SI uchun 1 mln dollar investitsiya kiritdik
SIga kiritilgan 1 mln dollar investitsiya biz uchun nima beradi?
Nafaqat Oʻzbekistonda, balki global miqyosda kamdan kam uchraydigan 1 million dollarlik sunʼiy intellekt infratuzilmasi bilan nimalar qilsa boʻladi? Investitsiya qiymati, jamiyatga foydasi va kelajakdagi rejalar haqida Mohirdev bosh direktori va asoschisi Anvar Narzullayevdan soʻradik.
Ko‘pchilikda savol tug‘ilishi tabiiy: nega buncha mablag‘ni marketingga, reklamaga sarflab, ko‘proq kurs sotish o‘rniga u hali O‘zbekistonda sinab ko‘rilmagan loyihaga tikildi?
Biz bu qarorga kelishdan oldin hamma narsani aniq hisob-kitob qilganmiz. Mohirdev anchadan beri sun’iy intellekt yo‘nalishida davlat va yirik xususiy kompaniyalar bilan bir qancha loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib keladi. Talab bor va u borgan sari ortib boryapti. Bizga bu investitsiya bir yilning o‘zidayoq bir necha karra bo‘lib qaytishini bilamiz. Tavakkaliga emas, aniq rejalashtirilgan, bizga uzoq muddat xizmat qiladigan poydevorga pul tikdik.
Bu investitsiya uchun mablag‘ qayerdan jalb qilindi?
Hech qayerdan. Bu mablagʻ to‘liqligicha Mohirdevning o‘z daromadidan bo‘ldi. Tashqaridan investitsiya jalb qilmadik, o‘zimiz ishlab topgan pulimizni yana o‘z kelajagimizga tikdik.

Klasterning kuchini oddiyroq qilib tushuntirib bera olasizmi? U bizga nima beradi?
Buni bemalol “superkompyuter” desak bo‘ladi. Tasavvur qiling, u eng kuchli MacBook noutbukidan taxminan 1 000 baravar kuchliroq. Ilgari biz Googleʼning eng qimmat serverlaridan foydalanganimizda bitta modelni o‘qitish uchun 1–2 hafta vaqt sarflardik. Hozirgi klasterimiz bilan bu ishni bir necha soat ichida yakunlaymiz. Bu tezlik bizga o‘nlab yangi g‘oyalarni bir kunda sinab ko‘rish imkonini beradi. O‘zbekistonda xususiy sektorda hali hech kimda bunaqa quvvatli klaster yo‘q. Chet elda ham kamdan kam odam bunday katta klaster quradi.
SI klasterining texnik xarakteristikasi:
yagona tizimga birlashtirilgan 30 ta hisoblash SI bog‘lamasi (nodes);
umumiy qiymati ~700 000$ boʻlgan 80 ta korporativ GPU tezlatgich;
SI yuklamalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 440 ta CPU yadro;
yuqori tezlikdagi 4 TB birlashgan operativ xotira (RAM);
250 TB atrofida o‘ta tezkor NVMe xotira;
o‘tkazuvchanlik qobiliyati 400 Gbit/s gacha bo‘lgan ichki tarmoq infratuzilmasi.
Bunday quvvat katta energiya va sovitishni talab qilishi aniq. Bu texnik muammolarga fikringiz qanday?
Albatta, bitta serverning o‘zi 2,5 kW dan ortiq elektr iste’mol qiladi. Biz buni hisobga olgan holda klasterimizni maxsus maʼlumotlar markaziga joylashtirdik. U yerda elektr oʻchmaydi, sovitish masalalari to‘liq yechilgan. Tanlov jarayonida ham faqatgina quvvatgamas, ekspluatatsiya xarajatlariga ham e’tibor qaratdik. Bu loyihada Mohirdev CAIOʼsi Adham Zohirov asosiy oʻringa ega. U boshchiligidagi ekspertlar barcha resurslarni zaxirasi bilan hisobga olib, aynan shu konfiguratsiyada toʻxtalganmiz.
“Sunʼiy intellekt — NLP” kursi
Dunyoda Gemini, ChatGPT kabi gigantlar turganda bizga bu klaster nima uchun kerak?
Bu yerda eng muhim masala – ma’lumotlar xavfsizligi. ChatGPT’ning bepul versiyasiga korporativ ma’lumotlarni kiritish bu – ma’lumotlarni oʻz qoʻlingiz bilan begonalarga berish degani. O‘zbekistondagi yirik banklar, davlat tashkilotlari o‘z ma’lumotlarining mamlakat tashqarisiga chiqishini xohlamaydi. Biz o‘z klasterimizda ochiq kodli (open source) modellarni mahalliylashtirib, hatto internetga ulamasdan ham ishlaydigan xavfsiz tizimlar qurib bera olamiz.
Texnologiya tez eskiradi, deyishadi. Bu infrastruktura 2 yildan keyin keraksiz matohga aylanib qolmaydimi?
Aksincha! Hozirgi tendensiya — Edge AI, ya’ni modellarni kichraytirish va optimallashtirish tomon ketyapti. Masalan, avvallari smartfonlardagi oddiy SI assistentlar ishlashi uchun ham internet talab qilinardi. Hozir esa ular qoʻngʻiroq qilish kabi maʼlum funksiyalarni bajarishi uchun internetga ulanishi shart emas.
Xuddi shunday, avvallari 100 GB operativ xotira talab qilingan modellarni ishga tushirish uchun hozir 16–32 GB xotirasi bor lokal kompyuterning oʻzi yetarli boʻlyapti. Modellar yengillashgani sari bizning klaster ham kelajakdagi yanada murakkabroq modellarni bemalol ko‘tara oladi. Bu investitsiya bizga uzoq yillar xizmat qiladi.
Bu klasterdan kurs o‘quvchilari ham foydalana oladimi?
Bizning asosiy maqsadlarimizdan biri — mutaxassis tayyorlash. Hozir data sayns va NLP boʻyicha kurslarimizni yangilayapmiz. Sunʼiy intellekt modellari shunchalik kattalashib ketyaptiki, ularni shaxsiy kompyuterda o‘qitish imkonsiz bo‘lib boryapti. Biz avval ham kurs davomida Googleʼning bulutli serverlaridan foydalanishga imkoniyat yaratgan edik. Yaʼni talabalarga bulutli serverlar bilan ishlashni o‘rgatardik, orasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan, real vazifalarni bajara oladiganlariga grant sifatida foydalanishga ruxsat berardik. Endi ularga ushbu klasterimizdan maʼlum bir darajada foydalanish uchun imkoniyat yaratamiz.
“Data sayns va sunʼiy intellekt” kursi
Bugun Mohirdev nafaqat taʼlim beruvchi platforma, balki real SI mahsulotlar ishlab chiquvchi texnologik markaz hamdir. Maqsadimiz — talaba va hamkorlarimizga eng zamonaviy yechim taqdim etish. Mohirdev jamoasi bu yo‘lda to‘xtab qolmoqchi emas. Taʼlim va infratuzilmani rivojlantirishda harakatlar hali yana davom etadi.

