Uyga vazifa kerakmi?
Oʻnlab yillardan beri tadqiqotchilar uy vazifasining foydasi va zarari borasida izlanishyapti. Yakunda esa ular faqatgina sifatli topshiriqlar muhim ahamiyatga ega degan qarorga kelishi mumkin.
Uy vazifasi borasidagi bahs-munozaralar oʻnlab yillardan beri davom etib kelmoqda. Bolalar uy vazifasini bajarishdan noliyotgan bir paytda ota-onalar va taʼlim islohotchilari uy vazifasining foyda berishiga shubha qilyapti. Koʻplab oʻqituvchilar esa uyga beriladigan topshiriqlar oʻquvchilarning oʻrganishiga yordam berishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkilaydi. Hozir maktablar yangi (va qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgan) “Common core” oʻquv dasturi standartlariga oʻtayotgani sir emas. Shuning uchun ham pedagoglar, maʼmuriyat xodimlari va tadqiqotchilar uy vazifasining ahamiyati masalasiga yangicha nigoh bilan qaramoqda.
Biroq bu mavzuda olib borilgan tadqiqotlarni tahlil qiladigan boʻlsak, uy vazifasi murakkab masala ekani oydinlashadi.
10 daqiqa qoidasi
Koʻp jihatdan qaraganda uy vazifasi oddiy narsadek tuyuladi. Koʻpaytirish amallarini mashq qilishga yoki ispan tilidan soʻz yodlashga koʻproq vaqt ajratsangiz, nima boʻlishini taxmin qiling. Albatta, matematika va ispan tili fanidan yaxshiroq natijalarga erishasiz. Ammo bu unchalik ham oddiy narsa boʻlmasligi mumkin.
Dyuk universiteti ijtimoiy psixologi va falsafa fanlari doktori, AQShdagi uy vazifasi boʻyicha yetakchi tadqiqotchilardan biri Harris Kuper uy vazifasi oʻquvchiga akademik jihatdan foyda keltirishi mumkinligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, uy vazifasi mavzuni tushunish va eslab qolish imkoniyatini oshiradi. Lekin bundan barcha oʻquvchilar birdek foyda koʻrmasligi mumkin. Kuper va uning hamkasblari 1987-yildan 2003-yilgacha boʻlgan vaqt oraligʻida chop etilgan tadqiqot ishlarini oʻrganib chiqdi. Jarayon davomida uy vazifasi yuqori sinflarda (9–12) yaxshiroq test natijalari bilan, pastki sinflarda (6–8) esa biroz kamroq daraja bilan bogʻliq ekanini aniqladi. Ammo boshlangʻich sinflarda uy vazifasining foyda keltirishi mumkinligi borasida juda oz dalillar topilgan (Review of Educational Research, 2006-yil).
Lekin test natijalari hamma narsani belgilamaydi. Uy vazifasi berilishi tarafdorlari uning oʻquvchilarda shaxsiy masʼuliyat, yaxshi oʻqish odatlari hamda vaqtni boshqarish kabi koʻnikmalarni rivojlantirishini taʼkidlaydi. Keling, avval sanab oʻtilgan afzalliklarni isbotlovchi ishonchli dalillarga yuzlanib koʻraylik. Taʼlim yetakchiligi boʻyicha falsafa doktori, dotsent Molli Gallouey shunday deydi: “Bu masalada hali yakuniy xulosaga kelinmagan. Menimcha, oʻqituvchilar uy vazifasi berishga alohida eʼtibor qaratishining sababi oʻquvchilarda oʻquv koʻnikmalari va odatlarini ijobiy shakllantiradi deb oʻylashidir. Biroq bu haqiqatan ham shundaymi yoki yoʻqligi borasida ishonchimiz komil emas”.
Uy vazifasi foydali boʻlgan taqdirda ham yaxshi narsada meʼyor boʻlgani maʼqul. “Bolalarning uyda oʻqishdan oladigan foydasi cheklangan”, deydi Kuper. U koʻp eslatiladigan asosiy qoidaga qoʻshiladi: oʻquvchilar kechqurun dars tayyorlashda har bir sinf hisobiga 10 daqiqadan ortiq vaqt sarflanmasligi kerak. Bolalar birinchi sinfda taxminan 10 daqiqadan boshlab yuqori sinflarda maksimum 2 soatgacha dars qilishi kerak. Amerika Milliy taʼlim uyushmasi ham, ota-onalar va oʻqituvchilar uyushmasi ham mazkur cheklovni qoʻllab-quvvatlaydi.
Kuperning soʻzlariga koʻra, bola bu vaqtdan keyin foydali maʼlumotlarni deyarli oʻzlashtirmaydi. Aslida haddan tashqari koʻp berilgan uy vazifasi foyda oʻrniga zarar keltirishi mumkin. Tadqiqotchilar buning oqibatida bolalarda oʻquv materiallariga nisbatan zerikish va charchash yuzaga kelishini aniqlagan. Shuningdek, ularda oilaviy hamda sinfdan tashqari mashgʻulotlar uchun vaqtning kamayishi, uyquga toʻymaslik, stress darajasining oshishi kabi salbiy oqibatlar ham yuzaga keladi.
Ispaniyalik oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻnggi tadqiqotda falsafa fanlari doktori Ruben Fernandes-Alonso va uning hamkasblari shuni aniqladiki, matematika va tabiiy fanlardan muntazam ravishda uy vazifasi olgan oʻquvchilar standartlashtirilgan testlarda yuqori natijalar koʻrsatgan. Ammo bolalar kuniga 90–100 daqiqadan ortiq vaqt davomida uy vazifasi bajarganida test natijalari tushib ketgani aniqlangan (Journal of Educational Psychology, 2015).
Kuperning aytishicha: “Barcha sinf darajalarida maktabdan keyin boshqa faoliyatlar bilan mashgʻul boʻlish ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Agar uy vazifasi dam olish va jamoatchilik bilan bogʻliq faoliyatlariga toʻsqinlik qilsa, u bolaning manfaatlariga xizmat qilmayotgan boʻladi”.
Denis Popning aytishicha, har qanday yoshdagi bolaga oʻsib-ulgʻayishi uchun dam olish vaqti zarur.
“Kichkina bolalar ham, katta bolalar ham oʻynab-kulish uchun boʻsh vaqtga muhtoj”, deydi u. Shubhasiz, jismoniy faollik bolalarning salomatligi va farovonligi uchun juda muhim. Uning taʼkidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda vaqt oʻtkazish ham dars bilan mashgʻul bolalarning miyasiga dam olish imkonini beradi.
Rang-barang natijalar
Biroq oʻqituvchilar 10 daqiqalik qoidaga amal qiladimi? Popning aytishicha, uy vazifasiga sarflanadigan vaqtni hisoblash boʻyicha oʻtkazilayotgan tadqiqotlar turli xil natijalar koʻrsatgan. Bu hol qisman metodologiyadagi keskin farqlar tufayli yuz beradi.
Brukings instituti 2014-yilda tayyorlagan hisobotida uy vazifalari masalasi turli manbalardan olingan maʼlumotlarni taqqoslagan holda koʻrib chiqilgan. Unda 2012-yili kollejning birinchi kurs talabalari orasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari keltirilgan. Unga koʻra, ishtirokchilarning 38,4% i oʻrta maktabning oxirgi yilida haftasiga 6 soat yoki undan ham koʻproq vaqtini uy vazifalariga sarflagani maʼlum boʻldi. Bu koʻrsatkich 1986-yildagi 49,5% dan pasaygan (The Brown Center Report on American Education, 2014).
Brukings hisobotida yana Taʼlim taraqqiyotini milliy baholash soʻrovnomasi maʼlumotlari ham tahlil qilindi. Unda 9, 13 va 16 yoshli bolalardan oʻtgan oqshomda qancha uy vazifasi bajargani soʻralgan edi. Tadqiqot natijalariga koʻra, 1984-yildan 2012-yilgacha boʻlgan davrda 9 yoshli bolalar uchun uy vazifalari miqdori biroz oshgan. 13 va 17 yoshli oʻquvchilar uchun esa uy vazifasi miqdori deyarli oʻzgarmagan va biroz kamaygan ham.
Boshqa dalillarga koʻra, ayrim oʻquvchilarga kutilganidan ancha koʻproq uy vazifasi beriladi. Falsafa fanlari doktori Robert Pressman va uning hamkasblari yaqinda 1100 dan ortiq oʻquvchilar orasida “10 daqiqalik qoida”ni oʻrganib chiqdi. Natijada boshlangʻich sinf oʻquvchilari tavsiya etilganidan 3 barobar koʻproq uy vazifalari olayotgani aniqlandi. Tadqiqotchilarning maʼlum qilishicha, uy vazifasi miqdori oshib borgan sari oilaviy stress darajasi ham ortib boradi (American journal of family therapy, 2015).
Koʻplab oʻrta maktablarda ham oʻquvchilarga tavsiya etilgan miqdordan ortiq uy vazifalari berilayotganga oʻxshaydi. Yaqinda Pop va Gallouey yuqori natijalar koʻrsatgan 10 ta oʻrta maktabning 4300 dan ortiq oʻquvchisi orasida soʻrovnoma oʻtkazdi. Unda oʻquvchilarga har kuni oʻrtacha 3 soatdan sal koʻproq vaqt oladigan uy vazifasi berilayotgani maʼlum boʻldi (Journal of Experiential Education, 2013).
Buning ijobiy tarafi ham mavjud. Tadqiqotda uy vazifasini bajarishga koʻproq vaqt sarflagan oʻquvchilar darslarda tirishqoq boʻlgani va diqqat-eʼtibor bilan qatnashgani aniqlangan. Shuningdek, xulq-atvor jihatdan faollik koʻrsatgan, deydi Gallouey. Lekin ular oʻsha uy vazifalarining oʻziga unchalik ham qiziqmagan. Bundan tashqari, oʻzlarida oʻqish bilan bogʻliq stress va oila, doʻstlar hamda sinfdan tashqari faoliyatlar bilan shugʻullanish uchun vaqti kam boʻlganini aytgan. Yana bosh ogʻrigʻi, oshqozon muammolari va uyquga toʻymaslik kabi jismoniy salomatlik muammolarini ham boshdan kechirgan. “Bir kechada uch soat juda koʻplik qiladi”, deydi Gallouey.
Pop va Gallouey oʻrgangan yuqori natijali maktablardagi oʻquvchilarning 90% dan ortigʻi oʻqishini kollejda davom ettiradi. Aksariyat hollarda ular oʻqishda muvaffaqiyatga erishish uchun ham ota-onalar, ham tengdoshlari tomonidan kuchli bosim ostida boʻladi. Bundan tashqari, ushbu jamoalardagi bolalar koʻpincha darsdan tashqari faoliyatlar, jumladan, sport va toʻgaraklardagi mashgʻulotlar bilan juda banddir. “Ular juda-juda band”, deydi Pop. “Baʼzi bolalar darsdan tashqari mashgʻulotlar uchun haftasiga 40 soatgacha vaqt sarflaydi — bu xuddi toʻliq stavkali ishdek gap!” Uy vazifasi esa yuqorida sanab oʻtilgan majburiyatlarga qoʻshimcha yana bir majburiyatdir.
“Uy vazifasi koʻp yillar davomida oʻquvchilar uchun stress manbai boʻlib kelgan, shunday ekan bu yangilik emas. Ayniqsa, yuqori oʻrta sinf jamoalarida asosiy eʼtibor ʻoldinga oʻtishʼga qaratilgan boʻlib, oʻquvchilarga bosim yanada kuchaytiriladi deb oʻylayman”, deya Gallouey oʻz fikrini bildiradi.
Shunday boʻlsa-da, uy vazifasi ijtimoiy-iqtisodiy koʻlamning boshqa tarafida ham muammoli vaziyat hosil qilishi ehtimoli bor. Badavlatroq oila farzandlarida kompyuter, internet taʼminoti, dars tayyorlash uchun alohida ajratilgan xona boʻladi. Ota-onalari oʻqimishli boʻlgani sabab qiyin topshiriqlarda ularga yordam berishi ham mumkin. Kam taʼminlangan oilalar farzandi esa koʻpincha maktabdan keyin ishlaydi. Yoki ota-onalari bir necha joylarda ishlagani bois oqshomlari uyda nazoratsiz boʻladi. Bu haqida falsafa fanlari doktori Lea Teodor maʼlumot beradi. Ularda kompyuter ham, uy vazifasini tinch muhitda bajarishi uchun sokin joy ham yoʻq.
“Uy vazifasi mana shunday tengsizliklarga urgʻu berishi mumkin”, deydi Lea Teodor.
Miqdor yoki sifat
Tadqiqotchilarning fikriga koʻra, barcha oʻquvchilar uchun uy vazifasining sifati muhim ahamiyatga ega. Lekin koʻplab mutaxassislarning aytishicha, juda koʻp bolalar uy vazifalarini bajarishda oʻzlarida ishtiyoq yetishmayotganini his qiladi. Pop va Galloueyning tadqiqotlarida esa oʻquvchilarning atigi 20–30% i uy vazifalarini foydali yoki mazmunli deb hisoblashini aytgan.
“Oʻquvchilarga juda koʻp samarasiz topshiriqlar yuklatiladi. Ular buni ʻboshogʻriqʼ deb ataydi. Yana oʻzlarining taʼlim olishini kuchaytiradi deb hisoblashmaydi”, deydi Gallouey.
Kuperning aytishicha, samarasiz topshiriqlardan hech kimga naf yoʻq. Shunga qaramay, har bir fanda oʻziga xos topshiriqlar mavjud boʻladi. Masalan, lugʻat va imlo kabi narsalar amaliyot orqali oʻrganiladi. Boshqa turdagi fanlar esa maʼlumotlarni bir-biriga bogʻlab oʻrganishni va turli koʻnikmalarga asoslanishni talab qiladi.
Ammo tanqidchilarning taʼkidlashicha, ushbu koʻnikmalarni har hafta kam soatli uy vazifalari bilan ham rivojlantirsa boʻladi. “Agar 10 ta masala mana shunday samarali boʻlsa, nima uchun 50 ta matematik masala berish kerak”, deb soʻraydi Pop. U “Challenge succes” dasturi orqali hamkorlik qilgan “Advanced Placement” kursining biologiya oʻqituvchisi uy vazifalarni avval uchdan birga, keyin esa ikki baravarga qisqartirish tajribasini oʻtkazdi. “Test natijalari pasaymadi. Qatʼiy tartibli kursda oʻqib, uy vazifalarini bajarmaslik ham mumkin”, deydi u.
Shunga qaramay, uyga vazifa berish madaniyatini oʻzgartirish oson boʻlmaydi. Boʻlajak oʻqituvchilarga taʼlim berilayotganda uyga vazifa haqida juda kam narsalar oʻrgatiladi, deydi Pop. Baʼzi ota-onalar bolalariga koʻp uy vazifasi berilishidan shikoyat qiladi. Boshqalari esa bolalariga uy vazifasi kam berilganini oʻylasa, asabiylashadi. “Oʻqituvchilar oʻzlarini uy vazifasi berishga majbur his qiladi, chunki ota-onalar buni kutadi”, deya izohlaydi Gallouey. “Agar uyga topshiriq berilmasa, ota-onalarda maktab oʻz vazifasini bajarmayapti degan fikr paydo boʻladi”.
Galloueyning taʼkidlashicha, oʻqituvchilar va maktab maʼmurlari uy vazifasi borasida aniq maqsadlarni belgilab olishi kerak. Muhokamada ota-onalar va oʻquvchilar ham ishtirok etishi lozim. “Bu jamiyat doirasidagi keng suhbat boʻlishi kerak. Uy vazifasining maqsadi nima? Uni nima uchun beryapmiz? Kimga foyda keltiradi? Kimga foyda keltirmaydi?”
Maktab va jamoalar ushbu savollarga jiddiy eʼtibor berishga rozi boʻlmaguncha uy vazifalari bilan toʻldirilgan oʻquvchilarning sumkalari, ehtimol, faktlardan koʻra koʻproq his-tuygʻularni qoʻzgʻatishda davom etaveradi.
Denis Pop – Stanford universitetining taʼlim boʻyicha professori, falsafa fanlari doktori va oʻquvchilarning akademik faoliyati hamda salomatligini yaxshilash maqsadida oʻrta maktablar bilan hamkorlik qiluvchi “Challenge succes” dasturining asoschilaridan biri.
Molli Gallouey – Oregon shtatining Portlend shahridagi Lyuis va Klark (Lewis & Clark) kollejining taʼlim yetakchiligi boʻyicha falsafa doktori, dotsent.
Lea Teodor – Virjiniya shtati Uilyamsburg shahridagi Uilyam va Meri kolleji (College of William and Mary)ning maktab psixologiyasi professori, falsafa fanlari doktori.
“Advanced Placement” kursi – oʻrta maktab yuqori sinflarini kollej va universitetlarga yoʻnaltiradigan hamda oliy taʼlimga tayyorgarliklarida yordam beradigan kurslar.
Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

