Ochiq dars

Oʻquvchilarni his qiling

Oʻquvchilaringizni qay darajada bilasiz? Nevada shtatidagi maktablardan birida oddiy strategiya o‘qituvchilarni dars mashg‘ulotlaridan tashqariga nazar tashlashga undadi.

Voqeani bayon etsak. Bir kuni Nevada shtatidagi Cold Springs oʻrta maktabida darslar ertaroq tugatildi. Qoʻngʻiroq chalingach, oʻquvchilar avtobusga qarab yugurib ketdi. Oʻqituvchilar esa maktab kutubxonasiga toʻplandi. Kutubxona devorlariga maktabdagi 980 nafar oʻquvchining ismlari yozilgan plakatlar ilib chiqilgandi.

Oʻqituvchilar joylariga oʻtirib olgach, maktab direktori Roberta Duval soʻz boshladi. U xodimlardan devordagi roʻyxatlarni koʻrib chiqishni soʻradi. Keyin “ism/yuz”, “shaxsiy maʼlumot”, “shaxsiy/oilaviy hikoya” hamda “oʻquv koʻrsatkichlari” deb nomlangan ustunlar ostiga rangli markerlar bilan belgi qoʻyishni aytdi. Bu belgilash orqali ular oʻquvchisining faqat ismini bilishini belgilashi mumkin edi. Yoki undan koʻproq narsalarni, masalan, baholari, oilasi haqidagi maʼlumotlarni, qiziqishlarini bilishi yoki yoʻqligini qayd etardi.

Oʻqituvchilar roʻyxatni sinchiklab koʻzdan kechirish payti ora-orada hamkasblari bilan maʼlumotlarni oʻzaro taqqoslashardi. “Dalaneyning qizil rangli yeguliklarga allergiyasi bor”, deydi bir oʻqituvchi. “Uning uyida choʻmilish uchun hovuzi ham bor”, deya qoʻshimcha qiladi boshqa bir oʻqituvchi jilmayib. Yangi oʻquv yili boshlanganiga endigina bir yarim oy toʻlgan boʻlsa-da, ayrim oʻquvchilar haqidagi barcha maʼlumotlar yigʻilgan edi. Ammo boshqa oʻquvchilarning ismi va yuzigina tanish boʻlib, maktab hayotiga unchalik bogʻlanmagandi. Ularning maktabdan tashqaridagi hayoti sir boʻlib qolayotgandek edi.

Jarayon nihoyasiga yetganidan soʻng Duval oʻqituvchilarga qarata bu amaliyot oʻrta maktablarining asosiy tamoyili ekanini taʼkidladi. Shuningdek, u oʻqituvchilar bilan munosabat oʻrnatmagan oʻquvchilar xulq-atvorida muammolar chiqishi mumkinligini aytdi. Ular maktabni tashlab ketishi va hattoki oʻz joniga qasd qilish xavfiga uchrashi mumkinligini koʻrsatuvchi tadqiqotlarni eslatib oʻtdi. “Har bir oʻquvchi kuniga kamida bir marta bitta oʻqituvchi yoki maktabdagi kattalardan birortasi bilan muloqot qilishi va oʻzini shu yerga tegishli ekanini his qilishi kerak”, deya qoʻshimcha qiladi Duval.

Shu tariqa oddiygina boʻlib tuyulgan bu amaliyot Reno shahrining chekka hududida joylashgan Cold Springs maktabida standart holatga aylandi. Ushbu amaliyotdan soʻng oʻqituvchilar dars oʻtish doirasidan biroz chiqib, oʻquvchilarni qanchalik yaxshi bilishini tahlil qila boshladi. Bu oʻqituvchilarni bolaning kelajagida muhim oʻzgarishlar yasashi mumkin boʻlgan haqiqiy munosabatlar oʻrnatishga undadi. Amaliyot oʻrta maktablarda ijtimoiy-hissiy taʼlimni keng joriy etish uchun boshlangʻich nuqta vazifasini bajardi. Umumiy olganda, 64 ming oʻquvchini qamrab olgan Vasho okrugi maktablar tarmogʻi boʻylab asosga aylandi.

Maktablararo yondashuv

Oʻrta maktab bitiruvchilari koʻrsatkichi 10 yil davomida 55% ni saqlab qoldi. Shundan soʻng Vasho maktablari direktorlari oʻquvchilarini kollejlar va kasbiy faoliyatga yoʻnaltirish uchun yangicha yondashuv zarurligini angladi. 

“Oʻquvchilar maktabni ikkita asosiy sabab bilan tashlab ketishi mumkin. Birinchisi, maktab hududidagi kattalardan hech qaysisi bilan munosabatining yoʻqligi. Ikkinchisi esa hech kim uning ismini bilmasligi yoki toʻgʻri talaffuz qila olmasligi”, deydi Vasho maktablarining hissiy-ijtimoiy taʼlim koordinatori Trish Sheyfer. “Ijtimoiy-hissiy taʼlimdan koʻzlangan maqsad shunchaki yaxshi kayfiyat uygʻotish emas. Munosabatlar va aloqalar bolalarni maktabda olib qolishga yordam berishi tadqiqotlarda oʻz isbotini topgan”.

Vasho okrugi 2012-yilda Vasho maktablari miqyosida ijtimoiy-hissiy taʼlim dasturini ishga tushirdi. Dastur tirishqoqlik va empatiya kabi ijtimoiy va hissiy koʻnikmalar oʻquvchining akademik hamda umumiy koʻrsatkichlarini yaxshilashini isbotlovchi tadqiqotdan ilhomlanib ishga tushirilgan. Unda ular oʻz oldiga har bir bolani to maktabni bitirgunicha ismidan tortib yuzigacha tanib olish vazifasini qoʻydi. Shu tariqa 2020-yilga kelib oʻquvchilarning maktabni bitirishi darajasi 90% ga yetishi maqsad qilindi. “20-yilgacha 90%” iborasi okrug boʻylab shiorga aylandi.

Vasho okrugi tarmoqdagi barcha 98 maktabda muhit va madaniyatni yaxshilash, ota-onalar ishtirokini oshirish va oʻquvchilar fikrini inobatga olish ustida ish olib bordi. Bunda Akademik, ijtimoiy, hissiy taʼlim uchun hamkorlik tashkiloti (CASEL) tomonidan berilgan grantlar va qoʻllab-quvvatlashdan foydalandi. CASEL mamlakat boʻyicha yana boshqa toʻqqizta maktab tarmoqlarida ijtimoiy-hissiy taʼlim dasturlarini qoʻllab-quvvatlovchi notijorat tashkilot hisoblanadi.

Shu tariqa okrugda ijtimoiy-hissiy taʼlimni yoʻlga qoʻyish uchun bir qator harakatlar amalga oshiriladi. Oʻquvchilarning maktab haqidagi fikrlarini oʻrganish uchun har yili “Oʻquvchilar muhiti” soʻrovnomasi (Student Climate Survey) oʻtkaziladi. Ota-onalar va Maktab tadbirlari bolaning vasiylariga uyda rivojlanishga intilish va psixologik barqarorlik kabi ijtimoiy, hissiy amaliyotlarni qo‘llashni o‘rgatadi. Masʼullar oʻquvchilarning darsdan boʻsh qolishi, chetlatilishi va dars qoldirishlarini kuzatib boradi. Har bir oʻquvchining maktabdan chetlatilish xavfi darajasini belgilaydi. Keyin juda kech boʻlishidan avval ularga qanday ijtimoiy-hissiy taʼlim choralari yordam berishi mumkinligini aniqlaydi.

Shundan soʻng 5 yil ichida Vasho maktablarining oʻqish va matematika fanlari boʻyicha davlat testlarida qatnashish darajasi oshdi. Natijalari ham sezilarli darajada yuqoriladi. Shuningdek, oʻquvchilar orasida intizomiy qoidabuzarliklar va maktabdan chetlashtirish holatlari kamaydi. Maktablar boʻylab bitirish darajasi 18% ga oshdi.

Vasho okrugidagi maktablarning bitiruvchilari statistikasi. (2012-2013-oʻquv yilidan boshlab ijtimoiy-hissiy taʼlim dastur joriy qilingan)

Ijtimoiy-hissiy taʼlimga asoslangan yondashuvni sinfxonada qoʻllash

Sheyfer, Duval va Vashodagi boshqa oʻqituvchilarning taʼkidlashicha, okrugdagi koʻplab oʻqituvchilar uchun kutubxonada ilingan oʻquvchilar roʻyxatini sinchiklab koʻrib chiqish kabi oddiy koʻringan amaliyot muhim “uygʻotuvchi” signal boʻlishi mumkin. Bu oʻqituvchilarning oʻz sinflarida ijtimoiy-hissiy taʼlimga asoslangan yondashuvni yanada chuqurroq joriy etish yoʻlidagi dastlabki qadamni ifodalaydi.

Bu, ayniqsa, Cold Springs maktabi oʻqituvchilariga oʻzlari doim tashvishlangan oʻquvchilardan boshqalari ham yordamga muhtoj boʻlishi mumkinligini tushunishga yordam berdi.

Masalan, beshinchi sinflar o‘qituvchisi Stefani Horn kutubxona mashg‘uloti paytida bir narsani anglab yetdi. Oʻzi bilmaydigan oʻquvchilaridan bittasi aslida sinfdagi eng aʼlochisi ekan. Bu qiz har doim vazifalarni bajarib kelgan, hech qachon yordam soʻramagan ham ekan.

Xoʻsh, o‘qituvchilar o‘quvchilarning bilimidagi bu bo‘shliqlarni aniqlaganidan so‘ng nima qilgan? Vasho maktablari boʻyicha qoʻllanadigan ijtimoiy-hissiy taʼlimga asoslanib, oʻquvchilar bilan yaqinroq tanishish yoʻllarini izlash yoʻlidan borgan. Bu amaliyotlar quyidagilardan iborat: salomlashish odoblari va kundalik tartib-qoidalar, qiziqarli va interaktiv o‘qitish usullari hamda dars yakunidagi fikr-mulohazalar.

Masalan, Horn kutubxona mashgʻulotidan keyin oʻzining eng yuqori natija koʻrsatadigan oʻquvchisi bilan oradagi masofani qisqartirish uchun choralar koʻrdi. U qizni koʻproq gapirishga undadi, darsga olib keladigan oʻyinchoqlari yoki stikerlari haqida suhbatlashishni boshladi. Umuman olganda, u bilan shaxsiy munosabat oʻrnatish uchun har qanday imkoniyatdan foydalandi. Shuningdek, Horn ijtimoiy-hissiy taʼlimni akademik fanlar bilan uygʻunlashtiradigan “rol almashish” usulidagi oʻyin ishlab chiqdi. Bu usulda oʻquvchi oʻqituvchi roliga oʻtadi va mavzuni yoki topshiriqni boshqalarga tushuntiradi. Bu uning tortinchoq o‘quvchisiga va xonadagi boshqa bolalarga ham chetda qolmasdan, butun sinf oldida gapira olish imkonini berdi.

Bunday ijobiy oʻzgarishlar boshqa sinflarda ham kuzatilgan. Beshinchi sinflar oʻqituvchisi Keli Krentz endi har juma ertalab hamjihatlik va oʻzaro bogʻliqlilik tuygʻularini rivojlantirish uchun “Ahil oila” amaliyotini oʻtkazadi. Bunda oʻquvchilar sinfdoshlari haqida maqtovlarni anonim tarzda qogʻozlarga yozib, qutiga soladi. Keyin oʻqituvchi ularni ovoz chiqarib oʻqib beradi. Bu maqtovlar yordamida har bir oʻquvchi sinfda boshqalar uni bilishini va qadrlashini his qiladi. Shuningdek, bu mashgʻulot Krentzga ham oʻquvchilari haqida koʻproq maʼlumot bilib olishga imkon yaratadi.

Yettinchi sinf tabiiy fanlar oʻqituvchisi Kris Iveld esa ijtimoiy-hissiy taʼlim amaliyotlarini qoʻllash xuddi salomlashish kabi oddiy boʻlishi mumkinligini aniqladi. U oddiy va oʻzgacha yondashuvni qoʻllaydi. Barcha oʻquvchilarni eshik tashqarisiga saf torttiradi va har biri bilan alohida-alohida salomlashadi. Koʻpincha musht yoki kaft urishtirib soʻrashadi va bittadan “muzyorar” savolini beradi. Masalan, “Qaysi muzqaymoqning taʼmi sizga koʻproq yoqadi?”

“Men oʻquvchilarim nimaga qiziqishini bilishni istayman, bu usul esa suhbat uchun yoʻl ochadi. Keyin ikkinchi savolga oʻtamiz: hozirgi kunda qanday muammolar bor?”, deydi Iveld. “Bunday harakatlar natijasida biz oradagi ishonch va sadoqat tuygʻularini mustahkamlaymiz. Keyin oʻquvchilarimiz shunchaki roʻyxatning bir qismi emas, haqiqiy insonga aylanadi”.

Rivojlanish imkoniyati

Duvalning aytishicha, ijtimoiy-hissiy taʼlim strategiyasini qoʻllashdan oldin oʻqituvchilar uchun oʻquvchilar va ularning oilalari bilan yaqindan tanishish qiyin boʻlgan. Chunki qishloq aholisi juda tarqoq joylashgan, oʻzaro aloqalar esa sust edi. Hatto baʼzida odamovilik alomatlari kuzatilardi. Uning hisob-kitoblariga koʻra, Cold Springs maktabi oʻquvchilarining yarmiga yaqini qashshoqlikda yashaydi. Lekin davlat taʼlim departamenti maʼlumotlariga koʻra, bu koʻrsatkich 42% ni tashkil etadi. Buning sababi ayrim oilalar yordam soʻrashdan uyaladi va shaxsiy maʼlumotlarini hukumatga oshkor qilishni ham istamaydi.

Endi esa Cold Springsʼda rivojlanish belgilari koʻzga tashlanyapti. Oʻquvchilar darslarga muntazam qatnamoqda va sinfda yaxshi yutuqlarga erishmoqda. Ayniqsa, darslarda avvaldan qiyinchiliklarga uchragan va murakkab sharoitli oilalarda voyaga yetayotgan bolalarda bu ijobiy oʻzgarishlar yaqqol sezilyapti.

Bu yondashuv tufayli oʻquvchi-oʻqituvchi munosabatlari mustahkamlandi, butun maktab ham oʻzgardi. Maʼmuriy xodimlar, oshxona ishchilari, farroshlar, qorovullar va koʻngillilar, xullas, hammasi oʻquvchilar bilan yaqinroq aloqada boʻldi, ularga yaqinlashdi.

Masalan, maktabda Donna buvi nomi bilan tanilgan Donna Selin oʻqituvchilar va maʼmuriyat xodimlariga koʻngilli ravishda yordam berish uchun kelardi. Hozir esa u ham harakatlarini koʻproq oʻquvchilar bilan shugʻullanishga qaratgan. Nonushta va tushlik paytlarda Donna buvini koʻpincha oshxonada bolalarga uy vazifalarini tayyorlashda yordam berayotganini koʻrasiz. Yoki bolalar oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilayotganiga va mehr bilan quchoqlayotganiga guvoh boʻlasiz.

Harakatlar bu bilan cheklanib qolgani yoʻq. Sakkizinchi sinfning 30 oʻquvchisidan iborat “Yetakchi oʻquvchilar” jamoasi haftasiga 4 kun shu boʻyicha mashgʻulot oʻtkazadi. Kichik yoshdagi oʻquvchilar bilan yaqindan tanishish va hamkorlik, muloqot kabi ijtimoiy-hissiy taʼlim koʻnikmalarini egallashga yordam berish maqsadida oʻyinlar tashkil etadi. “Yetakchi oʻquvchilar” jamoasi aʼzolaridan biri, 8-sinf oʻquvchisi Moyzes Agilar jamoa aʼzosi sifatida yaxshi namuna koʻrsatish masʼuliyatini his qilayotganini aytdi. Keti Lourens esa ustozlar bilan oʻqituvchidek emas, doʻstdek muloqot qilish kerakligini yodda tutishga harakat qilayotganini bildirdi.

“Qilinadigan ishlar hali koʻp”, deya Duvall test natijalarini yaxshilash kerakligini va oʻtgan yilgi “Oʻquvchilar muhiti” soʻrovnomasi natijalarini eslatib oʻtadi. Soʻrovnomada Cold Springs oʻquvchilarining 18% i agar ular yoʻq boʻlsa, maktabdagi kattalar buni hatto sezmasligiga ishonishini bildirgan. 40% i esa oʻqituvchilar ularning muammolarini tushunmasligini aytgan. Shuningdek, “2020-yilgacha 90%” maqsadiga erishish uchun maktablar yana bir qancha ishlarni amalga oshirishi kerak. Lekin maktab direktorlarining aytishicha, ikki yillik muddatda bu maqsadga yetib borish uchun “toʻgʻri yoʻldan” borishmoqda.

Bu maqsad va natijalar oʻqituvchilar uchun koʻpincha raqamlarda emas, balki oʻquvchilari bilan shakllantirayotgan oʻzaro aloqalarda ahamiyat kasb etadi.

Maktab kutubxonachisi Joshua Kolbet oʻzining hozirgi tortinchoq, novcha yordamchisini beshinchi sinfda oʻqigan paytlaridanoq tanishini aytadi. Oʻsha paytda u tengdoshlari va ustozlari bilan boʻladigan munosabatlarda qiynalayotgan boʻlgan. Oʻtgan 4 yil mobaynida Kolbet bu oʻquvchiga zoʻravonlik bilan bogʻliq muammolarni yengish va boshqalarning hamda oʻzining his-tuygʻularini anglash hamda tan olishda yordam bergan.

Endilikda Kolbet kutubxonada ijtimoiy-hissiy taʼlim mashgʻulotlarini oʻtkazayotgan payt yordamchisi boshdan kechirgan muammolarini barcha bilan baham koʻradi. Bu orqali boshqa qiynalayotgan oʻquvchilarga yordam berishga harakat qiladi.

“U boshqalar oldida oʻzini qanchalar noqulay his qilishi haqida gapiradi. Shunga qaramay, faol boʻlishga harakat qilib, oʻzi bilan oʻxshash jihatlari bir odamlarga talpinadi. Undagi ijobiy oʻzgarishlarni koʻrish men uchun quvonarli boʻldi. U hozir maktabda oʻrnatgan aloqalari keyingi yil yuqori sinfga oʻtganida muvafaqqiyatga erishishiga yordam berishiga ishonaman”, deydi Kolbet.


Manba


Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/66d8259b3b14da1d77f583c7/702b5fe9-21ba-495f-a793-8f33dd4eb234.original.png

Edutopia