Ochiq dars
Qishki taʼtil uchun tavsiyalar
Taʼtildan energiyaga toʻlib qaytish uchun nima qilish kerak?
Tajribamdan kelib chiqadigan boʻlsam, har yili qishki taʼtil menga ham, oʻquvchilarimga ham eng zarur boʻlgan paytda keladi. Taʼtil yaqinlashgani sari yanvarda oʻqish boshlanishidan oldin quvvatimni qayta tiklash va dam olish uchun biroz vaqt ajratishni sabrsizlik bilan kutaman.
Oʻtgan bir necha yillar ichida qishki taʼtil tugashiga biroz muddat qolganida deyarli hordiq chiqarmaganimni sezdim. Soʻng taʼtilni qanday oʻtkazishni qayta koʻrib chiqdim. Shu tariqa qishki taʼtilni haqiqatan ham tetiklashtiruvchi tarzda oʻtkazishga yordam beradigan ayrim usullarni topdim.
Oldindan rejalashtirish
Taʼtildan oldin kalendarimda elektron pochta xabarlarini tekshirmaydigan yoki ish bilan bogʻliq hech qanday harakat qilmaydigan kunlarni belgilab chiqaman. Oʻsha kunlarni oilam bilan vaqt oʻtkazishga va yolgʻiz qolishga sarflayman.
Shuning uchun sizga ham mana shunday yoʻldan borishni maslahat beraman. Taʼtilga chiqishga bir necha kun qolganda oʻqish boshlanadigan birinchi kun uchun dars rejasini tuzib qoʻyish kerak. Barcha fikr-gʻoyalarni yozib va dars oʻtish uchun zarur hamma materiallar yigʻib qoʻyilsa, nur ustiga aʼlo nur. Masalan, bunday ish tutish menga taʼtil vaqtidan bemalol foydalanishimga imkon beradi. Chunki dam olish paytimda ish kuniga tayyorlanish xavotiridan qutulaman.
Qishki taʼtil bozor-oʻchar, pishir-kuydir va uy ishlari bilan oʻtib ketishi mumkin. Taʼtilning soʻnggi kunida esa oʻzingiz uchun hech qanday vaqt ajratmaganingizni anglab yetasiz. Shu sabab taʼtil faqat va faqat majburiyatlar bilan toʻlib qolmasligi uchun bajarishni xohlagan qiziqarli ishlarim roʻyxatini kalendarga kiritib qoʻyaman. Bu roʻyxatda ochiq havoda sayr qilish, kitob doʻkonida maza qilib aylanish, sport mashgʻulotlariga qatnashish, pishiriqlar tayyorlash, sayohat qilish yoki sevimli filmlarimni koʻrish kabi mashgʻulotlar bor. Ularga oldindan vaqt belgilab qoʻysam, amalga oshirishim ehtimoli yuqori boʻladi.
Yaqinlar bilan munosabatlarga eʼtibor qaratish
Oʻtgan bir necha yillar ichida baʼzi yaqin doʻstlarim bilan hamkasb sifatida ishlay boshladik. Ular bilan qoʻllab-quvvatlovchi munosabatlar yil boʻyi ogʻir stresslarni yengishimga yordam berishini sezdim. Shuning uchun uzoq davom etadigan taʼtil paytlarida birga boʻlish rejalarini tuzish va birga vaqt oʻtkazishdan rohatlanaman. Ana shunday uchrashuvlar oʻtkazganimizda esa ish haqida umuman gaplashmaslikka kelishib olamiz. Hamkasblar bilan ishdan tashqarida ham munosabatlar oʻrnatish bir-birimiz haqimizda koʻproq narsalar bilishga yordam beradi.
Undan tashqari, butun oʻquv yili davomida juda band boʻlganim uchun doʻstlarim va qarindoshlarim bilan koʻrishishga vaqt yetmaydi. Qishki taʼtil esa munosabatlardagi ana shu boʻshliqlarni toʻldirish uchun ayni muddao boʻlishi mumkin.
Oʻqish uchun kitob tanlang
Toʻgʻri, men oʻzi yil boʻyi kitob oʻqiyman, lekin ularning hammasi ish uchun. Taʼtil paytida esa oʻsmirlar adabiyoti yoki badiiy boʻlmagan kitoblarni bir chetga surib, faqat oʻzim uchun, zavqlanishim uchun bir asar tanlayman. Siz ham taʼtil paytida bitta “yengil oʻqiladigan” kitob tanlang, oʻqib zavqlanish uchun vaqt toping.
Bundan tashqari, men motivatsiya olish uchun onlayn materiallar oʻqishni yoqtiraman. Twitter va Instagram sahifalarini koʻzdan kechirib, oʻzim uchun sevimli boʻlgan taʼlim bloggerlarining postlarini oʻqiyman. Bu menga yilning ikkinchi yarmi uchun yangi gʻoyalar toʻplashimga yordam beradi. Lekin bu ish emas, dam oluvchi mashgʻulotdek tuyuladi.
Mulohaza yuriting va maqsad qoʻying
Men hech qachon yangi yil rezolyutsiyalari yoki rejalariga qiziqmaganman. Chunki bu koʻpincha stressga sabab boʻladi. Lekin oʻquv yilining ikkinchi yarmi uchun bitta kasbiy maqsad qoʻyish ruhlantirib turishi mumkin. Maqsad qoʻyishni oʻquvchilarning birinchi yarim yillik haqidagi soʻrovnomada bildirgan mulohazalarini koʻrib chiqishdan boshlayman. Bunday soʻrovnomalardan oʻquvchilarning oʻquv dasturining muayyan bir jihatiga koʻproq eʼtibor qaratishim kerakligini xohlayotganini bilib olaman. Ularga ovoz chiqarib oʻqib berishim yoqishidan yoki ayrim oʻquvchilar partalar joylashuvi tufayli chalgʻib qolayotganidan xabardor boʻlaman. Bu fidbeklarni ijtimoiy tarmoqlardan toʻplagan gʻoyalarim bilan birlashtiraman.
Masalan, maqsadlarim quyidagilarga oʻxshash boʻlishi mumkin:
Oʻquv yili yakunigacha oʻquvchilar bilan yangi bir texnologik vositani qoʻllash.
Oʻquvchilardan bu yil oʻzlari oʻqib tugatgan sevimli kitoblari haqida soʻrash va ular orasidan bir nechtasini oʻzim uchun tanlash.
Oʻquv yili yakunlanishidan avval har bir bolaning ota-onasiga rahmat yoʻllash.
Muayyan bir topshiriqqa fanlararo elementlar qoʻshish uchun boshqa fan oʻqituvchilari bilan hamkorlik qilish.
Oʻquvchilarning qiziqish va ehtiyojlarini hisobga olgan holda dars jarayoniga yangi matnlarni kiritib borish.
Oʻquvchilarga tanlash imkoniyati berish uchun topshiriqlarni oʻzgartirish yoʻllarini topish.
Maktabdan tashqarida oʻquvchilar bilan sport musobaqalari, konsertlar yoki teatr tomoshalariga qatnashish.
Taʼtilni yuqoridagi kabi tavsiyalar bilan samarali oʻtkazing.
Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.