Ochiq dars

Oʻquvchisi koʻp sinfga dars oʻtish

Oʻquvchilar soning koʻpligi dars sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi kerak. Tartibni saqlash, baholash, oʻqitish uslublaringiz oʻquvchi soniga moslashishi lozim.

Aksar maktablarimizda bitta sinfdagi oʻquvchi soni 35 tadan koʻp. 40 tadan oshadiganlari ham talaygina. Darslar esa 45 daqiqa. Har bir oʻquvchi uchun 1 daqiqadan toʻgʻri keladi. Shu sabab oʻquvchilar bilan individual ishlash, har birining muammosini tezda aniqlash va toʻgʻrilash mushkul masalaga aylanadi. Bundan tashqari, nazoratni qoʻldan boy bermaslik, oʻquvchilarni faol ushlab turish ham katta muammo. Bunday sinflarda oʻquvchilarning oʻrganayotganini bilish ham qiyin. Oʻqituvchilar esa yechim izlashga, chora koʻrishga va hammaga taʼlim berishga majbur. Quyida ana shunday koʻp sonli oʻquvchi tahsil oladigan sinflarda samarali dars tashkil etish usullari haqida soʻz yuritamiz.

Tartib-intizom qoidalarini ishlab chiqish

Oʻquvchilar soni koʻp boʻlgan sinfni oʻqitishda duch kelinadigan eng birinchi muammo – tartib-intizomni saqlash qiyinligi. Buning uchun yil boshidan (yoki istalgan darsdan boshlab) tartib-intizom qoidalarini ishlab chiqishingiz va butun sinf bilan unga amal qilishga kelishib olishingiz zarur. Tartib boʻlmasa, samarali dars jarayonini tashkil etish imkonsiz. Eng muhimi, ushbu tartib-intizom qoidalari oʻquvchilar bilan birgalikda ishlab chiqilishi lozim. Qoidalarni oʻquvchilarning oʻzi kiritsa, amal qilishi ham osonroq kechadi. Qadriyatlar hamda sinf kodeksini ishlab chiqish boʻyicha tavsiyalarni ushbu maqolamizda bergan edik. Kodeksda har bir qoidabuzarlik uchun qanday jazo berilishini ham kelishib olish zarur. Oʻquvchilar koʻpincha jazo deganda jismoniy yoki moliyaviy jazoni nazarda tutadi. Siz bunga qoʻshimcha sifatida varaqni toʻldirib, oʻzi buzgan qoidani yozish, nechadir bet kitob oʻqib yoki film koʻrib kelib, boshqalarga soʻzlab berish kabi variantlarni ham kiritishingiz mumkin. Bunda kitob va filmni oʻzingiz tanlab berishingiz lozim.

Darsni rejalashtirish

Oʻquvchilar soni koʻp sinfga darsga kirar ekansiz, har bir qadamni rejalashtirib olishingiz shart. Chunki tayyorgarliksiz, oʻylamasdan, darsga kirishdan biroz oldin tanlangan uslublar bunday sinfda ish bermasligi mumkin. Darsni rejalashtirishda quyidagilarga amal qilishni tavsiya qilamiz:

  • oʻquvchilarga dars maqsadini tushuntirish uchun bir-ikki ogʻiz soʻz ayting yoki bugungi mavzuning muhimligi haqida maʼlumot bering;

  • oʻquvchilarga bugun ularni nimalar (qanday mashgʻulotlar) kutib turgani haqida qisqacha aytib oʻting;

  • mavzuga kirib olish uchun chigalyozdi mashgʻulotlaridan foydalaning;

  • bir darsning oʻzida bir necha usullardan foydalanishni koʻzda tuting (hech qachon bitta usulda dars oʻtmang);

  • darsni qismlarga ajrating va har bir qism uchun vaqtni oldindan belgilang. Masalan, maʼruza usulida mavzuni tushuntirish uchun 10 daqiqa, guruhlarda kichik topshiriqni bajarish uchun 10 daqiqa, har bir oʻquvchiga beriladigan tarqatma ustida ishlash uchun 3 daqiqa, uyga vazifani tushuntirish uchun 2 daqiqa kabi.

Oldindan guruhlarga boʻlib qoʻyish

Sinflarni doimiy (tarkibi oʻzgarmaydigan) yoki qisqa muddatli (bir oy yoki bir necha haftada tarkibi oʻzgaradigan) guruhlarga ajratib qoʻyish. Bunda siz bir darsda oʻquvchilarni qobiliyati, koʻnikmalariga qarab guruhlarga birlashtirasiz. Keyingi bir nechta darsda ana shu oʻquvchilar bir guruh sifatida qatnashadi. Har bir guruh darsdagi faollikka koʻra ball jamgʻarib borishini yoʻlga qoʻyish mumkin. Bunda guruhning liderini saylashni talab qilish muhim. Shunda bir oʻquvchi orqali bir nechta oʻquvchini boshqara olasiz. Eng yaxshi usul bir necha haftada almashib turadigan guruhlarni shakllantirish. Ana shunda hamma bir-biri bilan guruhdosh boʻla oladi.

Mavzuni yetkazish uchun ayrim usullar

Oʻquvchilar soni koʻp boʻlganda yangi mavzuni quyidagi usullarda samarali tushuntirish mumkin:

Maʼruza – savol-javob. Mavzuning bir qismini maʼruza tarzida tushuntirasiz va darhol shu qismga oid savol-javob yoki amaliy mashgʻulot tashkillaysiz. Bu orqali oʻquvchilarning zerikib qolishi va bir-biri bilan shivirlasha boshlashining oldi olinadi.

Pazl: Yangi mavzuni bir necha qismlarga ajrating va oʻquvchilarni xuddi shuncha guruhga boʻling. Har bir guruhga mavzuning bir qismini bering. Bunda oʻquvchilar oʻzining qismini oʻzlashtirishi va boshqalarga tushuntirib berishi lozim boʻladi. Bu usul haqida bu yerda ham oʻqishingiz mumkin.

Vaziyatdan qoidaga: Qoidalar yoki formulalarni aytib qoʻymasdan oʻquvchilar oʻzi shu qoidaga yetib borishi va qoida matnini oʻzi yaratishiga imkon yaratuvchi mashgʻulotlar tuzish. Masalan, ona tili darsida shunday yoʻl tutish mumkin. Nima deb oʻylaysiz, nega jigarrang, kulrang, moshrang kabi soʻzlar qoʻshib yoziladi-yu, oq rang, qizil rang, qora rang kabilar ajratib yoziladi?

Baholash

Oʻquvchi soni koʻp boʻlgandagi eng qiyin ish – ularni baholash. Shunday vaqtda guruh uchun baho qoʻyish, qisqa sinov varaqasi, yozma topshiriq, oʻz-oʻzini yoki oʻzaro bir-birini baholash, texnologiyalardan foydalanish mumkin.

Sinov varaqasi yoki yozma topshiriq: Bunda oʻtilgan mavzu yuzasidan qisqa topshiriqlar aks etgan boʻladi. Siz hammaga shu topshiriqni berib, javoblarini yigʻib olishingiz, keyin toʻgʻri javobni eʼlon qilib, varaqalarni keyinroq baholab qoʻyishingizni aytishingiz mumkin (albatta, baholang).

Oʻz-oʻzini yoki bir-birini baholash: Bunda siz bergan rubrika asosida oʻquvchilar oʻzini oʻzi yoki bir-birining ishini baholaydi. Toʻgʻri, dastlab oʻquvchilar oʻziga yuqori baho qoʻyib borishi mumkin. Ammo siz bunga qarshi choralar koʻrib qoʻying. Masalan, oʻzingizni baholagandan keyin men ham ishlarni koʻrib chiqaman, deyish kabi. Bunda, albatta, har bir topshiriq uchun rubrika ishlab chiqish shart degan qoida yoʻq. Shunchaki toʻgʻri javoblarni eʼlon qilasiz, boshqalar shu kalit asosida baholashni amalga oshiradi. Bunday usulning samarasi shundaki, javob nega aynan shunday boʻlishi haqida izoh berib ketish ancha osonlashadi. Hammaning varagʻiga alohida yozib chiqish shart boʻlmaydi.

Texnologiyalarni jalb qilish: Agar xonada proyektor va internetga ulanish imkoni boʻlsa, baholash uchun zamonaviy texnologiyalarni yordamga chaqirish mumkin. Masalan, Kahoot, Quizlet, Blooket yoki Baamboozle kabi. Agar maktabingizda oʻquvchilarga telefonni xonaga olib kirish taqiqlangan boʻlsa, Baamboozleʼdan foydalanish mumkin. Bunda raqam ostida savol yashiringan boʻladi, oʻquvchi raqamni tanlash orqali oʻsha savolga javob beradi. Bu ham oʻquvchining tushungan yoki tushunmaganini aniqlashda yaxshi samara beradigan tezkor usul.

Ayrim qoidalar

Quyida oʻquvchi soni koʻp boʻlgan sinflarga dars oʻtishda amal qilish lozim boʻlgan ayrim qoidalar bilan tanishishingiz mumkin:

Marrani kichikroq oling. Baribir hammaga hamma narsani oʻrgata olmaysiz. Uzoq marrani koʻzlab hech narsa oʻrgatmagandan koʻra har bir darsda bitta boʻlsa ham maʼlumotni oʻrgatish foydaliroq.

Oʻrtaga tashlanadigan savollardan kamroq foydalaning. Mavzu tushunilganini aniqlashga qaratilgan savollarni oʻrtaga tashlash kerak, ammo buni bir darsda bir necha marta qilmagan yaxshi. Chunki bu dars vaqtining choʻzilishiga olib keladi. Bundan tashqari, ayrimlar oʻz fikrini hammaning oldida aytishdan uyalib, indamay oʻtirishni maʼqul koʻradi. Bunday vaziyatda siz oʻquvchilar oʻrganyaptimi, yoʻqmi bila olmaysiz.

Hech kim chetda qolmasin. Guruhlarda ishlashmi yoki yakkalik ishlarmi – barchasida hamma qatnashishini talab qiling. Hammaning fikrini eshitishga harakat qiling, mayli dars biroz choʻzilsin, rejadan chiqib keta boshlasin, ammo hech kimni eʼtiborsiz qoldirmang. Bir necha marta shu holga tushgan oʻquvchi darsingizni yoqtirmay qoladi.

Topshiriqlarni bahosiz qoldirmang. Oʻquvchilar har bir topshiriqning oʻz bahosi boʻlishini his qilsin. Biror mashgʻulotni oʻtkazib, uni baholashingizni aytib, keyin buni yoddan chiqarib yubormang. Bu oʻquvchilar ishonchini oʻldiradi.

Solishtirmang. Oʻquvchilarni oʻquvchilar bilan, guruhlarni guruhlar bilan, sinflarni sinflar bilan taqqoslamang. Buni oʻzingiz uchun qilsangiz ham, boshqalarga bildirmang. Qiyoslash orqali oʻquvchilarning shaxsiyatini kamsitib qoʻyishingiz yoki ularni birday koʻrmayotganingiz haqida signal berib qoʻyishingiz mumkin. Eng yaxshisi, ichingizda ham solishtirmang.

Vaqti-vaqti bilan mavzudan uzoqlashishdan qoʻrqmang. Bugun yoshlar orasida juda muhim masala muhokamalar markazida boʻlsa, siz ham bu masaladan xabardor ekaningizni bildirish maqsadida uni sinfga ham olib kiring. Agar bu faningiz bilan bogʻlansa, nur ustiga nur. Ammo bogʻlanmasa ham, qoʻrqinchli emas. Vaqti-vaqti bilan bunday qilib turish oʻzingizga nisbatan iliqlik (simpatiya) uygʻotadi va oʻquvchilaringizning darsga qiziqishi ortadi. Bunda muhokama qilmoqchi boʻlgan masalangiz, albatta, atrofda bahslarga sabab boʻlayotgan boʻlishi shart emas. Buni oʻzingiz muhokama markaziga olib chiqsangiz ham boʻladi, masalan, tarixiy sanalar oid voqealar, qandaydir qaror muhokamasi kabi.

Oʻquvchi soni koʻp boʻlgan sinflarda dars oʻtish har doim qiyinchilik tugʻdiradi. Lekin yuqoridagi usul va strategiyalar orqali oʻquv jarayonini samarali tashkil qilishingiz mumkin. Eng asosiysi darsda oʻquvchilarning faolligini taʼminlash va har bir oʻquvchining jarayondagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashdir. Kichik guruhlarda ishlashni tashkil etish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va hamkorlikdagi taʼlim strategiyalarini qoʻllash eng katta yordamchingizga aylanishi mumkin.

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/others/1e790de6-3323-4fe0-8f06-5c9f6b1256a6.original.jpeg

Shokir Tursun | Ochiq dars