Bu nima?

Agile nima?

Loyihalarni boshqarish uchun turli xil metodologiyalardan foydalaniladi. Metodologiya vositalar qoʻllanadigan, vazifalar qoʻyiladigan va jamoaning vaqti taqsimlanadigan maxsus standartlar nomidir. AyTida talab yuqori boʻlgan metodologiyalardan biri Agileʼdir.

U nima?

Soʻzning oʻzi nafaqat metodologiya, balki uning zamirida yotgan falsafani ham anglatadi. Agile haqida gap ketganda koʻpincha jamoa ishlashi kerak boʻlgan qadriyatlar toʻplami nazarda tutiladi.

Nomidan koʻrinib turganidek, Agile qadriyatlarining asosiysi moslashuvchanlik hisoblanadi. Agileʼning maqsadi tez oʻzgaruvchan vazifa va yangi sharoitlarga oson moslashishdir.

Shu bilan Agile oʻzining asosiy raqobatchisi — klassik Waterfall metodologiyasidan farq qiladi. Waterfall oʻtgan asrning oʻrtalarida mashhurlikka erishgan edi va hali ham unchalik dinamik boʻlmagan sohalarda qoʻllanadi.

Waterfallʼda belgilangan rejaga aniq rioya qilish koʻzda tutilgan. Jamoa dastlab vazifani tuzadi, keyin uni muvofiqlashtiradi. Soʻngra ishlab chiqish rejasiga amal qilib, tayyor mahsulotni taqdim etadi.

2001-yilda dasturchilar guruhi AyTi sohasidagi loyihalarni boshqarish uchun yangi standartga aylangan Agile manifestini eʼlon qildi. Uning mohiyati mahsulotning birinchi versiyasini imkon qadar tezroq yaratish va uni takomillashtirish edi. Shu jumladan, dastlab rejalashtirilmagan yangi xususiyatlarni qoʻshishdan iborat boʻlgan.

Buning uchun jamoa Agile boʻyicha kichik iteratsiyalar rejimida ishlaydi. Ularning har birida jamoa belgilangan vazifalarni bajaradi, keyin esa natijalarni tahlil qiladi. Olingan xulosalarga koʻra keyingi iteratsiyada maqsadlar oʻzgarishi mumkin.

Agile tamoyillari

Ular atigi toʻrtta:

  1. Odamlar va oʻzaro munosabatlar jarayon hamda vositalardan koʻra muhimroqdir. Yaʼni dasturlash jarayonidagi qatʼiy vaqt chegaralariga ega eski yondashuvlar innovatsion AyTi mahsulotlarni yaratishga mos kelmasligi nazarda tutiladi. Koʻproq moslashuvchanlik zarur, biroq asosiy eʼtibor koʻrsatmalarga rioya qilish emas, balki erkin munosabatlarga qaratiladi.

  2. Ishlaydigan mahsulot hujjatlardan muhimroqdir. Bu asosan zamonaviy startaplar madaniyati bilan bogʻliq. MVP versiya bozorga qancha erta chiqsa, shuncha yaxshi boʻladi. Hali foydalanuvchining qanday munosabatda boʻlishi aniq boʻlmagan dasturni mukammal ishlaydigan darajada yaratishga vaqt sarflashning mantigʻi yoʻq.

  3. Mijoz bilan hamkorlik shartnoma shartlaridan koʻra muhimroq. AyTida mahsulot qanday boʻlishini oldindan aniqlash va barcha shartlarni koʻzda tutishning har doim ham imkoni boʻlmaydi. Loyihadagi oʻzgarishlar ustida birgalikda ishlash uchun doimo mijoz bilan muloqotda boʻlish kerak.

  4. Oʻzgarishlarga tayyor boʻlish dastlabki rejaga rioya qilishdan koʻra muhimroq. Yaxshi mahsulot foydalanuvchi ehtiyojlariga javob beradi, koʻpincha ularning qanday boʻlishini oldindan bilib boʻlmaydi.

Hozir bu tamoyillar oddiy narsadek boʻlib tuyulishi mumkin, lekin shakllantirilgan paytida innovatsion yondashuv edi va koʻp jihatdan zamonaviy dasturlashning kelajagini belgilab berdi.

Agile manifesti

2001-yilda 17 kishidan iborat dasturchilar guruhi 12 ta asosiy tamoyilni oʻz ichiga olgan oʻziga xos memorandumni imzoladi. Ular hali ham Agile negizi sifatida qoʻllanadi.

  1. Jamoaning asosiy maqsadi mahsulotni oʻz vaqtida sifatli yaratib, mijozning haqiqiy ehtiyojlarini qondirishdir.

  2. Ish jarayonida dasturiy taʼminotga boʻlgan talablarning oʻzgarishi odatiy holdir. Bunday moslashuvchanlik raqobatdosh ustunliklar beradi.

  3. Mijoz har hafta yoki oyda mahsulotning oraliq versiyalarini olishi kerak.

  4. Dasturchilar va jamoa rahbarlari doimo ahillikda ishlashi zarur.

  5. Loyiha asosi — yuqori motivatsiyaga ega xodimlar. Ishni bajarishi uchun ularga barcha sharoit taqdim etilishi lozim.

  6. Jamoada axborotni shaxsiy suhbat orqali uzatgan maʼqul.

  7. Ish sifatining asosiy koʻrsatkichi sarflangan vaqt emas, balki mahsulotdir.

  8. Moslashuvchan jarayonlar uzluksiz rivojlanish negizidir. Ular ham qisqa, ham uzoq muddatlarda yordam beradi.

  9. Loyiha rivojida ham texnik tomondan, ham dizayn taraflama ishlash muhimdir.

  10. Jarayonlar imkon qadar sodda boʻlishi lozim va xodimlar foydasiz ishlardan xalos qilinishi kerak.

  11. Mikromenejment — musibat. Sifatli mahsulotlar yaratish ustida birlasha oladigan jamoalar ishlaydi.

  12. Doimiy ravishda samaradorlikni baholash va strategiyani oʻzgartirish kerak.

Agileʼning noyobligi nimada?

Agile — butun boshli metodologiyalar oilasi. Ammo ularning barchasi zamirida eskirgan modellar, birinchi navbatda, Waterfallʼdan keskin farq qiladigan tamoyillar yotadi.

Agileʼning noyob jihatlari:

  • Loyiha ustida ishlash jarayonida asosiy maqsad oʻzgarishi mumkinligi koʻzda tutiladi. Bunday oʻzgarishlar hatto olqishlanadi, chunki faqatgina ular yordamida atrofdagi sodir boʻlayotgan oʻzgarishlarga moslashish mumkin.

  • Shundan kelib chiqqan holda rejalashtirishni mukammal darajaga olib chiqishga hojat yoʻq, yaxshisi jamoa vaqtini mahsulotning oʻziga sarflash maʼquldir.

  • Agile boʻyicha dasturlashda oraliq bosqichlar boʻlishi kerak. Har birining yakunida barcha funksiyalar tayyor boʻlmasa-da, ammo mahsulotning ishlaydigan yangi versiyasi paydo boʻladi.

  • Yangi talablar paydo boʻlganda keyingi iteratsiyada ularni hisobga olish kerak.

  • Rahbar jamoa ishini barcha bosqichlarda sinchiklab kuzatib borishi lozim.

Agileʼdagi asosiy metodologiyalar

Ular freymvorklar deb ham ataladi. AyTi sohasidagi aksariyat jamoalar duch keladigan, Agileʼga asoslangan eng ommabop ikkita metodologiya mavjud.

Scrum

Bu dasturiy taʼminot ishlab chiqishdagi dominant metodologiyadir. Uning asosida iteratsiyalar yoki sprintlar — jamoa natijani taqdim etishi kerak boʻlgan kichik vaqt oraliqlari yotadi.

Odatda sprint 2–4 hafta davom etadi. Oxirida demo — mahsulot yoki uning funksiyalari namoyishi etiladi.

Bu metodologiyaning klassik shaklida rahbar boʻlmasligi koʻzda tutilgan. Faqat jamoa ishiga yordam beradigan scrum master boʻladi.

Asosiy vositalar:

  • Rejalashtirish. Oʻtgan sprint natijalariga koʻra, scrum master mahsulot egasi yoki mijoz bilan keyingi iteratsiyani rejalashtiradi. Rejaning maqsadi mahsulotning navbatdagi ishga yaroqli versiyasiga ega boʻlishdir. Masalan, birinchi sprintda veb-saytning asosiy sahifasi yaratilgan boʻlsa, ikkinchisida roʻyxatdan oʻtish shaklini ishlab chiqish kerak boʻladi.

  • Deyli mitinglar. Bu kundalik uchrashuvlardir. Scrum boʻyicha ishlaydigan jamoalar oʻzaro maʼlumot almashish uchun har kuni bir necha daqiqaga yigʻiladi. Odatda deyli mitingda kecha nima ish qilingani, bugun nima vazifalarni bajarish rejalashtirilayotgani, qanday xavflar va cheklovlar mavjudligi muhokama qilinadi.

  • Sprint sharhi (demo). Unda jamoa butun sprint davomida ish olib borgan mahsulot taqdim etiladi. Mijoz esa uning rejalashtirish paytida belgilangan qabul qilish mezonlariga mos kelishini tekshiradi.

  • Retro. Bu jamoa aʼzolarining oʻz ishini tahlil qilishi. Xodimlarning oʻzi yutuqlari va muvaffaqiyatsizliklarini belgilaydi. Shuningdek, kelajakda yanada samarali ishlash uchun oʻsish nuqtalarini bilib oladi.

  • Beklog. Bajarilishi kerak boʻlgan vazifalar roʻyxatining nomi. Jarayonda unga oʻzgartirishlar kiritish yoki olib tashlash mumkin. Sprint va alohida butun mahsulot uchun vazifalar beklogi mavjud.

  • Beklog revyusi. Bu vazifalar dolzarbligini tekshirish va ish jarayonida ularning tashkil etilishiga aniqlik kiritish.

Metodologiyada jamoa muhandislar — bevosita vazifa ustida ishlaydigan xodimlardan iborat boʻladi. Odatda ular faqat loyiha oxirida oʻzgartiriladi.

Scrum master — jamoaga muammolarni hal qilishda yordam beradigan hamda rivojlanish vektorini oʻrnatadigan menejer va metodologiya oʻqituvchisi. Uning vazifalari tashkiliy funksiyalardan iborat. U mijozning qarash va fikrlarini xodimlarga yetkazadi.

Product owner — mahsulot egasi. Bu rolni bevosita mijozning oʻzi yoki vakili bajaradi.

Kanban

Metodologiya Yaponiyada avtomobil ishlab chiqarishda ishlatilgan kartali tizimga asoslangan. Oʻtgan asrning 50-yillarida ishlar roʻyxati yozilgan kartalar ilingan doskalar tizimi qoʻllangan.

Hozirgi vaqtda Kanban nafaqat AyTida ishlatiladigan dasturlar — task-trekerlar orqali koʻpchilikka tanish. Bu Trello yoki Jiraʼdir.

Metodika katta ishni bir nechta kichik vazifalarga samarali dekompozitsiya qilishga asoslangan. Loyihalarni boshqarish shu tarzda amalga oshiriladi.

Hal qilinishi kerak boʻlgan barcha vazifalar doskada paydo boʻladi va bir nechta ustunlardan biriga yuboriladi. Jamoa aʼzosi kartochkani olib vazifani bajaradi, soʻngra ishning rivojlanishiga koʻra gorizontal boʻylab bir ustundan ikkinchisiga oʻtkazadi.

Bu bir vaqtning oʻzida butun jamoaga ish qanday ketayotgani va vazifa qaysi bosqichda ekanini koʻrish imkonini beradi.

Bunday yondashuvning asosiy maqsadi — oʻziga xos konveyerni qurish. Xodimlar vazifalarni rejalashtirishi va ustuvorliklarni belgilashi shart emas. Ularda shunchaki bajarilishi kerak boʻlgan vazifalar roʻyxati boʻladi.

Kanban doskasidagi ustunlar soni har xil boʻlishi mumkin. Odatda ularda quyidagicha boʻladi: “Yaratildi”, “Jarayonda”, “Muvofiqlashtirishda”, “Bajarildi” va hokazo.

Kartalarda har doim muddatlar belgilanadi. Jamoa aʼzosi bitta vazifani bajargach, darhol boshqasini olishi koʻzda tutilgan.

Kanbanʼda kadensiyalar deb ataladigan muntazam kunlik, xavflar koʻrib chiqiladigan oylik, strategiya ishlab chiqiladigan choraklik va yana bir nechta uchrashuvlar bor.

Loyihani boshqarish bosqichlari

Agileʼda loyiha ustidagi ishlar sprintlar asosida amalga oshiriladi. Bu jamoa mahsulot ustida ishlaydigan vaqtning kichik qismlaridir. Bir nechta standart bosqichlar mavjud:

  1. Rejalashtirish. Jamoa asosiy gʻoyani ishlab chiqadi, talablarni muhokama qiladi va vazifalar roʻyxatini tuzadi. Ular bilan beklog toʻldiriladi. Keyin beklogdagi vazifalar ustuvorligi boʻyicha saralanadi, eng dolzarb va shoshilinch vazifalar roʻyxatning yuqori qismiga koʻtariladi.

  2. Tahlil. Jamoa vazifalarni koʻrib chiqadi, kerak boʻladigan resurslar roʻyxatini tuzadi va xodimlarning har biri oʻziga tegishli qismni oladi. Shuningdek, tahlil paytida vazifa bajarilganini tushunish uchun foydalaniladigan baholash mezonlari belgilanadi.

  3. Ijro. Dasturchilar vazifalar bilan shugʻullanadi, har kuni nima bajarilgani va bugun nima qilinishi muhokama qilinadi. Jamoaning barcha aʼzolari loyihada sodir boʻlayotgan voqealardan xabardor boʻlishi uchun muntazam ravishda uchrashuv oʻtkazish zarur.

  4. Testdan oʻtkazish. Ish bajarilgandan soʻng uning sifatini tekshirish kerak. Masalan, dasturning yangi funksiyasi oldinroq amalga oshirilgan qismlarning ishlashiga xalaqit bermasligi kerak.

  5. Demo. Yaratilgan mahsulotni mijozga namoyish etish. U oʻz navbatida mahsulotni baholashi, jamoa esa olingan fikr-mulohazalar asosida xatolar ustida ishlashi kerak.

Sprintlar dasturlash jarayoni oxirigacha, yaʼni ilovaning yakuniy versiyasi mijozga berilgunga qadar takrorlanadi.

Agile metodologiyasidan foydalanishni oʻrganing

Mohirdev platformasida Project Management kursi mavjud. Kursimiz davomida Agile, Scrum, Waterfall metodlaridan foydalanishni oʻrganasiz va loyihalaringizda qoʻllashni boshlaysiz. Kurs oʻqituvchisi – xalqaro senior project manager.

Kurs rasmi

Agileʼning afzalliklari

Metodologiyaning bozorda eng mashhurlardan biriga aylangani bejiz emas. Keling, uning afzalliklari bilan tanishib chiqamiz:

  • Moslashuvchanlik

Agileʼning moslashuvchanligi uning eng asosiy afzalligi hisoblanadi. Eskirgan usullardan farqli oʻlaroq yondashuv bozor talablariga javob berish imkonini beradi. Moslashuvchanlik tufayli mahsulotni dasturlash jarayonida yangi talablarga koʻra tezda oʻzgartirish imkoni tugʻiladi.

  • Muvaffaqiyatga erishish uchun koʻproq imkoniyat

Klassik metodologiyada loyihaning maqsad va vazifalari bir marta va butunlayga qabul qilinadi. Bu rejalashtirish nuqtayi nazaridan qulay, ammo muvaffaqiyatsizlik ehtimolini oshiradi. Agar mahsulot boshidanoq notoʻgʻri gipotezaga asoslangan boʻlsa, bunday yondashuv bilan toʻliq tayyor mahsulot talabga javob bermasligi mumkin. Agile bunday xavfni, shuningdek, mijoz talablariga javob bermaydigan dastur yaratish ehtimolini chetlab oʻtish imkonini beradi. Muntazam uchrashuvlar va oylik rejalashtirish tufayli loyihani yarim yoʻlda “burib”, toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish osonroq.

  • Muddatlarga rioya qilish

Dasturlashga boʻlgan moslashuvchan yondashuv nima boʻlishidan qatʼi nazar tayyor mahsulotni yaratish imkonini beradi. Bu moslashish orqali amalga oshiriladi, yaʼni hatto bitta vazifa juda koʻp vaqtni olgan boʻlsa-da, dasturchilar boshqa funksionalni olib tashlab, baribir tayyor mahsulotni oʻz vaqtida chiqarishi mumkin.

  • Jamoaning samarali ishi

Agile xodimlarning imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish imkonini beradi. Yuqori avtonomlik tufayli ular loyiha borasida koʻproq shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi va ishda koʻproq ishtirok etadi.

  • Oʻzgarishlarga boʻlgan munosabat

Ishni kichik sprintlar bilan rejalashtirish nafaqat mahsulotni oʻz vaqtida oʻzgartirish, balki xatolar ustida yaxshiroq ishlash imkonini beradi. Birorta siklda paydo boʻlgan bagni Agileʼda odatda butun loyiha topshirilishini kutmasdan navbatdagi bosqichda tuzatish mumkin.

  • Byurokratiyani minimallashtirish

Bu metodologiya jamoa aʼzolarining vaqt yoʻqotishi va ishdan bezishiga olib keladigan hisobotlarni kamaytirish imkonini beradi.

Agileʼning kamchiliklari

Metodologiyaning kamchiliklari ham bor.

  • Aniq strukturaning mavjud emasligi

Aniqlik muhim boʻlgan mijozlar bunday yondashuv bilan ishlashda qiynaladi. Qatʼiy tartibga solish qoʻllanadigan baʼzi sohalarda Agileʼni joriy etish qiyin kechishi mumkin.

  • Kommunikatsiyaning koʻpligi

Metodologiyada mijoz vakillari jamoa bilan yaqindan hamkorlik qilib, vazifalarga faol qoʻshilishi koʻzda tutilgan. Bu oʻz-oʻzidan nafaqat vaqt, balki malakani ham talab qiladi. Ammo mahsulot sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

  • Xodimlarning muhim ahamiyatga ega boʻlishi

Agile boʻyicha ishlaydigan jamoada xodimni boshqasiga almashtirish nisbatan qiyin kechadi. Yangi kelgan ishchi avvalgi barcha sprintlarda sodir boʻlganlarni oʻrganib, oqimga qoʻshilishi uchun uzoq vaqt kerak boʻladi.

  • Joriy etish muammolari

Agar jamoa ilgari Agileʼda ishlamagan boʻlsa, metodologiyani darhol joriy etish muammoli boʻlishi mumkin. Koʻpincha bu chetdan maslahatchilar jalb qilinishini talab qiladi. Ularsiz jamoalarning aksariyati metodologiyaning alohida ishlamaydigan ayrim qismlarinigina joriy etadi.

Agile qayerda qoʻllanadi?

Metodologiya asosan startap, kichik loyiha va AyTi kompaniyalar uchun mos keladi.

Agile AyTidan tashqari marketing va turli xil ijodiy sohalarda qoʻllanadi. Bu metodologiya maqsad ham, unga erishish yoʻllari ham qatʼiy cheklovlar bilan aniq belgilangan, natija oldindan maʼlum va bir andozadagi loyihalarda ishlamaydi.

Rejalashtirish bosqichida natijani aniq tasvirlash va ishlar roʻyxatini belgilash imkoni boʻlsa, Agileʼdan foydalanishning hojati yoʻq. Odatda bunday loyihalarda mahsulotga boʻlgan talablardagi noaniqlik darajasi yuqori boʻladi.

Bunday loyihalarda metodologiyaning barcha afzalliklaridan foydalanib, kamchiliklarni yopib ketish imkoni mavjud. Boshqa kompaniyalarda Agile shartli ravishda qoʻllanadi, chunki birinchi oʻrinda uning kamchiliklari namoyon boʻladi.

Umuman olganda, bu yondashuv dastlab barcha loyihalarda emas, faqat AyTi sohasida qoʻllangan. Hozirgi paytda Agileʼdan bozorning Google, Adobe va Microsoft kabi yetakchi kompaniyalari foydalanadi.

Ammo uning alohida elementlaridan deyarli barcha dasturchilar jamoasi foydalanadi, koʻpchiligi esa metodologiyani qoʻllaydi.

Manba: Что такое Agile

#agile
#project management
#scrum
#kanban
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://mohirdevbucket.s3.eu-central-1.amazonaws.com/practicum/images/f711cbab-0393-47e6-b327-33116d689081.original.png

Hexlet