Asosiy kontentga o'tish
Sun'iy Intellekt

SI ishni kamaytirmaydi — aksincha, koʻpaytiradi

Hozirgi kunda koʻplab kompaniyalar koʻproq xodimlarini SIdan foydalanishga qanday jalb qilish haqida oʻylayapti. Axir SIning baʼzi ishlardagi yuklamani kamaytirish — odatiy hujjatlarni tayyorlash, maʼlumotlarni umumlashtirish va koddagi xatolarni tuzatish, xodimlarga muhimroq vazifalar uchun koʻproq vaqt ajratishga imkon berishi haqidagi vaʼdasi juda jozibali. Biroq agar ular bunga erishsa, oqibati nima boʻlishiga tayyormi?

Rahbarlar vaʼda qilingan samaradorlik oʻsishiga eʼtibor qaratgan bir paytda kutilmagan murakkab reallik ularni hayratda qoldirishi mumkin. Ular bu yutuqlar aslida nima evaziga kelayotganini juda kech boʻlgandagina tushunib yetishlari hech gap emas.

Davom etayotgan tadqiqotimizda SI vositalari ishni kamaytirmasligi, aksincha, uni doimiy ravishda intensivlashtirib (jadallashtirib) borishini aniqladik. AQShdagi 200 ga yaqin xodimga ega texnologiya kompaniyasida generativ SI ish odatlarini qanday oʻzgartirgani boʻyicha 8 oylik tadqiqot oʻtkazdik. Natijada shuni koʻrdikki, xodimlar tezroq surʼatda ishlay boshlagan, kengroq koʻlamdagi vazifalarni oʻz zimmasiga olgan va koʻpincha hech qanday topshiriqsiz ish soatlarini uzaytirgan. Muhimi shundaki, kompaniya SIdan foydalanishni majburiy qilib qoʻymagan edi (garchi u tijorat uchun moʻljallangan SI vositalariga korporativ obunalarni taqdim etgan boʻlsa ham). Xodimlar oʻz tashabbuslari bilan koʻproq ishlay boshlashdi. Chunki SI “koʻproq ish qilish”ni iloji bor, oson va koʻp hollarda oʻziga xos tarzda qoniqarli qilib qoʻygan edi.

Garchi bu rahbarlar uchun ushalgan orzudek tuyulsa-da, SIni bunday ishtiyoq bilan qabul qilish orqali kelib chiqqan oʻzgarishlar beqaror boʻlishi va kelajakda turli muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Tajriba oʻtkazish zavqi oʻtib ketgach, xodimlar ish yuki sezdirmay ortib ketganini tushunib yetishlari ehtimoli bor. Birdaniga zimmasiga tushgan shuncha ishni bir vaqtda eplashga urinish esa ularni toliqishga olib keladi. Ish yuklamasining bu tarzda sezdirmay oshib borishi, oʻz navbatida, kognitiv charchoq, hissiy toliqish (burnout) va qaror qabul qilish qobiliyatining zaiflashishiga olib kelishi mumkin. Boshida zavq olib kelgan samaradorlik oʻsishi oʻrnini past sifatli ish, xodimlarning ishdan ketishi va boshqa muammolarga boʻshatib berishi ehtimoli yuqori.

Bu holat rahbarlarni boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyadi. Ular nima qilishi kerak? Xodimlardan oʻz-oʻzini nazorat qilishni soʻrash yaxshi strategiya emas. Aksincha, kompaniyalar SIdan foydalanish boʻyicha maʼlum normalar va standartlarni — biz “SI amaliyoti” deb ataydigan tizimni ishlab chiqishi kerak. Quyida rahbarlar nimalarni bilishi kerakligi va xodimlarini muvaffaqiyatga yetaklash uchun nima qila olishi koʻrsatilgan.

Generativ SI ishni qanday intensivlashtiradi?

Oʻtgan yilning aprelidan dekabrigacha biz generativ SI vositalari texnologiya kompaniyasida ish odatlarini qanday oʻzgartirganini oʻrgandik. Buni haftasiga ikki kunlik yuzma-yuz kuzatuvlar, ichki muloqot kanallarini kuzatib borish hamda injenerlik, mahsulot, dizayn, tadqiqot va operatsiyalar boʻlimlarida oʻtkazilgan 40 dan ortiq chuqur intervyular orqali amalga oshirdik.

Biz ish intensivlashuvining uchta asosiy shaklini aniqladik.

Vazifalar koʻlamining kengayishi

SI bilimlardagi boʻshliqlarni toʻldira olgani uchun xodimlar avval boshqalarga tegishli boʻlgan masʼuliyatlarni tobora koʻproq oʻz zimmalariga ola boshladi. Mahsulot menejerlari va dizaynerlar kod yozishga oʻtdi; tadqiqotchilar injenerlik vazifalarini bajara boshladi. Tashkilotdagi barcha turdagi xodimlar oʻtmishda autsorsga beradigan, keyinga qoldiradigan yoki umuman chetlab oʻtadigan ishlarga qoʻl urishga kirishdi.

Generativ SI bu vazifalarni oson bajariladigandek koʻrsatdi. Bu vositalar koʻpchilikda imkoniyatlarni kengaytiruvchi kognitiv turtki sifatida namoyon boʻldi: ular boshqalarga qaramlikni kamaytirdi va ish davomida darhol fikr-mulohaza hamda tuzatishlar berib bordi. Xodimlar buni SI yordamida “shunchaki urinib koʻrish” deb taʼriflashdi. Lekin bu tajribalar yigʻilib, ish koʻlamining sezilarli darajada kengayishiga olib keldi. Aslida xodimlar avvallari qoʻshimcha yordam yoki yangi shtat birligini talab qiladigan ishlarni tobora oʻzlariga ola boshlagan edi.

Odamlar oʻz vakolat doiralarini kengaytirishi zanjirli reaksiyalarga sabab boʻldi. Masalan, injenerlar hamkasblari tomonidan SI yordamida yoki SI orqali yaratilgan ishlarni tekshirish, tuzatish va yoʻl-yoʻriq koʻrsatishga koʻproq vaqt sarflay boshladi. Bu talablar oddiy kod tekshiruvidan (code review) ham oʻtib ketdi. injenerlar koʻp hollarda vayb koding qilayotgan hamkasblariga oʻrgatishga hamda qisman tugallangan pull requestʼlarni oxiriga yetkazishga majbur boʻlishdi. Bunday nazorat koʻpincha norasmiy tarzda — Slack yozishmalarida yoki ish stoli oldidagi qisqa maslahatlashuvlarda yuzaga keldi va bu injenerlarning ish yukini yanada oshirdi.

Ish va dam olish orasidagi chegaralarning xiralashuvi

SI ishni boshlashni juda osonlashtirgani uchun — boʻsh sahifa yoki qayerdan boshlashni bilmaslik bilan bogʻliq qiyinchiliklarni kamaytirgani tufayli — xodimlar avvallari tanaffus qilingan vaqtlarga ham oz-ozdan ish qoʻshib yubora boshladi. Koʻpchilik tushlik paytida, yigʻilishlarda yoki fayl yuklanishini kutayotganda SIga prompt kiritishga odatlandi. Baʼzilar stoldan turishdan oldin SI ular yoʻqligida ham ishlashni davom ettirishi uchun “tezkor oxirgi prompt” joʻnatib ketishganini aytishdi.

Bu harakatlar kamdan kam hollarda koʻproq ishlayotgandek tuyular edi. Biroq vaqt oʻtishi bilan ular ish kunida tabiiy tanaffuslarni kamaytirib, ish jarayoniga uzluksiz jalb boʻlishni keltirib chiqardi. Prompt kiritishning suhbatga oʻxshash uslubi jarayonni yanada yengillashtirdi. SI tizimiga nimanidir yozish rasmiy vazifani bajarishdan koʻra koʻproq shunchaki chatlashishga oʻxshardi. Shu sababli maqsad qilinmagan boʻlsa ham, ish jarayoni kechki paytga yoki tonggi soatlarga oʻtib ketishi osonlashdi.

Baʼzi xodimlar (koʻpincha buni keyinchalik tushunib yetishgan) tanaffus paytida prompt kiritish odatga aylangan sari boʻsh vaqt avvalgidek dam olish hissini bermay qoʻyganini taʼriflashdi. Natijada ishning chegarasi yoʻqolgandek va u doim atrofda mavjuddek — har doim biroz oldinga siljitish mumkin boʻlgan narsadek tuyula boshladi. Ish va dam olish oʻrtasidagi chegara butunlay yoʻqolmadi, biroq uni buzib oʻtish ancha osonlashdi.

Koʻp vazifalilikning ortishi (multitasking)

SI xodimlarga bir vaqtning oʻzida bir nechta faol jarayonlarni boshqarishga imkon beruvchi yangi ritmni olib kirdi: SI muqobil versiyani yaratayotganda qoʻlda kod yozish, bir nechta agentlarni parallel ravishda ishga tushirish yoki uzoq vaqtga qoldirilgan vazifalarni qayta tiklash (chunki SI ularni fonda “hal qila olar edi”). Xodimlar bunday qilishlariga qisman oʻz ishlarini tezlashtirishga yordam beradigan “hamkor”i bordek his qilishgani sabab boʻldi.

Garchi “hamkor”ga ega boʻlish hissi ishlarning tezlashayotgandek tuyulishiga olib kelsa-da, amalda diqqat doimiy ravishda u yerdan bu yerga chalgʻirdi. SI natijalarini tez-tez tekshirish va ochiq qolgan vazifalarning soni ortib bordi. Garchi ish mahsuldordek tuyulsa-da, bu kognitiv yuklamani va doimo nimalarnidir eplashga urinish hissini keltirib chiqardi.

Vaqt oʻtishi bilan bunday ritm tezlikka boʻlgan umidlarni oshirdi — garchi buni hech kim ochiq talab qilmagan boʻlsa ham, bu kundalik ishda normal holatga aylanib qoldi. Koʻplab xodimlar SIdan foydalanishdan oldingi holatga qaraganda bir vaqtning oʻzida koʻproq ish qilayotganini va kattaroq bosim his etayotganini taʼkidlashdi. Holbuki, avtomatlashtirish orqali tejalgan vaqt ana shu bosimni kamaytirishi koʻzda tutilgan edi.

Bu tashkilotlar uchun nimani anglatadi va “SI amaliyoti” qanday yordam berishi mumkin?

Bularning barchasi oʻz-oʻzini kuchaytiruvchi siklni yuzaga keltirdi. SI baʼzi vazifalarni tezlashtirdi, bu esa tezlikka boʻlgan umidni oshirdi; yuqori tezlik esa xodimlarni SIga koʻproq qaram qilib qoʻydi. Qaramlikning oshishi xodimlar qoʻl uradigan vazifalar koʻlamini kengaytirdi. Kengroq koʻlam esa ish miqdori va zichligini yanada oshirib yubordi. Bir nechta ishtirokchilar oʻzlarini unumliroq ishlayotgandek his qilishgan boʻlsa-da, bandligi kamaymaganini, baʼzi hollarda esa avvalgidan ham bandroq boʻlib qolganini taʼkidlashdi. Bir injener buni shunday xulosaladi:

Siz, masalan, SI yordamida unumliroq ishlash mumkin boʻlgani uchun biroz vaqt tejaladi, kamroq ishlayman deb oʻylaysiz. Ammo haqiqatda siz kamroq ishlamaysiz. Siz xuddi oldingidek yoki undan ham koʻproq ishlaysiz.

Tashkilotlar xodimlarning oʻz ixtiyori bilan ishlarni koʻpaytirishini aniq yutuq sifatida koʻrishi mumkin. Axir xodimlar buni oʻz tashabbuslari bilan qilayotgan boʻlsa, buning nimasi yomon? Bizga vaʼda qilingan samaradorlik portlashi shu emasmi?

Biroq tadqiqotlarimiz ishning norasmiy ravishda kengayishi va tezlashishiga yoʻl qoʻyib berishning xavflarini ochib berdi. Qisqa muddatda yuqori samaradorlik boʻlib koʻringan holat aslida sekin-asta ortib borayotgan ish yuklamasini va xodimlar SI ishtirokidagi bir nechta ish jarayonlarini (workflow) bir vaqtda bajarishga urinayotgani sababli oʻsib borayotgan kognitiv bosimni yashirishi mumkin. Qoʻshimcha harakatlar ixtiyoriy boʻlgani va koʻpincha zavqli tajriba sifatida qabul qilingani uchun rahbarlar xodimlarning aslida qancha qoʻshimcha yukni koʻtarib yurganini payqamay qolishlari oson. Vaqt oʻtishi bilan ortiqcha ishlash qaror qabul qilishni qiyinlashtirishi, xatolar ehtimolini oshirishi va tashkilotlarga haqiqiy samaradorlik oʻsishini bardosh berib boʻlmaydigan darajadagi ish intensivligidan ajratib olishni murakkablashtirishi mumkin. Xodimlar uchun esa buning yakuniy natijasi charchoq, hissiy toliqish hamda ishdan uzilish tobora qiyinlashib borayotgani hissini paydo qiladi. Ayniqsa, tashkilotning tezlik va oʻz vaqtida javob berish boʻyicha talablari oshib borayotgan bir paytda bu kuchli seziladi.

SI vositalari ish joylarini qanday oʻzgartirayotganiga passiv munosabat bildirish oʻrniga shaxslar ham, kompaniyalar ham “SI amaliyoti”ni joriy qilishlari kerak.

Bu — SIdan qanday foydalanish, qachon toʻxtash oʻrinli ekani hamda yangi imkoniyatlarga javoban ish qay tarzda kengayishi kerakligi va kerak emasligini belgilab beruvchi aniq maqsadli normalar hamda qoidalardir. Bunday amaliyotlarsiz SI yordamida ishlashning tabiiy tendensiyasi ishni kamaytirish emas, balki jadallashtirish hisoblanadi. Bu esa hissiy toliqish, qaror qabul qilish sifati va uzoq muddatli barqarorlikka oʻz taʼsirini koʻrsatadi.

Tashkilotlar oʻzlarining “SI amaliyoti”ni yaratish ustida ishlayotganda quyidagilarni joriy qilishni koʻrib chiqishlari kerak:

Maqsadli tanaffuslar

Vazifalar tezlashib, chegaralar xiralashib borayotgan bir paytda xodimlarga ish surʼatini nazorat qiluvchi qisqa va tartibga solingan oraliq vaqtlar yordam berishi mumkin. Oldinga siljishdan oldin maqsadga muvofiqlikni baholash, taxminlarni qayta koʻrib chiqish yoki maʼlumotlarni tahlil qilish uchun maxsus ajratilgan tanaffuslar.

Bu tanaffuslar umuman olganda ishni sekinlashtirmaydi; ular shunchaki ish tezlashuvi nazoratsiz qolganda yuzaga keladigan ortiqcha yuklamaning sezdirmay yigʻilib qolishining oldini oladi. Masalan, qaror qabul qilish tanaffusi muhim qaror tasdiqlanishidan oldin bitta qarshi dalil topishni va u tashkilot maqsadlariga qanchalik mos kelishini koʻrsatuvchi aniq aloqani talab qilishi mumkin — bu jarayonda asosiy maqsaddan chalgʻib ketmaslik uchun eʼtibor maydonini yetarlicha kengaytirib beradi. Bunday tanaffuslarni kundalik ish jarayoniga kiritish — tashkilotlar SI bilan boyitilgan muhitda yaxshiroq qarorlar qabul qilinishi, sogʻlom chegaralar va barqaror samaradorlikni qoʻllab-quvvatlashi mumkin boʻlgan usullardan biridir.

Ketma-ketlik (sequencing)

SI fonda doimiy faollikni taʼminlayotgan bir paytda tashkilotlar ish nafaqat qanchalik tez, balki qachon oldinga siljishini ongli ravishda belgilab beruvchi normalardan foyda koʻrishi mumkin. Bu oʻz ichiga shoshilinch boʻlmagan bildirishnomalarni guruhlashni, apdeytlarni ishdagi tabiiy tanaffuslargacha ushlab turishni hamda xodimlar har xil chalgʻituvchi omillardan asralgan holda diqqatini jamlay oladigan vaqtlarni (focus windows) himoya qilishni oladi.

Ketma-ketlik (sequencing) SI ishlab chiqargan har bir natijaga u paydo boʻlishi bilanoq reaksiya bildiraverish oʻrniga ishning oʻzaro mantiqiy bosqichlarda oldinga siljishiga undaydi. Muvofiqlashtirish ishlari shu tarzda tartibga solinganda, xodimlar ishning parchalanib ketishiga va diqqatni boshqa tomonga yoʻnaltirish (context switch) bilan bogʻliq qiyinchiliklarga kamroq duch keladilar, jamoalar esa umumiy unumdorlikni saqlab qoladi. Doimiy ravishda darhol javob qaytarishni talab etish oʻrniga ishning tartibi va vaqtini nazorat qilish orqali ketma-ketlik tizimi tashkilotlarga eʼtiborni saqlab qolishga, kognitiv yuklamani kamaytirishga hamda SI faol ishlatiladigan mehnat muhitida yanada oʻylangan qarorlar qabul qilinishiga yordam bera oladi.

Insoniy aloqalarni saqlash

SI mustaqil, yolgʻiz holda koʻproq ishlashga imkon bergani sari tashkilotlar bir-birini eshitish va insoniy muloqot uchun vaqt hamda makonni himoya qilishdan manfaatdor boʻladi. Boshqalar bilan bogʻlanish uchun ajratilgan qisqa vaqtlar — bu qisqa kelishib olishlar (check-ins), gʻoyalarni birgalikda muhokama qilish daqiqalari yoki tartibga solingan muloqot orqali boʻladimi — SI vositalari bilan uzluksiz, yakkaxon ishlashni toʻxtatib, insonlarga xos obyektivlikni qayta tiklashga yordam beradi.

Obyektivlikdan tashqari ijtimoiy muloqot kreativlikni qoʻllab-quvvatlaydi. SI yagona, umumlashtirilgan nuqtayi nazarni taqdim etadi, ammo ijodiy gʻoyalar doimo insonlarning turli xil qarashlari toʻqnashgan joyda tugʻiladi. Eshitish va muloqot qilish uchun vaqt hamda joyni amaliyotga joriy etish orqali tashkilotlar ishni ijtimoiy muhitga moslashtiradi. Bu esa tezkor va SI orqali boshqariladigan ishning kishini toliqtiruvchi, jamiyatdan uzoqlashtiruvchi taʼsiriga qarshi turishga yordam beradi.

Generativ SIning kuchi faqat uning ishda nimalar qila olishida emas, balki uning kundalik ish ritmiga qanchalik oʻylab joriy qilinishida hamdir. Topilmalarimiz shuni koʻrsatadiki, agar aniq bir maqsadsiz qoʻllansa, SI koʻproq ishlashni osonlashtiradi, lekin toʻxtashni qiyinlashtirib qoʻyadi. “SI amaliyoti” esa muvozanatni taklif qiladi: yaʼni ish jarayoni tezlashayotgan bir vaqtda ham tiklanish hamda mushohada yuritish uchun vaqt qoldirish usulini beradi. Bugungi kunda tashkilotlar oldida turgan masala bu SI ishni oʻzgartiradimi yoki yoʻqmi degan savol emas, balki ular bu oʻzgarishni faol ravishda oʻzlari boshqaradimi yoki u sezdirmasdan oʻzlarini boshqarishiga yoʻl qoʻyib beradimi — asosiy jihat shunda.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Harvard Business Review

Harvard Business Review

O'xshash maqolalar