Asosiy kontentga o'tish
Boshqalar

Qay birini tanlagan maʼqul: Agile yoki Waterfall?

Jamoangizga va loyihangizga mos metologiya tanlashni o‘rganing.

Loyihaning muvaffaqiyati koʻp jihatdan uni boshqarishda ishlatiladigan uslubga bogʻliq boʻladi. Baʼzan qatʼiy ish tartibi, aniq jadval kerak boʻlsa, baʼzida moslashuvchanlik zarur. Rejalaringizni yoʻl-yoʻlakay oʻzgartirishingizga toʻgʻri keladi.

Waterfall va Agile – bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan boshqaruv yondashuvlari. Ikkalasining ham oʻziga xos afzalliklari va kamchiliklari bor. Maqolada ularning koʻproq qaysi jamoaga, qaysi loyihaga mos kelishini koʻrib chiqamiz.

Waterfall va Agile yondashuvlari nimasi bilan farqlanadi?

Waterfall (sharshara, kaskadli boshqaruv modeli) – loyihalarni boshqarishning anʼanaviy usuli. Unda vazifalar qatʼiy ketma-ketlik bilan bajariladi. Loyihadagi har bir vazifa oldingisi toʻliq yakunlanganidan keyin boshlanadi.

Masalan, jamoa oldin loyihaga qoʻyiladigan talablarni aniqlaydi, texnik topshiriq tuzadi va uni buyurtmachi bilan kelishib oladi. Keyin loyiha shu tasdiqlangan topshiriq asosida bajariladi. Testdan o‘tkaziladi va buyurtmachiga to‘liq tayyor holda topshiriladi.

Waterfall usulida loyihaning har bir bosqichini toʻliq hujjatlashtirish kerak, yaʼni hamma narsani yozib borasiz. Bunday yondashuvda jarayon davomida oʻzgartirish kiritishning iloji yoʻq. Har qanaqa tuzatishdan keyin qolgan rejalarni ham boshidan ko‘rib chiqishga majbur boʻlinadi.

Agile (moslashuvchan) – loyihalarni boshqarishning moslashuvchan metodologiyasi. Bu usulda jamoalar loyiha ustida ishlayotganda maqsad, vazifa va ustuvorliklarni o‘zgartirishi mumkin.

Agile yondashuvida loyiha ishi kichik davrlarga (iteratsiya yoki sprintʼlarga) boʻlinadi. Har bitta davr tugaganida jamoa oʻzining natijasini koʻrsatadi. Yaʼni mukammallik talab qilinmaydigan, lekin foydalanish mumkin boʻlgan versiyani beradi. Fikr-mulohaza oladi, zarurat boʻlsa, uni yaxshilab chiqadi.

Agile’da jamoa va buyurtmachi yaqin hamkorlikda ishlaydi. Bu usulda qat’iy muddatlar, toʻliq rejalashtirish, har bir bosqichni hujjatlashtirish shart emas. Asosiy maqsad — loyihani imkon qadar tezroq tayyorlab, buyurtmachiga topshirish.

Agile va Waterfall o‘rtasidagi asosiy farq — jamoalarning o‘zgarishlarga munosabatida. Waterfall’da o‘zgarishlardan qochishga harakat qilinadi: barcha vazifalar boshida belgilanadi va ish qat’iy reja bo‘yicha olib boriladi. Agile’da esa, aksincha, o‘zgarishlar jarayonning bir qismi sifatida qabul qilinadi: mahsulot doimiy ravishda takomillashtirib boriladi va yangi sharoitlarga moslashtiriladi.

Shuning uchun jamoalarga qo‘yiladigan talablar ham farq qiladi. Waterfall’da ishtirokchilardan vazifalarni aniq bajarish talab qilinadi. Agile’da esa ular faol, tashabbuskor va mustaqil bo‘lishi kerak.

Qanday loyihalarda Agile tanlangani yaxshi

Agile moslashuvchanlikka qurilgan. Bu metodologiya loyiha boshida yakuniy mahsulotga qo‘yiladigan talablarni aniq belgilash imkonsiz bo‘lgan loyihalarda qoʻl keladi. Yana ishni amalga oshirish jarayonida talablar tez-tez o‘zgarishi kutilayotgan loyihalar uchun juda ham mos.

Masalan, Agile startaplarga yoki beqaror sohalarda mahsulot ishlab chiqishga juda mos keladi. Iterativ yondashuv va mijozdan muntazam fikr-mulohaza olish yangi ehtiyojlarga moslashishga, mahsulotni asta-sekin yaxshilashga yordam beradi. Buning uchun loyihani buzib tashlash shart bo‘lmaydi.

Agile metodologiyasi jarayonlarni yaxshilash uchun ham qo‘l keladi. Masalan, Rossiyadagi bir chipta operatori Agile transformatsiya orqali mahsulotlarni ishlab chiqish vaqtini sezilarli qisqartirdi va ularning sifatini oshirdi.

Agileʼning yana bitta afzalligi – buyurtmachining loyiha jarayonida faol ishtirok etishi. Ya’ni agar mijoz oraliq natijalarni ko‘rishni va jarayonda bevosita qatnashishni istasa, moslashuvchan yondashuvdan foydalangan yaxshi.

Agile kerak bo‘ladigan sohalarga misollar:

  • SaaS mahsulotlarini ishlab chiqish;

  • mobil va veb ilovalarni yaratish;

  • marketing va raqamli reklama;

  • dizayn;

  • ta’lim.

Qaysi loyihalarga Waterfall usulini tanlagan maʼqul

Waterfall usuli takrorlanuvchi tuzilishga ega bo‘lgan va kutilmagan vaziyatlar yuzaga kelish ehtimoli past bo‘lgan prognozli loyihalar uchun mos keladi. Quyida bu yondashuv eng samarali qo‘llanadigan uchta asosiy loyiha turi keltirilgan.

Byudjet va muddatlari qat’iy belgilangan loyihalar. Masalan, qurilish sohasidagi loyihalar: bunda ish jadvaliga rioya qilish va belgilangan byudjetdan chiqmaslik muhim. Resurslar ortiqcha sarflansa yoki muddat buzilsa, bu qurilish kompaniyasi uchun katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Talablari, standartlari yoki me’yorlari qat’iy belgilangan loyihalar. Masalan, murakkab uskunalar ishlab chiqish loyihalari, bunda barcha texnik xususiyatlar oldindan aniq belgilanadi. Bunday hollarda aniq ish rejasi va bosqichlarni oldindan kelishib olish xavflarni samaraliroq boshqarishga yordam beradi.

Yuzlab xodimlar jalb qilingan katta, murakkab va qimmat loyihalar. Masalan, dori vositalarini ishlab chiqishda Waterfall turli vazifalarni ketma-ket bajarishda yordam beradi. Olimlar, klinik tadqiqotchilardan tortib texnologlar va yordamchilargacha bo‘lgan jamoalar ishini muvofiqlashtirishga imkon yaratadi.

Waterfall yondashuvi afzal bo‘lgan sohalarga misollar:

  • qurilish;

  • sanoat;

  • farmatsevtika;

  • davlat sektori.

Qaysi jamoalarga Agile, qaysilariga Waterfall ko‘proq mos keladi

Umuman olganda, qaysi boshqaruv metodologiyasi muvaffaqiyatli qo‘llanishi ko‘proq jamoaga bog‘liq.

Agile’da jamoa a’zolaridan loyiha talablariga tez moslasha olish va bir-biri bilan samarali hamkorlik qilish talab etiladi. Shu sababli bu metodologiya kichik jamoalar yoki uzoq vaqt birga ishlash tajribasiga ega, bir-birini o‘zaro tushunadigan va o‘zini mustaqil boshqara oladigan bo‘limlar uchun mos keladi.

Waterfall’da jamoa a’zolaridan faqat reja bo‘yicha ishlash talab qilinadi. Bu – inson omili tufayli xatolar yuz berishi xavfini ancha kamaytiradi. Shu sababli metodologiya hali birga ishlash tajribasi kam bo‘lgan jamoalar va katta kollektivlar uchun mos keladi.

Qaysi boshqaruv usulini tanlash kerak

Loyihangiz yoki jamoangizga qaysi usul (Agile yoki Waterfall) ko‘proq mos kelishini aniqlash uchun mana bu jadvaldan foydalaning:

Waterfall

Agile

Talablar

Qat’iy

Moslashuvchan

Byudjet

Belgilangan

Belgilanmagan

Muddatlar

Qat’iy

Moslashuvchan

Rejaga o‘zgartirishlar kiritish

Loyiha boshlanganidan keyin imkonsiz

Har qanday bosqichda mumkin

Jamoa a’zolarining bir-biriga moslashish zarurati

Past

Yuqori

Byurokratiya

Yuqori

Past

Loyiha yoki jamoa masshtabi

Kichik, o‘rta, katta va juda katta

Kichik va o‘rta. Agile usullarini qo‘llash uchun katta jamoalarni kichikroq guruhlarga bo‘lish mumkin

Buyurtmachi pozitsiyasi

Passiv

Faol

Agile va Waterfall o‘rtasidagi tanlovning muhim jihatlari

  • Waterfall loyihalarni boshqarishning klassik usuli bo‘lib, unda vazifalar qat’iy ketma-ketlikda bajariladi. Loyihaga aniq talablar va muddatlar belgilanadi, har bir bosqich batafsil hujjatlashtiriladi. Ish jarayonidagi har qanday o‘zgarish butun dastlabki rejani qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi.

  • Agile — loyihalarni boshqarishning moslashuvchan usuli. Unda jamoa va buyurtmachi yaqin hamkorlikda ishlaydi. Qat’iy talablar, muddatlar va ortiqcha byurokratiya bo‘lmaydi. Agile’da mahsulotni ishlab chiqish jarayonida o‘zgarishlar kiritish mumkin.

  • Waterfall aniq talablar va belgilangan muddatlarga ega loyihalar uchun mos keladi. U ishlarni qat’iy tartibda bajarish muhim bo‘lgan sohalarda samarali, masalan, qurilishda yoki murakkab uskunalar ishlab chiqishda.

  • Agile mahsulot talablarini boshida aniq belgilab bo‘lmaydigan loyihalar uchun mos keladi. Masalan, dasturiy ta’minot va saytlar yaratishda, yangi mahsulot ishlab chiqishda, marketing, reklama kampaniyalarida, ijodiy loyihalarda Agile yaxshi natija beradi.

  • Agile o‘zgarishlarga tez moslasha oladigan kichik jamoalarga mos keladi. Bunday jamoalarda tashabbuskorlik va o‘zini o‘zi tashkil etish qobiliyati muhim o‘rin tutadi. Waterfall esa katta jamoalar uchun qulay bo‘lib, unda har bir ishtirokchi belgilangan reja asosida o‘z vazifalarini aniq bajaradi.

Manba: Agile или Waterfall: какую методологию выбрать для управления проектами

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
skillbox.ru

skillbox.ru

O'xshash maqolalar