Suveren sunʼiy intellekt
Davlatlar nega mustaqil sunʼiy intellekt ekotizimi qurishi kerak?
Suveren SI deganda millat yoki tashkilotning strategik mustaqillikni ta’minlash hamda ichki qadriyatlar va qonunlarga muvofiqlikni saqlash uchun o‘z SI imkoniyatlarini ishlab chiqish, uni nazorat qilish qobiliyati tushuniladi. Shuni aytish kerakki, suveren SI yagona ta’rifga ega emas. Aksincha, u to‘rtta alohida komponentning o‘zaro ta’siri natijasidir:
hududiy – ma’lumotlar va hisoblash quvvatlari jismonan qayerda joylashgani;
operatsion – ma’lumotlar va hisoblash quvvatlarini kim boshqarishi, xavfsizligini ta’minlashi;
texnologik – asosiy stek va intellektual mulk kimga tegishli ekani;
huquqiy – kirish huquqlari va muvofiqlikni qaysi yurisdiksiya tartibga solishi.
Shu nuqtayi nazardan qaralsa, suveren SIni manfaatdor tomonlar va mahalliy sharoitga qarab suverenitetning turli darajalari bo‘ylab taqsimlangan potensial yechimlar spektri deb hisoblagan ma’qul:

Suveren SI sun’iy intellekt sohasidagi eng katta imkoniyatlardan biridir. McKinsey hisob-kitoblariga ko‘ra, SIga sarflanadigan xarajatlarning 30 dan 40 foizigacha qismiga suverenitet talablari ta’sir qilishi mumkin. Bu 2030-yilga borib butun dunyo bo‘ylab taxminan 500–600 milliard dollarlik bozor shakllanishini anglatadi.
Biroq bu imkoniyatdan foydalanish o‘ziga xos amalga oshirish qiyinchiliklariga duch kelishni bildiradi. Suveren SIdagi muvaffaqiyatga bitta siyosiy qaror, bulutli shartnoma yoki “milliy model” e’lon qilinishi bilan erishib bo‘lmaydi. Aksincha, suverenitetni bir nechta qatlamlarni — energiya, hisoblash quvvati, ma’lumotlar, modellar, bulutli platformalar va ilovalarni yagona bir butun tizimga birlashtiruvchi ekotizim harakati deb tushunish kerak. Bunda egalik, operatsion modellar va javobgarlik o‘rtasidagi tarqoqlik boshqariladi va nima haqiqatan ham suveren bo‘lishi kerakligi borasida aniq tanlovlar qilinadi.
Muvaffaqiyatli ekotizimlarda muhim bo‘lgan rollar: hukumatlar, provayderlar, korxonalar va investorlar
"Suveren SI ekotizimini qurish to‘rtta alohida guruh o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni talab qiladi:
– hukumatlar ishonch, qoidalar va talabni shakllantiradi;
– provayderlar asosiy texnologiya va platformalarni yaratadi;
– korxonalar infratuzilmani real iqtisodiy qiymatga aylantiradi;
– investorlar esa masshtabni kengaytirish uchun zarur bo‘lgan kapital va xavfga chidamlilikni ta’minlaydi."
Quyida biz so‘rovnomalarimiz natijalariga tayangan holda har bir rolni ko‘rib chiqamiz. Tarqoq pilot loyihalardan keng ko‘lamli natijalarga o‘tish uchun zarur bo‘lgan harakatlar va cheklovlarni yoritib beramiz.
Hukumatlar: muvofiqlashtiruvchi, investor, tartibga soluvchi va asosiy mijoz sifatida
Hukumatlar tarqoq intilishlarni muvofiqlashtirilgan ijroga aylantirish bo‘yicha unikal qobiliyatga ega va shu sababli yetakchi ekotizimlarda markaziy o‘rin tutadi.
Hukumatlar suverenitet chegaralarini belgilaydi. Ular qaysi ish yuklamalari (workloads) qat’iy suverenitetni talab qilishi (masalan, mudofaa, fuqarolarning maxfiy ma’lumotlari va muhim infratuzilma), qaysilari gibrid modellardan foydalanishi mumkinligi va qaysilari asosan global bo‘lib qolishini belgilaydi. Keyin mana shu tanlovlarni amaliy nazorat choralariga (masalan, ma’lumotlar tasnifi, audit imkoniyati va kalitlarga egalik qilish) aylantiradi. Sertifikatlashtirish rejimlarini yaratish orqali hukumatlar “ishonchli” tushunchasini standartlashtirishga yordam beradi. Natijada tartibga solinadigan sohalar texnologiyalarni tez va samarali joriy eta oladi.
Hukumatlar texnologiyani joriy qilish jarayonini tezlashtirish uchun talabni birlashtiradi. Davlat sektorining talabi dastlabki investitsiyalarni oqlash uchun bir nechta yirik va o‘zaro mos keluvchi provayderlarga asoslangan ko‘p yillik dasturlarga jamlanishi mumkin.
Hukumatlar, shuningdek, qulay siyosat va maqsadli investitsiyalar orqali taklifni rag‘batlantiradi. Siyosatchilar yirik infratuzilma ishlab chiquvchilari uchun ruxsatnomalar berish va energiya tarmoqlari tayyorligini tezlashtirish orqali quvvatlarni kengaytirishi hamda SI yuklamalari uchun uzoq muddatli energiya rejalashtirish imkonini berishi mumkin.
Texnologiya provayderlari: imkoniyatlarni yaratish, ishonchni mahalliylashtirish va qonuniylik uchun hamkorlik qilish
Provayderlar tarkibiga hyperscaler’lar, mahalliy bulut provayderlari, neocloud’lar, ma’lumotlar markazi operatorlari, telekom kompaniyalari, model ishlab chiquvchilar va integratorlar kiradi. Yetakchi ekotizimlar kamdan kam hollarda faqat hyperscaler yoki faqat mahalliy provayderni tanlaydi. Buning o‘rniga har biri o‘z ustunligiga ega bo‘lgan qatlamda raqobatlashadigan va hamkorlik qiladigan arxitektura loyihalanadi.
Bizning so‘rovnomamiz natijalari provayderlar hisobga olishi kerak bo‘lgan asosiy ziddiyatni ko‘rsatyapti. Aksariyat korxona rahbarlari suveren SIni strategik jihatdan muhim deb ta’riflashsa-da, faqat suverenitetning o‘zi kamdan kam hollarda vendorni almashtirish haqidagi qarorga sabab bo‘ladi. Qarorda narx, unumdorlik va ishonchlilik ustunlik qiladi. Bu suveren variantlarga talab pastligini anglatmaydi. Aksincha, bu korxonalarning xavf-xatarlarni qanday boshqarishini aks ettiradi: suverenitet asosan ma’lum bir yuklamalar — maxfiy ma’lumotlar, huquqiy tartibga solish yoki muhim xizmatlar bilan bog‘liq ishlar uchun muhim.
Haqiqatan ham suveren SI takliflari global muqobillardan 10 dan 30 foizgacha qimmatroq deb qabul qilinadi. Suveren SI ishtirokchilari global muqobillardan foydaliroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar bor. Biroq bu ishtirokchilar mijozlarga bunday holatlarni tushuntirib berishlari va nima uchun yuqori narx o‘zini oqlashini isbotlashlari kerak bo‘ladi.
Provayderlar uchun xulosa aniq. Suveren SIga talab mavjud, ammo u tanlov asosida. Suverenitet shunchaki umumiy bir funksiya (feature) sifatida sotilganda emas, balki xavfni aniq kamaytirsa yoki tartibga solinadigan muhitda ishlash imkonini bersagina, tijoriy jihatdan ahamiyatli bo‘ladi. Yaʼni amalda bu provayderlar ekotizim darajasidagi suverenitet talablarini aniq va korxonalar uchun yuklama darajasida qabul qilish oson bo‘lgan takliflarga aylantira olsa, muvaffaqiyat qozonadi.
Korxonalar: talabni yaratish, ma’lumotlar bilan ta’minlash, joriy etishni sanoatlashtirish
Korxonalar suverenitetni keng ko‘lamli iqtisodiy qiymatga aylantiradigan talab dvigatellaridir. Yetakchi ekotizimlarda tartibga solinadigan korxonalar va davlat tashkilotlari butun ekotizimga qilinadigan investitsiyalarni oqlaydigan asosiy mijozlar vazifasini bajaradi.
Suveren SI imkoniyatlariga korxonalarning qiziqishi hozirda keng tarqalgan. Biroq ko‘pchilik uni 2026-yilgi roadmap’lariga kiritgan bo‘lsa-da, juda kamchiligi batafsil strategiya, harakat rejasi, byudjet va ish yuklamalarini darajalarga ajratish rejasiga ega.
Operatsion tayyorgarlikning yetishmasligi suveren bulutli va SI migratsiyalari odatda uch-to‘rt yil davom etishini tushuntirishga yordam beradi. Bu muddatlar asosan texnologik cheklovlar bilan emas, tartibga solinadigan yuklamalarni ko‘chirish uchun zarur bo‘lgan tashkiliy ishlar bilan bog‘liq. Shuning uchun suveren SIni joriy qilish shunchaki vendorni almashtirish emas, ko‘p yillik transformatsiyadir.
Shu bilan birga, uzoq migratsiya muddatlarini texnik imkoniyatlarning yetishmasligi deb talqin qilmaslik kerak. Suveren va mahalliy provayderlar xizmat ko‘rsatish darajasi bo‘yicha, ayniqsa, SI stekining pastki qatlamlarida global muqobillar bilan tobora ko‘proq tenglashyapti.
Suveren SI migratsiyalari texnologiya yetilmaganligi uchun emas, balki korxonalar suverenitet qayerda haqiqatan ham muhimligini hal qilishda va o‘z operatsion modellarini shunga moslashtirishda qiynalayotgani uchun sekin kechyapti. Natijada provayderlar suverenitetga mafkura sifatida emas, balki portfolio qarori sifatida qarashni — yuklamalarni suveren, gibrid va global turlarga ajratishni ko‘rib chiqishlari mumkin. Bu “yo hamma narsa, yo hech narsa” degan bahslardan qochishga va suverenitet vaqt o‘tishi bilan chuqurlashib borayotgan bir paytda natija olish vaqtini tezlashtirishga yordam beradi. Suveren talabdan foyda olishni istaganlar haqiqiy “tor nuqta”ga — ma’lumotlar tayyorligi va operatsion modelni hal qilishga sarmoya kiritishlari mumkin. Bu suveren va suveren bo‘lmagan muhitlarni qamrab oladigan mashinani o‘qitish operatsiyalariga (MLOps) ega ma’lumotlar mahsulotlarini yaratishni anglatadi. Va nihoyat, ular ekotizimni shakllantirishga hissa qo‘sha oladi. Buning uchun soha konsorsiumlariga qo‘shilish, ilk foydalanuvchi va namunaviy mijoz bo‘lish kifoya. Shuningdek, xaridlarni takomillashtirish hamda mahalliy innovatsiyalarni tezlashtirish uchun provayder va startaplar bilan hamkorlikda maxsus ilova hamda modellarni ishlab chiqish mumkin.
Investorlar: kapital bilan ta’minlash, narx xavfini boshqarish va masshtabni tezlashtirish
Suveren SI butun dunyo bo‘ylab investorlar, ayniqsa, suveren jamg‘armalar uchun asosiy investitsiya mavzusiga aylanyapti. Bu esa sohadagi investitsiya mandatlari va boshqaruvdagi aktivlarning ko‘payishiga olib keladi.
Suveren SI turli aktivlar sinflarini qamrab oladi: energiya, ko‘chmas mulk, ma’lumotlar markazlari, aloqa, bulutli xizmatlar, model ishlab chiqish, amaliy dasturiy ta’minot, kiberxavfsizlik va integratsiya. Investorlar muhim ahamiyatga ega, chunki ular foydalilik isbotlangunga qadar tashkilotlarga “noaniqlik vodiysi”dan o‘tishga yordam beradi. Ko‘pchilik investorlar butun stek bo‘ylab, ayniqsa, uning yuqori qatlamlarida investitsiyalarini ko‘paytirishni rejalashtiryapti.
Barcha qatlamlarda eng samarali investorlar ikkita narsani juda yaxshi bajaradi. Birinchidan, ular katta e’lonlar yoki spekulyativ loyihalarni emas, balki real talab va aniq qoidalarga ega loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ikkinchidan, ular kompaniyalarga o‘sish va bozordan chiqishga yordam beradi, natijada mahalliy innovatsiyalar to‘xtab qolmasdan, kengayadi.
Boshlang‘ich qatlamlar uchun aralash moliya
Moliyalashtirish tuzilmalari energiya, ma’lumotlar markazlari va asosiy platformalar kabi qoplanish muddati uzoq bo‘lgan aktivlarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat kapitalini xususiy investitsiyalar bilan birlashtirishi mumkin. Davlat ishtiroki dastlabki qurilish bosqichida xavfni kamaytirishga yordam beradi va foydalanish masshtabi oshgani sayin tijoriy shartlarga o‘tish yo‘lini ochadi.
Milliy hisoblash markazlari va SI fabrikalariga birgalikda sarmoya kiritish bunga misol bo‘la oladi. Bu ko‘pincha hukumat yoki tartibga solinadigan sohalarning uzoq muddatli xarid majburiyatlari bilan birga amalga oshiriladi.
Ushbu modellarning barchasidagi umumiy bog‘liqlik bu — muvofiqlashtirishdir. Manfaatlarni uyg‘unlashtirish, to‘siqlarni olib tashlash va suveren maqsadlarni amaliyotga aylantirish mas’uliyati shunchaki taxmin qilinmasdan, balki aniq belgilab qo‘yilgandagina hamkorlik samarali bo‘ladi.
Amaliy roadmap: ekotizim qurishning uchta to‘lqini
Amalda muvaffaqiyatli suveren SI ekotizimlari yagona chiziqli qurilish emas, bir-birini to‘ldiruvchi uchta to‘lqin orqali paydo bo‘ladi.
Birinchi to‘lqin bazani yaratish va dastlabki talabni ochishga qaratilgan. Yetakchilar qaysi ish yuklamalari haqiqatan ham suveren nazoratni talab qilishini aniqlab oladi. Bu qarorlarni boshqaruv va xarid mexanizmlariga aylantiradi hamda dastlabki investitsiyalarni oqlash uchun yetarli darajada katta bo‘lgan bir nechta namunaviy loyihalarni (lighthouse use cases) ishga tushiradi. Maqsad — to‘liqlikka erishish emas, balki ishonchni qozonish. Ya’ni suveren muhitlar ishonchli, xavfsiz va keng miqyosda ishlay olishini isbotlashdir.
Ikkinchi to‘lqin umumiy infratuzilmani va ma’lumotlar ekotizimlarini kengaytirishga e’tibor qaratadi. Talab aniq bo‘lgach, ekotizimlar hisoblash va energiya quvvatlarini kengaytiradi. Operatsion modellarni sanoatlashtiradi va sohaga oid ma’lumotlar mahsulotlariga hamda qonuniy ma’lumot almashish mexanizmlariga sarmoya kiritadi. Ko‘pgina tashabbuslar aynan shu yerda — boshqaruv, operatsion model va kadrlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilmasdan infratuzilmani kengaytirishga urinish tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
Uchinchi to‘lqin barqaror ustunlik va eksport qilinadigan imkoniyatlarni yaratadi. Ekotizimlar tanlangan sohalarda ixtisoslashuvni chuqurlashtiradi, raqobatbardosh provayderlar muhitini qo‘llab-quvvatlaydi va startaplar hamda integratorlarga o‘sish imkonini beradi. Bu bosqichda ishonchli imkoniyatlar nafaqat ichki ehtiyojlarni qondiradi, balki mintaqaviy yoki global miqyosda ajralib turish manbaiga aylanadi.
Eng ko‘p uchraydigan xato — bu ketma-ketlikning buzilishidir. Ya’ni talab va boshqaruv tayyor bo‘lmasdan turib umumiy aktivlarga katta sarmoya kiritish yoki zarur maʼlumotlar va operatsion bazaga ega bo‘lmasdan turib global yetakchilikka intilish.
Demak, suveren SI bu barcha qatlamlarda (full-stack) to‘liq mustaqillik degani emas. Bu — ekotizim o‘yinidir. Suverenitetni muhim nuqtalarda ongli ravishda qo‘llash kerak. Hukumatlar, provayderlar, korxona va investorlar manfaatini birlashtirgan yaxlit tizimlarni muvofiqlashtira olganlar muvaffaqiyatga erishadi. Ular infratuzilmani ishonchli imkoniyatlarga, bu imkoniyatlarni esa katta natijalarga aylantira oladi.
Manba: "Sovereign AI: Building ecosystems for strategic resilience and impact"

