Ochiq dars
Taʼlimda skeffolding metodi
Oxirgi oʻn yillikda taʼlim sohasida vujudga kelgan muhim konsepsiyalardan biri skeffolding metodi boʻldi. Skeffolding yangi tushunchalarni oʻquvchilar osonroq oʻzlashtirishi uchun qismlarga boʻlib oʻrgatishni anglatadi.
Bu koʻp oʻqituvchilar oʻnlab yillar davomida foydalangan jarayon, lekin soʻnggi paytlarda unga oʻquv yondashuvi sifatida koʻproq eʼtibor qaratildi.
Oʻqituvchilar dars jarayonida skeffolding metodini qoʻllash orqali oʻquvchilarning yangi materiallarni oʻzlashtirishini, oʻrgangan maʼlumotlarini eslab qolishini yaxshilaydi.
Skeffolding va differensiatsiya
Baʼzan oʻqituvchilar skeffolding va differensiatsiyani chalkashtirib qoʻyadi. Lekin bu ikkisi boshqa-boshqa narsa. Tennessi (AQSh shtati) taʼlim departamenti tomonidan chiqarilgan hisobotda differensiatsiya oʻquvchilarning har biriga mos turli xil oʻqitish usullarini taqdim etadigan tizim sifatida taʼriflangan. Skeffolding esa, aksincha, oʻquvchilar tobora murakkablashib borayotgan materiallarni oʻzlashtirishi uchun oʻquv jarayonini bosqichlarga ajratish sifatida izohlanadi.
Amaliyotda differensiatsiyalangan taʼlim mashgʻulotlarni oʻzgartirishga boʻlgan harakatlar bilan tavsiflanadi. Oʻz navbatida bu mashgʻulotlardan oʻquvchilarning mavzuni oʻrganishida foydalaniladi. Bu turli xildagi oʻrganish uslubiga ega oʻquvchilarga har xil oʻquv materiallarini taqdim etishni anglatishi mumkin. Baʼzi oʻquvchilar yuqori darajali vizual materiallar yordamida yaxshi oʻzlashtirsa, boshqalari taktil oʻrganuvchi boʻladi.
Skeffolding esa, aksincha, differensiatsiyalashgan darslarni tobora murakkablashib boradigan qismlarga ajratadi. Bu yondashuv mavzularni oʻrganishni shunday bosqichlarga boʻladiki, eski gʻoyalar yangilari bilan bogʻlanadi va oʻquvchilar mustaqil taʼlimga yoʻnaltiriladi. Buni amalga oshirish uchun bir necha usullar mavjud.
Skeffolding texnikalari
Oʻrganishni qoʻllab-quvvatlaydigan turli xildagi skeffolding strategiyalari mavjud. Ushbu strategiyalarning baʼzilari amaliy mashgʻulotlarni oʻz ichiga olsa, boshqalari mavzudagi maʼlumotlarni oʻqituvchi tushuntirishiga tayanadi. Oʻqituvchilar foydalanadigan topshiriqlar oʻrganilayotgan mavzuga va oʻquvchilarning kuchli tomonlariga muvofiq kelishi kerak.
Skeffolding texnikasini qoʻllashda oʻrganish uchun mustahkam poydevor yaratish zarur. Buning uchun eski tushunchalarni yangilari bilan bogʻlashga alohida eʼtibor qaratish lozim. Quyida oʻqituvchilar murakkab yangi tushunchalarni oʻrgatishga imkon berishi mumkin boʻlgan bir necha usullar keltirilgan.
Darsga tayyorlovchi koʻrgazmali qurollar
Koʻrgazmali qurollar endi oʻrganiladigan murakkab materiallar haqida qisqacha maʼlumot beradi. Bu vosita mavzuga kirish vazifasini bajarib, oʻquvchilar material haqida qanday oʻylashi kerakligi borasida asosiy tamoyillarni taqdim etadi. Shuningdek, u oʻquvchilarning oʻtgan darslardagi bilimini kelgusida oʻrganiladigan materiallar bilan bogʻlaydi. Bu yangi materiallarni oʻrganishga kuchli asos yaratishga yordam beradi.
Koʻrgazmali qurol namunalariga nimalar kiradi? Grafik materiallar (BBB, Venn diagrammasi, konseptual xarita, piramidasimon jadval kabilar) oʻquvchilar foydalanishi mumkin boʻlgan vizual maʼlumotlarni taqdim etadi. Kirish darsi davomida oʻquvchilar tasvirning (taqdim etilgan xarita yoki jadvallarning) tushirib qoldirilgan qismlarini toʻldirishi mumkin boʻladi. Mana shunday qoʻshimcha mashgʻulot oʻquvchilarga murakkab topshiriqlarning asosiy tamoyillarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Yoʻnaltiruvchi organayzerlar oʻz tabiatiga koʻra sodda boʻlgani uchun eng keng tarqalgan jadval turlaridan hisoblanadi. Bunda oʻqituvchilar oʻquvchilarga darsning maqsadi nima ekanini aytadi xolos. Ular avvalgi darslarni hozirgisi bilan bogʻlab, uning kelgusidagi mavzularga qanday asos boʻlishini tushuntiradi.
Dars tashkil qilishning kreativ shakli – hikoya qilishi uslubi (storytelling) boʻlib, ogʻzaki maʼlumot beruvchi qismga qiziqroq tus beradi. Unda oʻqituvchilar avval oʻtilgan darslardagi tushuncha va mavzularni bir hikoyaga jamlaydi. Hikoyaga kelgusi darslarda oʻtiladigan tushunchalar ham kiritiladi. Avvalgi va hozirgi tamoyillarni hikoya shaklida aytib berish orqali oʻqituvchi oʻquvchilarning darsni yanada qiziqarli va faolroq tarzda oʻrganishiga imkoniyat yaratadi.
Konseptual xarita va fikrlar xaritasi
Konseptual va fikrlar xaritasi (mind map) oʻrganilayotgan maʼlumotlar orasidagi aloqalarni koʻrsatib beradigan vizual grafika hisoblanadi. Bu xaritalarda oʻquvchilarga yangi maʼlumotni tushuntirish uchun mavzu bilan bogʻliq boʻlgan eski informatsiyalar keltirilgan boʻladi. Bunday xaritalar vizual oʻrganuvchilar uchun juda qoʻl keladi. Shuning uchun darsda konseptual va fikr xaritalaridan foydalanish differensiatsiya va skeffolding metodlarini qoʻllashda nihoyatda samaralidir.
Fikrlar xaritasida bir-biriga aloqador mavzular tarmoqlar orqali ulanadi, bitta markaziy kategoriya esa ularning hammasini birlashtirib turadi. Masalan, fikrlar xaritasi tuzishning oʻzini markaziy kategoriya sifatida olaylik. Endi uning asosiy tarmoqlarini oʻylab koʻring. Birinchi tarmoq kreativlik, ikkinchisi rejalashtirish, uchinchisi esa foydalilik boʻlishi mumkin.
Kreativlik gʻoya va innovatsiyalardan, rejalashtirish tarmogʻi strategiya hamda maqsadlardan iborat. Foydalilik tarmogʻi esa qiziqarlilik va oddiylik kabi kichik tarmoqlarni oʻz ichiga olishi mumkin. Endi sizda uchta tarmoqqa boʻlingan markaziy kategoriya bor. Shuningdek, tarmoqlari ham oʻzining kichikroq shoxchalariga ega boʻlgan fikrlar xaritasi paydo boʻldi. Unda turli tarmoqlar orasidagi bogʻliqliklarni ham topishingiz mumkin.
Oʻqituvchilar bu narsalardan deyarli har qanday turdagi maʼlumotni bogʻlashda foydalanishi mumkin. Masalan, siz hujayra tuzilishi mavzusini oʻtayotgan boʻlishingiz mumkin. Bunda markaziy kategoriya sifatida “inson hujayrasi”ni belgilab olasiz. Keyin markaziy kategoriyadan tarqalgan tarmoqlar sifatida oʻzak hujayralar, suyak hujayralari, qon hujayralarini olishingiz mumkin. Undan soʻng tarmoqlarni har bir turning oʻziga xos xususiyatlarini ifodalaydigan mayda shoxchalarga boʻlasiz. Bu yondashuv oʻquvchilarga inson hujayralari turining xususiyatlarini, shuningdek, ular oʻrtasidagi oʻxshash jihatlarni bilib olishda yordam beradi.
Yoʻriqnoma
Baʼzan eng yaxshi skeffolding texnikasi oʻqituvchilarga koʻp tanish boʻlgani hisoblanadi. Oʻquvchilarga oddiy usulda taʼlim berishga har doim imkoniyat mavjud. Baʼzida oʻqituvchilar oʻquvchilarni kelajakdagi yanada murakkabroq topshiriqlarga tayyorlaydigan darslar oʻtishi kerak. Bu orqali samaradorlikni kuchaytirish mumkin. Bunga eng yorqin misol til oʻrganishdir.
Til oʻrganishda oʻquvchilarga murakkab matnni oʻqishdan oldin soʻz boyligini oshirish mashgʻulotlari beriladi. Bu oʻquvchilar uchun juda foydalidir. Chunki ular oʻqish va berilgan topshiriqni bajarish jarayonida notanish soʻzlarni tushunishga qiynalsa, boshqa narsalarga chalgʻib ketishi mumkin. Oʻqishdan oldin murakkab soʻzlarni koʻrib chiqish oʻquvchilarga ularni qanday talaffuz qilishga va maʼnosini tushunishga yordam beradi.
Oʻqituvchilar oʻqish uchun berilgan topshiriqni oldindan tahlil qilib, murakkab soʻzlarni aniqlashi mumkin. Yana lugʻat koʻrib chiqilayotganda foydalanish uchun oʻquvchilarga tarqatma materiallar tayyorlab bersa ham boʻladi.
Oʻqituvchi soʻzlarni oʻquvchilar bilan birga koʻrib chiqishdan oldin bu jarayonga qiziqarli elementlar qoʻshishi mumkin. Buning uchun avval oʻquvchilarni guruhlarga boʻladi va ulardan soʻzlarning maʼnosini taxmin qilishni soʻraydi. Shundan soʻng oʻquvchilarning taxminlarini tekshiradi va qaysi soʻzlarni yoki shunga oʻxshash birikmalarni topa olganini tahlil qiladi. Mashgʻulot yakunida oʻqituvchi soʻzlarning asl maʼnosini tushuntiradi va oʻquvchilar qaysi soʻzlarni toʻgʻri topganini bilib oladi.
Skeffolding metodining afzalliklari
Dars jarayonida skeffolding oʻquv metodini qoʻllashning bir qator afzalliklari mavjud. Bu afzalliklarning ayrimlari metodlarning oʻquvchilarga shaxsiy va hissiy taʼsir koʻrsatishi bilan bogʻliq. Boshqa afzalliklariga esa baholardagi ijobiy natijalarni qoʻshish mumkin. Quyida skeffoldingning oʻquvchilarga foyda keltirishi mumkin boʻlgan ayrim usullari keltirilgan.
Skeffolding mavzuni tushunishni yaxshilaydi
Har bir oʻquvchi oʻziga xos xarakter va xususiyatga ega, shuning uchun ham darsni turli tezlikda oʻrganadi. Shu tarafdan baʼzi oʻquvchilar darsni oʻrganishda koʻpincha ortda qolib ketadi. Ular materiallarni tushunishga qiynaladi va tengdoshlari bilan bir xil darajada oʻzlashtirolmaydi. Skeffolding bu muammoni hal qilishga yordam berishi mumkin.
Skeffolding yangi mavzuni oʻrgatishda ham samarali boʻladi, chunki koʻp oʻquvchilar aynan shu paytda qiyinchiliklarga duch keladi. Oʻquvchilar yangi material boʻyicha hali tajribaga ega boʻlmagani uchun mavzuni tushunishda qiynaladi. Skeffolding esa taʼlim natijalarini oshirishda samarali deb tasdiqlangan yondashuv boʻladi.
Skeffolding muammoni hal qilish koʻnikmasini yaxshilaydi
Skeffolding oʻqituvchilarga avval oʻzlashtirilgan tushunchalarni yangi mavzuning bir qismi boʻlgan material bilan bogʻlashga yordam beradi. Oldin oʻrganilgan bu tushunchalar yangi bilimlarni oʻzlashtirishda poydevor vazifasini bajaradi. Shuningdek, oʻquvchilarga oldin oʻrganilgan materiallarga yondashgan usullaridan foydalanib, yangi mavzular haqida oʻylashni boshlaydi.
Oʻrganilgan maʼlumotlarni yangilari bilan bogʻlash oʻquvchilarga endigina olingan materiallarni tushunishda yoʻl koʻrsatadi. Bu orqali aniq fanlar darsida yangi turdagi hujayralarni oʻrganayotib, aloqadorlikni tushunishni va avvalgi darslardagi matematik masalalarni qanday yechishni eslash, yangilarida yoki murakkabroq misollarda shunga oʻxshash yondashuvlarni qoʻllashni oʻz ichiga olishi mumkin.
Skeffolding sinfda yuqori darajadagi ishtirokni taʼminlaydi
Skeffolding metodining taʼsir yoʻllaridan biri oʻquvchilarning darsga boʻlgan qiziqishini oshirishdir. Oʻqituvchilar oʻquvchilarni dars jarayoniga faolroq jalb qilish uchun turli xil usullardan foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, skeffolding usulida oʻqitish jarayonida pedagogning bolalarga yaqindan koʻmak berishi ularning shijoati pasayishining oldini oladi.
Oʻquvchilarning mavjud bilimiga asoslanadigan ushbu yondashuv yangi mavzuni oʻrganishda adashishdan saqlaydi hamda faol ishtirok etishini taʼminlaydi. Bunday yondashuv o‘quvchilarning tushkunlikka tushishini kamaytiradi hamda ularning o‘rganayotgan mavzulariga bo‘lgan qiziqishini saqlab qoladi.
Skeffolding yanada ijobiyroq boʻlgan sinf muhitini yaratadi
Skeffolding bu — sinfdagi tushkunlikga tushish va xavotirlanishni kamaytirishga yordam beradigan yondashuv. Bu ikki omil bir qator salbiy natijalarga olib kelishi va oʻquvchilarni oʻrganish jarayonidan uzoqlashtirishi mumkin. Skeffolding oʻquvchilar qiynaladigan ayrim jihatlarni bartaraf etish orqali sinfdagi salbiy omillarni yoʻq qiladi.
Odatda anʼanaviy darslarda oʻqituvchilar darsni oʻtadi, keyin esa oʻquvchilar mustaqil ravishda topshiriq bajaradi. Skeffolding esa oʻquvchilar va oʻqituvchilar oʻrtasida yuqori darajadagi oʻzaro aloqani taʼminlaydigan qoʻllab-quvvatlovchi muhitni yaratadi. Skeffoldingni qoʻllash oʻquv natijalarini yaxshilash bilan bogʻliq boʻlgan bir qator ijobiy amaliyotlarni oʻzida jamlaydi. Jumladan, hamkorlikda yoki kichik guruhlarda ishlash va oʻqituvchilarning yordamini kuchaytirish kabi usullarni birlashtiradi.
Bu yondashuv qoʻllangan sinf xonalarida oʻquvchilar baholari pasayib ketishidan qoʻrqmay ishtirok etsa boʻladigan muhit yaratiladi. Yaʼni baho qoʻyilmasdan, faqat bilim va koʻnikmalarni oshirishga xizmat qiluvchi mashgʻulotlar joriy etilgan boʻladi. Bolalar oʻqituvchi yordamida oʻzini erkin tarzda sinab koʻrishi yoki murakkab materiallarni oʻzlashtirishda sinfdoshlarining qoʻllab-quvvatlashidan foydalanishi mumkin.
Skeffolding oʻquvchilarga koʻproq qoʻllab-quvvatlovchi tuzilmaga ega boʻlgan yanada erkin muhitli sinfni yaratadi, bu yerda oʻquvchilar natijalardan xavotirlanishiga oʻrin boʻlmaydi. Bunday yondashuv oʻquvchilarning innovatsion gʻoyalarini va darsda faol ishtirok etishini ragʻbatlantirishni osonlashtiradi hamda ularning darsga kelish bilan bogʻliq xavotirlarini kamaytiradi.
Har bir oʻquvchining oʻziga ishonmaydigan muayyan bir fani bor. Skeffolding metodi qoʻllanganda fanlarga nisbatan mana shunday salbiy hislar bartaraf etiladi.
Skeffolding metodini qoʻllashdagi qiyinchiliklar
Skeffolding metodini qoʻllashda har bir oʻqituvchi duch keladigan qiyinchiliklar mavjud. Masalan, bu usulni yoʻlga qoʻyish dastlab ancha vaqt talab qilishi mumkin. Oʻqituvchilar mavjud darslarni koʻrib chiqishi, metodni qoʻllashi kerak boʻlgan joylarni aniqlashi va oʻrganishni yaxshilaydigan usullarni ishlab chiqishi kerak. Agar oʻqituvchi skeffoldingdan birinchi marta foydalanayotgan boʻlsa, bu koʻp vaqt oladi. Biroq bu boshqa holatlarda boʻlgani kabi birinchi marotaba foydalanilayotganda sodir boʻladi. Keyinchalik esa ishlab chiqilgan bu mashgʻulotlardan qayta foydalanish va darsni rejalashtirish jarayonini tezlashtirish mumkin.
Mashgʻulotlarni oʻzlari tanlash oʻqituvchilarga qiyinchilik tugʻdirishi mumkin. Avval eslatib oʻtilganidek, skeffolding metodi differensiatsiyalangan oʻqitishdan farq qiladi. Skeffolding mashgʻulotlari oʻrganish usullari turlicha boʻlgan oʻquvchilarning kuchli tomonlarini qamrab olishi kerak.
Oʻqituvchilar dars beradigan sinfining kuchli taraflarini tushunib olishi uchun vaqt ajratishi va har xil oʻrganadigan oʻquvchilarning koʻpchiligini jalb qila oladigan mashgʻulotlar ishlab chiqishi lozim. Bundan tashqari, ular individual oʻquvchilarning kuchli tomonlariga (masalan, til oʻrganishda kimdir oʻqishda, yana kimdir yozishda kuchli boʻladi) mos keladigan turli xil yordamchi mashgʻulotlarni belgilab olishi kerak. Aynan mana shu kuchli va zaif tomonlarini aniqlash koʻp vaqt talab qiladigan jarayondir.
Skeffoldingni taʼlim jarayoniga mos ravishda qoʻllash, ayniqsa, yangi oʻqituvchilar uchun qiyin boʻlishi mumkin. Tajribali oʻqituvchilar koʻpincha oʻz sinfidagi oʻquvchilarning oʻrganish uslubini osonroq aniqlaydi. Bunday oʻqituvchilar darslarni oʻquvchilarning oʻrganish uslubiga moslashtirishda qiynalmaydi. Yangi oʻqituvchilar uchun esa sinflarida nimani qoʻllash koʻproq samara berishini aniqlash va skeffolding metodi mashgʻulotlarini hech bir oʻquvchi ortda qolmaydigan tarzda farqlash qiyinroq kechishi mumkin.
Biroq skeffoldingning eng qiyin taraflaridan biri oʻquvchilarni qachon oʻz holiga qoʻyish va qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatishni bilish hisoblanadi. Ularga yangi materiallarni tanishtirish tugallanganidan soʻng mavzu ustida mustaqil ishlashga imkon berish zarur.
Baʼzan oʻquvchilarni qachon erkin qoʻyish kerakligini bilish qiyin boʻladi. Shuningdek, nazoratni saqlab qolishni istash ham insoniyatga xos xususiyatdir. Biroq oʻquvchilarga yordam berishni qachon toʻxtatish kerakligini tushunish va ularga skeffoldingni qoʻllamasdan mustaqil ravishda harakatlanishi uchun imkon berish oʻqituvchilar uchun muhimdir. Shunga qaramay, agar oʻqituvchilar quyida keltirilgan 4 bosqichli formatga rioya qilsa, sinfda skeffolding metodini muvaffaqiyatli tarzda qoʻllay oladi.
Skeffolding metodining 4 bosqichi
Shimoliy Illinoys universiteti oʻqituvchi boshchiligidagi mashgʻulotdan mustaqil oʻrganishga qadar davom etuvchi 4 bosqichli skeffolding metodini tavsiya etadi. Birinchi bosqichda oʻqituvchi mavzuni tanishtiradi va shunga aloqador vazifa beradi. Bu jarayonda u avval oʻrganilgan mavzuni yangi tanishtirilgan material bilan bogʻlaydi. Shundan keyin yangi oʻrganilgan topshiriqni qanday tugallashni koʻrsatadi. Ushbu bosqich talabalarga oʻqituvchining xatti-harakatlarini kuzatish va keyinchalik ularni takrorlashga imkon beradi.
Keyin oʻqituvchi butun sinfni shunga oʻxshash mashgʻulotni bajarishga jalb qilishi mumkin. Bu paytda oʻqituvchi topshiriq bajarilayotganda endi nima qilinishi kerakligi haqida oʻquvchilarning fikrlarini soʻraydi. Baʼzi mashgʻulotlar oʻqituvchiga bu (oʻquvchilar aytgan) mulohazalarni yozib olish va ularning har birini sinab koʻrish imkonini beradi.
Roʻyxat tuzish mumkinmi yoki yoʻqligidan qatʼi nazar darsning uchinchi bosqichida yana bir oʻxshash topshiriqni bajarish uchun oʻquvchilarni guruhlarga birlashtirish kerak. Guruhlarda oʻquvchilar birgalikda ishlashi va mashgʻulot davomida bir-birini yoʻnaltirishga yordam berishi uchun sheriklarining koʻrsatmalaridan foydalanishi mumkin.
Darsning soʻnggi bosqichida oʻqituvchilar oʻquvchilarga shunga oʻxshash topshiriqni mustaqil bajarishga ruxsat berishi kerak boʻladi. Bu bosqichda oʻqituvchi skeffoldingni butunlay toʻxtatadi va oʻquvchilarning mustaqil ishlashiga sharoit yaratadi.
Oldingi 3 bosqichda olgan bilimlariga tayanib, oʻquvchilar shunga oʻxshash muammolarni mustaqil ravishda samarali hal qila oladi. Albatta, 4 bosqichli jarayon boʻlishiga qaramay, ayrim oʻquvchilar mavzuni toʻliq oʻzlashtirmagan boʻlishi ehtimoli bor. Ushbu 4-bosqich oʻqituvchilar oʻquvchilarning muvaffaqiyatini baholashi mumkin boʻlgan muhim qism boʻlish bilan birga skeffolding jarayoni qanchalik muvaffaqiyatli kechganini aniqlash imkonini beradi.
Shuni taʼkidlash joizki, skeffolding oʻqituvchilarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatsa-da, ular buni qatʼiy qoida deb emas, balki moslashuvchan asos sifatida qoʻllashi kerak. Misol uchun, Shimoliy Illinoys universiteti tomonidan taqdim etilgan modelda dastlabki bosqichda oʻqituvchi maʼruzachi sifatida harakat qiladi. Lekin biz yuqorida muhokama qilgan fikrlar xaritasini yaratish kabi baʼzi kirish mashgʻulotlarini darsda qoʻllamaydi.
Biroq oʻqituvchining birinchi bosqichdagi tushuntirishlari qisqa va loʻnda boʻlishi hamda ikkinchi bosqich bilan uygʻunlashtirilishi mumkin. Bunda oʻqituvchi maʼlumotlarni tanishtirishi va tegishli topshiriqlarni tugallashi davomida oʻquvchilar ham mashgʻulotlarni bajaradi. Keyin oʻquvchilar guruhlarga boʻlinadi va mustaqil faoliyatga oʻtishdan avval topshiriqlarni bajarib tugatadi. 4 bosqichli model oʻqituvchilar foydalanishi mumkin boʻlgan asosiy tuzilmani taqdim etadi. Biroq uni zarur hollarda qisqartirishi yoki mavzu qiyinroq boʻlsa, ayrim bosqichlarni uzaytirishi mumkin.
Xulosa
Yuqorida aytib oʻtganimizdek, skeffolding sinfda birinchi marta qoʻllanilayotganda biroz vaqt talab qilishi mumkin. Yana yangi oʻqituvchilar uchun buni tushunish biroz qiyinroq kechadi. Shunga qaramay, bu metod oʻquvchilarga yangi mavzuni tushuntirish va oʻrganayotgan maʼlumotlarini osonroq eslab qolishga yordam beradigan kuchli vositadir.
Oʻqituvchilar avval oʻrganilgan gʻoyalarni yangilariga bogʻlash orqali kelgusi konsepsiyalarni oʻrganishga zamin hozirlaydi. Keyin esa asta-sekin mustaqil amaliyot tomon boriladi. Oʻqituvchilar oʻquvchilarini ushbu tushunchalar bilan oʻzlari muvaffaqiyatli tarzda shugʻullanishiga bosqichma-bosqich yetaklaydi.
Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.