni innovatsiya va kreativlik tark etganday. Bu xuddi shoir ilhom kelganda sheʼrini yozib qoʻymasa, bir necha martadan keyin ilhom parisi qaytib kelmay qoʻyishiga oʻxshaydi.
Bugungi maqolamizda oʻquvchilarni akademik jihatdan oʻstirish jarayonida ularning kreativligini saqlab qolishga qaratilgan bir necha strategiyalar haqida soʻz yuritamiz.
O‘quvchilarda kreativlikni rivojlantirish o‘qituvchilarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Chunki bu ko‘nikma muammolarni hal qilish, yangi yondashuvlar ishlab chiqish va innovatsiyalar yaratish uchun zarur. Har bir fan o‘qituvchisi o‘quvchilardagi kreativlikni rag‘batlantirish orqali ta’lim jarayonini yanada qiziqarli va samarali qilish imkoniyatiga ega.
Zanjirlarni boʻshating
Oʻquvchilaringizni oʻzi uchun qaror chiqarishiga imkon bering. Buni hamma fan oʻqituvchisi har qanday mavzuda, har qanday sharoitdagi maktabda qilishi mumkin. Masalan:
oʻquvchilarni guruhga boʻlishda sizning emas, ularning xohishi ustun boʻlsin. Buni amalga oshirish oson. Oʻquvchilaringizga nechta guruhga boʻlinish kerakligini, har bir guruhda eng kami va eng koʻpida nechta odam boʻlishi mumkinligini ayting. Qolganini ular hal qilsin. Siz guruhlarga boʻlib bermang (bu holatda aʼlochi oʻquvchilarning bir guruhga toʻplanib olishi, oʻzlashtirishi pastroq oʻquvchini hech kim guruhga qoʻshgisi kelmasligi kabi muammolar yuzaga kelishi mumkin, bunda oʻqituvchi aralashishi lozim, buni keyingi maqolalarimizda batafsil yoritamiz);
daftarni oʻzi istagan xilidan tutishiga imkon bering. Siz faqat daftarning hajmiga cheklov qoʻying, qolgan parametrlarini tanlash oʻquvchining ishi boʻlsin (ona tili fanida ham faqat chiziqli emas, katakli daftar tutishga ruxsat berish mumkin);
qaysi rangdagi ruchkada yozish oʻquvchilarning ixtiyorida boʻlishi mumkin. Aytaylik, bir matnda turli rangdagi ruchkalardan foydalanishga ruxsat bering.
Savollarni kreativlikka yoʻnaltiring
Oʻquvchilarga dars davomida hech boʻlmaganda bir marta ijodkorlikka undovchi savollar berish mumkin. Bunday savollar oʻquvchilardagi kreativlikni oshirishdan tashqari tahliliy va tanqidiy fikrlashni ham oʻstiradi. Masalan:
Adabiyot fanida qoʻllash uchun:
Ushbu qahramon oʻrnida boʻlganingizda bu vaziyatda nima qilgan boʻlardingiz?
Bu qahramon bugungi kunda yashaganda qanday qaror qabul qilgan boʻlardi, deb oʻylaysiz?
Sheʼrdagi bu oʻxshatishning oʻrniga yana qanday oʻxshatishlarni qoʻllash mumkin?
Tarix fanida qoʻllash uchun:
Birinchi jahon urushi shunday tugamaganda hozir dunyo qanday boʻlardi?
Nima deb oʻylaysiz, insoniyat shu davrgacha urushlarsiz yashaganda hayotimiz qanday boʻlardi?
Matematika va tabiiy fanlarda qoʻllash uchun:
Bu misolni yechishning anʼanaviy usuli, sizda qanday taklif bor?
Buni aniqlashning boshqa usullari bormi?
Bu usulning oʻrniga shunday qilsa nima boʻladi?
Xatolardan qoʻrqmaslikni oʻrgating
Oʻquvchilarning aksari xato qilishdan qoʻrqishi yoki uyalishi oqibatida oʻz fikrlarini oʻrtaga tashlamaydi. Jim oʻtirishni va boshqalarning toʻgʻri javobini kutishni maʼqul koʻradi. Bu ularning bora-bora kreativlikni yoʻqotishiga sabab boʻladi. O‘quvchilarga xato qilish tabiiy jarayon ekanini tushuntirish, ularni yangi narsalarni sinashdan qo‘rqmaslikka o‘rgatish lozim. Xatolar taʼlim jarayonining bir qismi ekani, ulardan qochish emas, balki imkoniyat sifatida qarash, o‘quvchilarni o‘z xatolaridan o‘rganishga undash yaxshi samara beradi. Masalan, matematik masalani noto‘g‘ri yechgan o‘quvchini tanqid qilishning o‘rniga uni boshqa usullarni sinab ko‘rishga undang. Xatosini tushuntirish va toʻgʻrilash uchun unga imkon bering.
Ijodkorlikni hurmat qiling
Oʻquvchilar turli gʻoyalarni ilgari surganida ularning bu urinishini alohida eʼtirof eting. Garchi ularning taklifi nooʻrin boʻlsa ham, oʻquvchi kreativlik rad etilmasligini, ijodiy yondashish mumkin ekanini his qilib tursin. Aytaylik, oʻquvchi misolni siz tushuntirgandan boshqacharoq usulda ishlab keldi. Siz bu urinishga alohida eʼtibor qarating. Nima uchun shunday qilganini, bu sizni hayron qoldirganini taʼkidlang.
Ayrim namunalar
Adabiyot va til darslarida qoʻllash uchun:
Hikoyani oʻqigandan soʻng uning oxirini yoki biror voqeasini oʻz talqinida qayta yozishni soʻrash.
“H” va “X” qatnashgan soʻzlarni yaxshiroq eslab qolish uchun qoʻshiqlar yozish.
Asarni yoki biror matnni oʻqish davomida ular asosida illyustratsiyalar chizib kelishni topshirish.
Biror sheʼrning sarlavhasini oʻzgartirish orqali uning mazmunini boshqacha tushuniladigan qilish haqida topshiriq berish.
Kitoblar yaratish.
Tarix darslarida qoʻllash uchun:
Alternativ tarix yaratish boʻyicha topshiriqlar berish.
Tarixiy shaxsning nomidan blog uchun maqolalar yozish, ijtimoiy tarmoqlar usulida postlar tayyorlash, bugungi voqelikka ularning nomidan izohlar berish.
Tarixiy shaxslarni bugungi kunga olib kelish (masalan, Leonardo da Vinchi bugun yashaganda nimalarni ixtiro qilishi mumkin edi).
Aniq, texnologik va tabiiy fanlar darslarida qoʻllash uchun:
Oziq-ovqat zanjiri xaritasini chizish.
Biror hodisa mavjud boʻlmaganda hayot qanday boʻlishi mumkinligini tushuntirishga qaratilgan topshiriqlar berish (masalan, gravitatsiya mavjud boʻlmaganda yoki hozirgidan boshqacharoq boʻlganda).
Turli loyihalar topshirish (masalan, suvning haroratini saqlash usullarini aniqlash, maʼlum ogʻirlikni koʻtara oluvchi konstruksiyalar yasash).
Matematik amallarni oʻz usulida tushuntiradigan kitob yaratishni topshirish.
Fizik formulalarni eslab qolishning turli usullarini ishlab chiqishni topshirish.
O‘quvchilarda kreativlikni rivojlantirish ularning akademik muvaffaqiyatlariga hissa qo‘shibgina qolmay, ularni kuchli, ijodkor va innovatsion fikrlaydigan inson qilib tarbiyalaydi. Shuning uchun oʻqituvchilar dars jarayonida kreativlikni rag‘batlantiruvchi usullardan keng foydalanib, o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini yuksaltirishga eʼtibor qaratishi lozim. Ana shunda bizni tark etgan yaratuvchanlik yana ortga qaytishi mumkin.
Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

