Sun'iy Intellekt

SI dunyoni qay tarzda oʻzgartiradi?

Rey Kursveyl kelajakdagi oʻzgarishlar asosan energetika, ishlab chiqarish va tibbiyotda boʻlishi haqida soʻz yuritdi.

Rey Kursveyl — kompyuter olimi, ixtirochi va kitoblar, jumladan, “Intellektual mashinalar davri” (1990), “Ma’naviy mashinalar davri” (1999) va “Singulyarlik yaqin” (2005) muallifi. Uning yangi “Singulyarlik yanada yaqin: biz sun’iy intellekt bilan birlashganda” kitobi 25-iyun kuni nashr etil(a)di.

Bugun tugʻilgan bolalar bogʻchaga boradigan yoshga yetgan mahali SI qay darajaga yetishini bir oʻylab koʻring. Oʻsha vaqtda SI fandan tortib ijodgacha boʻlgan barcha kognitiv masalalarda odamlardan oʻzib ketishi mumkin. 1999-yili bizda shunday umumiy sunʼiy intellekt (AGI) 2029-yillarga kelib yaratilishini taxmin qilgandim. Koʻpchilik esa meni fantastika yozishga oʻtdi deb oʻylagandi. Ammo soʻnggi yillardagi ulkan yutuqlardan soʻng koʻplab ekspertlar AGI bundan ham oldinroq vujudga kelishini prognoz qilmoqda. Demak, men texnik jihatdan prognozimni oʻzgartirmasdan optimistlar safidan pessimistlar qatoriga oʻtdim.

Bu sohada hozirgi kundagi boshqa odamlardan koʻra koʻproq, yaʼni 61 yil ishlaganman. Shuning uchun sunʼiy intellekt global muhokama markazida ekanini koʻrib xursand boʻlyapman. Biroq aksariyat mulohazalar ChatGPT va Gemini kabi katta til modellari yanada kengroq tarixiy kontekstga qanday mos kelishini e’tibordan chetda qoldirmoqda. Sun’iy intellekt raqamli dunyodagi inqilobdan jismoniy dunyoni o‘zgartirishga oʻtishga tayyorlanmoqda. Bu son-sanoqsiz foyda keltiradi. Ammo uchta soha: energetika, ishlab chiqarish va tibbiyotda chuqur oqibatlarga ega bo‘ladi.

Energiya manbalari sivilizatsiyaning eng asosiy resurslaridan biridir. Ikki asr mobaynida jahon iflos, qayta tiklanmaydigan qazilma yoqilgʻiga muhtoj edi. Ammo Yer olayotgan quyosh nurining atigi 0,01% idan foydalanish insoniyatning butun energiya isteʼmolini qoplashi mumkin. 1975-yildan boshlab Quyosh elementlari olinadigan har bir vatt quvvatga nisbatan 99,7% ga arzonlashdi. Bu esa dunyo quvvatini taxminan 2 mln marta oshirish imkonini berdi. Xoʻsh, nega Quyosh energiyasi hanuzgacha hukmron emas?

SI yordamida yaratilgan

Ikki yoqlama muammo. Birinchidan, fotoelektrik materiallar ko‘mir va gazni to‘liq almashtirish imkonini bermaydigan darajada qimmat va samarasiz. Ikkinchidan, quyosh energiyasini ishlab chiqarish sutkalik (kun/tun) va yillik (yoz/qish) miqyosda o‘zgarib turganidan juda katta hajmdagi energiyani undan foydalanish paytigacha saqlash kerak. Zamonaviy akkumulyator texnologiyalari esa yetarli darajada rentabel emas. Fizika qonunlari katta takomillashuvlarni ko‘zda tutadi. Ammo tadqiqot uchun kimyoviy imkoniyatlar diapazoni shu qadar kengki, olimlar taraqqiyotga juda sekin erishdi.

Aksincha, sunʼiy intellekt modellashtirish orqali milliardlab kimyoviy tarkibni tezda saralay oladi. Shuningdek, ham fotoelektrik, ham akkumulyatordagi innovatsiyalarni tezlashtirishi mumkin. Bu jarayonni keskin tezlashtiradi. Butun tarix davomida 2023-yilning noyabrigacha odamlar barcha texnologiyalarda foydalanish uchun 20 000 ga yaqin barqaror noorganik birikmalarni kashf etgan. Keyin esa Google GNOME sunʼiy intellekti yanada koʻproq kashfiyotlar qildi. Bir kechada yuqoridagi raqamni 421 000 ga yetkazdi. Ammo bu materialshunoslik amaliyotining arzimas bir qismidir. Bir muncha aqlli AGI toʻliq optimal materiallarni topgan zahoti fotoelektrik loyihalar jonlanadi. Quyosh energiyasi deyarli bepul boʻladigan darajada koʻp boʻladi.

Energiya koʻpligi ishlab chiqarishda yana bir inqilobni amalga oshirish imkonini beradi. Oziq-ovqat, kiyim-kechakdan tortib elektronika va avtomobillargacha boʻlgan deyarli barcha mahsulotlar uchun xarajatlar qayerdan keladi? Oʻylab koʻring. Xarajatlar asosan energiya, mehnat (yana intellektual mehnat, masalan, ilmiy tadqiqot va dizayn) va xomashyo kabi bir nechta umumiy omillardan tashkil topadi. SI ushbu xarajatlarning barchasini sezilarli darajada kamaytirish yoʻlida xizmat qiladi.

SI yordamida yaratilgan

Arzon va moʻl-koʻl quyosh energiyasidan soʻng navbatdagi komponent inson mehnatidir. Bu koʻpincha toliqtiruvchi va xavfli boʻladi. SI robototexnikada katta yutuqlarga erishmoqda. Bu mehnat xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi. Shuningdek, robototexnika xomashyo qazib olish xarajatlarini kamaytiradi. Sunʼiy intellekt esa qimmatbaho nodir elementlarni sirkoniy, kremniy va uglerod grafeni kabilarga almashtirish usullarini topadi. Bularning barchasi mahsulotning ayrim turlari hayratlanarli darajada arzon va hamyonbop boʻlishini anglatadi.

Bunday ilgʻor ishlab chiqarish imkoniyatlari narx va hisoblash unumdorligi nisbatiga taʼsir koʻrsatadi. Yaʼni 1939-yildan beri 75 kvadrillionga yaxshilangan eksponensial trayektoriyasini saqlab qolish imkonini beradi. Bu teskari bogʻliqlik tufayli sodir boʻladi: bugungi ilgʻor SI chiplari keyingi avlod chiplari dizaynini optimallashtirish uchun qoʻllanadi. Oʻtgan noyabr oyida eng yaxshi mavjud uskunada bu koʻrsatkich 48 milliardni tashkil etishi mumkin boʻlgan. Bu soniyada amalga oshiriladigan hisoblashlar sonining doimiy dollarga nisbatiga koʻra hisoblangan. Yangi GPU NVIDIA B200ʼda esa u 500 milliarddan oshadi.

Biologiyani modellashtirish uchun zarur boʻlgan ulkan hisoblash quvvatini yaratmoqdamiz. Jarayonda bu safar tibbiyot sohasidagi fizik inqilobni kashf etamiz. 200 yillik dramatik taraqqiyotga qaramay, inson tanasini tushunishimiz hali ham noaniq taxminlarga asoslanadi. Odatda koʻpchilik bemorlarga mos narsalar siz uchun unchalik oʻrinli boʻlmasligi mumkin. Tadqiqotlarga koʻra, har yili oʻn minglab amerikaliklar ularga yordam berishi kerak boʻlgan dorilarga nisbatan salbiy reaksiya tufayli vafot etadi.

Biroq sunʼiy intellekt tibbiyotni aniq fanga aylantirmoqda. Eksperimental laboratoriyadagi mashaqqatli sinov va xatolar oʻrnini molekulyar biosimulyatsiya egallay boshladi. U eng istiqbolli dorilarni topish uchun milliardlab variantlarni tezda baholay oladi. Biosimulyatsiya inson tanasi va dorilarning taʼsirini oʻrganishga yordam beradigan aniq kompyuter modellashtirishdir. Oʻtgan yozda idiopatik oʻpka fibrozi, oʻpka kasalliklarini davolash uchun boshidan oxirigacha SI tomonidan ishlab chiqilgan birinchi dori sinovlarining ikkinchi bosqichi boshlandi. Sunʼiy intellekt tomonidan ishlab chiqilgan oʻnlab boshqa dorilar esa sinov bosqichiga kirmoqda.

SI tufayli simulyatsiyalar ancha boy maʼlumotga ega boʻldi. Shu sabab dorilarni kashf qilish, sinov jarayonlari ham sezilarli darajada tezlashadi. 2022-yilgacha boʻlgan butun tarix davomida fan 190 000 ga yaqin oqsilning shaklini aniqlagan. Oʻsha yili DeepMind ishlab chiqqan AlphaFold 2 esa ularning 200 mlndan ortigʻini kashf etdi. Keyin esa yangi davolash usullarini ishlab chiqishda yordam berishi uchun tadqiqotchilarga bepul taqdim etildi.

Yirikroq simulyatsiyalarni aniqroq toʻldirish uchun koʻproq laboratoriya tadqiqotlari talab etiladi. Ammo endi yoʻl xaritasi aniq. Keyinchalik SI oqsil komplekslarini, soʻngra organellalar, hujayra, toʻqima, aʼzolar va oxir-oqibat butun tanani modellashtiradi.

SI yordamida yaratilgan

Natijada esa qimmat, xavfli, sekin va statistik jihatdan yetarlicha kuchli boʻlmagan bugungi klinik sinovlar oʻrnini bosadi. Hatto uchinchi bosqich sinovida ham genetika, turmush tarzi, yoʻldosh kasalliklar, dori-darmonlarning oʻzaro taʼsiri va kasallikning har bir variatsiyasi boʻyicha, ehtimol, sizga mos keladigan birorta ham subyekt topilmasa kerak.

Raqamli sinovlar dorilarni har bir alohida bemor uchun moslashtirish imkonini beradi. Nafaqat saraton va Alsgeymer kabi kasalliklarni, balki qarishning zararli oqibatlarini ham davolash salohiyati esa kishini hayratga soladi.

Bugungi kundagi ilm-fan taraqqiyoti oʻrtacha amerikalik yoki britaniyalikka har yili kutilayotgan umr davomiyligiga qoʻshimcha olti-yetti hafta beradi. AGI bizga hujayra biologiyasini toʻliq egallash imkonini bergandan soʻng yutuqlar keskin tezlashadi. Kutilayotgan umr davomiyligining yillik oʻsishi 12 oyga yetganida esa “qarishdan qochish tezligiga” erishamiz. Sogʻlom turmush tarziga astoydil amal qiladigan va yangi davolash usullarini qoʻllaydigan odamlar uchun bu 2029–2035-yillar oraligʻida sodir boʻladi, deb oʻylayman. Bu vaqtga kelib qarish ularning yillik oʻlim ehtimolini oshirmaydi. Hisoblashdagi narx va samaradorlik nisbatining eksponensial yaxshilanishi tufayi dastlab qimmat boʻlgan sunʼiy intellektga asoslangan terapiya tezda hammabop boʻladi.

Bu SIning oʻzgartirishga bergan vaʼdasi: insoniyatni boshidanoq cheklab qo‘ygan tanqislik va zaiflik bilan chegaralanmagan uzoqroq, sog‘lom hayot.



Manba: Рэй Курцвейл о том, как ИИ преобразит физический мир

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://mohirdevbucket.s3.eu-central-1.amazonaws.com/practicum/images/b0277b02-cfc1-4025-9f14-7d00ea80b04f.original.jpeg

habr.com

habr.com