Sun'iy Intellekt

Sun'iy intellekt nima? SI haqida batafsil

Sunʼiy intellekt nima ekani va nega bunday nomlanganini batafsil maqoladan bilib oling.

Sunʼiy intellekt oʻzi nima?

Sunʼiy intellekt bu — ilgari faqat inson aqliy salohiyati yordamida amalga oshirilgan vazifalarni bajara oladigan mashina qobiliyatini ifodalaydigan konsepsiya. Bu konsepsiya taxminan 1950-yillarda paydo boʻlgan. Uning taʼrifi oʻn yillar mobaynida oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar va texnologik yutuqlar natijasida oʻzgarib borgan.

Bugungi kunda SI oʻzini oʻzi boshqaruvchi avtomobillar, noutbuklar, ChatGPT kabi chatbotlar va tasvir yaratuvchi dasturlarni boshqaryapti. Xoʻsh, u nima oʻzi va qanday ishlaydi?

Sun’iy intellekt iborasi aslida shunday g‘oyadan kelib chiqqan: agar aql-idrok organik hayotga xos bo‘lsa, uning boshqa joyda mavjudligi uni sun’iy qiladi. Kompyuter olimi Alan Tyuring birinchilardan bo‘lib mashinalarning ham odamlar kabi axborot va mantiqdan foydalanib qaror qabul qilishi mumkinligi g‘oyasini o‘rgangan. U “Tyuring testi” deb nomlangan usulni taklif etgan. Bu test mashina qobiliyatini insonniki bilan taqqoslab, odamlarning uni sun’iy ekanini aniqlay olish-olmasligini tekshiradi. Masalan, ishonchli deepfake’lar sun’iy intellektning Tyuring testidan muvaffaqiyatli o‘tganini ko‘rsatadi.

Asosiy hisoblash tizimlari dasturchilar tomonidan muayyan vazifalarni bajarish uchun kodlangani sabab ishlaydi. Lekin SI faoliyati uchun kompyuter maʼlumotlarni, oldingi buyruqlarni xuddi inson miyasi koʻnikmalar va xotiralarni eslab qolish orqali oʻrganganidek saqlash qobiliyatiga ega boʻlishi kerak. Aynan mana shu narsa SI tizimlariga maxsus dasturlashtirilmagan vazifalarni bajarishga moslashish va yangi koʻnikmalarni oʻzlashtirish imkonini beradi.

Ba’zi mutaxassislar aqliy qobiliyatni moslashish, muammolarni yechish, rejalashtirish, yangi vaziyatlarda ijod qilish va yangi narsalarni o‘rganish qobiliyati sifatida ta’riflaydi. Bu tizimlar inson aqli yoki ijtimoiy muloqotning o‘rnini bosa olmasa-da, bugungi sun’iy intellekt inson aqlida mavjud bo‘lgan ayrim xususiyatlarni namoyon etmoqda. Bularga o‘rganish, muammolarni hal qilish, qonuniyatlarni aniqlash, idrok etish va hatto cheklangan darajada bo‘lsa-da, ijodkorlik hamda ijtimoiy onglilik kabi xususiyatlar kiradi.

Albatta, inson aqlining muhim komponenti boʻlgan kontekstni SI hali takrorlay olgani yoʻq. Masalan, Google sunʼiy intellekti real dunyo mantigʻini tushunmaydi va kinoya hamda hazil kabi insoniy nozikliklarni anglashga ojiz. Bu holatni ushbu texnologiyaning pishloq yaxshiroq yopishishi uchun pitsa sousiga yelim qoʻshishni yoki spagettini oʻtkir taʼmli qilish uchun benzindan foydalanishni maslahat berishi yaqqol isbotlaydi. Keltirgan misollarimiz unchalik ahamiyatga ega boʻlmasa-da, semantik tushunchaga ega boʻlmagan holda harakat qiluvchi SI tizimi notoʻgʻri vaziyatda jiddiy oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin.


Manba: What is AI? Everything to know about artificial intelligence

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/67c7cf75fb90b543190098c1/20250305041338938.original.png

ZDNET