Bu nima?
Server oʻzi nima?
Server soʻzi koʻpchilikka tanish boʻlsa kerak. Bu galgi maqolamizda server nima ekani va uning vazifalarini batafsil izohlaymiz.
Server nima?
Server mijoz deb ataladigan boshqa dastur, qurilmalarni funksionallik bilan taʼminlovchi qurilma yoki dasturdir. Ushbu arxitektura mijoz-server modeli deb yuritiladi.
Bunda yagona umumiy hisoblash bir necha jarayonlar yoki qurilmalar oʻrtasida taqsimlanadi. Serverlar turli xil funksiyalarni, yaʼni xizmatlarni taqdim etishi mumkin. Bu xizmatlarga bir nechta mijozlar oʻrtasida maʼlumot va resurslar almashish yoki mijoz uchun hisob-kitoblarni bajarish kiradi. Bitta server bir nechta mijozga xizmat koʻrsatishi yoki, aksincha, bitta mijoz bir nechta serverdan foydalanishi mumkin.
Serverlardan foydalanish
Mijozdagi jarayon ayni bitta qurilmada amalga oshishi mumkin. Shuningdek, u boshqa qurilmada ishlaydigan serverga tarmoq orqali ulana oladi ham. Serverga misol tariqasida maʼlumotlar bazasi serverlari, pochta serverlari, chop etish serverlari, fayl serverlari, veb serverlar, ilova serverlari va oʻyin serverlarini keltirishimiz mumkin. Aksariyat hollarda mijoz-server tizimlari soʻrov-javob muloqot shaklida amalga oshadi. Yaʼni mijoz serverga soʻrov yuboradi. Bu modelda server muayyan harakatlarni amalga oshirib, natija yoki tasdiqlash bilan mijozga javob qaytaradi.
Kompyuterni server toifasidagi qurilma sifatida belgilash uning serverlarni ishga tushirish uchun maxsuslashtirilganini anglatadi. Bu esa uning oddiy shaxsiy kompyuterlarga nisbatan kuchliroq va ishonchliroq ekanini bildiradi. Lekin katta hisoblash klasterlari koʻplab oddiyroq, nisbatan oson almashtiriluvchi server qismlaridan tashkil topgan.
Server tarkibiy qismlari
Serverning tarkibiy qismlari birgalikda mijozlarga funksionallik, resurslar va xizmatlar taqdim etishga moʻljallangan. Muayyan komponentlar berilgan serverning shakli va funksiyasiga koʻra farqlanadi. Biroq bu yerda umumiy komponentlar haqida maʼlumot bermoqchimiz.
Qurilma. Maxsus serverning markaziy protsessor bloki, xotirasi, saqlash qurilmasi, tarmoq interfeyslari va server korpusi.
Server OT (operatsion tizimi). Bu maʼlum turdagi mijoz/server muhitini hisobga olib ishlab chiqilgan.
Tarmoq aloqasi. Server dasturlari lokal tarmoq (LAN), keng miqyosli tarmoq (WAN) yoki internet orqali tarmoq arxitekturasiga ulanib, mijoz qurilmalari bilan aloqa oʻrnatadi. Turli xil tarmoq sozlamalariga moslashish va zaxira (biri ishlamay qolsa, oʻrniga boshqasi ishlashi uchun) bilan taʼminlash maqsadida ayrim server turlari bir nechta tarmoq interfeyslarini oʻz ichiga oladi.
Boshqaruv va monitoring vositalari. Serverlar koʻpincha masofadan boshqarish va jarayonni monitoring qilishga moʻljallangan vositalar bilan taʼminlanadi.
Server dasturiy taʼminoti. Bu dasturiy taʼminot muayyan foydalanish holatini qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan. Bunga elektron pochta serverlari, veb serverlar va maʼlumotlar bazasi serverlari uchun dasturiy taʼminotlar kiradi.
Yuqori darajada ishlash xususiyatlari. Uzilishlar vaqtini kamaytirish va uzluksiz ishlashni taʼminlash uchun baʼzi serverlarga yuqori darajada ishlash imkoniyatlari qoʻshilgan. Bunday imkoniyatlarga koʻplab xotira tizimlari, zaxira quvvat taʼminoti va tarmoq interfeyslari kiradi. Yana avtomatik ravishda nosozliklarni bartaraf etish va yuklamani muvozanatlashtirishni taʼminlaydigan konfiguratsiyani boshqarish vositalariga ega boʻlishni ham oʻz ichiga oladi.
Server qanday ishlaydi?
Qurilma server vazifasini bajarishi uchun tarmoq orqali mijozlarning soʻrovini tinglashga sozlanishi kerak. Operatsion tizim ushbu funksionallikni oʻrnatilgan dastur, funksiya yoki ikkisining uygʻunlashuvi koʻrinishida oʻz tarkibiga kiritishi mumkin.
Microsoft kompaniyasining Windows server operatsion tizimi mijozlarning soʻrovlarini qabul qilish va ularga javob berish imkoniyatiga ega. Unga qoʻshimcha funksiyalar yoki xizmatlar oʻrnatilgani sayin mijoz soʻrovlarining turlari koʻpayib boradi. Bunga yana bir misol: veb brauzerlardan kelgan soʻrovlarni boshqarish uchun operatsion tizim ustiga Apache nomli qoʻshimcha dastur oʻrnatiladi. Mijozga serverdan maʼlumot yoki funksionallik kerak boʻlganda u tarmoq orqali soʻrov yuboradi. Server esa bu soʻrovni qabul qilib, zarur maʼlumotlarni javob tarzida taqdim etadi. Bu mijoz-server tarmogʻining soʻrov-javob modeli boʻlib, odatda chaqiruv va javob modeli deb ham yuritiladi.
Bitta soʻrov-javob jarayonida server koʻpincha bir qator qoʻshimcha vazifalar bajaradi. Bular qatoriga mijoz shaxsini tasdiqlash, mijozning soʻralayotgan maʼlumotlar yoki resurslarga kirish huquqi bor-yoʻqligini aniqlash hamda talab qilingan javobni kutilgan shaklda toʻgʻri formatlab qaytarish kabilar kiradi. Bu vazifalar odatda soʻrov va javob jarayonining ajralmas qismi sifatida bajariladi.
Server turlari va ilovalari
Ilova serverlari
Bu serverlar veb ilovalarni, yaʼni veb brauzer ichida ishlaydigan kompyuter dasturlarini oʻz ichiga oladi. Ular tarmoqdagi foydalanuvchilarga mazkur ilovalarni oʻz kompyuterlariga oʻrnatmasdan turib ham ishga tushirish va foydalanish imkonini beradi. Ushbu serverlar World Wide Web (WWW)ning bir qismi boʻlishi shart emas. Veb brauzerga ega boʻlgan kompyuter ularning mijozlaridir.
Katalog serverlari
Ushbu serverlar katta miqyosda taqsimlangan tarmoq boʻylab topish mumkin boʻlgan maʼlumotlarning indeksi yoki mundarijasini oʻzida saqlaydi. Tarqatilgan tarmoqlarga kompyuterlar, foydalanuvchilar, fayl serverlarda ulashilgan fayllar va veb ilovalar kiradi. Katalog serverlariga maʼlumotlar serveri va nom serverlari misol boʻla oladi. Tarmoq boʻylab biror narsani topishi kerak boʻlgan istalgan kompyuter dasturi ularning mijozlaridir. Bunga misol qilib, tizimga kirmoqchi boʻlgan domen aʼzosi, elektron pochta manzilini qidirayotgan pochta dasturi yoki biror fayl izlayotgan foydalanuvchini keltirish mumkin.
Aloqa serverlari
Bu turdagi serverlar maʼlum bir aloqa nuqtasining boshqa nuqtalarni topishi va ular bilan muloqot qilishi uchun zarur boʻlgan muhitni taʼminlaydi. Tarmoqning ochiqlik va xavfsizlik parametrlariga qarab, bu serverlar aloqa nuqtalarining roʻyxati va mavjudlikni aniqlash xizmatini oʻz ichiga olish-olmasligi mumkin. Bu serverlarga aloqa nuqtalari mijoz boʻla oladi.
Hisoblash serverlari
Bu serverlar tarmoq orqali protsessor va tezkor xotira kabi katta hajmdagi hisoblash resurslarini ulashadi. Shaxsiy kompyuterdan koʻra koʻproq protsessor quvvati va tezkor xotira talab qiladigan har qanday kompyuter dasturi bu turdagi serverlardan foydalanishi mumkin. Mijoz-server jarayoni ishga tushishi uchun mijoz kompyuteri tarmoqqa ulangan boʻlishi shart. Chunki bu model uchun tarmoqqa ulanish zaruriy talabdir.
Database serverlari
Ular tarmoq boʻylab har qanday shakldagi maʼlumotlar bazasini saqlaydi va ulashadi. Maʼlumotlar bazasi oldindan belgilangan xususiyatlarga ega maʼlumotlarning tartibli toʻplamidir. Ular jadval shaklida taqdim etilishi mumkin. Bu serverlarning mijozlariga toʻxtaladigan boʻlsak, ularga elektron jadvallar, buxgalteriya hisobi dasturlari, aktivlarni boshqarish tizimlari yoki yaxshi tashkillashtirilgan, ayniqsa, katta hajmli maʼlumotlarni qayta ishlaydigan har qanday kompyuter dasturi kiradi.
Faks serverlari
Bu turdagi serverlar tarmoq orqali bitta yoki bir nechta faks mashinasini ulashadi. Bu esa kirish muammosini hal qiladi. Har qanday faks yuboruvchi yoki qabul qiluvchi bu serverlarga mijoz boʻladi.
Fayl serverlari
Tarmoq orqali fayl va papkalarni, ularni saqlash uchun xotira joyini yoki ikkalasini ham ulashadi. Asosiy mijozlar tarmoqlangan kompyuterlar bo‘lsa-da, mahalliy dasturlar ham mijoz sifatida ishlashi mumkin.
Oʻyin serverlari
Bu serverlar bir nechta kompyuter yoki oʻyin qurilmalariga koʻp ishtirokchili oʻyinlar oʻynash imkonini beradi. Mijozlari shaxsiy kompyuterlar va oʻyin konsollaridir.
Pochta serverlari
Xuddi pochta boʻlimi xat-xabar orqali kommunikatsiyani taʼminlagani kabi bu serverlar ham elektron pochta aloqasini amalga oshirish imkonini beradi. Elektron xabar yuboruvchilar va qabul qiluvchilar uning mijozlaridir.
Chop etish serveri
Bu serverlar bir yoki bir nechta printerlarni tarmoq orqali ulaydi. Bu esa jismoniy kirishda boʻladigan qiyinchiliklarni hal qiladi. Ularning mijozlari biror narsani chop etishga ehtiyoji bor kompyuterlardir.
Proksi serverlar
Bu serverlarning vazifasi mijoz va server oʻrtasida vositachilik qilishdir. U mijozdan kelayotgan trafikni qabul qiladi va uni serverga yuboradi. Proksi serverlardan foydalanish sabablari quyidagicha boʻlishi mumkin: kontentni nazorat qilish va filtrlash, trafik samaradorligini oshirish, tarmoqqa ruxsatsiz kirish oldini olish. Shuningdek, katta va murakkab tarmoq boʻylab trafikni oddiy yoʻnaltirish. Tarmoqqa ulangan har qanday kompyuter bu serverlarga mijoz boʻla oladi.
Veb serverlar
Bu turdagi serverlar veb sahifalarni oʻzida jamlaydi. Veb server World Wide Webʼni ishga tushirishga masʼuldir. Har bir veb-sayt bitta yoki koʻproq veb serverga ega. Veb brauzerli kompyuterlar ularning mijozlaridir.
Serverlar qayerda saqlanadi?
Serverlar maxsus shkafda yoki shishali uychada saqlanadi. Bu joylar nozik kompyuterlar va uskunalarni ularga kirishga huquqi boʻlmagan shaxslardan himoyalashga yordam beradi.
Masofaviy serverlar yoki joylashtirilmagan serverlar maʼlumotlar markazida joylashgan boʻladi. Bu turdagi serverlar uchun qurilmalar boshqa kompaniya tomonidan boshqariladi. Siz yoki kompaniyangiz masofadan turib sozlaysiz.
Nima uchun serverlar har doim ishlab turadi?
Serverlar har doim ishlab turishiga sabab ulardan uzluksiz xizmatlarni amalga oshirish talab qilinishidir. Shuning uchun ham ayrim serverlar hech qachon oʻchirilmaydi. Mabodo serverlar ishlamay qolsa, bu tarmoq foydalanuvchilari va kompaniyalarga koʻplab muammolar keltirib chiqaradi. Ushbu muammolarning oldini olish uchun serverlar odatda nosozliklarga chidamli qilib sozlanadi.
Har qanday kompyuter server boʻla oladimi?
Ha, boʻla oladi. Toʻgʻri tanlangan dasturiy taʼminot bilan har qanday kompyuter server vazifasini bajaradi. Kompyuteringizga FTP server dasturini oʻrnatib, tarmoq orqali boshqa kompyuterlar bilan fayllarni almashishingiz mumkin. Bundan tashqari, uyingizdagi stol usti kompyuteringizni ham serverga aylantirsangiz boʻladi. Buning uchun quyidagilarni yodda tutish muhim:
kompyuter va unga tegishli server dasturiy taʼminoti har qanday vaqtda foydalanish mumkin boʻlgan holatda ishlab turishi kerak;
kompyuter server rejimida boʻlganda uning resurslari (masalan, katta hajmli resurslarni oʻtkazuvchanligi va qayta ishlash quvvati) kompyuterda boshqa amallarni bajarishga imkon bermaydi;
agar taqdim etayotgan xizmatlardan foydalanuvchilar koʻpayib, tarqalib ketsa, barcha soʻrovni boshqarishga oddiy kompyuterning kuchi yetmasligi mumkin.
Manba: What is a Server?