Ochiq dars

Ota-onalarni taʼlimga jalb qilish

Bugungi kunda koʻplab ota-onalarning taʼlim boʻyicha qarashlari XX asr pedagogikasi va metodologiyasidan iborat. Endilikda ularni taʼlim qay koʻrinishga kelganidan xabardor qilish lozim.

Amerikadagi koʻplab maktablarda koʻpincha ota-onalar oʻqituvchilarning raqibi sifatida koʻriladi. Bu barcha tumanlardagi maktablarga tegishli boʻlmasa-da, hatto bittasida shunday holat boʻlishi ham ortiqchadir. Ota-onalar va oʻqituvchilar oʻrtasidagi munosabat taʼlim tizimini murakkablashtiruvchi koʻplab omillardan biridir. Yuqoridagi fakt esa bunga yaqqol misol boʻladi. Nima uchun bu munosabat shunchalik beqaror? Ota-onaning ta’lim sohasidagi shaxsiy tajribasi ro‘yxatning eng yuqori qismida turishi mumkin. Biroq maktabning ota-onalarni qabul qilishi va ular bilan aloqasi ham deyarli shunchalik muhim ahamiyatga ega. Albatta, har bir ota-onaning eng katta tashvishi “Farzandim dunyoda raqobatlasha olishi va muvaffaqiyatga erishishi uchun zarur ta’lim olyaptimi?” degan savoldan iborat bo‘ladi.

Koʻp narsalar oʻzgargan

Avvallari muloqot qilish oʻqituvchilar va ota-onalarni bir-biriga yaqinlashtirishning asosiy omili boʻlib kelgan. Bugungi kunda esa asosiy omil qatoriga taʼlimdagi shaffoflikni qoʻshishimiz mumkin. Ota-onalar maktabda nimalar sodir boʻlayotganini bilib turishi, tushunishi uchun ham shaffoflikni taʼminlash kerak.

Koʻpchilik amerikaliklarga xos boʻlgan yagona xususiyat bu — ularning taʼlim tizimi bilan bogʻliq tajribasidir. Shu sabab deyarli har bir kishining bu tizimda nimalar toʻgʻri va, yanayam ochiqroq aytganda, nimalar notoʻgʻri ekani borasida oʻz fikri bor.

Bu qarashlarni yanada murakkablashtiradigan narsa shundaki, aksariyatimiz XX asr pedagogikasi va metodikasini qo‘llagan o‘qituvchilar tomonidan tarbiyalanganmiz. Ya’ni XX asr pedagogikasi ta’lim tajribamizning asosini tashkil etadi. XXI asr ikkinchi o‘n yilligining deyarli yarmida turgan ekanmiz, hammamiz zamon bilan hamnafas boʻlishimiz lozim. Bu esa ota-onalarni farzandining ta’lim-tarbiyasi qanday boʻlayotganiga o‘rgatish kerakligini anglatadi. Masalan:

  • Endilikda uyga bergan vazifasining miqdoriga qarab oʻqituvchining professionalligiga baho berilmaydi.

  • Oʻquvchilarning sinfda tinch va xotirjam oʻtirishi har doim ham darsga qiziqish bildirayotganining belgisi boʻlmaydi.

  • Oʻqituvchining mavzu boʻyicha bergan bilimlari endi oʻquvchining taʼlim olishini boshqaradigan yoki cheklaydigan omil boʻlmasligi kerak.

  • Diqqatni jamlash uchun partalarni qator qilib terishga hojat yoʻq (yaʼni sinfda partalar boshqa uslublarda ham joylashtirilishi mumkin).

  • Oʻrganish faqat sinfxona bilan cheklanmaydi.

Bugungi kunda texnologiyaga asoslangan jamiyatda yashashimiz natijasida yuzaga kelgan oʻzgarishlarni oʻqituvchilarga tanishtirish qiyin kechmoqda. Bu koʻplab pedagoglarning oʻqitish usullari, metodologiyasi va taʼlim falsafasiga chuqur taʼsir koʻrsatadi. Taʼlim tizimi konservativ boʻlib, oʻzgarishlarga sekin moslashadi. Biroq, shubhasiz, doim oʻzgarishlar yuz beradi. Oʻqituvchilarning dunyoqarashiga taʼsir oʻtkazish va ular bu narsalarni oʻquvchilarga berishi, ulashishi juda qiyin jarayon. Lekin ota-onalar bu jarayondan butunlay chetda qolayotganini tan olishimiz kerak.

Ota-onalarni xabardor qilish 

Agar ota-onalar bilan ziddiyatli munosabatlarga borishni xohlamasak, ularni farzandlarining taʼlim jarayonidan boxabar qilib turish kerak boʻladi. Texnologiya bu borada koʻplab usullarni taqdim etadi. Shubhasiz, eng samaralisi bu – yuzma-yuz uchrashib suhbatlashishdir. Avvallari “Ota-onalar kechasi” yoki “Maktabga qaytish kechasi” oʻqituvchilarning talablarini ota-onalarga yetkazishning anʼanaviy usuli edi. Bu ota-onalarga kechki ovqat paytida farzandidan koʻp eshitgan “qattiqqoʻl” oʻqituvchi bilan tanishish uchun uyushtirilgan bir kecha boʻlgan. Biz bu jarayonni yanayam kengroq qamrab olishimiz kerak. Agar ota-onalarga oʻzlari qiziqadigan mavzular boʻyicha suhbatlar oʻtkazish imkoniyati berilsa, bu kechalar yanayam samaraliroq boʻlishi mumkin. Oʻqituvchilar ham ota-onalar bilishi lozim deb bilgan masalalarni koʻtarishi mumkin boʻladi. “Maktabga qaytish kechasi” aslida bunday boʻlishi kerak — XXI asr taʼlimiga oid mavzular boʻyicha maʼlumotlar olishga bagʻishlangan kecha. Bu uchrashuvlar Edcamp* modelining gibrid (onlayn yoki oflayn) shaklida oʻtkazilishi mumkin.

Sinf veb-sayti shaffoflikni taʼminlashda eng foydali vosita boʻlishi mumkin. Bunday sayt yaratilsa, ota-onalar istalgan vaqtda unga kirib, sinfdagi joriy vaziyatni kuzatish imkoniga ega boʻladi. Albatta, bu oʻqituvchilarga qoʻshimcha vazifalar yuklashi mumkin. Shuning uchun oʻqituvchilar buni amalga oshirish uchun taʼlim boshqarmasi keng koʻlamli yordam koʻrsatishini kutishi kerak. Samarali veb-saytlar koʻpincha ota-onalar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Shuningdek, ular farzandining ishlari internetda namoyish qilinayotganini koʻrib, bundan minnatdor boʻladi. Oʻquvchilar ham oʻzini boshqacha tutadi, chunki endi ular oʻz fikrini bayon etish imkoniyatiga va ota-onalarini ham oʻz ichiga olgan tinglovchilar auditoriyasiga ega boʻladi.

Remind kabi ilovalar o‘qituvchilarga ota-onalar bilan telefon raqamlarini oshkor qilmasdan xabar almashish imkonini beradi. Yaxshi va yomon yangiliklar ko‘pchilikka tanish bo‘lgan usulda darhol uzatilishi mumkin. Lekin yuqoridagi ilovadan foydalansangiz, xabarlaringiz pochtada ikki kunlab qolib ketmaydi. Yoki pochta xabarnomalarini yaxshi biladigan oʻquvchi tomonidan olib qoʻyilmaydi.

Oʻqituvchilar oʻquvchilarning ishlarini raqamli fayllar yoki portfoliolarda saqlashi mumkin. Bularni ota-onalarga yuborsa ham boʻladi. Baholar varaqasidagi baholar shunchaki qobiliyatning subyektiv koʻrsatkichi xolos, portfolio esa haqiqiy bajarilgan ishni namoyish qiladi. U muvafaqqiyatning isboti va, shu bilan birga, mahoratning namunasi ham sanaladi.

Ota-onalar taʼlimi bizdan boshlanadi 

Bugungi kunda o‘qituvchilar ota-onalar yoki boshqa pedagoglarning ta’lim tajribasida bo‘lmagan ko‘plab yangi usullarni qo‘llamoqda. Agar ota-onalarga ta’limdagi bu yangi jarayonlar haqida ma’lumot berilmasa, ulardan buni tushunishini kutolmaymiz. Yosh oʻtgani sayin inson donolashishi mumkin, biroq zamon bilan hamnafas boʻlish uchun har kuni ishlash kerak. O‘qituvchilar zimmasidagi mavjud yukka qo‘shimcha ravishda ota-onalarni o‘qitish ham qandaydir tarzda ustuvor vazifaga aylanishi lozim. Agar biz farzandlarimiz ta’limining uzoq muddatli bo‘lishini istasak, ularga ham o‘qituvchilar, ham ota-onalar namuna bo‘la oladigan modellar zarur bo‘ladi. Shuningdek, ota-onalarni jarayondan xabardor qilish uchun ko‘proq harakat qilishimiz lozim.

Edcamp oʻqituvchilar tomonidan boshqa pedagog va hamkasblar uchun tashkil etiladigan bepul, norasmiy tadbirlardir. Bu tadbirlar tajriba almashish va suhbatlashish orqali kasbiy rivojlanish maqsadida oʻtkaziladi.


Manba


Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/66d8259b3b14da1d77f583c7/702b5fe9-21ba-495f-a793-8f33dd4eb234.original.png

Edutopia