Asosiy kontentga o'tish
Sun'iy Intellekt

SI ish jarayonini qay darajada oʻzgartiryapti?

Sun’iy intellektning keyingi 10 yillikda yaratadigan o‘zgarishlari va ularning ta’siri haqida Forbes jurnalidan

Bir necha yillardan beri robotlar ishimizni egallab olishi haqidagi gaplar quloqqa chalinyapti. Goldman Sachs kompaniyasining bir hisobotida SI hayratlanarli darajada koʻp – toʻliq kunlik 300 mln ish oʻrnini egallashi mumkinligi bildirildi. Ammo koʻpchilik uchun ish hayoti odatdagidek davom etayotganga oʻxshaydi.

Bularning barchasi shunchaki shov-shuvmi? Yoki SI sohasidagi yutuqlar bilan haqiqatan ham oʻzgarishlar davriga yetib keldikmi? Sunʼiy intellekt bizning oʻrnimizni egallaydimi? Yoki, aksincha, ishlarimizni yanada tez va samarali bajarishda yordam beradimi? Nima deb oʻylaysiz?

Men yetakchi ekspertlar va investorlar bilan suhbatlashib, sun’iy intellekt ish kelajagiga qanday ta’sir ko‘rsatishini muhokama qildim. Ushbu fikrlar SIning ishimizga qanday ta’sir qilishi va qaysi yo‘nalishlarda eng katta imkoniyatlar borligini ochiq-oydin aks ettiradi.

#1: Rollar almashishini kuting. Tez orada mashinalar bizga emas, biz ularga yordam berishni boshlaymiz.

“Ishonamanki, keyingi o‘n yillikda mashinalar odamlarga yordam berishidan odamlar mashinalarga yordam berishiga o‘tish paradigmasi kuzatiladi”.

Foundation Capital kompaniyasining bosh hamkori Joanne Chen.

#2: Sun’iy intellektning ta’siri sanoat inqilobiga tenglasha oladigan darajada ulkan bo‘ladi. Bir kishiga ko‘pchilik bajaradigan ishni amalga oshirish imkoniyatini yaratib beradi.

“Sun’iy intellekt inson aql-zakovati va unumdorligini oshiruvchi kuchdir. Sanoat inqilobi insoniyatga mashinalar va zavodlarni olib keldi. Shunga oʻxshab SI ham bir kishiga ko‘pchilikning ishini bajarish imkonini beruvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. To‘g‘ri, bunday katta miqyosdagi o‘zgarishni tasavvur qilish qiyin. Lekin u kutganimizdan ham ulkanroq bo‘lishi ehtimoli bor. Sun’iy intellekt nafaqat dasturlash, marketing, huquqiy yoki tibbiy ma’muriy ishlar samaradorligini oshiradi. Balki barcha turdagi korxona va tashkilotlarning tuzilishi hamda faoliyat yuritish usulini butunlay yangi bosqichga ko‘taradi. U biznes va tashkilotlarning qurilishi hamda boshqarilishini tubdan o‘zgartirib yuboradi”.

#3: Sun’iy intellekt barcha sohalarni qamrab oladi.

“Investorlar sifatida SIning sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma va professional xizmatlar kabi turli sohalardagi minglab jarayonlarni avtomatlashtirish, personallashtirish, takomillashtirish imkoniyatlarini koʻryapmiz”.

#4: Kodlashdan tortib moliyaviy va yuridik xizmatlargacha bo‘lgan “oq yoqali” xodimlarning ish vazifalari samaradorligi sezilarli darajada oshadi.

“Sun’iy intellektning joriy etilishi bilan ish vazifalari allaqachon chuqur o‘zgarishlarga uchradi. Hozirda bir million dasturchi Github copilot yordamida kod yaratadi. Bu esa kod yaratish jarayonini butunlay boshqacha ko‘rinishga keltirdi. Moliyaviy xizmatlar va huquqshunoslik kabi sohalarda qo‘lda tadqiqot o‘tkazish davri yakunlanish arafasida turibdi. Chunki mutaxassislar va SIga asoslangan dasturlar o‘rtasidagi hamkorlik ish vazifalarini optimallashtiradi (ba’zi hollarda esa butunlay bekor qiladi). Shuningdek, ilgari tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajadagi samaradorlikni yuzaga keltiradi”.

Unusual Ventures kompaniyasining bosh hamkori Lars Olbrayt

#5: SI yangi mahsulotlarni bozorga chiqarish uchun talab etiladigan junior va midl darajadagi dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar sonini kamaytirmoqda.

“Katta til modellari (LLM) texnologiyasi dasturlash olamida inqilob qilmoqda. Endilikda yangi raqamli mahsulotlarni yaratish va ishga tushirish uchun ko‘plab dasturchilarni ishga olish shart emas. Mening startaplarim esa kod yozuvchilarni sun’iy intellekt yordamchilari bilan almashtiryapti. Garchi ular hali ham texnologiya direktorlari va sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislarga tayansa-da, dasturchilar va data sayntistarga bo‘lgan ehtiyoj kundan-kunga kamayib bormoqda”.

Twin Path Ventures kompaniyasining bosh hamkori Jon Spindler

#6: GenAI anʼanaviy ishlarni oʻzgartirgani sayin odamlar SI yordamida bilim olish, malaka oshirish va yangi karyera yo‘llarini topishga tayanadi.

“Generativ sunʼiy intellekt ish joyida ham, undan tashqarida ham shaxsiylashtirilgan va amaliy taʼlim jarayonini tezlashtiradi. Kurslar, kitoblar tez eskirgani kabi anʼanaviy karyera yoʻllari ham yoʻqolib, mashina va tengdoshlar orqali oʻrganish ommalashadi. Xuddi YouTube, Instagram va TikTok smartfonlar ommalashuvidan foydalanganidek GenAI ham taʼlim hamda malaka oshirish usullarini tubdan o‘zgartiradi”.

Cherry Ventures’ning bosh hamkori Dinika Maxtani

#7: Sunʼiy intellekt tashkilotlarning muhim qarorlarni qabul qilish usulini oʻzgartiradi.

“SI tashkilotlarning muhim qarorlarni qabul qilish usulini tubdan oʻzgartirmoqda. U maʼlumotlarni tahlil qilib, narx siyosatini aniqlash, logistika yo‘nalishlarini optimallashtirish va muhandislik yechimlarini topish kabi jarayonlarga yordam beradi. SI tobora koʻproq mustaqil harakat qilib, tijorat muzokaralari yoki ishlab chiqarishni avtomatlashtirish tizimlarida qarorlarni o‘zi qabul qila boshlaydi.

Kelajakda esa sunʼiy intellekt butun biznesni raqamli boshqaradigan darajaga yetadi. Tasavvur qiling, siz sunʼiy intellektni bosh operatsion direktor (COO) sifatida ishga olasiz yoki hech qanday inson aralashuvisiz foyda keltiradigan avtonom kompaniya yaratasiz”.

Atomico hamkori Ben Blyum

#8: Kategoriyani belgilovchi SI korxonalari o‘zining himoyalanish qobiliyati va keng tarqalish imkoniyatlariga ega bo‘ladi.

“Dasturiy ta’minot startaplari uchun faqatgina foydalanish qulayligi yoki maxsus ma’lumotlarning o‘zi sohada yetakchi biznesni yaratish uchun yetarli bo‘lmagani avvaldan ma’lum. Xuddi shu narsa sunʼiy intellekt uchun ham amal qiladi. Tadbirkorlar SI texnologiyasi orqali yangi qiymat yaratish bilan birga mahsulotlarini raqobatchilardan himoya qilish va bozorda keng tarqatish strategiyalarini ham ishlab chiqishi kerak.

Himoyalanishni taʼminlash qiyin masala. Chunki koʻplab asosiy SI modellar open sors bo‘lib, ulardan erkin foydalanish mumkin. Shuning uchun foydalanuvchilarni jalb qiladigan va maʼlumot yaratishga undaydigan funksiyalarni joriy qilish muhimdir. Bu esa maʼlumot tarmogʻi taʼsirini shakllantirish orqali SI modelini doimiy ravishda yaxshilash va raqobatchilaridan ustun bo‘lish imkonini beradi”.

Parul Singh, Initialized Capital kompaniyasi hamkori

#9: Generativ sun’iy intellektning infratuzilma va tadqiqot qatlamlari barqaror biznes modellarining asosini tashkil etadi.

“Generativ sun’iy intellekt barcha turdagi korxonalar uchun mahsuldorlikning keskin o‘sishiga va xarajatlar tizimining yaxshilanishiga yo‘l ochadi. Xodimlarning nafaqat ish samaradorligi va unumdorligi sezilarli darajada oshadi, balki ijodkorlik va innovatsiyalarning yangi cho‘qqilariga erishish imkoniyati ham yaratiladi. Bu ularga yangi ijodiy g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish va yangiliklar yaratish uchun keng yo‘l ochadi.

Xayolimda asosan bitta savol aylanadi. Hozirgi SI modellarini o‘qitish va ishga tushirishda juda yuqori xarajat talab qilinadi. Shuni hisobga olgan holda kompaniyalarga bu afzalliklarni qanday qilib tejamkor usulda taqdim etish mumkin? Shu bois men bor eʼtiborimni generativ SIning infratuzilmasi va tadqiqot qatlamiga qaratyapman. Aynan shu soha sun’iy intellektni faqat shov-shuv emas, haqiqiy foyda keltiradigan texnologiyaga aylantirish uchun asos bo‘ladi. Bu esa yangi va barqaror biznes modellari yaratish orqali ham ish beruvchilar, ham xodimlar uchun ish jarayonlarini ijobiy tomonga o‘zgartiradi”.

CapitalG kompaniyasi hamkori Jill Cheyz

#10: SI keraksiz maʼlumotlar orasidan asl mohiyatni aniqlashni har qachongidan ham qiyinlashtiryapti.

“Inqilobiy texnologiyalar (SI, mashinani oʻqitish, avtomatlashtirish va boshqalar) orqali katta innovatsiyalar yaratilishi mumkin. So‘nggi avlod katta til modellari (LLM)ning rivojlanishi juda tez kechmoqda. Ammo investor sifatida ortiqcha maʼlumot orasidan asl mohiyatni ajratib olish tobora muhim ahamiyat kasb etyapti. Biz avtomatlashtirishni joriy etuvchi texnologik yechimlardan hayajondamiz. Shuningdek, butun dunyo bo‘ylab tashkilotlarning barqaror o‘sishi uchun samaradorlikni tezlashtiruvchi gibrid yechimlarga ham katta qiziqish bildirmoqdamiz”.

Cornerstone VC’ning bosh hamkori Wilfred Fianko

#11: Katta til modellari (LLM) shunchaki shov-shuv emas.

“Katta til modellari bir avlodda bir marta uchraydigan texnologiya ekani hammaga ayon. Ularni shunchaki shov-shuv deb hisoblab, e’tiborsiz qoldirmoqchi bo‘lgan har qanday startap yoki venchur kapitalist kompaniyasi shunchaki haqiqatga koʻz yumyapti xolos”.

Jon Spindler, Twin Path Ventures kompaniyasining bosh hamkori

#12: Sun’iy intellekt kundalik ishimizga avvaliga asta-sekinlik bilan, keyinchalik esa birdan ta’sir o‘tkazadi.

“1920-yillarda Ernest Xeminguey bankrotlik qanday sodir bo‘lishini quyidagicha tasvirlagan edi: avval asta-sekin, keyin esa to‘satdan. Texnologiyaning ish jarayonlariga ta’siri ham xuddi shunday kechadi. Ish o‘rinlari bir zumda yo‘qolib ketmaydi. Avval asta-sekin qisqarish boshlanadi, masalan, xorijga ishga topshirish kabi bosqichlar yuzaga keladi. So‘ngra texnologiya yetarli darajada rivojlanib, biznes jarayonlari o‘zgaradi va natijada tez surʼatda pasayish sodir bo‘ladi. Biz bu o‘zgarishni back-office ishlarida kuzatdik, endi esa u dasturiy ta’minot ishlab chiqish kabi kutilmagan sohalarga ham yetib kelmoqda”.

Ramy Adeeb, 1984 Ventures kompaniyasining asoschisi va bosh hamkori


Sun’iy intellekt haqida bir xil yo‘nalishni ko‘rsatadigan o‘n ikkita qisqa xulosalar bilan tanishib chiqdik. Ertaga yoki umuman ishsiz qolmasligimiz mumkin. Ammo hozirgi burilishlar va kelajakdagi SI taraqqiyoti ish dunyosini butunlay o‘zgartirishi aniq.

Shaxsan men hali sun’iy intellekt tufayli ishini yo‘qotgan biror kishini uchratmadim. Biroq so‘nggi paytlarda men bilan suhbatlashgan deyarli har bir odam bu texnologiyadan qaysidir ma’noda ta’sirlanganini anglayapman. Ayniqsa, aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar uchun sun’iy intellektning o‘ziga xos imkoniyatlarini qabul qilish vaqti keldi.


Manba: How AI Is Changing The Future Of Work

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Forbes

Forbes

O'xshash maqolalar