Bu nima?

Stripe Payments toʻlov tizimi haqida bilasizmi?

Hozirgi kunda onlayn biznes boshlash juda oson va oddiy ish boʻlib qoldi. Bunda son-sanoqsiz platforma va vositalar onlayn doʻkonlarni tashkillash, buyurtmani qabul qilish, yetkazib berish hamda toʻlov qabul qilishda sizga yordam beradi.

Lekin 2010-yillarda hammasi bunchalar oson emas edi. Elektron tijorat yoki boshqa onlayn biznesni yoʻlga qoʻyish uchun veb-sayt yaratish kerak boʻlardi. Eski toʻlov tizimlarini yangi turdagi tijoratga moslashtirish kabi murakkab ishlarni amalga oshirishga toʻgʻri kelgan. Stripe Payments esa xuddi mana shunday bozor muhitida shakllangan.

Stripe Payments nima?

Stripe 2010-yilda toʻlovlarni internet orqali qabul qilishni osonlashtirish maqsadida tashkillangan. Oʻsha vaqtlarda kredit kartalarini qabul qilish uchun eski protsessorlardan foydalanilardi. Yoki protsessorlardan foydalanish imkonini beruvchi vositachi bilan ishlashga toʻgʻri kelardi. Protsessor deganda biznes va mijozlar oʻrtasida elektron tranzaksiyalarni amalga oshirishni taʼminlaydigan kompaniya yoki xizmatlar tushuniladi. Quyida bu haqida batafsil maʼlumot keltirilgan.

Bundan tashqari, bank, kredit karta ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va turli uchinchi tomonlar tarafidan sotiladigan koʻplab tushunarsiz qoʻshimcha xizmatlar bilan shugʻullanishga toʻgʻri kelardi. Qisqacha aytganda, kredit kartalarini qabul qilish juda murakkab va tushunish qiyin boʻlgan jarayon edi.

Albatta, bunday murakkab ishlar qachondir barham topishi kerak. Buni esa Stripe uddaladi. Stripe jarayonni soddalashtirib, koʻplab muammolarni bartaraf qildi. Xavfsizlik tizimi, tarmoqdan qatʼi nazar belgilangan stavka va ilovalar ishlab chiquvchilarga toʻlov kartalari amaliyotini oʻz dasturiga osonlik bilan qoʻshish imkonini beruvchi dasturlash interfeysi (API) kabi xizmat hamda fichalarni joriy etdi.

Stripe Payments nima uchun muhim?

Stripe Payments nega bunchalik katta ahamiyat kasb etganini bilish uchun kredit kartalarini boshqarish sohasi oʻzi qanday ishlashini oz boʻlsa ham tushunish kerak.

Koʻpchilik uchun bu oddiy va sodda jarayondek tuyuladi. Kartani qurilmaga tekkizasiz yoki ichiga kiritasiz, keyin karta raqami va maʼlumotlaringizni formada toʻldirasiz – toʻlov amalga oshadi. Bu mijozlar uchun operatsiyaning yakuniy qismidir (agar biror kutilmagan muammo chiqmasa). Ammo biznes egalari uchun bu faqat boshlanishi xolos.

Kredit karta operatsiyalari qanday amalga oshishini tushunish uchun bu jarayonda kimlar qatnashishini bilish kerak. Bunda bir-biridan aniq farq qiladigan tomonlar mavjud. Baʼzan ular orasidagi farq sezilmay ham qoladi. Asosiylari quyidagilar:

  1. Mijozlar. Tushunish juda oson — kredit yoki debit karta orqali xarid qilmoqchi boʻlgan har qanday inson bu guruhga mansub boʻladi.

  2. Tijoratchilar. Bularning kimligini deyarli hamma biladi. Tijoratchilar mijozlarga xizmat yoki tovarlarini taklif qilayotgan biznes subyektlaridir. Har bir tijoratchi oʻziga xos savdo ID raqamiga ega.

  3. Merchant tashkilotlar. Endi tushunish biroz qiyinlasha boshlaydi. Merchant tashkilotlar bu kartalarning qabul qilinishini ta’minlaydigan xizmat va vositalarni taqdim etuvchi moliyaviy muassasalar va tashkilotlardir. Ular asosan ikki guruhga boʻlinadi: 1. ISO (Independent Sales Organization – mustaqil savdo tashkiloti); 2. Protsessorlar.

  4. Protsessorlar. Ular odatda barcha operatsiyalarning asosini taʼminlaydigan yirik moliyaviy institutlardir. Protsessorlar tranzaksiyalarning haqiqiyligini tekshiradi, firibgarlik holatlarini aniqlaydi hamda pul oʻtkazmalari jarayonini boshlaydi. Masalan, Wells Fargo va Chase Paymentech kabi kompaniyalar protsessorlarga misol boʻla oladi.

  5. Mustaqil savdo tashkilotlari (ISOʼlar). Mustaqil savdo tashkilotlari protsessorlar uchun vositachilik qiladi. Ular odatda karta olish uchun zaruriy boʻlgan uskunalar bilan birga protsessorga kirish imkoniyatini sotadi. Koʻpincha sotuvchilarga texnik jihatdan yordam koʻrsatadi. Masalan, Authorize.net, Vantiv (yoki Worldpay) va Stripe.

  6. Karta chiqaruvchilar (emitentlar). Karta chiqaruvchilar isteʼmolchilarga kredit kartalarini beradigan kompaniyalardir. Visa karta va mastercardʼlarni chiqarish uchun odatda bank yoki boshqa moliyaviy tashkilotlar masʼul boʻladi. American Express va Discover kompaniyalari uchun esa karta tarmoqlari kartalarni oʻzi chiqarib beradi.

  7. Karta tarmoqlari. Karta tarmoqlari kartalaringizda tasvirlangan Visa, Mastercard, American Express, Discover kabi logotiplardir. Ular asosan oʻz tarmoqlarini emitentlarga franchayzing asosida taqdim etadi (American Express va Discover bundan mustasno).

Stripe Payments yaratilgan dastlabki davrlarda Merchant tashkilotlar bilan ishlash qiyin boʻlgan. Koʻpchilik hali ham jismoniy chakana savdo sohasida faoliyat yuritardi va elektron tijorat korxonalariga yordam berish uchun zarur texnologiya yoki bilimga ega emas edi.

Koʻpchilik anʼanaviy savdo jarayonlarida ishlagani uchun mijozlardan elektron toʻlovlarni qabul qilish murakkab va tushunarsiz boʻlgan. Narxlarning qanday boʻlishi, texnologiya xarajatlari qanchaga tushishini ham bilishmagan. Shuningdek, qanday turdagi xizmat koʻrsatilishi va protsessor texnologiyasi biznesning elektron tijorat tizimi bilan mos kelish yoki kelmasligini bilish ham qiyin edi.

Raqamli toʻlovlarga alohida eʼtibor qaratish orqali Stripe Payments bu sohada katta oʻzgarishlar qildi. Bu elektron tijorat va ilovalar orqali toʻlov qilish uchun maxsus ishlab chiqilgan platformani yaratgan dastlabki ISOʼlardan biri edi. Bundan tashqari, u xizmatdan roʻyxatdan oʻtish va foydalanishni osonlashtirish, jarayonlarni tezlashtirish, shaffoflashtirish kabi texnologik yondashuvni joriy etgandi.

Maqolamizda Stripe nima ekani, undan qanday foydalanish kerakligi, bizga qanday xizmat va imtiyozlar taqdim eta olishi, shuningdek, qaysi ilova hamda xizmatlarni Stripe bilan integratsiya qilish mumkinligi haqida maʼlumot beramiz.

Stripe qanday ishlaydi?

Stripe ISO ekanini yuqorida aytib oʻtgan edik. Bundan anglashiladiki, u tranzaksiya jarayonlarida unchalik murakkab vazifa bajarmaydi. Uning vazifasi tranzaksiyalarni toʻplash va ularning oʻtkazilishini taʼminlaydigan moliyaviy muassasalarga yuborishdan iborat.

Bu foydalanuvchilar uchun biror narsani oʻzgartiradimi?

Stripe koʻp narsani oʻzgartirmaydi. Tranzaksiya jarayonini foydalanuvchilar uchun osonlashtiradi xolos. Hisob uchun roʻyxatdan oʻtib, tasdiqlanganingizdan soʻng toʻlovlarni darhol qabul qilishni boshlashingiz mumkin boʻladi.

Stripe agregator platforma sifatida tanilgan. Foydalanuvchilar to‘liq savdogar sifatida savdo-sotiq xizmatiga ro‘yxatdan o‘tish o‘rniga platformaning savdogar hisob raqami ostida kichik savdogarlar sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Bu foydalanuvchilarni savdogar hisob raqamini ochishning ko‘pincha mashaqqatli va murakkab jarayonidan xalos qiladi. Shu bilan birga, butun jarayonni soddalashtiradi.

Tashqaridan qaraganda oson tuyulgani bilan Stripe “orqa fon”da bajaradigan vazifa biroz murakkabroq. Chunki Stripe oʻzining tijorat hisobi orqali amalga oshadigan barcha toʻlovlar tufayli firibgarlik operatsiyalari uchun katta javobgarlikni zimmasiga oladi. Lekin bu foydalanuvchilarning manfaatlariga xizmat qiladi. Chunki bu orqali Stripe oʻz platformasining xavfsizlik tizimini va firibgarlikka qarshi choralarini yanada kuchaytirishga harakat qiladi.

Foydalanish osonligi, moslanish imkoniyati va xavfsizlik tizimi Stripeʼni onlayn toʻlovlarni amalga oshirishda kredit karta bilan ishlash sohasida eng ishonchli brendga aylantirdi. Ishonchli ekanini tasdiqlash uchun Amazon, DocuSign, Peloton va Shopify kabi yirik kompaniyalar ham undan foydalanishini eslatib oʻtish kifoya. Stripe shunchalik ishonchga erishdiki, endilikda “Kim Stripeʼdan foydalanadi?” deb soʻrashning oʻrniga “Stripeʼdan kim foydalanmaydi?” deyish oʻrinli boʻlib qoldi.

Stripe Payment taqdim etadigan variantlar haqida qisqacha maʼlumot 

Dastlab Stripe oʻz faoliyatini AQShda mamlakat miqyosida juda oddiy kredit karta amaliyoti xizmatlari bilan boshlagan edi. Biroq oradan yillar oʻtishi bilan taklif etadigan xizmat turlarini kengaytirdi. Shu tariqa butun dunyo boʻylab asosiy toʻlov variantlarini qamrab olishga erishdi. U taklif etadigan asosiy toʻlov variantlari quyidagilardan iborat:

Stripe kredit karta toʻlovlari

Stripe Paymentsʼning asosiy versiyasi biznes egalariga xoh onlayn, xoh joylarning oʻzida boʻlsin, anʼanaviy bir martalik xaridlarni kredit kartalari orqali amalga oshirish imkonini beradi. Stripe American Express, Visa, Discover va Mastercard kartalarini, shuningdek, UnionPay, JCB va Diners Club kabi ayrim mashhur toʻlov vositalarini qabul qiladi, qayta ishlaydi.

Stripe Payments tijoratchilarga taqdim etadigan keng koʻlamli takliflari bilan anʼanaviy protsessorlardan ajralib turadi. Ular avvaldan yaratib qoʻyilgan toʻlov shaklini oʻrnatishi, tayyor elementlardan shakl yaratishi mumkin. Yana oʻz kodini noldan yozish imkoniyati bor, Stripeʼni yuzlab mos ilovalardan biriga (masalan, Jotform) ulay oladi. Stripe texnik koʻnikmalar darajasidan qatʼi nazar har bir kishi uchun toʻlovni amalga oshirishning turli variantlarini taklif qiladi. Bu noyob taklifdir.

Stripe raqamli hamyon toʻlovlari

Apple Pay va Google Pay toʻlov ilovalari koʻpchilikka tanish boʻlsa kerak. AQShda raqamli hamyonlar bozorining asosiy qismini ushbu ikki eng yirik texnologiya kompaniyasi boshqaradi. Mamlakatda hamyonlar odamlar uchun hali ham biroz yangilik.

Biroq xalqaro miqyosda mobil hamyonlar ommalashib boryapti. Masalan, Xitoyda 2018-yilning oʻzida yarim milliarddan ortiq odam tranzaksiyalarni amalga oshirish uchun mobil hamyonlardan foydalangan. Agar Stripe raqamli hamyonini integratsiya qilsangiz, odamlar biznesingizga toʻlovlarni qanday usulda amalga oshirishni afzal koʻrsa, shunday usulda qabul qilish imkoniga ega boʻlasiz. Bu esa elektron tijoratingizning globallashuviga imkon yaratadi.

Stripeʼning raqamli hamyon xizmati Apple va Google Pay, Microsoft Pay, Masterpass, Visa Checkout, Amex Express Checkout, WeChat Pay hamda boshqa tizimlardan toʻlovlarni qabul qilish imkoniyatini taqdim etadi.

Stripe xalqaro toʻlovlari

Biznesingizni xalqaro miqyosga olib chiqish haqida oʻylab koʻring. Stripeʼdan foydalanish orqali 135 dan ortiq valyutada koʻplab mamlakatlar boʻylab toʻlovlarni amalga oshirishingiz mumkin. Xalqaro kartalarni qabul qilish standart toʻlovlarga qoʻshimcha 1% toʻlov qoʻshadi. Boshqa valyutadan oʻtkazish esa yana 1% qoʻshimcha toʻlovni talab qiladi. Natijada Stripe xalqaro tranzaksiyalari uchun umumiy komissiya miqdori 4,9 foiz va 30 sentni tashkil etadi.

Agar komissiya miqdori yuqori tuyulgan boʻlsa, xavotirlanmang. Stripe bu toʻlovlarni kamaytirish uchun ham bir nechta takliflar beradi. Yirik tranzaksiyalar uchun toʻlovlarni amalga oshiruvchilar ACH, SEPA toʻgʻridan toʻgʻri debet, Alipay va boshqa usullar orqali 0,8% dan 2,9% gacha (qoʻshimcha 30 sentlik toʻlov bilan) miqdorda tranzaksiya toʻlovini toʻlashi mumkin. Baʼzi mamlakatlarda Stripe tijoratchilarga mahalliy toʻlovlarni qabul qilishni osonlashtirish va vositachilik toʻlovlarini kamaytirish uchun mahalliy filial hisoblarini ochish imkoniyatini beradi.

Stripe avtomatik toʻlovlari

Obuna yoki xizmatlar uchun oldindan toʻlov (retayner) kabi muntazam takrorlanuvchi toʻlovlarni qabul qiladigan kompaniyalar uchun Stripe avtomatik toʻlovlar imkoniyatini taqdim etadi. Bu tizim siz belgilagan muayyan bir vaqt oraligʻida muntazam ravishda bir xil miqdordagi toʻlovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Muntazam toʻlovlardan tushadigan daromad uchun Stripe rejasining asosiy afzalligi shundaki, muntazam daromadingiz 1 million dollarga yetmaguncha sizdan hech qanday qoʻshimcha toʻlov olinmaydi. Lekin bu chegaradan oʻtgandan soʻng Stripe qoʻshimcha 0,4% undira boshlaydi.

Stripeʼning muntazam toʻlovlar rejasi uning umumiy hisob-kitob platformasiga kiritilgan. Bu esa boshqa turdagi hisob fakturalarni yuritishga imkon beradi. Shuningdek, platforma takroriy kredit karta tranzaksiyalari rad etilishini oldini oluvchi bir qator xavfsizlik va himoya xususiyatlariga ega.



Manba: What Is Stripe Payments?

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/673c55dfde3b0e9c74380200/20241119090938341.original.png

Jotform