Bu nima?
UX/UI dizayner nima ish qiladi?
Google va MTM tadqiqotlariga qaraganda interfeyslarning koʻrinishi katta ahamiyatga ega. Foydalanuvchilarning 74% i aynan shu sababdan mobil ilovalarini oʻchirib tashlar ekan.
Taom yetkazib berish xizmatiga yoki internet doʻkoniga xarid qilish uchun qaytishimiz, foydalanishni toʻxtatishimiz ularning qulayligi va soddaligiga bogʻliq. Bu borada Google va MTM hamkorligida tadqiqot oʻtkazilgan. Unga koʻra, foydalanuvchilarning 74% i aynan interfeysdan qoniqmagani sabab riteyl mobil ilovalarini oʻchirib tashlar ekan.
Veb-sayt yoki ilovaning qulayligi, mantiqiyligi va ko‘rkamligi uchun UX/UI dizayner mas’ul. UX va UI nima ekani, bu soha mutaxassisi nima ish qilishi, qancha maosh olishi va qanday ko‘nikmalarga ega boʻlishi kerakligini ko‘rib chiqamiz.
UX/UI dizayn nima va bu sohadagi mutaxassis nima bilan shug‘ullanadi?
UX/UI dizayn — foydalanuvchilar uchun qulay, tushunarli va chiroyli interfeyslarni loyihalash jarayoni. Bu sohadagi mutaxassis qanday vazifalarni bajarishini tushunish uchun avvalo UX va UI nima ekanini bilib olish lozim.
UX — user experience oʻzbek tiliga “foydalanuvchi tajribasi” deb tarjima qilinadi. Bu tushuncha o‘z ichiga veb-sayt yoki ilova bo‘ylab navigatsiya, raqamli mahsulot ichidagi funksiyalar tarkibi, tushunarli matnni qamrab oladi.
UX dizayner — mahsulot barcha foydalanuvchilar uchun qulay, tushunarli va mantiqiy boʻlishini taʼminlaydigan mutaxassis. Mijozning kerakli xizmatni tez va oson olishi uning ishiga bog‘liq. Mahsulotni ishga tushirishdan avval u doim katta tayyorgarlik ishlarini olib boradi: raqobatchilar auditi va foydalanuvchilar oʻrtasida so‘rovlar o‘tkazadi, veb-sayt yoki ilovaning maqsadli auditoriya (MA)sini o‘rganadi.
UI, user interface – foydalanuvchi interfeysi. Veb-saytni to‘ldirish, elementlarni tizimlashtirish, ranglarni tanlash, vizual kompozitsiyani yaratish, tugmalar, ustunlar va boshqa grafik elementlarni shakllantirishni oʻz ichiga oladi.
UI dizayner — nafaqat slayder, shrift, rasm va animatsiyalarni, balki navigatsiya, yagona uslub, ilova yoki veb-saytning umumiy koʻrinishini ishlab chiqadigan mutaxassis.
UX dizayner maqsadli auditoriyani o‘rganadi, mahsulot tuzilishini ishlab chiqadi, foydalanuvchi yo‘llarini tahlil qiladi. UI mutaxassis esa uning konsepsiyasini vizuallashtiradi. Ammo ko‘pincha bu ikki mutaxassislik o‘rtasidagi chegara yo‘qoladi. Shuning uchun ham bu ishlarni bitta odam — UX/UI dizayner bajaradi.
UX/UI dizaynerning ish bosqichlari
Ilova va veb-saytlar foydalanuvchilarning turli vazifalari uchun mo‘ljallangani sabab interfeys yaratish jarayonini qat’iy belgilab bo‘lmaydi. Biroq UX/UI mutaxassisning ishini shartli ravishda olti bosqichga bo‘lish mumkin.
1-bosqich. Maqsadli auditoriya tahlili
Foydalanuvchilarning o‘rtacha yoshi va jinsi, qiziqishlari, veb-sayt yoki ilovaga kirishdan maqsadi, yashash joyi — bu ma’lumotlarning barchasi maqsadli auditoriya qiyofasini yaratishga yordam beradi. Bu esa dizaynerning odamlar xatti-harakatini oldindan taxmin qilishini osonlashtiradi va ular uchun eng qulay mahsulotni yaratishga yordamlashadi.
Aytaylik, UX/UI dizayner Rossiya va butun dunyo bo‘ylab samolyot hamda poyezd chiptalari uchun agregator ilova ustida ishlamoqda. Maqsadli auditoriyani quyidagicha ifodalash mumkin:
Jinsi: erkak va ayollar.
Yoshi: 18–55 orasida.
Yashash joyi: Rossiyaning barcha hududlari.
Daromadi: o‘rtacha, o‘rtachadan yuqori.
Oilaviy holati: bo‘ydoqlar, oilalar, bolali oilalar.
Qiziqishlari: sayohat, turizm, faol hayot tarzi, biznes.
Ilovadan foydalanish maqsadlari: chiptalarni tezkor qidirish, optimal narx va yo‘nalishni izlash imkoniyati.
Agar MA tahlili shu tarzda yakunlansa, mahsulot auditoriyasi juda keng bo‘ladi. Mutaxassis maxsus ilova yaratishga qiynaladi. Shuning uchun auditoriyani segmentlarga bo‘lish mumkin:
18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan talabalar: kam daromadli, ilovadan kam, asosan, ta’til paytida foydalanadi, byudjet variantlarini afzal ko‘radi.
Yoshi 25 dan 45 gacha bo‘lgan ishbilarmonlar: daromadi o‘rtachadan yuqori, xizmat safari va ish uchrashuvlari tufayli tez-tez sayohat qiladi, yuqori toifali samolyot yoki poezdlardan foydalanadi.
Bolali/bolasiz oilalar: daromadi o‘rtacha, o‘rtachadan yuqori, er-xotin yoki ota-onalarning yoshi 25–45 orasida, ilovadan yiliga bir necha marta: uzoq bayram, ta’til va dam olish paytlarida foydalanadi.
2-bosqich. Raqobatchilar tahlili
Raqobatchilarning kuchli va zaif tomonlarini o‘rganish UX dizaynerga mahsulotni hamkasblarining xatolarini takrorlamasdan takomillashtirishga yordam beradi. Bu bosqichda nafaqat raqobatchi kompaniyalar, balki yondosh biznes bilan shug‘ullanuvchilarning ham sayt va ilovalarini tahlil qilish mumkin. Masalan, agar fitnes markazlari tarmog‘i bilan ishlayotgan bo‘lsangiz, sport oziq-ovqatlari yoki kiyimlari do‘konining interfeyslariga e’tibor berishingiz maqsadga muvofiq.
3-bosqich. Strukturani belgilash
Bu bosqichda mahsulotning asosiy bo‘limlari yaratiladi, ularning o‘zaro munosabati va joylashuvi belgilanadi. Axborot arxitekturasi sayt yoki ilova strukturasini to‘g‘ri loyihalashtirishga yordam beradi. Mahsulot kontenti foydalanuvchilar uchun qulay va mantiqiy bog‘langan bo‘lishi uchun u har bir sahifada qanday ma’lumotlar joylashtirilishi va ularni bir-biri bilan qanday bog‘lash kerakligini belgilab chiqadi.
Shuningdek, bu bosqichda Customer Journey Map – foydalanuvchi yo‘llari xaritasini yaratish mumkin. Aslida CJM – foydalanuvchi nuqtayi nazaridan foydalanuvchi va mahsulotning o‘zaro munosabatini vizuallashtirishdir. Dizayner xaritada mijozning saytga qanday yo‘llar bilan kelgani, qanday qiyinchiliklarga uchragani, nimadan cho‘chiyotgani va nima sababdan xarid qilishdan bosh tortishi mumkinligini tasvirlaydi. CJM yordamida bo‘lajak loyihaning strukturasi shakllantiriladi.
4-bosqich. Prototip yaratish
UI dizayn ustidagi ishlar prototiplashdan boshlanadi. Prototipni loyihaning maqsadli auditoriyasi testdan o‘tkazadi. U buyurtmachi yoki aksiyadorlarga namoyish etiladi, uning yordamida investorlar jalb qilinadi.
Dizayner dastlab mahsulotning umumiy konsepsiyasi va uning asosiy bo‘limlarini aks ettiruvchi sxema — wireframe yaratadi. Wireframe monoxrom va past darajadagi vizualizatsiyasi bilan ajralib turadi. Aytish mumkinki, bu veb-sayt yoki ilovaning soddalashtirilgan qoralama eskizi bo‘lib, unda mahsulotning barcha elementlari aks ettiriladi. Vayrfreym interfeys qanday ishlashi va foydalanuvchi bilan qanday o‘zaro munosabatda bo‘lishini ko‘rsatadi.
Bu ko‘ngillilar va yordamga muhtoj kishilar uchun mo‘ljallangan mobil ilova wireframeʼi
Wireframeʼdan keyin mutaxassis maket yaratishga kirishadi. Bu bosqichda interfeys logotiplar, ranglar, rasmlar va matnlar bilan to‘ldiriladi. Bo‘lajak mahsulot dizayni yanada to‘liqroq bo‘lib boradi. Maket mijoz va jamoaga veb-sayt yoki ilovaning vizual tarkibiy qismini baholashga yordam beradi.
Boshqa favqulodda yordam ko‘rsatish xizmati Apple Watch soatlarida mana shunday ko‘rinishga ega bo‘ladi. Ammo bu hozircha faqat maket, xolos
Nihoyat dizayner mahsulotning to‘liq modeli — interaktiv prototipni yaratadi. Unda veb-sayt yoki ilovaning butun kontenti boʻladi: foydalanuvchilar tugmalarni bosishi, sahifadan sahifaga o‘tishi va mahsulot funksiyalari qanday ishlashini ko‘rishi mumkin.
Bu esa interaktiv prototip. Bo‘lajak ilovaning barcha ekranlarini ko‘rish va hatto amalda sinab ko‘rish ham mumkin
5-bosqich. Testdan o‘tkazish
Prototip veb-sayt yoki ilovaning barcha vizual va funksional elementlari mavjud boʻladi. Shuning uchun u toʻliq ishga tushirilishdan oldin xatolarni aniqlash va yakuniy natijani yaxshilash maqsadida testdan o‘tkaziladi.
Testdan oʻtkazish ikki turga boʻlinadi: miqdoriy va sifat boʻyicha. Birinchi holda tadqiqot foydalanuvchilarning katta guruhi bilan o‘tkaziladi. Ikkinchisida esa ishga maqsadli auditoriyaning fokus guruhi jalb qilinadi.
Teskari aloqa UX/UI dizayner uchun juda muhim. Chunki hatto tajribali mutaxassis ham mijozning xatti-harakatlarini noto‘g‘ri taxmin qilishi mumkin. Dasturlashda qanday xatolarga yo‘l qo‘ygansiz, qaysi fichalarni almashtirgan maʼqul. Interfeys foydalanuvchilarga tushunarlimi, ular o‘z maqsadiga qanchalik tez erishyapti, mahsulotga nisbatan fikr-mulohazalar bormi — testdan oʻtkazish shu kabi va boshqa savollarga javob beradi. Bunday testlarni Google Forms, Maze yoki Quant-UX kabi vositalar yordamida o‘tkazish mumkin.
Test yakunlangach UX/UI mutaxassislar veb-sayt yoki ilovani qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Mahsulot bozorga chiqarilishidan avval uning bir necha prototipi ishlab chiqilishi mumkin.
6-bosqich. Mahsulotni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish
Veb-sayt yoki ilovaning ishga tushirilishi loyiha ustida ish yakunlanganini anglatmaydi. Relizdan biroz vaqt o‘tgach, dizaynerlar mahsulotni yana testdan o‘tkazib, takomillashtiradi va foydalanuvchilar uchun yanada samarali qiladi. Ko‘pincha veb-sayt va ilovalarga yangi funksiyalar qoʻshiladi, ba’zida esa redizayn ehtiyoji tugʻiladi.
UX/UI dizayner uchun kerakli bilim va ko‘nikmalar
O‘z ishini yaxshi bajarishi uchun UX/UI dizayner butun bir ko‘nikmalar kompleksiga ega bo‘lishi kerak. Hard skillar haqida gapiradigan bo‘lsak, undan quyidagilar talab qilinadi:
Veb-xizmatlar va mobil ilovalar uchun interfeyslarni ishlab chiqish asoslarini bilish bu — boshqa bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun xizmat qiladigan asos.
Asosiy veb dastur va vositalar bilan ishlashni bilish:
Figma — prototiplarni ishlab chiqish va testdan o‘tkazish xizmati.
Sketch — Mac foydalanuvchilari uchun vektor grafikasini yaratish va prototiplash vositasi.
Adobe XD — interfeyslarni ishlab chiqish dasturi.
Tilda, Readymag va Webflow — veb-saytlarni tezkor yaratish vositalari.
Adobe After Effects — veb-sayt animatsiyalarini vizualizatsiya qilish uchun muharrir.
UDigital marketing asoslarini bilishi lozim. Maqsadli auditoriyani o‘rganmasdan samarali va raqobatbardosh veb-sayt yoki ilova yaratib bo‘lmaydi. Shuning uchun UX/UI dizayner foydalanuvchi portretini qanday yaratish va raqobatchilar mahsulotini qanday tadqiq qilishni tushunishi kerak.
Analitik ko‘nikmalarga ega bo‘lish kerak. Faqatgina maqsadli auditoriya va raqobatchilarni o‘rganishning o‘zi yetarli emas. Shuningdek, ma’lumotlarni to‘g‘ri qayta ishlash va tahlil qilish ham muhim. Bundan tashqari, biznes vazifalarni tahlil qilish usullari — Jobs to Be Done (JTBD), shaxsga yo‘naltirilgan usul va raqobatdosh mahsulotlarni oʻrganishni bilish kerak.
Dizaynning vizual tilini bilish kerak. UX/UI dizaynerning vazifasi nafaqat mahsulotning funksionalligi va qulayligi, balki uning estetikasini ham yaratishdir. Dizayn ergonomikasi, veb-saytdagi ranglar yechimi, uning go‘zalligi — bularning barchasi yaxshi kayfiyatni yaratib, mijozning xarid qilish qaroriga ta’sir qiladi. Shu sabab soha mutaxassisi o‘z didini rivojlantirishi, shuningdek, badiiy usullar borasidagi bilimlarini kengaytirishi muhim. Bunga UX/UI dizayn bo‘yicha maxsus kurslar, soha bo‘yicha oliy ta’lim va muntazam amaliyot yordam beradi.
Prototipni ishlab chiqish, maqsadli auditoriyani tahlil qilish va boshqa texnik ko‘nikmalar haqiqatan ham muhim. Ammo ularni rivojlangan soft skillar bilan mustahkamlash ham katta ahamiyatga ega. UX/UI dizaynerga quyidagilar kerak:
Empatik bo‘lish. Foydalanuvchining muammosini hal qilish uchun u nimani his qilayotganini tushunish kerak.
Rivojlanish va o‘z-o‘zini takomillashtirishga intilish kerak. Veb dizayn sohasida doimo o‘zgarishlar bo‘lgani sabab mutaxassis yangi trendlarni kuzatib, bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borishi muhim.
Toqatli va qat’iyatli bo‘lish zarur. Veb-sayt yoki dastur dizaynini yaratish ko‘p mehnat talab qiladigan uzoq muddatli ish. Shu sabab UX/UI sohasida karyera qurmoqchi bo‘lgan kishi uchun vazifa ustida uzoq vaqt ishlash koʻnikmasi qoʻl kelishi shubhasiz.
Muloqot qila olish. UX va UI bilan faqat bir kishi shug‘ullansa ham, uning ishi jamoadagi boshqa kishilar: dasturchi, kopirayter, loyiha menejerlariga bog‘liq. Dizayner uchun vazifalarni to‘g‘ri qo‘yishni, tuzatish va takliflarni muhokama qilishni, shuningdek, hamkasblarini tinglashni o‘rganish juda muhim.
Kreativ bo‘lish. UX/UI dizayner AyTi sohasining ijodiy qismi vakili. Mijozning istaklarini vizualizatsiyalashtira bilish, muammolarga yangi yechimlarni topish qobiliyati va ijodiy yondashuv tanlangan sohada muvaffaqiyatga erishish va mahsulot dizaynida karyera qilishga yordam beradi.
Qanday qilib UX/UI dizayner bo‘lish mumkin?
Onlayn kurslar
Masalan Mohirdev platformasidagi UX/UI dizayn kursida turli veb-sayt va ilovalar uchun oʻz dizayningizni yaratishni oʻrganasiz. 5 yillik tajribaga ega art direktordan soha qoidalarini oʻzlashtirasiz va amaliyotlar bilan mustahkamlaysiz. Kurs davomida Figma va Adobe XD dasturlarida dizayn bilan ishlash oʻrgatiladi.
Mustaqil ta’lim
Telegram kanallar
Yangiliklar, butun dunyo dizaynerlari keyslari va dolzarb tadqiqotlarni “UI/UX dizayner”, “Dizayn nonushta”, “Dizayner, salom” va “Murakkab UX” Telegram kanallarida topish mumkin.
Kitoblar ↓
Interfeys. O‘zaro munosabatlarni loyihalash asoslari
Alan Kuper
Bu kitobda amerikalik dizayner, dasturchi va texnik yozuvchi Alan Kuper foydalanuvchilarning maqsadlari, ularning kutilmalari va dunyoqarashiga mutaxassis nazari bilan qaralgan dizayndagi yondashuv haqida hikoya qilgan. Muallif kitob ustida ishlashni 20 yil oldin boshlagan. Alan Kuper va hammualliflar oxirgi toʻrtinchi kitobida avvalgi nashrlardagi g‘oyalarni saqlab qolgan. Shuningdek, so‘nggi yetti yil ichida AyTi sohasida sodir bo‘lgan barcha o‘zgarishlarni hisobga olgan.
Aaron Uolter
Foydalanuvchilar qayta-qayta tashrif buyurishni istaydigan veb-saytni qanday yaratish mumkin? Qaysi mahsulot mijozda quvonch va hayrat tuyg‘ularini uyg‘otadi? Butun dunyo dizaynerlari e’tiborni jalb qilish uchun qanday usullardan foydalanadi? MailChimp kompaniyasining foydalanuvchi tajribasi sohasidagi yetakchi dizayneri Aaron Uolter o‘z kitobida mana shu va boshqa savollarga javob beradi.
Ioxannes Itten
Shveytsariyalik rassom va Bauhaus o‘qituvchisi Ioxannes Ittenning kitobi vizual bilan ishlaydigan barcha uchun qoʻllanma hisoblanadi. Rang kontrastlari, qonuniyatlari, ranglar uyg‘unligi, nazariya, mashqlar va amaliy misollar — kitobda bularning barchasini topish mumkin.
Donald Norman
Donald Norman — dizayn sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan Nielsen Norman Group asoschisi. U o‘z kitobida foydalanuvchi va dizaynerlarning odatiy xatolarini ta’riflaydi hamda ularning oldini olish usullarini taklif qiladi. Muallif his-tuyg‘ularning rolini unutmagan holda insonga yo‘naltirilgan dizaynga alohida e’tibor qaratadi.
“Dizaynning 100 ta yangi asosiy tamoyili. Diqqatni qanday saqlab qolish mumkin?”
Syuzan Ueynshenk
Bu kitob psixologiya fanlari doktori Syuzan Ueynshenkning “Dizaynning 100 asosiy tamoyili” nomli bestsellerining davomi. Yozuvchi yangi asarida neyropsixologiya, miya tadqiqotlari va ijtimoiy psixoologiya sohasidagi so‘nggi kashfiyotlardan foydalangan. Kitobda UX/UI dizaynerlari uchun ko‘plab qisqa amaliy maslahatlarni topish mumkin.
YouTube kanallar
“Design Lead” — Qozog‘iston, Belarus, Germaniya va AQShda 11 yillik ish tajribasiga ega san-fransiskolik yetakchi mahsulot dizaynerining rus tilidagi kanali.
Mahsulot dizayneri, UX resorcer, UX lid UX va UI tadqiqotlari haqida hikoya qiladi
“Veb dizayn. Stanislav Karpinskiy” — internet-do‘konlar bilan ishlashga ixtisoslashgan dizaynerning rus tilidagi yana bir kanali.
“The Futur Academy” — bosmaxona, maket yaratish, ranglar va UX/UI dizayniga ixtisoslashgan ingliz tilidagi kanal.
“Material Designy” — Material Design ishlab chiquvchilaridan dizaynerlar uchun tutorial va strimlar.
Xulosa qilamiz
UX/UI dizayner — karyerada o‘sish uchun imkoniyatlar taqdim etadigan yuqori talabga ega kasb. Virtual olamdagi mijozlar uchun raqobat ham xuddi real hayotdagidek kuchayib bormoqda. Shuning uchun biznes tarmoqda yanada empatik va mijozga eʼtiborli bo‘lishga intilmoqda. UX/UI dizayn mutaxassisi esa foydalanuvchining muammolarini bir bosish bilan hal qiladigan qulay veb-sayt va mobil ilovalarni yaratish orqali unga yordam beradi.
Manba: Кто такой UX/UI-дизайнер, чем он занимается и почему его работа так важна